Muvozanat posangisi
Bir tanishim esini tanigandan buyon soʻzning ortidan chopadi. Oila qurib, farzand orttirishga ham hafsala qilmadi. Yaqinda koʻrishsam, yoshi bir joyga borib, nihoyat bu millat yozganlariga arzish-arzimasligi haqida yozgʻira boshlabdi. “Baribir foydasi yoʻq” degan umidsizlik uni ruhan toliqtirib qoʻygan edi.
Jamoat transportida koʻp kuzataman. Guldek yigit-qizlar oʻtirib oladi: qulogʻida naushnik, koʻzlari telefonda. Tepasida yuz yoshdan oshgan momo yoki bobo tik turib oʻlmaydimi, odamlar tiqilib, yetti qavat boʻlib ketmaydimi – qizigʻi yoʻq. Goʻyo yuragini tambalab olgan – hayvonlardek baxtiyor! Ular oʻzlarini parapsixolog deb ataydigan “mutaxassislar” urfga kiritgan “oʻzini sevish sanʼati”ni puxta oʻzlashtirgan... Bu betamizlik bizda keyingi paytlarda paydo boʻlib qoldi.
Bunday “baxtsiz”lar ham, “baxtiyor”lar ham yurtimizda serob. Birlari umidsizligini ot qilib minib olgan, qayoqqa chopayotganini oʻziyam bilmaydi. Bilgani – u emas, dunyo aybdor. Ikkinchilarining esa oromi buzilmasa, ortiqcha zahmat chekmasa bas! Qolgan dunyoga oʻt ketmaydimi...
Gʻalvir hovuchga sigʻadimi?
Rivoyat qiladilarki, bir podshoh qoʻlidan bir ish kelmaydigan ahmoq oʻgʻlini hech boʻlmasa, biror hunar oʻrgansin deb ustaga shogirdlikka beribdi. Usta bolaga turli bilimlardan, jumladan, ilmi nujumdan ham saboq beribdi, bor kuchi bilan bu ilmning sirlarini oʻrgatibdi. Nihoyat shogirdlik yillari tugabdi. Podshoh imtihon qilish uchun hovuchiga uzugini bekitib, oʻgʻlidan “Bunda nima bor?” deb soʻrabdi. “Qoʻlingizdagi dumaloq, sariq, ichi boʻsh bir narsa” degan javobni eshitgach, hayratga tushgan hukmdor “Alomatlarini toʻgʻri aytding, endi nomini ayt” debdi. Oʻgʻil “Gʻalvir boʻlsa kerak” deb javob beribdi. Podshoh “Meni hayron qoldirib, olgan tahsiling tufayli alomatlarni aniq aytding-u, lekin gʻalvirning hovuchga sigʻmasligiga aqling yetmadimi?!” degan ekan afsuslanib.
Abadiyat qonuni
Hazrat Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida 770 ta goʻzal va ibratli hikoyat bor. Ular oʻtgan avliyolarning shunchaki tarjimai holi emas. Qisqa matnda mahorat bilan har bir siymoning hayoti, ilmiy-adabiy merosi, jamiyatda tutgan oʻrni, eʼtiqodiga qadar taʼriflab oʻtilgan. Ularning har biridan koʻplab ulgu olish mumkin.
Biz-chi?!
Navoiy, Bobur kabi ulugʻlarimiz haqida toʻlqinlanib gapiramiz. Tilga tushgan ruboiy va gʻazallarini yod aytamiz. Tavallud kunlari haykali poyiga gulchambar qoʻyamiz. Katta sayildek oʻtkazamiz. Talaba va oʻquvchilar sahna koʻrinishlari namoyish qiladi. Shu bilan ajdodlarga munosiblik hissini tuyamiz. Biroq oddiy savollar javobsiz qoladi: ularning orasida ulug‘ allomalarni koʻproq mutolaa qilishga tirishib, nimadir oʻzlashtirib olishga intilayotgani qancha? Ulug‘ ajdodlar qoldirgan adabiy, ilmiy, maʼnaviy meros qalbiga oʻrnashib, yaxshi maʼnoda bezovta qilayaptimi? Agar shunday boʻlsa, nega uning jilvasini jamiyatda sezmaymiz?
