Sharq gilamlari qadimdan sifati va goʻzalligi bilan dunyoni lol qoldirib kelgan. Buxoro, eron, turkman, ozarboyjon, arman gilamlari ayniqsa mashhur. Ularning har biri oʻz toʻquv uslubiga koʻra bir-biridan farqlanadi. Ozarboyjon gilamlari bu borada alohida eʼtiborga molik. Uning toʻqilish uslubi 2010-yilda UNESCOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan. Ushbu maqolada оzarboyjon gilami tarixi va oʻziga xosliklari haqida fikr yuritamiz.
Kavkaz gilamlari
Kavkaz mintaqasi azaldan qadim sivilizatsiyalar zamini boʻlib kelgan. Ozarboyjon ham ushbu mintaqada joylashgan mamlakat oʻlaroq ushbu sivilizatsiya rivojida oʻz hissasini qoʻshgan. Ozarboyjon gilamlaridan soʻz ochishdan oldin Kavkaz gilamlari haqida ozroq maʼlumotga ega boʻlish maqsadga muvofiq boʻlar edi. Kavkaz gilamlari, asosan, mintaqaning islom dini tarqalgan hududlarida keng hajmda ishlab chiqarilgan. Olimlar bunga sabab qilib musulmon ayollarning uydan tashqariga kam chiqqanini va uyda asosan gilam toʻqish vazifasini bajarganini keltiradi. Bugungi kunda muzeylarda saqlanayotgan eng qadimgi Kavkaz gilamlari XIII–XIV asrlarga oiddir. Gilam toʻqish ham boshqa bezak sanʼatlari qatori bir sanʼat turi boʻlib kelgan. Chunki gilam bezaklari orqali avloddan avlodga maʼlum bir gʻoyalar tashilgan. Hukmdor saroylari, koʻchmanchilar oʻtovi hashamatining maʼlum bir qismini shu bezaklar tashkil etgan. Ammo XVII–XVIII asrga kelib gilamlar saroydagi bezak funksiyasini toʻxtatdi va asosan xalq hunarmandchiligiga aylandi. Oʻsha davrga oid gilamlar bezak sanʼatining haqiqiy shoh asarlari qatoridan joy oldi.
XIX asrga kelib butun Kavkaz hududi Rossiya imperiyasiga qoʻshib olindi. Aloqa tarmoqlarining kengayishi va Yevropa portlari bilan ulanish Kavkaz gilamlari uchun dunyo bozorini ochib berdi. Bu esa mintaqada gilamchilikning keng rivojlanishiga sabab boʻldi. Encyclopedia Iranica maʼlumotlariga koʻra XIX asrda Kavkaz gilamlari asosan sharqiy hududlarda, ozarboyjonlar istiqomat qilgan hududda keng tarqalgan. Shuningdek, Gruziya, Armaniston, Dogʻiston gilamlari ham maʼlum edi.
Ushbu faktorlar birlashib XIX asrni Kavkaz gilamdoʻzligining oltin asriga aylantira olgan. Kavkaz gilamlari asosiy ishlab chiqarish hududlariga koʻra ular ishlab chiqarilgan qishloqlar yoki shaharlar nomini olgan guruhlar va turlarga boʻlinadi. Gilamdoʻzlik asosan qishloq joylarda paydo boʻlgan va vaqt oʻtishi bilan yetuk sanʼat asari darajasigacha koʻtarilgan. Mohir gilamdoʻzlar hukmdorlar olqishiga sazovor boʻlgan hamda shoirlar ularni maqtab sheʼrlar yozgan.
Ozarboyjon hududi asrlar davomida turli davlatlar, madaniyatlar va dinlar hukmronligi ostida yashadi. Shuning uchun ham mamlakat hududida turli madaniyatlar aralashuvi yuz bergan. Bu gilamdoʻzlikga ham taʼsirini koʻrsatgan. Natijada Ozarboyjonda bir qancha gilamdoʻzlik markazlari vujudga keldi. Har birining oʻziga xos uslubi va maktabi bor. Ozarboyjon gilamlarini 4 ta yirik hududiy kategoriyaga boʻlish mumkin: Quba-Shirvon, Ganja-Qazax, Qorabog‘ va Baku.
XVI asrda Safaviylar davlatining tashkil topishi bilan ozarboyjon gilamdoʻzlik sanʼati gullab, sanoat darajasiga koʻtarildi. Miniatyurachi rassomlar, xattotlar oʻsha davr ozarboyjon bezak sanʼati shakllanishida muhim rol oʻynadi. Keyinchalik ushbu maktab zamirida “tabriz maktabi” ham shakllandi. Asrning ikkinchi yarmidan boshlab janubiy Ozarboyjonda shakllangan afshan, lechek-turunj, gulbandlik kabi bezaklar keyinchalik shimol (Baku, Qorabog‘, Shirvon)ga koʻchdi. Bu yerda Tabrizning oʻsimliksimon naqshlariga geometrik shakllarni “omuxtaladilar”. XVII asrdan boshlab Qazax, Barda, Mug‘an va Jabroil shaharlarida ishlab chiqarilgan gilamlar va joynamozlar mashhurlikka erishdi. XVIII asrda esa Shemaxa, Shusha, Sheki shaharlari gilamlari ham paydo boʻldi. Aynan shu davrga xos va eksportga moʻljallangan kichik va uzunchoq gilamlar Baku yaqinidagi Amirjon qishlog‘ida toʻqilgan.
