Toʻylar mavsumi boshlanmoqda. Shu asnoda mebelni kelin taraf qilishi kerakmi yoki kuyov, degan “azaliy va abadiy” bahsimiz yana qoʻzgʻoldi. Qizigʻi, muhokamalarda yosh avlod vakillari toʻyni dabdabali oʻtkazish va uyni hashamatli jihozlar bilan toʻldirish tarafdori emasdek namoyon boʻlmoqda. Orzu-havasga esh illatlar esa inersiya qonuni asosida davom etib kelayotgan koʻrinadi. Ishonmasangiz, Oyina.uz jamlagan fikrlarga koʻz yugurtiring.
Gulandom Togʻayeva,
jurnalist:
– Inson kapada ham baxt, quvonch topa oladi, bunda faqatgina maʼrifat, oʻz holiga qanoat kerak. Dangʻillama toʻylar yoki hashamdor mebellar koʻngillarga biroz fayz bagʻishlashi mumkin, ammo chinakam saodatni mehr-oqibat, bir-birini tushunish fazilati beradi. Omon Matjon aytganidek, “Azizim, yulduzlar falakda baxtli, Inson oʻz qalbida, yurakda baxtli...”
“Xayriyat – jamiyatdadir”, deydi mashoyixlar. Hamma ishda ota-ona, qarindosh-urug‘, kelin-kuyov bir yoqadan bosh chiqarishga intilsa, yechimi yoʻq muammo qolmaydi. “Men sendan kammanmi” degan kimoʻzar esa hayotni murakkablashtiradi. Shaxsiy muammolar asta-sekin jamiyat dardiga aylanadi. Masalan, immigrasiya.
Bitta xoʻroz soʻyib toʻy qilganlarni eshitganmiz. Kelin-kuyov birga ishlab, uy-joyni ham, boshqa dav-daskani ham olishgan, sakkiz farzandni oq yuvib, oq tarab oʻstirib, katta toʻylar qilishgan. Qaytanga, yosh oila hamjihatlikda erishgan neʼmatlarning qadri oʻzgacha boʻladi.
Sayyid Islom,
bloger:
– “Mebelni erkak qilishi kerak, gilamni erkak qilishi kerak, erkak – erkak boʻlishi kerak”, deb qaytaraverib, qaytaraverib, shu natijaga erishdik: yigitlar uy olyapti, taʼmirlayapti, parda, gilam va boshqa jihozlar bilan toʻldirguniga qadar yoshi oʻttizga boryapti...
Bir illatdan qutulib, undan battariga yoʻliqdik. Orzu-havaslarimizni qaychilash, jilovlash oʻrniga, dabdabani bir tarafdan olib, boshqa tarafga yukladik. Bechora kuyovlar uy olish uchun besh yil, remonti uchun ikki yil Rossiyada ishlar edi. Endi qoʻshimcha yana ikki yil ishlayapti, qandaydir latta-putta va mebellar uchun.
Koʻp tanishlarim, jiyanlarim uylanmay yuribdi. “Ha?”, desa, “Uy-joy qilishim kerak, ichini oʻzim toʻldirishim kerak”, deb. “Kelinning divanida yotmayman, oʻzim sotib olaman”, deb umri oʻtib ketyapti. Oʻzini tutib, pul topib, orzularni roʻyobga chiqarguniga qadar boshqa yerdan ikki bolali boʻlib qolyapti. “Kuyov avval yashirincha uylanib olgan ekan. Farzandi ham bor ekan”, deya qizlarini ajratib yuborayotgan ota-onalarni koʻp eshityapmiz.
Hadisga muvofiq, uylantirish va erga berishda shoshilish oʻrniga, yildan yilga vaqtni choʻzib boryapmiz. Natijada oilalar buzilyapti. Bir kishi maqtanyapti: “Sovchi boʻlib kelayotganlar hamma narsa tayyor, 18 yoshga kirsa, pasportini ham oʻzimiz olamiz deyapti”, deb. Odamlar tushunib qoldi, qiz taraf majbur emasligini. Bir hisobda xursandman. Lekin yangi taʼmirlangan uy, parda, gilam va mebellar ham shart emasligini tushuninglar endi.
Hamma narsa tayyor, deb eshik qoqayotgan bechora kuyovlarning otning kallasiday qarzi bor yoki toʻyni oʻtkaziboq Rossiyaga ketish uchun chiptasi choʻntagida. Yosh kelinchaklar parda, gilamli uyda qimmat yotoq mebelida yostiq quchoqlab uxlaganida, kuyovlar mardikorchilikka ketadi. Yolgʻizlikdan kelib chiqayotgan mashmashalarni esa sanamay qoʻya qolay.
