Muqaddima

Tanqid yoqadimi sizga?

– Oʻzgalar, ayniqsa, rahbarlar tanqid qilinsa albatta yoqadi.

– Qilinsa deganingiz nimasi, tanqid qilsam deng.

– Yoʻg‘-e! Och qornim – tinch qulogʻim. Ana, boshqalar tanqid qilaversin.

– Tushunarli. Oʻzingizni tanqid qilishsa-chi?

– ...

Doridan-da achchiq

Olti muchaldan ziyod yashab, “Meni haqli tanqid qilishibdi, baraka topishsin” degan hammillatni uchratmadim. Aksincha, tanqidga quyidagicha munosabatga har qadamda duch kelamiz: “Bilmagan ekanman, menga dushman ekansan-da”, “Hap senimi!”, “Sen kimsanki, meni tanqid qilasan?”, “Bu qip-qizil boʻhton-ku!”, “Menda qasding bormidi?!”, “Avval oʻzingga boq!”...

Alhosil, tanqid qiluvchi naf koʻrishi mahol, zarar koʻrishining ehtimoli esa katta. Boz ustiga, oʻziga dushman orttirib olishi tayin. Shunday ekan, tanqid deganlari kimga kerak? 

Bu savol, chamasi, qadim-qadimdan afkor ahlini oʻylantirgan. Xalq maqollari shundan shahodat beradi. Masalan, “Gap kelganda, otangni ham ayama”. Maqolmi, demak, hikmat, ibrat mujassam unda. Ammo bolaligimda ham, keyinroq ham tanqid sabab taʼzirimni xoʻb yeganman.

“Doʻst achitib gapiradi, dushman – kuldirib”. Bundan chiqadiki, tanqid hamisha achchiq keladi. Maʼlumki, dori achchiq boʻlsa ham, bolalarga zoʻrlab ichiriladi. Shifo uchun-da. Doʻstning tanqidi achchiq doridan foydaliroq boʻlgan taqdirda ham “ichilishi” qiyin. Zoʻrlab ogʻizga quyilganda ham yutilmaydi, yutilsa – hazm boʻlmaydi. Bir amallab chiqarib tashlanadi. Undan koʻra, kasal boʻlib yuraverish afzal-da!

Bu maqolning ikkinchi qismi yanada teran tagmaʼnoli. Agar kuldirib gapiruvchilar dushman boʻlsa, katta-yu kichik amaldorlar oʻz atrofiga faqat gʻanim yigʻar ekan-da! Axir, boshliqni kuldirib, kayfiyatini koʻtarib, ish bitirib olish qoʻl ostidagilar uchun ayni muddao-ku!

Darvoqe, el aro mashhur “Betga aytganning zahri yoʻq” maqoli bois uning ijodkori boʻlmish xalq tanqidga loyiq: betga aytganning shunaqa zahri borki!..

Til zahri bitmas

Tanqidning bosh quroli – til. Bilib-bilmay tanqid qilib, baloga qolganlarga qarata “Tilingdan top!” deyiladi. Bu mavzuda oʻnlab xalq iboralari bor. Qiziq jihati, odatda tanqid qiluvchining oʻzi tanqid oʻqiga nishon boʻladi: “Tilingni tiysang, oʻlarmiding?!”

Hayvon tanqid nimaligini bilmaydi. Shunga qaramay tanqidchi hayvonga oʻxshatiladi: “Echkining oʻlgisi kelsa, egasini suzadi”, “It egasini qopar ekan-da”.

Bu naqllarning aksari tanqid toʻgʻrisida emas, ammo shu bobda ishlatilib, tanqid chaquv, haqoratga tenglashtiriladi. Holbuki, sogʻlom tanqid ijobiy, chaquv esa butkul salbiy hodisa. Tanqid achchiq boʻlar, chaquv esa hamisha zahar. Tanqid – taraqqiyot omili, chaquv esa tanazzul belgisi.

Tanqidsiz yashab boʻladimi?

Yoʻq, boʻlmaydi!

Tanqid oʻgay boʻlgan jamiyat taraqqiy etmaydi, tanqidsiz davlat inqirozga yuz tutadi.

Koʻz oldimizga keltiraylik: XIX asr, xonlar davri. Xushomad-u maddohlik avjida. Xonlar, amirlar, toʻralar, beklar, bekcha-yu amirchalar, boy-u sarvatmandlar, hatto eshon-u xoʻjalarning koʻpchiligi nima nomaʼqul ish boʻlsa qilib yotibdi. Ammo jilla tanqid yoʻq. Illatlarga qarshi soʻz aytgan tirik jon borki, baloga qolgan – darra yegan, zindonga solingan, hatto dorga osilgan, boʻgʻizlangan. Shu tariqa tanqidni tag-tugi bilan qirib bitirishga harakat qilingan.

Vaholanki, adolatsizlik ildiz otib ketgan edi. “Falonchi qirq yil chorakorlik qilsa ham, yer egasidan qarzini uzolmabdi, qizini (oʻgʻlini) qul qilib berishga majbur boʻlibdi” – “Beradi-da. Nima, boy bechora qarzdan kechsinmi?”

Iqtisodiy zulm odatiy holga aylanganidan, u hatto aksar tarixiy asarlarda ham qayd etilmagan. Adolatsizliklardan Gulxaniyning “Zarbulmasal”i kabi majoziy asarlarni oʻqib xabar topganmiz.

Adolatsizlikning boshqa turi badiiy adabiyotda yaxshi yoritilgan. Kimning chiroyli qizi bor – boshiga balo boʻlgan. “Ichanqalʼa” muzeyida oqposhsho xonga hadya qilgan kareta saqlanar edi. Koʻy-u kentlarda bu arava gʻildiraklaridan chiqayotgan taraqa-turuqni eshitgan xushroʻy ojizasi bor oilalar yurak hovuchlab oʻtirgan, chunki u ojizalar haramni toʻldirish uchun shu karetada olib ketilgan. U davrlarda matbuot-ku boʻlmagan, shariat bormidi? Muftiy, qozikalon, shayxulislom qayoqqa qaragan?..

Charxi falak aylanib, xon-u beklarning qochgani qochib, qolgani pisgan zamondagina fosh qilindi oʻsha qora kunlar. “Mehrobdan chayon”da xonni tanqid qilgan Anvar dorga osishga hukm etiladi. Anvarning prototipi tarixda boʻlganmi? Boʻlsa ham, xonni tanqid qilishga jurʼati yetganmi? Pichoq borib suyakka taqalganda aytgandir balki u isyonkor soʻzlarni?! Hayotda Anvar achchiq soʻzlarni xonning yuziga aytganiga ishonish mumkindir, ammo dordan qochib qutulganiga ishongisi kelmaydi kishining.

Solihboy xon emas edi, anchayin boy edi. U istagancha xotin ustiga xotin olgan, birovning xasmi boʻlgan Jamilaga ham uylanishga qasd qilgan. Qulday mute Gʻofir bunga eʼtiroz bildirgani uchun haqsiz ravishda surgunga joʻnatilgan. Na qozi, na imom, na ellikboshi boyni tanqid qiladi, aksincha, hammasi bir boʻlib Gʻofirni qoralaydi. Hamza boʻrttirgan deysizmi? Unda realist Oybek ham mubolagʻa qilganmi? “Qutlug‘ qon”dagi Mirzakarimboyning Solihboydan farqi kattami?

Xulosa shuki, tanqid yoʻq joyda adolatsizlikning kuni tugʻadi. Adolat esa Ollohning omonatidir. Amir ul-moʻminin Umar Foruqni (r.a.) raiyat ham bemalol tanqid qila olgani haqida rivoyatlar bor.

Darhaqiqat, lozim holatlarda tanqid qilmaslik gunoh. “Zolimlar zulmi” degan illatga qarshi haq soʻzdan boshqa dori bormi?  Achchiq deya dori ichilmasa, kasalning holi nima kechadi? Buxoro amirligi, Xiva va Qoʻqon xonliklarining taqdiri bu savolga javob emasmi?!

Qudrat omili

Tanqid   kuch-qudrat, taraqqiyot omilidir.   Xonlar   davrining ham, shoʻro davlatining ham inqirozi tanqidsiz boshqaruv sabablidir.  Zotan, boshqaruv    mohiyatan    dolzarb    muammoni toʻgʻri qoʻya olish, yechim izlash va muqobil-u maqbul yoʻlni tanlashga asoslanadi.

Tasavvur qilaylik, 10 kishidan iborat hayʼat qaror qabul qilishi kerak. Odatda, hayʼatga bir necha yechim varianti tayyorlab beriladi.  Xoʻsh, ular orasida muqobil (optimal) yechim bormi? Ravshanki, shu savolning oʻzi – tanqidiy yondashuv. To bunday savol qoʻyilmas ekan, muqobil yechim chetda qolishi aniq.  2000–2010-yillarda kadr siyosatida bu hol muntazamlik kasb etganiga shohid boʻlganman – masʼullar undan mahorat bilan foydalangan.

Yechim variantlari imkon qadar keng doiradan saralandi ham deylik; ulardan muqobilini tanlash-da oson boʻlmaydi. Koʻpincha bir qarashda yaroqsiz tuyulgan yechim alaloqibat eng maqbul boʻlib chiqishi va aksincha, avval jozibali tuyulgan taklifning pirovardida misi chiqishi mumkin. Amir Temur oʻz tuzuklarida muhim qarorlarni mashvarat bilan qabul qilganini aytgan. Buning natijasi butun dunyoga maʼlum. Afsuski, Sohibqiron mashvaratlari bayonnoma tarzida qayd etilmagan, ammo aminmizki, ular ancha erkin ruhda oʻtgan. Bizningcha, hukmdor avval mashvarat ishtirokchilarining fikrini soʻragan. Nosamimiy, xushomad yoʻsinida fikr bildirganlar nazardan qolgan.

Agar eng martabali ishtirokchi birinchi boʻlib oʻz fikrini bildirsa, mashvarat ofarinbozlik ruhida oʻtadi. Buning yorqin misoli KPSS Siyosiy byurosining 1980-yillardagi majlislari. Mamlakat iqtisodiy botqoqqa botib boryapti, armiya Afgʻonistonda sharmanda boʻlayotir, davlatning xalqaro miqyosda ham, xalq oldida ham obroʻsi toʻkilgan... Siyosiy byuro majlislarida esa ofarinbozlik, “oltin­yulduz”bozlik. Tanqid “borsa-kelmas”ga ketgan. Avvalroq oʻzbekistonlik davlat arbobi, qisqa muddat Siyosiy byuro aʼzosi boʻlgan Nuriddin Muhiddinov “makkajoʻxorisevar” sarkotibga “Boshqa ekinlarni nima qilsangiz ixtiyoringiz, ammo paxtani oʻzimizga qoʻyib bering” degani uchun surgunga – elchilikka yuborilgan edi.

Hegel ochgan dialektik logikaga muvofiq, har qanday voqelikda qarama-qarshi jihatlar ajralmas birlikdadir. Xususan, qabul qilinayotgan yechimning koʻzga yaqqol tashlanadigan ijobiy jihatlari bilan birga ilgʻash qiyin salbiy qirralari qorishiq boʻladi. Vaqt oʻtib salbiy qirralar ijobiy jihatlarni bosib ketishi mumkin. Bir misol, 40 yilcha avval oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlari baholariga attestat baholarining oʻrtachasini qoʻshib mandat oʻtkazish haqida qaror qabul qilindi. Bu taklifni ilgari surganlar faqat ijobiy jihatni koʻrgan: maktab oʻquvchilari yuqoriroq baho olish uchun yaxshiroq oʻqiydi. Xullas, niyat yaxshi. Amalda esa natija teskari boʻldi: oʻquvchilar bilimi zigʻircha ham koʻtarilmadi, ammo attestat baholari oʻsha yildayoq oʻsib shiftga yetdi. Oqibatda “yaxshi niyat” taʼlimda korrupsiya kuchayishi, yuqori bahoning obroʻsizlanishiga olib keldi. Tanqidlardan keyin taʼlimdagi bu islohot bekor qilindi. Achchiq gaplar oʻz vaqtida aytilganda, talafot katta boʻlmas edi. 

Bunday misollarni yana keltirish mumkin.

“Siyosiy hammom”

Dunyo tarixida eng uzoq davr poydor boʻlgan davlatlardan biri bu – Rim respublikasidir (mil. avv. 509–527-yillar). Manbalarga koʻra, Rim senatorlari hammomni yaxshi koʻrgan, majlisdan chiqa solib yuvinishga yoʻl olgan. Hammomda badan poklanadi. Rim respublikasi senati esa “siyosiy hammom” vazifasini oʻtagan – siyosat kirdan tozalangan. Oliy hokimiyat boʻlmish senat majlislari bahs ruhida oʻtgan. Bahslar hammomda ham davom etgan. Mustaqil sud majlislari koʻchada oʻtkazilgan: “Oshing halol boʻlsa koʻchada ich”. Sud jarayonini qoralovchi va oqlovchilarning oʻzaro bahsi tarzida oʻtkazish oʻshanda joriy qilingan.

Darvoqe, “Rim huquqi” AQSh konstitutsiyasining magʻzini tashkil etadi. Unda respublika tuzumi yanada takomillashtirilgan. Xususan, soʻz erkinligi oʻz mulkini qurol bilan himoya qilish huquqi darajasida muqaddaslashtirilgan. Qudrati hokimiyatning boshqa tarmoqlaridan kam boʻlmagan “toʻrtinchi hokimiyat” Franklin, Jefferson kabi Amerika “millat otalari”ning ixtirosidir. Erkin matbuot “siyosiy hammom” vazifasini naqadar samarali oʻtab kelayotgani maʼlum-u mashhur. 

Subyekt va obyekt

Tanqid tushunchasi subyekt (tanqid qiluvchi), obyekt (tanqid qilinuvchi), predmet va maqsaddan tarkib topadi. Subyekt hamisha odam boʻladi, albatta. Tanqid partiya yoki boshqa ijtimoiy guruh tomonidan bildirilganda ham, zamirida shaxs turadi. Shoʻro davrida jamoaviy murojaat, shikoyat yoʻllash urfga kirgan edi. Naqadar gʻaroyib – oʻnta-yigirmata odamning kallasida xat yozish fikri bir paytda tugʻilsa-ya?! Yoʻq, unday emas, albatta. Aslida, subyekt bitta – xat tashabbuskori.

Tanqid obyekti esa turlicha, hatto tanqid qiluvchining oʻzi boʻlishi ham mumkin – bu oʻz-oʻzini tanqid deb ataladi. Namuna: ushbu maqola muallifi yalqovlikdan hozirgacha yozishi lozim risolaga qoʻl urmay keladi. Bir zamonlar tanqidning bu turi keng tarqalgan edi, biroq u samimiy boʻlganiga ishonish qiyin. Odam yolgʻiz qolganda, masalan, oynaga qarab oʻzini oʻzi tanqid qilishi, oʻziga “Men farishta emasman-ku” deb turishi koni foyda...

Subyektdan farqli ravishda tanqid obyekti guruh, jamoa, xalq boʻlishi mumkin. Deylik, sport sharhlovchisi hakamni ham, futbol jamoasini ham, stadionga jam boʻlgan ishqibozlarni ham tanqid qilishi mumkin – unisini sotilganlikda ayblaydi, bunisini otning kallasiday maosh olsa ham eplab toʻp tepa olmayotgani uchun, yarim stadionni esa odobsizligi sababidan. Alisher Navoiy butun xalqni tanqid qilgan:

Turfa koʻrki, xalq komi birla umrim boʻldi sarf,

Turfaroq buki, biravga yoqmadi bir xizmatim.

(Butun umrimni xalq manfaati yoʻlida oʻtkazdim, ammo, ajabki, hech kim xizmatimdan qoniqmadi. Hazrat demoqchiki, noshukur xalq yaxshilikni qadrlamadi.)

Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining XVI bobida soʻzga va uning maʼnosiga bepisand shoirlarni ham qoralaydi, ammo bu xudparastlikka oʻxshab qolganidan seskangan kabi oʻzini tanqid qilishga oʻtadi:

Arbada koʻp boʻldi, magar mast men,

Yoki junun qaydigʻa pobast men.

(Bemaʼni gaplarni yozib chunon gʻavgʻo qildimki, bu yo mastlikdan, yo telbalikdan.)  

Tanqidning maqsadi barcha unsurlar ichida eng muhimidir. Maqsadiga koʻra tanqid konstruktiv (bunyodkor) va destruktiv (vayronkor) turlarga boʻlinadi. Konstruktiv tanqidning maqsadi obyektning foydasiga, destruktiv tanqidniki esa zarariga qaratiladi. Soʻzlarning maʼnosiga qaralsa, birinchisi ijobiy, ikkinchisi salbiy hodisa boʻlib koʻrinadi. Aslida esa tanqidning yaxshi-yomonligi boshqa mezon – ezgulik va yovuzlik nuqtai nazaridan baholanishi lozim. Shunga koʻra maqsadi boʻyicha tanqid toʻrt guruhga boʻlinadi:

Ezgu maqsadga qaratilgan konstruktiv tanqid (ushbu maqolamiz shu siraga kiradi);

Ezgu maqsad yoʻlida destruktiv tanqid (Bugun iqtisodiyotdagi monopolizm, siyosatdagi despotizm kabi salbiy hodisalar tanqidi shu toifaga mansub);

Yovuz maqsad koʻzlangan konstruktiv tanqid (Bunga misol – “Amal tekkan ekan, foydalanib qolsang-chi” degan “dono” maslahat);

Nihoyat, yovuz maqsad yoʻlida destruktiv tanqid (Ayrim xorij ommaviy axborot vositalarida uchinchi dunyo davlatlariga nisbatan shunday tanqid namunalari koʻp uchraydi).

Felyeton, pamflet, karikatura – destruktiv tanqid janrlari. Ulardan ezgu maqsad yoʻlida ham, yovuzlik maqsadida ham foydalanish mumkin. Aslida, tanqidning konstruktiv yo destruktivligi emas, muallifning maqsad-maslagi muhimroq.

Sinchi

Ozod Sharafiddinov adabiy tanqidchini otlarning uchqurligini aniqlaydigan sinchiga mengzar edi. Adabiy tanqid aslida tahlildan iborat, uni tahliliy tanqid degan maʼqul. U hamisha predmetga – ijod mahsuliga, lozim boʻlsa, uslubiga qaratilishi lozim. Stalin qatagʻonlari davrida esa badiiy asar tanqid qilinib, uning muallifiga “burjua yozuvchisi”, “xalq dushmani” kabi tamgʻalar bosilganki, u tanqid emas, igʻvo boʻlgan.

Fikrimizcha, tahliliy tanqidning oliy navi – isteʼdodni kashf etuvchi tanqid, jamiyat uchun foydalisi – plagiatni fosh qiluvchi tanqid, eng muhimi – yovuzlikka xizmat qiladigan asarlarga qarshi kurashuvchi tanqid.

Tahliliy tanqid ijodni yuksaltiradi. Ayniqsa, ilmiy tadqiqotlar uchun tanqidning bu turi muhim. Ilmiy tadqiqotdan maqsad – obyektiv haqiqat izlashdir. Olim tadqiqotini eʼlon qilishdan avval oʻzi, eʼlon qilingach esa ilmiy jamoatchilik bunday savol qoʻyishi va unga javob izlashi lozim: “Tadqiqotda obyektiv haqiqat bayon qilinganmi? Muallif jillaqursa shunga intilganmi?” Shu maqsadda asar taqrizdan oʻtkaziladi. Dissertatsiyalar uchun opponentlar belgilanishining boisi ham shu.

Afsuski, bugungi kunda opponentlar madhiyabozlik bilan mashgʻul. Ilmiy yangiligi tarozida zigʻircha ham yuk bosmaydigan ishlarga, natijalari haqiqatdan yiroq dissertatsiyalarga ijobiy xulosa berish – olim uchun uyat. Sinchi eshakni zinhor “duldul” deya atamaydi, axir...

Tanqidning “millati”

Ajablanmang, tanqidning millati boʻladi. Masalan, bir mamlakatda ommaviy axborot vositalarida tanqidni obyektning shaxsiy hayotiga qaratish nomus hisoblanadi, boshqa birida esa bunday tabu yoʻq.

Ingliz tilida sizlash yoʻq, arabchada esa sensirab boʻlmaydi. Har ikki grammatik kategoriya ham bor tillardan birida farzand ota-onasini bemalol sensirayveradi, ikkinchisida aka ukasini ham sizlashi lozim. Alhosil, tilning xususiyati xalqning mentalitetiga, u esa tanqid tarziga taʼsir qiladi. Oʻzbek tilida “siz” oʻrnida “sen” deb ham, “sen” oʻrnida “siz” deb ham odamning koʻnglini ogʻritish mumkin.

Gʻarb dunyosida tanqid qilinadigan obyekt ayab oʻtirilmaydi, Sharqda esa bunday tanqid gʻayurlik qoʻzgʻaydi, nizo keltirib chiqarishi ham hech gap emas. Soʻz erkinligi deganda jurnalistlar aslida tanqid erkinligini nazarda tutadi. Ushbu satrlar muallifiga oʻxshagan, ovroʻpocha hayot tarzi bilan tanish bir chimdim ziyolilar bizda ham chek-chegarasiz soʻz erkinligini, yaʼni tanqid erkinligini orzu qiladi. Aslida, koʻknorixayol bu. Balki ogʻudir...

Tamsil. 2001-yil. Taʼlimda “ikki”dan “besh”gacha boʻlgan baho tizimidan reyting tizimiga oʻtildi (bu qaysidir yurtdagi tizimga koʻr-koʻrona taqlid edi). Birov hamma fan 100 ballgacha baholanishi kerak desa, boshqa birov qaysi fanga qancha soat ajratilgan boʻlsa, shuncha ballgacha, deya tortishdi. Bahsda “yuzball”chilar yengib chiqdi.

Oʻquvchi va talabalar har bir darsda muayyan ball yigʻib borishi, bu esa ularning darsdagi faolligini oshirishi lozim edi. Biroq bu oʻqituvchidan ballarni jurnalga yozib borish uchun ancha vaqt talab etar, qaysi javob 12 ball, qaysinisi 13 ball deb baholanishi ham mujmal edi (hozir ham).  

Kamina taʼlim tizimini yaxshi biladigan shogirdim bilan anʼanaviy toʻrt balli baholash asosida 100 balli reyting loyihasini tayyorlab, oliy idoradagi taʼlimga masʼul tanishimga taqdim qildim. U shoshib turgan ekan, “Qoldiring, keyin koʻraman” dedi-yu, lekin birinchi sahifasini koʻzdan kechiriboq qiziqib qoldi, oʻqishga tushib ketdi. Oʻqish davomida “bunisi toʻgʻri emas”, “mana bunisi mutlaqo boʻlmaydi” deya izohlab borardi. Men “maʼqul”, “qoʻshilmayman”, “oʻylab koʻrish kerak ekan” qabilida javob berib turdim. Mutasaddi psixologiya fanlari doktori edi. Matnni oʻqib boʻlib, “Gʻalati odam ekansiz” dedi. Ajabsindim.

– Xorijda oʻqiganmisiz? – deb soʻradi dabdurustdan.

– Shunday desa boʻladi.

– Sezilib turibdi. Gʻarbda tanqid (boshga qoʻlini qoʻyib) aql bilan qabul qilinadi, “oʻrinlimi, oʻrinsizmi?” deya fikrlab, maʼquli olinadi, nomaʼquli – yoʻq. Bizda esa tanqid (qoʻlini yuragining ustiga qoʻyib) qalbdan oʻtkaziladi. Sizni yoʻl-yoʻlakay tanqid qilib bordim, xafa boʻlmadingiz.

Oʻrinli, yana ishning foydasiga qaratilgan tanqiddan nega xafa boʻlish kerak? Aksincha, xursand boʻlish kerak-ku!

Xolis tanqidchi – eng yaxshi maslahatchi. Bunday tanqidchisi bor ijodkor baxtlidir.

Albatta, tanqidni qabul qilishgina emas, tanqid yoʻsini ham ehtirosli va ehtirossiz boʻlishi mumkin. Birinchi tur tanqidga javob ham ehtirosli boʻlishi tabiiy. (Ehtiros, umuman olganda, ijobiy hodisa. Xususan, ehtirosli tanqid kuchliroq taʼsirga ega boʻladi.)

Biz tariximizda ehtirosli tanqidga rosa toʻyganmiz.  Oʻtgan asrning 20–30-yillarida gazetalarning har bir sonida qaysidir arbob “doʻpposlangan”, majlislar esa salkam duelga aylangan. Gazetadagi har bir tanqid uning obyekti ustidan jinoiy ish ochilishiga sabab boʻlgan. Balki oʻsha tanqidiy chiqishlar ichida oʻrinlilari uchrar, ammo yuzta oʻrinli tanqidning samarasi bitta tuhmat-u igʻvodan iborat tanqid tufayli kimningdir qamalib ketishiga arzimaydi. Bitta insonning umriga zomin boʻlgan tanqid qarshisida foydali tanqidning milliontasi bir pul.  Sirasi, biz milliy tanqid yoʻsinini isloh qilib borishga muhtojmiz. Binobarin, tanqid tuhmat vositasiga aylanishiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Yovuzlikni tanqid qiluvchilar millat boyligidir. Bu yoʻlda fido boʻlgan odam Buxoro amiri Nasrullohni hajv qilgan shoir Junaydulloh Hoziq kabi milliy qahramonga aylanadi. Qoʻqonda Nodira va uning oila aʼzolarini qilichdan oʻtkazgan amir shoirdan madhiya oʻqishni soʻraganda u:

Buridi bar qadi xud az malomat

Libose to ba domoni qiyomat, –

degan baytni oʻqiydi (maʼnosi: oʻz ustingga shunday malomat libosini yopdingki, uni qiyomatgacha yecholmaysan). Shoirning xalq oʻrtasidagi obroʻsidan hayiqqan amir alamini ichiga yutadi. Biroq keyinroq qotil yollab, quvgʻindagi shoirning boshini kesdiradi (batafsil maʼlumot uchun q.:  Qayumov P. Hoziq. Toshkent, “Oʻzfanakadnashr”, 1957; Jabborov R. Ikki bayt uchun kesilgan bosh. https://oyina.uz). 

Navoiyona tanqid

Biz uchun eng maʼquli, maqbuli – betgachoparlik bilan emas, balki vazminlik bilan, nafsoniyatga tegmaydigan yoʻsinda, pand-nasihat ruhida aytilgan tanqiddir. Millat tarbiyachisi Alisher Navoiy ijtimoiy-siyosiy faoliyatida tanqidning ana shu shaklidan samarali foydalangan. “Hayrat ul-abror”, “Saddi Iskandariy” dostonlari deyarli toʻliq, “Farhod va Shirin”, “Sabʼai sayyor” dostonlarining bir necha bobi tanqid ruhida. “Majolis un-nafoyis” tazkirasi tahliliy tanqid, “Mahbub ul-qulub” esa ijtimoiy tanqid boʻyicha risolalar deyish mumkin. “Xazoyin ul-maʼoniy”da, ayniqsa, qitʼalarda oʻtkir satira bilan yoʻgʻrilgan navoiyona tanqid namunalari koʻp. Hamma biladigan, ammo amal qilavermaydigan “Odamiy ersang, demagil odami / Oni, ki yoʻq xalq gʻamidin gʻami” bayti ana shulardan biri. Hazratning tanqid formulasi bunday: “Navoiy yomon boʻlsa, sen yaxshi boʻl!”

Buyuk mutafakkir asarlarida quyidagi xususiyatlarni kuzatish mumkin: tanqidiy gapni pand-nasihat tarzida, “Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit” qabilida bayon qilish; obyekt hurmatini joyiga, hatto oʻzidan yuqoriga qoʻyish; fikrni Qurʼoni karim va hadis, tarixiy va badiiy adabiyotdan taʼsirchan misollar bilan dalillash; nasihatni sabr-qanoat bilan davom ettirgan holda samaraga erishish.

Hamma zamon, hamma makonda ham hokimiyat sohiblarining yaqinlari, farzandlari va aʼyonlar mavqedan foydalanib, nomaʼqul ishlar qilishga moyil boʻlgan. Abulgʻozi Sulton Husaynning baxtiga Alisher Navoiydek munaqqid bor edi. Sultonning oʻgʻillari Navoiyning tanbeh va tanqididan hayiqib, oʻzini tiyib yurgan. Zotan, bu tabarruk zotning yumshoqqina qilib aytgan oʻgiti ancha-muncha jarroh tigʻidan oʻtkirroq boʻlgan.

Navoiy samimiy doʻst sifatida sultonga ham oʻz munosabatini   bildirib turgan. “Hayrat ul-abror”ning Badiuzzamon mirzoga bagʻishlangan bobida valiahdga keskin pand soʻzlab, bunday xulosa qiladi:

Kofiri odil ani (mamlakatni) obod etib,

Moʻmini zolim ani barbod etib. 

Hukmdorga soʻzi oʻtishiga ham umid bildiradi:

Shahgʻa soʻzumdin bor esa eʼtibor,

Gar sanga ham pand desam, yeri bor.

Sulton Husaynga Navoiyning soʻzi eʼtiborli degani – doʻsti nima desa darhol qabul qilgan, degani emas. Sulton Xorazmni obod qilmoq niyatida uch ming xonadonni koʻchirish toʻgʻrisida farmon qabul qiladi. Navoiy yuzlab oilaga aziyat yetishini oʻylab, doʻstini bu qarordan qaytarmoqchi boʻladi. Bir necha marta takrorlasa ham (bu mohiyatan tanqiddir!), sulton oʻz aytganida turib oladi. “Oʻzingiz menga bir gapni oʻn ikki martagacha takrorlash huquqini bergansiz, shuning uchun takrorlayveraman”, deydi Navoiy. Sulton yumshab, koʻchiriladigan xonadonlar sonini mingtaga tushiradi.

Tanqid madaniyati qanday shakllanadi?

Navoiyona tanqid uslubi hamisha dolzarb boʻlib qolishiga shubha yoʻq. Qayd etish lozimki, biz monarxiya emas, huquqiy demokratik boshqaruvni tanlaganmiz. Shunday ekan, bu tuzumning ajralmas unsuri boʻlgan raiyat tomonidan tanqidiy fikr bildirish huquqi hurmat qilinmogʻi darkor. Bu huquq tanqid qilish va tanqidni qabul qilish madaniyati bilan uygʻun kelsagina, millat birligi va taraqqiyotiga omil boʻladi.

Xoʻsh, mazkur madaniyat qanday shakllantiriladi? Oiladami? Murakkab masala bu. Farzandlarning ota-onani tanqid qilishi oʻzbek xalqi mentalitetiga yot. Shuning uchun bu borada taʼlim muassasalarining roli katta.

ToshDU Matematika fakulteti birinchi kursida tahsil olgan kezlarimiz “Matematik tahlil” fanidan sochlari kumush, urushda yaralangani uchun bilinar-bilinmas oqsaydigan Muhammadjon Xoliqov ismli dotsent saboq bergan. Birinchi mashgʻulotni domlamiz shunday soʻzlar bilan boshlaganki, hamon qulogʻim ostida jaranglaydi: “Oʻgʻillarim, qizlarim, bu fan matematikaning asosiy ustuni. Cizlarga oʻzlashtirish, menga dars berish oson emas. Men uzoq yillar kimyo fakultetida oliy matematika kursini olib bordim. Bu yil shu fanni matematiklarga oʻqiyin, deb soʻrab oldim. Yordam berib turinglar, tushunmasangiz, darhol soʻrang. Agar xato qilsam, albatta koʻrsatinglar”. Darslarning birida ustoz yozgan formulada ishora almashib qoldi. Xatoni aytsak, qandoq boʻlar ekan deya istihola qilib oʻtirgan edik, birinchi qatorda oʻtirgan qizlardan biri dadillik qildi. Shunda biz kutmagan voqea roʻy berdi: ustoz formulani toʻgʻriladi-da, oʻsha kursdoshimiz oldiga kelib “Rahmat, baraka toping!” deya chunonam alqadiki... (Ustoz bu bilan boshqalarni ham maʼruzalarni tanqidiy ruhda tinglashga ragʻbatlantirgan. Olloh rahmat qilsin!) Har bir pedagog shu taxlit oʻquvchi va talabada tanqid madaniyatini tarbiyalasa, jamiyat taraqqiyoti jadallashajak.          

Xotima

– Obyekt, subyekt, predmet kabi ajnabiy soʻzlarni qoʻlladingiz. Shu durustmi?

– Avval oʻzingizga boqing, “soʻz” ajnabiy emasmi? “Tanqid” soʻzi-chi?

– Darhol jahl otiga minmang-da. Bu ikki soʻz tilimizda qadimdan qoʻllanadi.

– Maʼqul.

...Alqissa, chin tanqid – egrini toʻgʻrilamoqqa xizmat qiladigan tuzlov. Vallohu aʼlam bissavob.

Abdulla AʼZAM

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Tanqid anatomiyasi” maqolasi