Kolumbiyalik yozuvchi Gabriel Garsia Markes “Aql va donolik bizga zarur boʻlmagan yoshda nasib etadi”, degan. Bu soʻzlarda chuqur hayotiy maʼno bor. Yoshlikda ota-ona yoki bobo-buvilarning nasihatlariga uncha ahamiyat bermasligimiz tabiiy hol. Balki, oʻshanda bu gaplarda mantiq topa olmaganmiz, yoki yoshlik shaytoni ruhimizni boshqargandir. Ammo yillar oʻtgani sari, oʻsha oʻgitlarning haqiqat ekanini anglay boshlaymiz. Masalan, oʻzimning ham bolaligimda koʻp eshitgan nasihatlarimning ilmiy jihatdan isbotlanganini koʻrganimda, xayolimda chaqmoq chaqqandek boʻldi. Maqolada ayni shunday fanda isbotlangan bobolarimiz nasihatlari haqida soʻz yuritamiz.

“Qushlar uxlayotganda yotib, sayrayotganda uygʻon”

Buyuk Britaniyada 88 000 kishi ishtirok etgan tadqiqotga koʻra, eng maqbul uxlash vaqti soat 21:00–22:00 oraligʻi ekan. Xuddi shunday xulosa Klivlend klinikasi tadqiqotlarida ham tasdiqlangan. Quyosh botgandan ikki soat oʻtgach, miyada melatonin ishlab chiqarilishi boshlanadi. U uxlashga tayyorlaydigan gormonlar faollashadi. Agar inson 6 soatdan kam yoki 9 soatdan koʻp uxlasa, uyqu tizimi buziladi. Uxlash – organizmni “qayta yuklash”dek jarayon boʻlib, u miyadagi zaharlar, oʻlik hujayralardan xalos boʻlish va tana hujayralarini yangilashni taʼminlaydi. Kam uxlash esa xotira susayishi, diqqat yetishmovchiligi, immunitet pasayishi, gormonal muvozanatning buzilishi va erta qarishga olib kelishi mumkin.

“Erta turgan kishini Xudo oʻnglar ishini”

Erta uxlab, erta uygʻonish – muvaffaqiyat va sogʻlom hayot sari tashlangan muhim qadam. Erta uygʻongan inson sogʻlom nonushta qilishga ulguradi, bu esa kun davomidagi faoliyat uchun muhim energiya manbai hisoblanadi. Nonushta qilmaslik esa ortiqcha ovqatlanish va semirishga olib kelishi mumkin. Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, erta turgan odamlarda depressiya va ruhiy kasalliklar kam uchraydi. Ertalab quyosh nuri ostida boʻlish D vitamini sintezini ragʻbatlantiradi, bu esa organizmda kalsiy singdirilishini taʼminlaydi. Tananing eng koʻp D vitamini qabul qiladigan vaqti – quyosh chiqqanidan odam soyasi oʻz boʻyiga teng boʻlgungacha boʻlgan davrdir. Shuningdek, tongda aql tiniqroq ishlaydi, insonda gʻayrat va shijoat yuksak boʻladi. Erta turgan insonlarda hayotga muhabbat, oʻzini qadrlash hissi kuchliroq boʻladi. Tadqiqotlarga koʻra, uzoq umr koʻrgan insonlarning koʻpchiligi erta turishga odatlangan.

“Issiq nonni yeb boʻlmas – yegach tanga zeb boʻlmas”

Bolaligimizda kattalar “issiq non yema” deb koʻp ogohlantirishgan. Oʻsha paytda bu gapni shunchaki “tilingni kuydirma” degan maʼnoda tushunganmiz. Ammo yaqinda Rossiyaning “Noviy ochag” ilmiy nashrida eʼlon qilingan maqolada issiq nonning salbiy taʼsirlari haqida soʻz yuritildi. Unda taʼkidlanishicha, yangi pishirilgan nonni oshqozon hazm qilmaydi, u ichaklarda achish jarayonini kuchaytirib, ortiqcha gaz hosil boʻlishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari, issiq non odatda yaxshi chaynalmay yutiladi, bu esa fermentlar bilan yetarli namlanmaslikka, natijada, oshqozon shilliq qavatining yemirilishiga – surunkali gastrit va yara kasalliklariga olib kelishi mumkin. Taʼkidlash joiz, insonlar issiq nonni yumshoqligi bois suvi qochgan nonga nisbatan ikki barobar koʻproq isteʼmol qiladi. Bu esa ortiqcha vazn toʻplanishiga olib keladi.

“Qovun yesang – sahar ye…”

Nega xalqimiz qovunni aynan saharda yeyishni tavsiya qilgan? Bu faqat anʼana emas – ilmiy asosga ham ega. AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasining maʼlumotlariga koʻra, qovun tarkibida “baxt gormoni” sifatida tanilgan serotonin moddasi mavjud. Uning saharda qabul qilinishi kun davomida kayfiyatni koʻtarishga yordam beradi. Ayurveda taʼlimotiga koʻra ham organizmni tozalash uchun tong paytida qovun isteʼmoli tavsiya etiladi. Yevropada bu usul “qovun sharbati bilan tozalash” nomi bilan keng qoʻllanilgan. Buyuk tabib ibn Sino ham nahor paytida qovun va uning urugʻini isteʼmol qilishni oftob urishidan saqlanishning samarali vositasi sifatida tavsiya qilgan.

Qovunning tarkibida oltin, temir, kaliy, kremniy kabi moddalar mavjud boʻlib, ular kamqonlik, yurak-qon tomir kasalliklari va revmatizmni davolashda foydali. Sahar paytida qovun yeyish teri, soch va ichak mikroflorasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, organizmdan xolesterinni chiqarib, insonni “yoshartirishi” ham mumkin.