Rossiyada oʻn yillab ishlab, uyni toʻldirib, keyin uylanish shart emas. Uydirma udumlar qurboniga aylanayotgan yosh umrlarga achinasan. Avvallari kelin taraf qarzga botib, qizning otasi yillab Rossiyada ishlab sep yiqqan boʻlsa, endi kuyov tomon shu ishni qilyapti. Soxta obro‘, manmanlik, “odamlar koʻrib qoʻysin”ga yashash jamiyatni chirityapti.
Rushana Ziyadullayeva,
talaba:
– Doim shu mavzuda gapirishga ogʻrinaman. Mebel, gilam, parda deyishganda jahlim chiqadi. Insonning oddiy bir buyumlar bilan qadrsizlanishi juda xunuk holat. Oyimga doim turmush qurishimda hech narsa qilmaysiz, bir-ikki kiyim olaman, xolos, deyman. Hazil ham qilaman baʼzida, men borgunimcha mebelsiz qanday yashagan boʻlsa, bundan keyin ham yashasin, deyman. Kulgu boʻlsa ham, bu achchiq haqiqat.
Birorta yigit yoki qizning qimmat jihoz olishim kerak, degan gapini eshitmadim. Bunday “qadriyat”lar hali ham yashayotganiga ota-onalarimiz sabab boʻlsa kerak. Oyimga qancha uqtirmay, baribir mebel olib beraman, borgan joyingda izza boʻlmaysan, deydilar. Men esa doim oʻzim harakat qilib erishganman, dadam shunga oʻrgatgan. Ertangi hayotimda ham uyimga nimaiki kerak boʻlsa, turmush oʻrtogʻim bilan birga erishishni xohlayman.
Rashid Xoʻjamov,
magistrant:
– Mebelni kim qilishi kerak: kelin yoki kuyov? Keling, boshqacharoq savol qoʻyamiz. Mebel aslida shu qadar zarurmi? Oilada kichik farzandman. Opam uzatilgan, akam uylangan, men ularning toʻy tashvishlarini, keyingi hayotlarini kuzatib oʻylab qolaman: nega biz oʻzbeklarda mebel, parda va boshqa allambalolarga birlamchi ehtiyoj deb qaraladi? Masalan, ikki tomon ham ortiqcha chiranmasdan (agar moliyaviy ahvoli koʻtarsa, mayli, xohlaganiday yashasin), qarz-havola bilan toʻy boshlamasdan, qurbi yetganicha tayyorgarlik koʻrib ham yangi hayotga qadam qoʻyishi mumkin-ku. Ikki yosh oila qurib, oyoqqa turib olib, oʻzlari uchun oʻzlari sharoit yaratishi oqilona yoʻl deb oʻylayman.
Kuyov bola yotadigan divan, kelin bola qaraydigan toshoyna, ikkalasining kiyimlari ilinadigan javonu yana boshqa narsalar uchun nega ota-ona ter toʻkishi kerak, nega qizimni uzataman, oʻgʻlimni uylantiraman deb musofir yurtda ishlashi, hatto yoʻl xarajatini oʻylab toʻyga kelolmasligi kerak? Shunday voqealarga ham guvoh boʻlyapmiz, afsuski...
Masalaning yana bir tomoni shundaki, ayrim oilalar mebel qilish kerak ekan deb mutlaqo ishlatilmaydigan, uyning bir burchagini egallab, chang bosib yotadigan matohlarni ham sotib olishadi. Oʻzlariga qolsa, olmasdi, ammo quda tomonning, ayniqsa, elning malomatidan choʻchishadi. Bizda har qanday vaziyatda asqotadigan gap bor-ku: “Odamlar nima deydi?” Odamlar nima desa der, siz oilangiz tinchini, toʻydan keyingi hayotingizni oʻylang.
Turish-turmushimizda chet el hayotiga taqlid boʻrtib koʻrinadi. Kiyinishimiz, yeyish-ichishimiz, ovqatlarimiz, orolanishimiz... Ammo hali hamon toʻylarimiz, toʻy xarajatlarimiz gʻirt oʻzbekcha. Bu masalada ham “chirigan Gʻarb”ga taqlid qilsak yaxshi boʻlarmidi?!
Nodira IBROHIMOVA
Oyina.uz
Foto: Xolida Musurmonova