Jaloliddin Manguberdining vatanparvarligi, jasorati haqida uning yovga qul boʻlib yashagandan koʻra oʻlimni afzal koʻrgani haqidagi rivoyatdan boshqa yana qanday hikoyatlarni bilamiz? Vatan qahramonini harakatga keltirgan qudrat nima edi? Yuragimizda Manguberdining qalb parchalari saqlanib qolganmi?
Bir umr vatanini qoʻmsab yashagan Boburning muhabbatini, zakosini qaysi mezon bilan oʻlchash mumkin? “Boburnoma” haqida koʻpchilikda umumiy tushuncha bor, holbuki “Xatti Boburiy” kabi asarlarining sirriga insoniyat haligacha yetib kela olgani yoʻq!..
Bir doʻstim farmasevtika institutini tugatgan.
“Ahmad Fargʻoniydan, Qoshgʻariydan nima naf? Hayotda qoʻllash mumkin boʻlgan fanlarni oʻrganish kerak. Umrimda birorta badiiy asar oʻqimaganman”, – deydi u.
Men bilan bir sinfda oʻtirib, bir havodan nafas olgan, ayni muallimlarning sabogʻini tinglagan yigitning xulosasi bu. Moddiy manfaat va qarashlardan sal balandlab fikrlay olmaymizmi!?
Navoiy boboni esladik. Asarlarini qoʻya turaylik, hech boʻlmasa Oybekning “Navoiy”, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy” romanlarini oʻqib, tabarruk shoirning shaxsiyati, hayoti va faoliyati bilan tanishish ilinjidagi yoshlar qancha deb oʻylaysiz? Nahotki koʻzimizga koʻrinib turgan narsalargagina ishonsak!
Deyl Karnegi kabi psixologlarning koʻrsatmalarini diqqat bilan tinglab, hayotiga tatbiq qiladigan yoshlarning aksariyatini maʼnaviy meros qiziqtirmaydi. Vaholanki, oddiygina maqol yoki gʻazal, ruboiydagi mazmun ularning falon pul toʻlab oʻrganayotgan psixologik bilimlaridan ustun. Hatto birgina satrdagi maʼno ikki olam saodatiga kifoya qilishi mumkin.
Bu yoʻlda barchamiz bir-birimizga yordam berishimiz kerak. Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni” asarida shunday yozadi: “Insonning yuragi uning tanasidan yuz baravar ogʻirroq... Shu darajada ogʻirki, uni bir kishi koʻtara olmaydi... Binobarin, biz, odamlar, toki tirik ekanmiz, bir-birimizga yordam berishimiz, bir-birimizning yuragimizga madad boʻlishga harakat qilishimiz kerak: siz – menga, men – unga, u esa – boshqa birovga, shu tariqa uzluksiz davom etishi lozim... Toki oʻlim hayotda bizni yolgʻizlik balosiga giriftor qilib qoʻymasin...”
“Men oʻlanni yozmayman ermak uchun”
Eslab koʻring-a, qaysidir asarni oʻqib, hech oʻzingizni tuzatdingizmi?.. Xotirlay olmasangiz, nega kitoblar dunyoni obod qilmayotganini iddao qilasiz?!
Nolishga koʻnikkan odam umr boʻyi anduh bilan yashaydi. Hatto boʻkkunicha yegan-ichganining hazm boʻlmayotganini ulkan baxtsizlik hisoblaydi. Ammo oʻzini zarracha aybdor his qilmaydi.
Alisher Navoiydek zot bunday kimsalardan zada boʻlib, shunday degan edi:
Xalqdin har yaramas kelsa xush ulkim, Haqgʻa
Desa boʻlmas: mening uchun yana bir xalq yarot.
Navoiy bobo umrini ulug‘ bitiklar yaratishga tikkan. Oʻz davrida ham, oʻtgan asrlar davomida ham, hozir ham ulardan samarali foydalana olmayapmiz. Oladigan nafimiz ham shunga yarasha.
