22-oktyabr kuni poytaxtning Kitob Olami Shake&pear kafesida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Oyina.uz portali tomonidan tashkil qilingan “Kitoblararo 80 kun” marafonining tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Respublikaning turli hududlaridan kelgan gʻolib kitobxonlardan tashqari, estrada xonandalari, xususan, Hilola Hamidova va Abror Doʻstov ham qoʻshiqlar ijrosi bilan ishtirok etdi.
Taqdirlash marosimi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov tomonidan ochib berildi. Rahbar kirish nutqida “Bugungi yoshlar kitob oʻqimaydi”, degan fikrga qarshi ekani, mutolaaga kreativ yoʻl bilan qiziqtirish kerakligini aytib, marafon bu borada yaxshi namuna boʻlganini taʼkidladi:
“Biz yoshlarni doim tanqid qilardik, ular kitobga qaramaydi, telefondan boshini koʻtarmaydi, derdik. Lekin biz bir narsani isbotlab berishga harakat qildik: bu yoshlar kitob oʻqiydi. Faqat bunga toʻgʻri yondashuv kerak. Hammani kutubxonaga majburan olib kirib emas, unga imkoniyat berish kerak. Shuning uchun biz uzoq oʻylab, aynan shunday marafon eʼlon qildik. Bu bir kunlik emas, 80 kun davom etadigan tadbir edi”.