Oʻzbekiston tarixida davlat rahbaridan keyingi oʻrinda turuvchi, unga turli sohalarda yordam beruvchi amaldorlar turli davrlarda qoʻshbegi, devonbegi va mingboshi kabi nomlar bilan atalgan. 1924-yilda Oʻzbekiston jumhuriyati (respublikasi) tuzilgach, ushbu mansab rasman Xalq komissarlar/Vazirlar kengashi raisi yoxud Bosh vazir deb atala boshlandi hamda mamlakat hukumatini boshqardi. Keyingi bir asrda oʻnlab insonlar ushbu lavozimda mehnat qildi va davlat taraqqiyotiga, jamiyat hayotiga sezilarli taʼsir oʻtkazdi. Xoʻsh, ular kimlar edi?

Asoschi va ilk Bosh vazir

Toʻrt yil mavjud boʻlgan Buxoro va Xorazm xalq shoʻro jumhuriyatlari 1924-yilda Turkiston ASSR bilan birgalikda Oʻzbekiston ijtimoiy shoʻro jumhuriyatiga birlashdi. Ushbu yangi davlat tuzilishida atoqli oʻzbek siyosatchisi Fayzulla Xoʻjayev katta ishlarni amalga oshiradi. U respublikaning milliy-hududiy chegaralanishida muhim rol oʻynaydi.

Va yangi jumhuriyatning ilk Xalq komissarlari soveti (XKS) raisi (yaʼni, Bosh vaziri) etib aynan Xoʻjayev saylanadi. U bu lavozimda amalda respublika rahbari vazifasini ham bajaradi. Buni Butunittifoq Markaziy Ijroiya qoʻmitasi(MIQ)ga Oʻzbekistondan aʼzo etib, Oʻzbekiston MIQ raisi Yoʻldosh Oxunboboyev emas, Xoʻjayev tayinlangani ham tasdiqlaydi.

Fayzulla Xoʻjayev

Fayzulla Xoʻjayevning Oʻzbekiston tarixi va taraqqiyotida tutgan oʻrni haqida koʻp gapirish shart emas. Milliy qadriyatlarga ancha sodiq boʻlgan va shu sabab 1937-yilda qatagʻon qilingan Xoʻjayev, Oʻzbekiston tashkil topgan ilk yillarda respublikani oyoqqa turgʻazish uchun katta xizmatlarni amalga oshiradi. Uning davrida yangi sugʻorish tizimlari quriladi, minglab maktablar va oliygohlar ochiladi. Milliy kadrlar tizimi shakllantiriladi.

Biroq, mamlakati va xalqi uchun chin dildan mehnat qilgan ushbu Bosh vazir harakatlari Moskvadagilarga, tabiiyki, yoqmaydi. Natijada 1937-1938-yillardagi Stalinning qonli qatagʻonlari doirasida koʻplab oʻzbek jadidlar kabi Fayzulla Xoʻjayev ham qamoqqa olinib, otib tashlanadi. Shu tariqa, Oʻzbekiston jumhuriyatining birinchi Bosh vaziri taqdiri ayanchli yakun topadi.

Fayzulla Xoʻjayev Oʻzbekiston Bosh vaziri lavozimida 1924-1937-yillarda, yaʼni 14 yil ishladi.

Ikki qisqa muddatli “qoʻshbegi”

Xoʻjayevdan keyin uning lavozimiga munosib nomzod topish masalasi kun tartibiga chiqadi. 1937-yil iyun oyida Oʻzbekiston Xalq komissarlari soveti raisi etib Abdulla Karimov tayinlanadi. Biroq shu yilning oktabr oyida u ham ishdan boʻshatilib, qamoqqa olinadi.

Abdulla Karimov oʻrnini Sulton Segizboyev egallaydi. Segizboyevning “qoʻshbegilik” davri qatagʻonlar eng avjiga chiqqan paytga toʻgʻri keladi. U koʻplab oʻzbekistonliklarning qatagʻon roʻyxatiga qoʻshilishida ishtirok etadi. Tez orada yangi XKS raisining oʻzi ham oʻtmishdoshlari kabi qatagʻon qurboni boʻladi. 1938-yil iyul oyida ishdan haydalgan Segizboyev shu yilning oʻzidayoq hibsga olinib, otib tashlanadi.

Urush davri bosh vaziri

1938-iyul oyida Oʻzbekiston XKS raisi etib Buxoro viloyati Kompartiyasi Birinchi kotibi Abdujabbor Abdurahmonov tayinlanadi. Abdurahmonov bir qancha yil quyi partiya tashkilotlarida ishlagan, tajribali siyosatchi edi.