Yozganlarimiz taʼsiridan koʻngil toʻlmas ekan, eʼtiborni oʻzimizni oʻzgartirishga qaratish lozim. Har bir nafas va nazar nazoratda boʻlsin, muhimni nomuhimdan ajrata olaylik.
Kimlarningdir istiholasi uchun umr va mablagʻni havoga sovurish oxirgi paytlar koʻpayib ketdi. Sendan men kammi qabilida isrof qilishda poyga oʻynashadi. Bunga munosib maqol bor: “Bosh yorilsa, qalpoqning ostida”. Bu qalpoqning ostida qancha boshlar yorilib, qancha norasidalar tirik yetim qoldi.
Biri nogiron eriga qarab, chala yotgan imoratni bitirish uchun kuymalansa, boshqasi qoʻshnisinikidan past boʻlib qolgan uyini balandlatish koʻyida jon halak. Ulug‘ yozuvchimiz Abdulla Qodiriy “koʻchamizda hech kimda yoʻq, boshqa bolalar oʻksimasin” deya puli yetsa ham oʻgʻliga velosiped olib bermagan ekan. Bunday qadriyatlarni unutgandekmiz.
Xoʻsh, jaholat botqogʻiga botayotgan insoniyatni kim yoki nima qutqaradi?
Olomonning najot topishga xohishi bormi? Borgan sari aqlga sigʻmaydigan bemaʼniliklar, jinoyatlar yuz berayapti. Qishloqlarda ming odamni chaqirib toʻy qilishayapti. Xoʻp, qurbi yetganni tushunaylik, lekin bu ish qancha oilalarda taqliddan tugʻilgan nizolarga sabab boʻlayotganini oʻylamaydi.
Moddiy tomondan bir misol keltirdik, maʼnaviyatimiz qay ahvolda? Oʻtgan yili “Dahshatli qotillik... Uch yil avval qizini ayiq qafasiga tashlab yuborgan ayol oʻsha farzandini pichoqlab oʻldirdi” degan xabar koʻpchilikni larzaga keltirdi. Munosabat bildirildi. Ijtimoiy tarmoqlar tavqi laʼnat va mulohazalarga toʻlib ketdi. Odamlar bor-yoʻgʻi yangi bir muhokama mavzusi paydo boʻlgunicha ayuhannos soldi.
Zimdan nazar solsangiz, teskari aksioma ishlayapti. Xabarni oʻqigan, farzandlarining kelajagi, salomatligi uchun qaygʻurayotgan ota-onaning shashti tushadigandek, harakatini sustlashtiradigandek. Bu holat oʻgʻirlik yoki qotillik haqida maqola yozib, kimlargadir nimalarnidir oʻrgatib qoʻyayotganga oʻxshaydi. Bevafo dunyodan koʻngling sovuydi. Muammolari-yu muvaffaqiyatlariga qoʻl siltaysan. Navoiy bobo “Xazoyinul-maoniy” devonida bitganidek:
Davron guli-yu gulshani xorigʻa arzimas,
Gulgun mayi baloyi xumorigʻa arzimas.
Ming yil kishi jahon eliga qilsa shohliq,
Bir dam alar ihonatu origʻa arzimas...
Chuqurroq ketsang, tarki dunyo toʻnini kiyib, taraqqiyotga tushov boʻladigandek koʻrinasan. Ertaga oʻladigandek oxirat uchun, abadiy yashaydigandek dunyo uchun harakat qil degan oʻktam iborani eslab dadillanasan. Yana nimalargadir intilishni boshlaysan, to boshing devorga urilib, gʻurra boʻlgunicha. Keyin peshonangni silab oʻtirib, ogʻriqning zoʻridan yana dunyoning jon kuydirishingga “arzimas”ligini anglab qolasan.
Unda nima uchun yashab, oʻqib, yozib yuribman? Qozoq shoiri Abay aytganidek “Men oʻlanni yozmayman ermak uchun” desam rost aytayotgan boʻlamanmi?
Arqoningiz mustahkammi?
