Jadidchilik milliy harakatining yirik vakili Abdulla Qodiriy 1894-yil 10-aprelda Toshkent shahri “Samarqand Darvoza” mahallasida tugʻilgan. U keyinchalik tarjimai holida oilaviy sharoiti haqida quyidagilarni yozadi: “Boshida boy oilada tugʻildimmi yoki kambagʻal oiladami, albatta bilmadim: Ammo yoshim yetti-sakkizga yetgach, qornim oshga toʻymaganidan aniq bildimki, besh jonning tomogʻi faqat sakson yoshli bir chol otamning mehnatidan, 1300 sarjin (yarim gektardan koʻproq yer) bogʻning yozda yetishtirib beradigan hosilidan kelar ekan. Agar bahor yomon kelib, bog‘ mevalari ofatga uchrab qolsa, biz ham ochlikka duch kelib, qishi bilan javrashib chiqar ekanmiz... ”.
Biz mazkur maqolada oʻzbek romanchiligi asoschisi hayoti va faoliyatining ayrim nuqtalariga urgʻu bermoqchimiz.
Abdulla Qodiriy dastlab ikki yilcha eski maktabda boshlangʻich bilimni olgach, 12 yoshida ota-onasi tomonidan maktabdan olinib Rasulmuhammadboy xonadoniga xizmatchilikka beriladi. Rasulmuhammadboy oʻzining ruscha oʻqish-yozishni biladigan kishiga ehtiyoji borligi sababli ham uni rus-tuzem maktabida oʻqitadi. 1908–1912-yillari rus-tuzem maktabida aʼlo baholarga oʻqigani uchun Abdulla Turkiston general-gubernatori Samsonov tomonidan kumush soat bilan taqdirlanadi. Maktabni tugatgach, Rasulmuhammadboy unga mirzalik ishlarini topshiradi va katta qizi Rahbaroyga uylantirib qoʻyadi. Ular Nazifa, Habibulla, Adiba, Masʼud va Anisa ismli besh farzandni voyaga yetkazgan.
Abdulla Qodiriy mirzalik qilish bilan bir paytda rus, arab, fors va turk tillarini mukammal oʻrganadi.
Rasulmuhammadboy uyida tez-tez ilmiy va maʼrifiy yigʻinlar boʻlib, asosiy ishtirokchilar jadidlar edi. Yigʻinlarda “Sadoyi Turkiston”, “Oyina”, “Samarqand”, “Turon” kabi gazeta va jurnallar sahifalari muhokama qilingan. Abdulla Qodiriy shunday muhit taʼsirida ijodga kirib kelganini eʼtirof etadi: “Sadoyi Turkiston”, “Samarqand”, “Oyina” chiqa boshlagʻach, menda shularga gap yozib turish fikri uygʻondi. 1913-yilda chiqqan “Padarkush” taʼsirida 1915-yili “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborgʻonimni oʻzim ham payqamay qoldim”.
***
Adib asarlarida qahramonlari taqdiri orqali chor hukumatining kirdikorlarini fosh qilishga uringanini keltirgan holda, uning harbiy sohaga boʻlgan fikriga toʻxtalsak.
U davriy matbuotdagi chiqishlaridan birida askarlik, harbiy ish boʻyicha oʻz qarashlarini ilgari surgan. Oʻzi muharrirlik qilayotgan “Ishtirokiyun” gazetasining 1919-yil 4-noyabr sonida chop qilingan “Bizda askarlik masalasi” maqolasida milliy qoʻshin masalasini kun tartibiga qoʻyadi: “Boshqalar tarafindan huquqingning toptalmovi, chetlarga mahkum, mazlum boʻlmaslik, chet millatlarga oʻz tovushingni eshitdirub eshitmoqqa majbur etuvgʻa shubha yoʻqkim, qoʻlingdagi qurolinggʻa, askariy kuchinggʻa qarab boʻlur”.
Yevropa va Amerika harbiy sohani rivojlantirib, Sharq mamlakatlarini bosib olgani va harbiy kuch bilan ularni mustamlaka zulmi ostida saqlayotganini taʼkidlaydi. Askar yoʻqligi va qurolsizlik tufayli Turkiston xalqi ham shu holatga tushib qolganidan afsuslanadi. Milliy qoʻshin tuzishning dolzarbligini qoʻshni Afgʻonistondagi vaziyat bilan koʻrsatib berishga harakat qilgan: “Buning uchun dalil qilib afgʻon qarindoshlarimizdan koʻrsatilsa mumkindirki, afgʻon xalqi hozirda va mundan elli-oltmish yil ilgarida ham madaniyatcha biz turkistonlilardan ortiq boʻlmay yurar edi. Lekin boshqa madaniy millatlarning taxt hokimiyatiga oʻtkani yoʻqdir. Bu nimadan edi?.. Koʻz oldimizdadirkim, shu madaniyatsiz afgʻon xalqi butun dunyoga hokimlik daʼvosiga yetishgan Angliyadan oʻzining ozgina harbiy kuchi ila oʻz tilagini imzo etdirdi”.
1918-yil aprelda tuzilgan Turkiston ASSR hukumatida 1919-yildan milliy kadrlar ham oʻz faoliyatini boshlagan. Ular oldida turgan muhim masalalardan biri armiya tuzib, mudofaa tizimini joriy qilish boʻlgan. Ammo yigitlar armiyaga borishdan bosh tortib, mudofaa ishida ishtirok etishni xohlamaganlar. Abdulla Qodiriyni turkistonliklarning askarlikdan qochishga harakat qilayotgani ranjitadi: “Ammo biz Turkiston ishchilariga kelganda ogʻzimizgʻa qoʻyulgan tayyor oshni ham eblab icholmaymiz. Qurol, kiyim, joy va ovqat hozir boʻlgan holda askar boʻluvdin farsaxlarcha yiroqgʻa qochamiz…”.
***
Abdulla Qodiriy “Mushtum” jurnalining 1926-yil 2-sonida “Ovsar” taxallusi bilan “Yigʻindi gaplar” maqolasini nashr qildiradi. Unda sovet hokimiyatining kirdikorlarini Yoʻldosh Oxunboboyevning saviyasiz maʼruzasi orqali ayovsiz fosh qiladi. Uning taʼlim tizimi haqidagi fikrlarini tahlil qilar ekan, Oʻzbekistonga, oʻzbek xalqining savodli boʻlishiga dushman kishining qarashlari deb baholaydi. Yoʻldosh Oxunboboyevning “Jumhuriyatimizda har 200 murassa’ chaqirim yerga, yoxud har 4909 odamgʻa bitta maktab bor. Yoki oʻqish yoshida boʻlgʻan bolalarning har (emas, xoʻtuk) 979 tasiga bir maktab toʻgʻri keladir!” degan soʻzlaridan nafratini yashirmaydi: “Ana bu miyasi achimaganning gapiga qarang endi! Xudogʻa shukr, qorning toʻq, qaygʻung yoʻq, bas, tinchkina faroyizxonlik qilmasdan oqsoqolligʻingni qilaversang boʻlmaydimi, usta Yoʻldosh!”.
Abdulla Qodiriy aynan shu maqolasi uchun hukumat rahbarlarini obroʻsizlantirishda ayblangan va tergovga tortilgan. Uch oylik tergovdan soʻng, Oʻzbekiston SSR Oliy sudi jinoyat ishlari hayʼatining 1926-yil 16-iyundagi hukmi bilan, Oʻzbekiston SSR Jinoyat kodeksining 73-moddasida (kontrrevolyusion xarakterga ega adabiyotlarni tarqatish va tarqatish maqsadida tayyorlash, saqlash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Biroq Oʻzbekiston SSR Markaziy ijroqoʻmi Rayosatining 1926-yil 17-iyundagi qaroriga asosan adib jazodan ozod etilgan.
Ushbu voqeadan soʻng Abdulla Qodiriy jurnal tahririyatiga ishga bormay qoʻyadi va oʻzining ikkinchi buyuk asari “Mehrobdan chayon”ni yozib tugallaydi. Ammo kitobni chop etishda bir qator toʻsiqlarga uchraydi. Chunki kitob goʻyo muhabbat haqida yozilgan boʻlsa-da, aslida jamiyatdagi muammolarni ochiqchasiga koʻrsatishni maqsad qilgan edi. Adib bu asarni nashr qilish uchun jiddiy kirishib, Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Akmal Ikromov bilan uchrashgan. Akmal Ikromov asar qoʻlyozmasini oʻqib koʻrib, ustiga bosilsin, deb imzo qoʻygan. Shundan soʻng kitob 1928-yili nashr qilingan.
***
Qalami oʻtkir yozuvchi, qoʻrqmas va tolmas adib hukumat rahbarlarining doimiy eʼtiborida turadi. Fayzulla Xoʻjayev Abdulla Qodiriyni uch-toʻrt marta chaqirtirib, undan kolxozchilar hayoti haqida asar yozib berishini soʻraydi. Adib kolxoz hayotiga oid yangi asar yozish uchun Toshkent atrofidagi qishloqlarga borib, kolxozlar hayotini oʻrganadi. Ushbu oʻrganishlar natijasida “Obid ketmon” (1932–1934) qissasini yozadi. Muallif asar qahramoni Obid orqali oʻsha davrning ijtimoiy hayotini haqqoniy ochib berishga harakat qilgan. Kolxozlar odamlarning tashabbuskorligi, shaxsiy egalik, manfaatdorlik tuygʻularini yoʻq qilib yuborishini uqtirgan.
***
Adib sovet hukumati bilan murosa yoʻlini tanlab, uning siyosatini adabiy jihatdan targʻibot qilish ishlariga kirishsa-da, bosqinchi hukumat uni yoʻq qilish yoʻlini tanladi. 1937-yil 31-dekabrda Abdulla Qodiriy NKVD (Ichki ishlar xalq komissariyati) tomonidan qamoqqa olinadi. OʻzSSR Ichki ishlar xalq komissari, Davlat xavfsizligi mayori Apresyan tasdiqlagan qarorda Abdulla Qodiriyga quyidagicha ayblovlar eʼlon qilingan:
1. “Milliy ittihod” aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti aʼzosi boʻlib, qator yillar mobaynida sovet hokimiyati va partiyaga qarshi faol aksilinqilobiy-millatchilik kurashini olib borgan;
2. Matbuotda partiya va hukumat rahbarlari siyosatiga nisbatan keskin aksilinqilobiy-millatchilik va tuhmatdan iborat maqolalar bilan chiqqan;
3. Shu kunlarda tugatilgan oʻzbek aksilinqilobiy-panturkistik tashkilotining aʼzosi boʻlib, uning aksilinqilobiy ishida faol qatnashgan;
4. Yigʻilishlarda muntazam ravishda aksilinqilobiy-millatchilik, aksilshoʻroviy-millatchilik ruhidagi fikrlarni bayon qilgan.
Qodiriy mazkur qaror bilan tanishib, uning tagiga “Ushbu qaror menga eʼlon etilgan (oʻqudim), bunda koʻrsatilgan ayblarga rozi emasman va boʻynimga olmayman” deya imzo chekkan.
Apresyan boshliq NKVD xodimlari Qodiriyni “jilovlash”ning uddasidan chiqisholmaydi. Qodiriyning biror aksilinqilobiy tashkilotga daxldorligiga isbot topolmagan tergovchilar yoz oylarida qamalgan yozuvchilarning tergov bayonnomalarini titkilay boshlaydi. Faqatgina tergov jarayonida Gʻozi Olim Yunusov bilan Qayum Ramazon Oʻzbekistondagi panturkistlarni sanaganlarida Qodiriy nomini ham tilga olgan, Abdulhamid Sulaymonov (Choʻlpon) Qodiriy bilan Shohid Esonni millatchi-aksilinqilobchilar qatoriga qoʻshgan, Moʻmin Usmonov Fayzulla Xoʻjayevning Qodiriy, Elbek, Choʻlpon va Fitratga yaxshi sharoit yaratib berganini eslagan, Aʼzam Ayub esa Akmal Ikromov “Turkiston” gazetasiga muharrirlik qilgan vaqtda Qodiriyning ham shu gazetada xizmat qilganini aytib oʻtgani kabi “ayblovlar”ni aniqlaydilar. Bu maʼlumotlar, avvalo, nomi tilga olingan shaxslardan qiynoq ostida olingan boʻlib, dalil-ashyosiz, puch gaplar boʻlgan.
Oʻziga qoʻyilgan barcha siyosiy ayblarni tan olmagan Qodiriy tergov jarayonida oʻz haqiqatini mardona himoya qiladi. Tergovchilar uch oy mobaynida Qodiriyga nisbatan eng dahshatli qiynoq usullarini qoʻllasa-da, uning irodasini sindira olmaydi. U tergovchilar talqinida yozilgan tergov bayonnomalariga imzo chekmaydi. Shuning uchun ham imzo chekkan yagona tergov bayonnomasiga “1937-yil, mart” deb yozilgan boʻlsa-da, sana oʻrniga uch nuqta qoʻyilgan. Bu tergovning nechanchi tergov ekanini ham, 1938-yil martining qaysi kuni boʻlib oʻtganini ham hech kim bilmaydi.
Abdulla Qodiriy OʻzSSR Jinoyat kodeksining 58-, 64- va 57-moddalari boʻyicha, yaʼni Oʻzbekistonni Sovet Ittifoqidan ajratib olish maqsadida tuzilgan aksilinqilobiy millatchilik tashkilotining aʼzosi boʻlganlik va shu maqomda sovetlarga qarshi aksilinqilobiy faoliyatni olib borganlikda ayblanadi. 1938-yil 4-oktyabrda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan NKVD maxsus poligonida otib tashlangan va shu yerdagi xandaqlardan birida maxfiy ravishda dafn etilgan.
Adbulla Qodiriy millat oydini va millat xodimi sifatida Vatan ozodligi, milliy istiqloli orzusi bilan yashadi. Oʻzining noyob isteʼdodi bilan yaratgan asarlari orqali Turkiston xalqini maʼrifatli qilishga intildi. Shu yoʻlda jonini fido qildi. Mustaqilligimiz tiklangan dastlabki kunlarda uning buyuk xizmatlari eʼtirof etildi. 1991-yili Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti va “Mustaqillik” ordeni bilan taqdirlandi. 1994-yili adib tavalludining 100 yilligi, 2019-yili 125 yilligi keng nishonlandi. 2019-yil dekabrda Abdulla Qodiriy yashagan uy va uning nomi bilan ataluvchi bogʻda unga atab muzey tashkil qilindi, haykali qad rostladi. Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi tashkil qilindi.
Dilnoza JAMOLOVA,
FA Tarix instituti direktor oʻrinbosari,
tarix fanlari doktori