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Abdurahmonov zimmasiga katta vazifalar yuklatiladi. U SSSR Davlat mudofaa qoʻmitasi aʼzoligiga saylanadi va SSSR Oliy qoʻmondonligi Stavkasi(boshqaruvi) tarkibiga kiradi.

SSSR Oliy Soveti Prezidiumi raisi Kalinindan mukofot olayotgan Abdurahmonov

Abdurahmonov urush yillarida Bosh vazir sifatida barcha vazirliklar faoliyatini muvofiqlashtiradi, koʻchirib keltirilgan zavodlar hamda bolalarni joylashtirishda bosh-qosh boʻladi. Oʻzbekistondan frontga taʼminot barqaror davom etishini nazorat etadi.

Shuni ham aytib oʻtish kerakki, Abdurahmonov davrida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sanoati deyarli toʻliq paxtaga bogʻlanib qoladi.

1946-yil SSSRda maʼmuriy islohot oʻtkazilib, Xalq Komissarlari soveti Ministrlar (Vazirlar) sovetiga aylantiriladi. Abdurahmonov yangi tuzilmada ham rahbarlikni davom ettiradi.

Abdujabbor Abdurahmonov SSSR yuqori doiralarida ardoqlangan. Moskva uning fidoyi xizmatlarini yuksak baholagan. Biroq 1950-yillardagi kadrlar yangilanishi doirasida u Oʻzbekiston Vazirlar soveti raisligidan boʻshatilib, Butunittifoq Sovxozlar vaziri oʻrinbosari etib tayinlangan.

Oʻzbekiston hukumati binosi. 1950-yillar

Shunday qilib, Abdurahmonov Oʻzbekiston bosh vaziri lavozimida 12 yil (1938-1950) ishlaydi.

“Bosh vazirlar oʻyini”

Abdurahmonovdan keyin bir muddat Oʻzbekiston Bosh vazirlari, respublika Birinchi kotiblari kabi tez-tez almashadi.

Xususan, 1950-1951-yillarda ushbu mansabni, ilgari Buxoro, Toshkent va Andijon viloyatlari Birinchi kotibi (hokimi) boʻlgan Abdurazzoq Mavlonov egallab turadi.

Undan soʻng Nuriddin Muhiddinovning ikki martalik bosh vazirligi boshlanadi. 1951-yildan Oʻzbekiston hukumatini boshqargan Muhiddinov oʻzbek ziyolilarini ikkinchi qatagʻon toʻlqinidan himoya qilishga urinadi. Natijada 1953-yilda u Bosh vazir oʻrinbosari lavozimiga tushiriladi. Uning oʻrnini Moskvadan qaytgan Usmon Yusupov band qiladi.

Nuriddin Muhiddinov (oʻngdan birinchi) Misr yetakchisi Jamol Abdul Nosir bilan. 

Yusupov ham bir yillik faoliyatdan keyin (1953-1954) Bosh vazirlikni tark etadi va Nuriddin Muhiddinov yana Vazirlar soveti raisi (Bosh vazir) boʻladi.

Biroq Muhiddinov ham bir yil oʻtib, Markaziy qoʻmitaning Birinchi kotibligiga saylanadi va Bosh vazirlikdan ketadi.

1955-yildan Oʻzbekiston Vazirlar sovetini Sobir Kamolov boshqara boshlaydi. Sobir Kamolov Bosh vazirlik davridayoq kadrlar tizimida dadil “mahalliylashtirish” siyosatini olib boradi. Vazirliklarda mahalliy aholi vakillari soni ortadi.

Oradan ikki yil oʻtgach, u ham oʻtmishdoshi Muhiddinov kabi Bosh vazirlikdan Birinchi kotiblikka oʻtib ketadi. 1957-yilda Oʻzbekiston Vazirlar soveti raisi etib Mansur Mirzoahmedov tayinlanadi.

Sobir Kamolov

Mirzoahmedov ikki yillik bosh vazirlikdan keyin, 1959-yilda Qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari darajasiga tushiriladi. Uning oʻrniga Orif Alimov keladi.

Alimov ham oʻzidan oldingi hamkasblari singari ikki yil (1959-1961-yillarda) Bosh vazirlik qiladi. Uning Bosh vazir sifatida tanlanishi siyosiy “klan”larning oʻzaro qisqa kompromissi oqibati edi.

Sinalgan, qamalgan va oqlangan “qoʻshbegi”

“Qisqa bosh vazirliklar davri”dan soʻng, nihoyat kursisida barqaror oʻtirgan Oʻzbekiston SSRning ikki mashhur Bosh vaziri davri boshlanadi. Ularning birinchisi, 1961-1971-yillarda Oʻzbekiston Vazirlar kengashini boshqargan Rahmonqul Qurbonov edi.