Zamonaviy dunyoda koʻpchilik norasmiy jurnalistga aylandi. Farzandini yaqindagina dunyoga keltirgan ona va bolaning surati ular tugʻruqxonadan chiqqunicha yer sharini necha bor aylanib keladi. Shu qadar berilib ketganlar paydo boʻldiki, kimdir oʻlsa, janozadan tortib, mozorining suratigacha internetga joylashtiradi. Ketidan uzun “vido xati” yozadi. Goʻyo oʻlik qabrida telefon kovlab yotadigandek.
Oʻqisangiz eslab qolishga, qayd qilishga, ibrat olishga oshiqadigan voqea va sitatalarning sanogʻi yoʻqdek. Ular uchun qimmatli umringdan boj toʻlaysan. Hech vaqo yodingda qolmaydi.
Nega?
Jenifer Lopes degani keldi, minglab odamlar falon pul toʻlab konsertiga tushdi. Ziyolilar nega odamlarni tekinga jamlay olmayapti? Gap ziyolidami yoki olomonning maʼnaviy ahvolida? Qalblarga mutolaaga muhabbat urugʻini qadab chiqish uchun nima qilish kerak? Qachon kitob odamlarni maʼnaviyat bilan bogʻlovchi rishta – mustahkam arqonga aylanadi? Qanday qilsak odamlarning darajasi bilim va qobiliyati bilan oʻlchanadi?
Jamiyat ahli ilmning obroʻsi va hashamatini koʻrgan yoshlarning bilim olishga ragʻbati oshishini unutib qoʻydi. Muntazam izlanishlargina hayotda oʻz soʻzini aytadi. Bunday millat har qanday muammoni bartaraf qilib, hamisha ilgʻorlar safida turishga kuch topadi.
Bugun bu tuygʻulardan qanchalar olislab ketdik!?
“Atom” odatlar
Izchillikning insonlar ongi va hayotiga taʼsiri haqida koʻp yozilgan. Buning hayotdagi isbotini Venesuela, Turkiya, Koreya seriallarining milliy mentalitetimizga taʼsirida koʻrsa boʻladi. Oʻquvchilik paytimiz televizorda hindlarning “Mahabharata”, “Ramayana” kabi seriallari berilardi. U mahallar “Youtube”, “Instagram”, “Facebook” kabi ijtimoiy tarmoqlar yoʻq, shu seriallar taʼsirida ulgʻayganmiz. Oʻsha davrlarda kamon yasab, oʻq otib koʻrmagan bola topilmasa kerak. “Qish sonatasi”ni koʻrib, muhabbatga mubtalo boʻlganlar qancha?!
Oila muqaddasligi bir qadar boy berildi. Axborot oqimi qorishib ketgan zamonda har bir insonning qoʻriqchisi faqat uning ongi va qalbi boʻlib qoldi. Yaxshi odatlarga oʻzimizni koʻniktirib borsak, albatta samarasini beradi. Adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov har kuni maʼlum sahifa oʻqimasdan uxlamas ekan. Internetda Xitoy jamoat transportida aholining kitob oʻqiyotgani tasvirlari tarqaldi. Maktab oʻquvchilari avtobus yo metroda oʻtirib olib dars tayyorlayapti. Bizdagi holat oʻzingizga maʼlum.
Oʻzbekiston milliy kutubxonasidagina koʻnglim taskin topib, ruhim koʻtariladi. Sharoit va imkoniyatni taʼriflamayman, boʻsh joy topish mahol. Zamonaviy texnologiyalarni, internetni shaxsiy rivojlanishga xizmat qildirayotgan avlod shu yerda. Bu maskanda vatanimizning eng rivojlangan davlatlar bilan boʻylashadigan, bellashadigan mutaxassislarini koʻrgandek boʻlaman.
Qaniydi, butun mamlakatda ayni shu muhitni hosil qila olsak! Mutolaa va mulohaza kuchi Mirzo Ulugʻbekdek olamshumul kashfiyotlar qilishga, hazrat Navoiydek qalam bilan olamni zabt etishga, Abu Ali ibn Sinodek dunyoga shifo ulashishga yoʻl ochgan.