Yuqorida aytilganidek, XIX asr Ozarboyjon gilamdoʻzligida yuksalish asri boʻldi. Birgina 1843-yilda Ozarboyjonda 18 mingta gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Ozarboyjon gilamlari Usmonli, Gruziya va boshqa Yevropa mamlakatlari boʻylab sotilgan. XX asrga kelib gilamdoʻzlik Ozarboyjon iqtisodiyotining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Hozirda mamlakat boʻylab 20 dan ortiq yirik gilam fabrikalari ishlab turibdi.
Ozarboyjon gilamlari oʻzining bejirim bezaklari va ranglari bilan ajralib turadi. Bezaklar gilam toʻqilgan joy va gilam turiga qarab farqlanadi. Masalan, Quba, Shirvon, Qazax, Zinjon gilamlarida murakkab geomtrik naqshlar ishlatiladi. Bunda inson va hayvonning geometrik shakllari hamda markazida bir oʻq boʻylab joylashtirilgan figurali koʻpburchak yoki yulduz shaklidagi medalyonlar joylashtiriladi. Tabriz, Qorabog‘ gilamlari esa gulli naqshlarning koʻpligi, rang-barangligi bilan ajralib turadi. Ozarboyjon gilamining estetik tamoyili “tasvirlarning” tekis yechimi, naqsh ritmi, markaziy maydon va hoshiyaga anʼanaviy boʻlinish va elementlarning lakonik geometriyasida mujassamlashgan. Amerikalik taniqli kolleksioner va sanʼatshunos Joys Veaning fikricha, ozarboyjon gilamining bezaklarida turk, fors va Osiyo naqshlarining anʼanalari va taʼsiri, shuningdek, Eronning shimoli-gʻarbiy qabilalari gilamchilik merosining chambarchas bogʻliqligini koʻrish mumkin.
Geometrik naqshlar orasida svastika va sakkiz qirrali yulduz ustunlik qiladi. Svastika qadimgi koʻpxudolik dinlarida uchraydigan element boʻlib, u osmon markazini ifodalaydi. Bu ramz, ehtimol, yulduz turkumlari bilan oʻralgan quyoshni yoki uchib yuruvchi qushlar boʻronining odatiy tasvirini anglatadi. Bundan tashqari, ozarboyjon gilamlarida islomiy ramzlar ham bezak sifatida uchraydi. Bulardan eng koʻp tarqalgani Xamsa, yaʼni besh barmoq tasviri. Bu shialarda Fotimaning qoʻli ham deyiladi. Sunniy-tasavvufda bu belgi islomning besh ustunini anglatsa, shia eʼtiqodi boʻyicha eng koʻp hurmatga sazovor besh kishi: Muhammad (s.a.v), Ali, Fotima, Hasan va Husayn (r.a)larni ifodalab keladi. Shuningdek, markaziy bezak sifatida mehrob tasvirini ham koʻrish mumkin.
Ozarboyjon gilamlarida, ayniqsa Tabriz gilamida (Tabriz aholisi asosan ozarboyjonlardan iborat) oʻsimlik naqshlarini juda koʻp uchratish mumkin. Asosiy bezak sifatida “hayot daraxti” deya ataladigan shakl ishlatiladi. Hayot daraxtining geometrik shakli ham bezak sifatida tushiriladi. Shuningdek, gilamlarda bog‘, anor tasvirlari ham keng qoʻllaniladi. Anor sosoniylar davrida muqaddas meva sanalgan. Zardushtiylikda esa anorga quyosh ramzi sifatida qaralgan. Bundan tashqari, gilamchilikda hayvon, qush va inson tasvirlari ham bezak vazifasini bajargan. Qushlardan burgut va tovus ozarboyjon gilamlarida koʻp uchraydi va u koʻproq hukmdorlar saroyini bezagan. Unga kuch va hokimiyat ramzi sifatida qaralgan. Tovus esa quyosh xudosini anglatgan, shuningdek, tovusning koʻzlari yomonlikdan asrashiga ishonishgan. Qoʻy va echki tasvirlari qabilalarning koʻchmanchi oʻtmishi yoki hayot tarzi bilan bogʻliq boʻlgan. XVII asrdan boshlab esa gilamlarda ajdarho tasviri ommalashgan va XIX asr oxirigacha saqlanib qolgan.