Hozirda Qurbonovning faoliyatiga turlicha munosabatlar bildiriladi. Baʼzilar uni xalq manfaatlariga xizmat qilgan amaldor sifatida koʻrsa, ayrimlar Qurbonov Moskvaga sodiq kadrlar tizimini yaratishda ilgʻorlardan biri boʻlganini taʼkidlaydi.

Rahmonqul Qurbonov 

Rahmonqul Qurbonovning eng katta ishlaridan biri – paxta hosili vaqtida zaharli moddalardan foydalanishni cheklash boʻladi. U, xususan, insonlar bor dalada butifos zaharli kimyoviy moddasi ishlatilishiga keskin qarshi chiqadi. Ushbu modda asosan mashina terimiga tayyorlashda gʻoʻza barglarini toʻkish uchun qoʻllanilgan.

Butifosdan voz kechish yigʻim-terimni kechiktirib, hosildorlikni kamaytirardi. Bu vaqtda esa Moskva Toshkentdan tobora koʻproq paxta talab qilayotgandi. Bunday vaziyatda paxta hosilini kamaytiradigan islohotlar haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin ham emasdi. Shunday boʻlsa-da, Qurbonov bunga bir qadar erisha oladi.

Aynan, Qurbonov Bosh vazirlikdan ketgandan soʻng, Oʻzbekistonda ushbu defoliantdan foydalanish koʻlami kengayadi. 1980-yillar oxirida esa ushbu modda tabiatga juda zararli ekani tan olinib, undan foydalanish toʻliq taqiqlanadi.

Qurbonov 1971-yilda Bosh vazirlikdan tushirilib, Oʻzbekiston Sovxozlar vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlanadi. 1975-yil unga nisbatan “poraxoʻrlik va mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish” aybi qoʻyiladi. Sobiq “qoʻshbegi” 8 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Ammo oradan bir yarim yil oʻtib, jazoni oʻtashdan ozod etiladi, 1979-yil esa toʻliq oqlanadi.

Rahmonqul Qurbonov (chapdan birinchi), Oliy Sovet Prezidiumi raisi Yodgor Nasriddinova, SSSR rahbari Nikita Xrushchyov (markazda) va Sharof Rashidov. 1962-yil

Yakkabogʻlik Rahmonqul Qurbonov mustaqillikdan soʻng, 2012-yilda, yuz yoshida vafot etadi.

Sodiq ittifoqchi

Qurbonovdan soʻng Oʻzbekiston Vazirlar soveti raisi etib, Narmaxonmadi Xudoyberdiyev tayinlanadi. Xudoyberdiyev bundan oldin Bosh vazir oʻrinbosari, Qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimlarida ishlagandi.

Jizzaxlik Narmaxonmadi Xudoyberdiyev respublikaning amaldagi rahbari Sharof Rashidovning yaqin odamlaridan biri sanalgan. Uning hukumati davrida Oʻzbekiston tobora koʻproq “paxta koloniyasiga” aylangan. Markaz yildan-yilga paxta planini oshirib borgan.

Narmaxonmadi Xudoyberdiyev

Xudoyberdiyev vazirligining soʻnggida Oʻzbekistonda ham Butunittifoqdagi kabi “turgʻunlik davri” asoratlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Markaz talabi bilan asosiy eʼtibor paxtaga qaratilishi oqibatida boshqa sohalarda jiddiy depsinishlar kuzatiladi. Xudoyberdiyev Moskva irodasiga qarshi bora olmaydi.

Rashidov 1983-yilda vafot etgach, respublikaning yangi rahbariyati Xudoyberdiyevni ham Bosh vazirlikdan ketkazadi. 1984-yilda, 13 yillik bosh vazirlik faoliyatidan keyin Narmaxonmadi Xudoyberdiyev pensiyaga chiqadi.

Biroq bari bu bilan tugamaydi. Xudoyberdiyev 1987-yilda koʻplab oʻzbek siyosatchilari kabi “paxta ishi” doirasida hibsga olinadi. Unga pora olish aybi qoʻyiladi. 1989-yilda SSSR Oliy Sudi Xudoyberdiyevni 9 yilga ozodlikdan mahrum qilib, jazoni qattiq tartibli koloniyada oʻtashga hukm qiladi. Sobiq Bosh vazirning barcha mol-mulki musodara etiladi, unga berilgan davlat mukofotlari olib qoʻyiladi.