Dunyo yana ham “toraydi”. Internet orqali dunyodagi barcha yangilik va oʻzgarishlarni kaftdagidek kuzatib borasiz. Biroq ongimizda real hayot bilan virtual olam qorishib ketdi. Global fikrlayapman deb oʻylaymiz, biroq ijtimoiy tarmoqlarda oʻqiganlarimizdan hatlab oʻtib, mulohaza yurita olmaymiz. Alomatlarni toʻgʻri anglaymiz-u, gʻalvirning hovuchga sigʻmasligiga aqli yetmagan “tolibi ilm”dek mohiyatdan uzoqlashib ketganmiz.
Qirq kunda kuchga kirgan bir jumla
Ilm bilan amal vobasta boʻlsagina, yozganlarimiz taʼsirli boʻladi. Olimning kuchi bilimida emas, amalida.
Bir ona farzandini Imom Gʻazzoliy huzuriga olib kelib, “Ustoz, bolam shirinlikni juda koʻp yeydi. Unga nasihat qilib qoʻysangiz” debdi. Olim qirq kun muhlat soʻrabdi. Belgilangan kun ona bolasini olib kelibdi. Ulug‘ alloma “Shirinlikni koʻp yeyish sogʻliqqa zarar. Kamroq ye” debdi.
Bola bosh irgʻab, rozi boʻlibdi. Ona hayron boʻlibdi: “Shu gapni qirq kun oldin aytsangiz boʻlardi-ku. Nega kuttirdingiz?”.
“Oʻsha paytda shirinlikni koʻp isteʼmol qilardim. Qirq kun oʻzimni tiydim. Nasihat amal bilan quvvatlanmasa, qalbga yetib bormaydi. Qurʼoni karimda shunday bitilgan: “Ey iymon keltirganlar! Sizlar nega oʻzlaringiz qilmaydigan narsani (qildik yoki qilamiz deb) aytursiz?!” (Saf surasining 2-oyati)”, – debdi Gʻazzoliy hazratlari.
Shunday ekan, yozganlarimiz taʼsir qilmasa, hasratdan ne naf? Bu haqida oʻylab, “omma uchun ijod qilish, koʻz nurini toʻkish, vaqt sarflash hayf” deydigan “ziyoli”larga yolgʻon tasalli berishdan tiyilasan.
Hayotimga kuchli taʼsir qilgan asarlardan biri Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasi boʻldi. Kitob oʻttiz-qirq yosh oraligʻimda meni Haq bilan bogʻlovchi vositaga aylandi. Har tongni ushbu asar mutolaasi bilan boshlayman. Qalbim yorishib, dunyoni ayricha idrok etayotganimni his qilaman. Hayotimda kitobdagi mezonlar ishlay boshlaydi. Asabim buzilsa, dilim xufton boʻlsa tazkirani oʻqiyman. Issiq choyda qand erib ketganidek dilimdagi gʻashliklar ariydi. Kuch-quvvatga toʻlib, kayfiyatim koʻtariladi.
Sizning shunday kitobingiz bormi?
Muqaddas richag
Dunyo muvozanatini, posangisini saqlab turuvchi asosiy manba – Qurʼoni karim. Kitoblar inson tafakkurini tartibga solsa, Qurʼon hayotning asl maʼnosi va mohiyatini anglatadigan ilohiy qoʻllanmadir.
Ollohning ushbu qutlug‘ arqonini mahkam tutganlar najotga erishayapti. Paygʻambarimiz (s.a.v.) “Men sizlarga ikki narsani qoldirdim, ularni mahkam tutsangiz, hech qachon adashmaysizlar: Ollohning kitobi va mening sunnatim” deydi.
Qurʼoni karimning ilk oyati ham “Iqro” (“Oʻqi”) amri bilan boshlangan. Buyurilganiga amal qilsak kifoya. Imom Buxoriy bobomiz taʼkidlaganidek, “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay!”.
Aziz NORQULOV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 2-son.