 “Ertalabki nonushtani oʻzing ye, tushlikni doʻsting bilan boʻlish, kechki ovqatni dushmaningga ber”

Bu mashhur xalq maqoli koʻpchilikka tanish. Ammo, afsuski, koʻpincha ishga kech qolish yoki ishtaha yoʻqligi sabab ertalabki nonushtani qilmaymiz. Bu esa tush paytigacha kuchli ochlikni keltirib chiqaradi va ortiqcha ovqat yeb qoʻyishga olib keladi. Koʻp hollarda esa kechki ovqatni toʻyib yeymiz va bu salomatlikka jiddiy taʼsir koʻrsatadi.

AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasi maʼlumotlariga koʻra, inson organizmda kun davomida muayyan soatlarda koʻproq kaloriya sarflaydi. Shuni isbotlash maqsadida Amerika harbiylari oʻrtasida tajriba oʻtkazilgan: bir xil kaloriyali ovqatni bir guruh ertalab, ikkinchi guruh esa kechqurun isteʼmol qilgan. Natijada ertalab ovqat yeganlar haftasiga 1 kg ozgan, kech ovqatlanganlar esa aksincha, vazn toʻplagan. Yana bir tadqiqotda ishtirokchilar ikki guruhga boʻlingan. Birinchi guruh ertalab toʻyimli, tushlikda oʻrtacha, kechqurun yengil ovqat bilan taʼminlangan. Ikkinchisi esa aksincha — kechki paytda koʻproq, ertalab kamroq ovqat olgan. Uch oylik tajriba davomida birinchi guruh 8,5 kg ozgan boʻlsa, ikkinchi guruh bor-yoʻgʻi 3,5 kg vazn yoʻqotgan.

Nega shunday farq yuzaga kelgan? Chunki tunda yurak urishi sekinlashadi, tana aʼzolari faoliyati pasayadi, ovqat hazm qilish sustlashadi. Kunduzi isteʼmol qilingan ovqat esa glikogenga aylanib, tanani energiya bilan taʼminlaydi.

“Dasturxon boshida gaplashma” – qadimiy hikmatmi yoki oddiy taʼlim?

Ehtimol, siz ham bolaligingizda kattalardan “dasturxon boshida gaplashma” degan taʼlimni eshitgansiz. Ajablanarlisi shundaki, deyarli butun dunyo aholisi ovqat paytidagi suhbatni tabiiy deb bilgan bir davrda, nega oʻzbek xalq urf-odatlarida bu holat maʼqullanmaydi?

Bu savolga fan javob beradi – inson sezgi aʼzolarining toʻliq ishlashini taʼminlash uchun. Ovqatlanish paytida suhbatlashish, telefon oʻynash yoki televizor tomosha qilish insonning diqqatini taomdan chalgʻitadi. Bu esa taʼm hissining pasayishi, ovqatni chala chaynab yutish, miya va oshqozon oʻrtasidagi toʻyinganlik signali uzilishini keltirib chiqaradi. Natijada inson yetarlicha ovqatlansa ham, miya uni toʻymagan deb qabul qiladi va yana yeb qoʻyishga undaydi. Bu ortiqcha kaloriya va yog‘ toʻplanishiga sabab boʻladi.

Birmingem universiteti tadqiqotchilari televizor koʻrib ovqat yegan guruh ikkinchi guruhga nisbatan ikki barobar koʻproq ovqat isteʼmol qilganini aniqlashdi. American Journal of Clinical Nutrition jurnalida chop etilgan maqolada esa ovqat paytidagi chalgʻishlar – tez ovqatlanish, xayol surish kabi holatlar ortiqcha ovqat isteʼmoliga sabab boʻlishi qayd etilgan. Xulosa shunday: sayr qilyapsizmi – diqqatingiz sayrda boʻlsin; ovqatlanyapsizmi – diqqatingiz faqat dasturxonda boʻlsin.

Nega choyni “qaytaramiz”?

Xalqimizda choyni “qaytarish” odati bor – piyolaga uch marta quyib, choynakka shuncha solamiz, yettinchi marta piyolaga quyib mehmonga uzatiladi. Bu odat shunchaki tasodif emas. Uning zamirida tozalik, tazarru, mehmonga hurmat kabi qadriyatlar mujassam. “Suv yetti yumalasa, halol” degan maqol ham shu maʼnoda aytiladi. Ilmiy nuqtai nazardan olib qaralganda ham, yer osti suvlari qum, tosh, mineral qatlamlar orqali aynan 7 bosqichda tozalanadi. Hatto hozirgi zamonaviy suv tozalash qurilmalari ham 7 bosqichli filtratsiya tizimi asosida ishlaydi.

Shuningdek, inson organizmida ham suv 7 marta “yumalab” — yaʼni turli aʼzolar orqali filtrlanib, qonga singishi aniqlangan. Yapon olimi Masaru Emoto suvning “xotirasi” mavjudligini isbotlab, u hatto inson emosiyalari va gaplariga reaksiya bildirishini aniqlagan. Yomon gaplar bilan “taʼna qilingan” suv zararli shaklga kirgan, bir necha bor qayta-qayta kolbaga quyilib oʻtkazilganda esa uning zararli taʼsiri yoʻqolgan. Demak, xalqimizning “choyni qaytarash”, “suv yetti yumalasa halol” kabi taʼlimlari shunchaki anʼana emas, balki ilmiy asoslarga ega hayot meʼyorlari boʻlgani kabi, boshqa “odatiy” udumlarimiz ortida ham fan tasdiqlagan haqiqatlar bor, deyish mumkin. Faqat ularni oʻrganish va unutmaslik kerak.

Abdulla CHIMIRZAYEV