Toʻquv texnikalari
Ozarboyjon gilamlari ishlab chiqarish texnikasi va teksturasiga koʻra keskin farq qiluvchi ikkita turga boʻlinadi: yungli va yungsiz. Tugunsiz gilamlar “maishiy gilamlar” deb ham nomlanadi. Bunday gilamlarga palas, kilim, jejim, zili, sumax kabilar kiradi va ular gilamdoʻzlikning dastlabki shakllari hisoblanadi. Ular toʻqilgan va oʻralgan iplarni bir-biriga bogʻlash orqali yaratilgan.
Yungli gilamlar toʻqish texnikasi jihatidan ancha murakkab: ular “Turkbof” (simmetrik “Turkiy tugun”) usulida, keng koʻlamli naqshlar, ranglar va syujetlarni oʻzida mujassamlashtirgan holda yaratilgan. Toʻqish jarayonida har ikki ipli tugunga yungli tugun qoʻshiladi va bu gilamlarga har qanday shakl va oʻlchamdagi koʻplab bezak tasvirini tushirish imkonini beradi. Juda qadim tarixga ega Turkbof texnikasi XV–XVI asrlarda ilk bor Ozarboyjonda qoʻllanilgan. Bu texnika yordamida ipak gilamlarni yuqori zichlikda ishlab chiqarishga erishiladi. Ozarboyjon yungli gilamining oʻziga xos xususiyati uning juda yuqori zichligidir. Gilamning zichligi esa har kvadrat detsimetr maydondagi tugunlar soniga qarab belgilanadi. Shundan kelib chiqib gilam qancha zich boʻlsa, uning narxi shuncha yuqori boʻladi. Ammo ayrim sanʼatshunoslar fikricha, bunday qarash xato hisoblanadi. Ishlab chiqarish maydoniga qarab, mahsulotning har bir kvadrat detsimetri uchun 1600 (40x40) dan 4900 (70x70) gacha yungli tugunlari mavjud.
Ozarboyjon va oʻzbek gilamlarining oʻxshashligi, farqi
Shu oʻrinda, ozarboyjon gilamlarining oʻzbek gilamlari bilan oʻxshash va farqli jihatlariga nazar solsak. Umuman Oʻzbekistonning deyarli barcha hududida gilamchilik anʼanasi tarixan yaxshi rivojlangan. Xususan, Buxoro, Surxondaryo, Xorazm, Qoraqalpoq, Fargʻona vodiysi, Nurota, Samarqand gilamlari mashhur boʻlgan. Bu, ayniqsa, Sovet ittifoqidan oldingi davrda yaqqol sezilgan. Sovet davrida xususiy hunarmandchilik bekor qilinib, barcha hunarmandchilik turlari qatorida ushbu soha ham davlat nazoratiga olindi va anʼanaviy hunarmandchilik oʻrnini fabrika, ishlab chiqarish egalladi. Mustaqillik yillarida hunarmandchilikka qaratilgan eʼtibor sabab gilamchilik ham anʼanaviy usullarga qayta boshladi. Bugungi kunda Buxoro, Samarqand, Margʻilonda anʼanaviy gilamdoʻzlik bilan shugʻullanayotgan hunarmandlar bor.
Oʻzbekiston va Ozarboyjon davlatlari bir-biriga yaqin geografik mintaqada joylashgani bois, gilamlari oʻrtasida oʻxshashliklar koʻp, ammo mahalliy madaniyat, anʼana va uslublar qoʻl mehnati sanʼatining oʻziga xos jihatlarini belgilab beradi. Geometrik naqsh, tabiiy boʻyoq, qoʻlda toʻqish texnikasi, simmetrik dizayn, amaliy va dekorativ funksiyalarida oʻxshashligi namoyon boʻlsa, farqli jihatlari naqshlarning mavzusi, ranglar palitrasi, toʻqish texnologiyasi, hududiy oʻziga xos uslublar, madaniy mansublik kabilarda koʻrinadi. Umuman olganda, oʻzbek va ozarboyjon gilamlari mahalliy madaniyatlarning buyuk sanʼati boʻlib, ular oʻziga xos texnikalar, naqshlar va ranglar orqali oʻz mintaqalarining ruhiyatini aks ettiradi. Shu bilan birga, ular oʻzaro oʻxshash jihatlari bilan Markaziy Osiyo va Kavkazning madaniy birligidan dalolat beradi.
Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, ozarboyjon gilamlari Kavkaz-Eron mintaqasida eng keng tarqalgan va jahon bozoridaa oʻz oʻrni, tarixi, texnikasi va oʻziga xos bezaklariga ega gilamlardir. Ushbu gilamlarning har bir bezagi, uslubi, tarixi haqida tomli kitoblar, tadqiqot ishlari yozish mumkin. Mazkur maqola esa dengizdan bir tomchi.
Jahongir OSTONOV,
OʻzR FA Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti