Bugungi globallashuv, madaniy integratsiya va sivilizatsion jarayonlar jadallashgan davrda Islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi oʻrni va ahamiyatini ilmiy asosda oʻrganish tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi nafaqat muhim ilmiy voqea, balki tarixiy xotirani tiklash, milliy va umuminsoniy merosni chuqur anglash yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi. Ushbu markaz faoliyati doirasida Islom tamaddunining ilm-fan, madaniyat, huquq, ijtimoiy tafakkur va maʼnaviy hayot rivojiga qoʻshgan hissasini xolis va tizimli tadqiq etish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yashab ijod qilgan buyuk maʼrifatparvar va jadid mutafakkiri Ismoil Gaspiralining “Islom sivilizatsiyasi” nomli asari ham bugungi ilmiy izlanishlar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Xoʻsh, sivilizatsiya oʻzi nima?

Insoniyat taraqqiyotining moddiy va maʼnaviy yutuqlarini umumlashtiruvchi, tarixiy rivojlanish bosqichlarini izohlovchi muhim ilmiy tushunchalardan biri bu – sivilizatsiyadir. Ilmiy adabiyotlarda “sivilizatsiya” atamasi koʻpincha “madaniyat”, “taraqqiyot”, “ijtimoiy rivojlanish” kabi soʻz va birikmalar bilan uzviy bogʻliq holda qoʻllaniladi. Ayrim tadqiqotchilar sivilizatsiyani jamiyatning texnik va tashkiliy rivojlanish darajasi bilan izohlasa, boshqalar uni maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar, dunyoqarash va ijtimoiy ong shakllarining uygʻunligi sifatida talqin etadilar.

Sivilizatsiya atamasiga olimlar tomonidan koʻplab taʼriflar berilgan. Xususan, Eduard Bernard Taylor sivilizatsiyaga “Madaniyat yoki sivilizatsiya keng etnografik maʼnoda inson jamiyat aʼzosi sifatida egallagan bilim, eʼtiqod, sanʼat, axloq, huquq, urf-odat va boshqa qobiliyat hamda malakalar majmuasidir” [1] deb taʼrif bergan boʻlsa, Vil Dyurant “Sivilizatsiya – bu madaniy ijodkorlikni taʼminlovchi ijtimoiy tartibdir” [2], deb izohlagan.

Shu bilan birga mashhur “Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi” asarining muallifi Samuel Hantington “Sivilizatsiya – bu insonlar ega boʻladigan eng yuksak madaniy birlashma darajasidir” [3], deydi.

Bundan tashqari mashxur “Muqaddima” asarining muallifi Ibn Haldun sivilizatsiyani “Umron (sivilizatsiya) – bu insonlarning jamiyat boʻlib yashashi, ehtiyojlarini qondirishi va taraqqiy etish jarayonidir” [4], deb taʼriflagan.

Yuqoridagi toʻrt taʼrif mazmunan bir-biriga yaqin. Ushbu taʼriflarning barchasi sivilizatsiya atamasiga, umuman olganda, ijobiy baho bergan.  Biroq olmon faylasufi Osvald Shpenglerning sivilizatsiya atamasiga nisbatan yondashuvi ancha boshqacha maʼnoga ega.

Osvald Shpengler “Sivilizatsiya – bu madaniyatning muqarrar taqdiri, uning organik rivojlanishidagi soʻnggi bosqichidir” [5], degan. Xoʻsh, bu nima degani?

XX asr falsafiy tafakkurida tarix va madaniyat taraqqiyotiga siklik yondashuvni asoslab bergan mutafakkirlardan biri Osvald Shpengler (1880–1936) hisoblanadi. Uning “Gʻarbning tanazzuli” (Der Untergang des Abendlandes, 1918) asarida ilgari surilgan “Sivilizatsiya – bu madaniyatning muqarrar taqdiri, uning organik rivojlanishidagi soʻnggi bosqichidir” degan konsepsiyasi tarix falsafasida muhim nazariy burilish yasadi. Ushbu fikr orqali Shpengler sivilizatsiyani taraqqiyot choʻqqisi emas, balki madaniyatning ichki imkoniyatlari tugab borayotgan bosqichi sifatida talqin qiladi.

Shpengler nazariyasida madaniyat tirik organizmga qiyoslanadi. U tugʻiladi, oʻsadi, kamol topadi va muqarrar ravishda qarish hamda soʻnish jarayonini boshdan kechiradi. Madaniyatning ushbu “hayotiy sikli” yakuniga yetgan pallada u sivilizatsiyaga aylanadi. Shu maʼnoda, sivilizatsiya madaniyatning davomchisi emas, balki uning ichki ruhiy mazmuni yoʻqolganidan keyingi tashqi koʻrinishidir (Yaʼni, madaniyat bu mohiyat, sivilizatsiya esa shakldir – M.Alijonov).

Shpengler uchun madaniyat ijodkorlik, ramziylik, mifologik tafakkur va ruhiy teranlik bilan tavsiflansa, sivilizatsiya texnika, ratsionalizm, shaharsozlik, byurokratiya va olomon instikti bilan belgilanadi. Demak, Shpenglerning fikricha sivilizatsiya bu madaniyatning oʻlimi yaqinlashayotganligini anglatadi. Yoki boshqacha qilib aytganda sivilizatsiya bu – madaniyatning qarilik davridir.

Jahon tarixida Islom sivilizatsiyasi ham insoniyat taraqqiyotiga chuqur va barqaror taʼsir koʻrsatgan yirik madaniy-tarixiy hodisalardan biri hisoblanadi. VII asrda Arabiston yarimorolida vujudga kelgan Islom dini qisqa vaqt ichida keng geografik hududlarga yoyilib, nafaqat diniy eʼtiqod tizimi, balki oʻziga xos ijtimoiy, huquqiy, siyosiy, ilmiy va madaniy qadriyatlarga asoslangan sivilizatsion makonni shakllantirdi. Ushbu sivilizatsiya doirasida din va dunyoqarash, ilm va eʼtiqod, maʼnaviyat va ijtimoiy amaliyot oʻzaro uzviy bogʻliq holda rivojlandi hamda jamiyat taraqqiyotining muhim omiliga aylandi. Arnold Toynbining taʼrifi bilan aytganda “Islom sivilizatsiyasi insoniyat tarixidagi eng tez shakllangan va boshqa tamaddunlarga nisbatan eng keng hududlarga yoyilgan sivilizatsiyalardan biri” [6] boʻldi.

Islom sivilizatsiyasining asosiy manbai boʻlgan Qurʼoni karim va Sunnat insonni nafaqat ibodat subyekti, balki faol ijtimoiy mavjudot sifatida talqin qildi. Bilim olish, tafakkur yuritish, adolat va masʼuliyat tamoyillari Islom sivilizatsiyasining konseptual poydevorini tashkil etdi. Aynan shu asosda oʻrta asrlarda Bagʻdod, Buxoro, Samarqand, Qohira, Damashq, Qurtoba kabi ilmiy-madaniy markazlar shakllanib, falsafa, mantiq, matematika, astronomiya, tibbiyot, tarixshunoslik va tilshunoslik sohalarida yuksak ilmiy maktablar vujudga keldi. Shu oʻrinda birgina Qurtoba (hozirgi Ispaniyadagi Kordova shahri) haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak.

Tatar ulamosi va taraqqiyparvar Rizouddin ibn Faxriddin Qurtoba haqida toʻxtalar ekan quyidagilarni yozadi: “Davlati Ummaviya zamonida Qurtobaning 200 ta jomeyi masjidi, 600 ta karvonsaroyi, 200,000 ming xonadoni va 2 milliondan ortiq aholisi boʻlgan. Din, lugʻat, riyoziyot, tarix, geografiya, tib, hayʼat, falsafa, sanʼat, xullas diniy va dunyoviy ilmlarning barchasi Qurtobada oʻqilgan va oʻqitilgan. Qurtobada bu vaqtda katta va mukammal surʼatda tibbiyot maktabi mavjud edi. Ovroʻpada eng birinchi qurilgan tibbiyot maktabi shu boʻlgan ekan. Mazkur maktabga hatto Ovroʻpa hukmdorlari ham davolangani kelishgan va ular bu yerdagi madaniyat va taraqqiyotni koʻrib hayron qolganlar.

Qurtoba xalqining kitob toʻplashlari haqidagi xabarlarni faylasuf va olim Shayx Abu Bakr ibn Zahro: “Ishbiliyada (Hozirgi Sevilya) vafot etgan olimning kitoblari sotiladigan boʻlsa Qurtobaga, musiqachining asboblari sotilishi kerak boʻlsa Ishbiliyaga keltirilar edi”, deb yozgan” [7].

Biroq XIX asrga kelib yuksak tarzda sanoatlashgan Gʻarb dunyosi deyarli butun musulmon olamini mustamlaka qilishga erishdi. Ana shunday ogʻir va murakkab zamonda musulmonlar ichidan yetishib chiqqan koʻplab olimlar tarixga yuzlangan holda, mustamlaka holatiga tushib qolgan, ilgʻor fan va taraqqiyotdan asrlarcha orqada qolgan, bir-birlari bilan oʻzaro qadim-qadim nizolari ichida tortishayotgan musulmonlarni porloq oʻtmishidan ibrat olishga, zamonga qarab xulosa chiqarishga, dunyoviy ilm-fansiz taraqqiy etib boʻlmasligiga ishontirishga, inontirishga harakat qildilar. Ismoil Gaspiralining “Madaniyati islomiya” asari ham aynan shu maqsadda yozilgan edi.

Ismoil Gaspiralining ushbu asari 1889-yilda kitob holida chop etilishidan oldin “Tarjimon” gazetasining 1884-1885-yillardagi sonlarida maqolalar shaklida oʻquvchilar eʼtiboriga havola etilgan. Bular quyidagi sonlardir: “Tarjimon” gazetasi: 1884-yil 17-iyun, № 22; 1884-yil 1-iyul. № 24.; 1884-yil 30-iyul. № 27; 1884-yil 17-sentyabr. № 32; 1884-yil 16-oktyabr. № 35; 1884-yil 11-noyabr. № 40; 1884-yil 19-dekabr. № 45; 1885-yil 8-yanvar. № 1.

Ismoil Gaspirali ushbu asarini aslida “Madaniyati Islomiya” nomi ostida ommaga havola etgan. Biroq asarning mazmun-mohiyati va muhokama qilingan mavzular madaniyat tushunchasidan koʻra sivilizatsiya atamasiga koʻproq mos keladi. Shu sababli biz ushbu risola nomini “Islom sivilizatsiyasi” tarzida tarjima etishni lozim topdik.

Asar shaklan kichik hajmda boʻlsa-da, unda juda koʻp ilmiy va biografik maʼlumotlar keltirilgan. Asarning boshida muallif musulmon olimlarining kishilik madaniyati rivojiga qoʻshgan hissalarini batafsil qayd etadigan boʻlsa, gazetaning 500 sahifasi ham yetmasligini urgʻulagan holda, “Shu boisdan ham biz mazkur vaziyatda yolgʻiz bir necha maqola doirasidagina musulmonlar erishgan taraqqiyot darajasini koʻrsatishni hamda umuman sivilizatsiya rivojiga qoʻshgan hissalariga eʼtibor qaratishni maqsad qildik”, deb yozadi.

Yana uning qayd etishicha, bu yorug‘ olamda turli xalqlar yashaydi va ularning barchasi bir-biridan farq qiladi. Xoʻsh, bu farqlar nimada? Xudo bir insonni boshqa insondan ustun yoki past qilib yaratmagan boʻlsa, boshqacha qilib aytganda, Xudo odamlarni tugʻma yuqori va quyi tabaqalarga boʻlmagan boʻlsa [8], xalqlar oʻrtasidagi bu farqlar qayerdan kelib chiqdi?  Ismoil Gaspiralining urgʻulashicha, bu yerda gap teri rangida, u yoki bu xalq nufusidagi farqlarda emas, balki turmush tarzi, bilim darajasi va dunyoqarashlaridagi tafovutlar haqida bormoqda.

Ismoil Gaspiralining madaniyat (sivilizatsiya) xususidagi mulohazalari hozirgi zamon uchun ham nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega. Xususan, u xalqlarni bu borada uchta darajaga boʻladi.

Birinchi darajada insonning ijtimoiylashuvi nihoyatda past boʻlib, u tabiat bilan butkul birgalikda hayot kechiradi. Unda kiyim-kechak, oila, doimiy turar joy kabi ijtimoiy institutlar mavjud boʻlmaganligi sababli, bu holat shunchaki biologik tiriklik hisoblanadi. Oziq-ovqatning tayyor shaklda – meva, baliq va ov orqali taʼminlanishi esa mehnatning ishlab chiqarish xarakteriga ega emasligini koʻrsatadi. Xullas, ushbu daraja insoniyat tarixining eng ibtidoiy bosqichi boʻlib, bu hali sivilizatsiyaning yoʻqligini anglatadi.

Ikkinchi darajani esa oʻtish bosqichi sifatida izohlash mumkin. Bu yerda inson biologik mavjudotdan ijtimoiy mavjudotga aylana boradi. Oila va jamiyat tushunchalarining paydo boʻlishi sivilizatsiyaga tomon qoʻyilgan muhim qadam boʻlsa-da, hunarmandchilik, savdo-sotiq, doimiy turar joy va moddiy barqarorlikning yoʻqligi bu bosqichning hali mukammal emasligini koʻrsatadi. Shu sababli bu pogʻonani “yarim sivilizatsiyalashgan” deb hisoblash mumkin.

Uchinchi daraja esa toʻliq sivilizatsiyalashgan jamiyatdir. Bu bosqichda inson hayoti barqarorlik, qulaylik va tartibga ega boʻlganligi bilan ajralib turadi. Unda oila, nikoh va boshqa jamiyat institutlari mustahkam, ijtimoiy munosabatlar yuksak darajaga koʻtarilgan boʻladi. Kishilikning bu darajasida shahar va qishloqlarda muqim holda yashash, doimiy va qulay turar joylarga ega boʻlish imkoniyati mavjuddir. Bundan tashqari ushbu bosqichda dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo kabi faoliyat turlari gullab-yashnaydi.

Asar 8 bobdan iborat boʻlib, uning birinchi bobi madaniyat (sivilizatsiya) tushunchasinng mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan (Bu haqida qisman yuqorida toʻxtalib oʻtdik – M.Alijonov.).  Ikkinchi bob esa bevostida Islom sivilizatsiyasiga bagʻishlangan boʻlib, unda Islomning sivilizatsiya sifatidagi oʻrnini shubha ostiga oladigan yevropalik tadqiqotchilarga yuzlangan holda: “Biroq yevropalik olimlarning anchagina qismi musulmonlarning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi oʻrnini inkor etib, sivilizatsiya asoslari bevosita qadimgilardan toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilingan degan fikrni ilgari surishga urinadilar. Biz bu nuqtayi nazarni qabul qila olmaymiz. Qadimgi yunon sivilizatsiyasining yakuni bilan Yevropa sivilizatsiyasining ilk shakllanishi orasida qariyb oʻn ikki asrga yaqin vaqt bor…

Nahotki butun dunyo shuncha asr mobaynida mutlaq jaholatga choʻkkan holda yashagan boʻlsa? Nega Yevropa butun bir ming yillikni boy berib, yunon fanini oʻzlashtirish va sivilizatsiyani barpo etishni shunchalik kech boshladi?” deb yozadi. Ismoilbek oʻzining ushbu soʻzlari bilan sivilizatsiya Yevropadan oldin islom dunyosiga yoyilganini va musulmonlar uni taraqqiy qildirib, nuqsonlarini bartaraf etib, Yevropaga qayta topshirganligini, Aristotel, Platon kabi oʻnlab mashhur yunon olimlarining asarlarini Yevropaga tanitganlar aynan musulmonlar ekanligini dadil qayd etadi. Bundan tashqari u gʻarblik olimlarning ichida insoflilari ham borligini taʼkidlab, amerikalik ilm-fan vakillaridan Dreyperning “Yevropa tafakkur taraqqiyoti tarixi” kitobida yozilgan “Yevropaning bugungi ulug‘ ziyosi musulmonlar yoqqan sham’ va chiroqlarning yogʻdusidan maydonga kelgandir”, degan fikrni isbot sifatida keltiradi.

Bundan tashqari muallif ayrim yevropalik olimlarning “Musulmon sivilizatsiyasi bu arab sivilizatsiyasidir”, degan sayoz qarashlariga qarshi chiqib, “…yevropaliklar musulmon sivilizatsiyasini “Arab sivilizatsiyasi” deb notoʻgʻri ifoda ishlatadilar. Qanday qilib oʻrta asrlarda butun Yevropa uchun ilmiy va adabiy til lotin tili boʻla turib, unda fransuz, ingliz, nemis va boshqa olimlar ijod qilgan boʻlsalar, xuddi shuningdek musulmonlar orasida ham soʻnggi davrlargacha ilmiy til arab tili boʻlib kelgan. Yevropa fan va sivilizatsiyasini “Lotin sivilizatsiyasi” deb atash qanchalik asossiz boʻlsa, islomni qabul qilgan turli qabilalar saʼy-harakati bilan yaratilgan sivilizatsiya va ilmni ham “Arab sivilizatsiyasi” deb atash shunchalik notoʻgʻridir”, deb yozadi.

Muallif bu boradagi chalkashlik koʻplab odamlar musulmon olim va mutafakkirlarini faqat arab millatiga mansub boʻlgan deb oʻylashlaridan kelib chiqqanini urgʻulab, aslida, ular orasida arab boʻlmagan olimlar ham koʻpligini, masalan, “Ibn Sino – turk (baʼzi manbalarda eronlik), Forobiy ham turk, Salohiddin Ayyubiy esa kurd edi”, deb oʻz fikrini izohlaydi.

Ismoil Gaspirali ushbu asarining keyingi boblarida musulmonlarning astronomiya, matematika, geografiya, tibbiyot, falsafa, huquqshunoslik, tarix va adabiyot sohalarida musulmonlar erishgan yutuqlarni keltirib oʻtadi va bu muvaffaqiyatlar keyinchalik Yevropaning ilm-fan borasidagi ulkan taraqqiyoti uchun asos – fundament boʻlib xizmat qilgani, oʻz navbatida ushbu asosni qoʻyishda Turkiston zaminidan yetishib chiqqan olimlarning ham oʻrni beqiyos ahamiyatga ega boʻlganini taʼkidlaydi.

Ismoil Gaspirali Turkiston xalqi ichida ham savodxonlik, modern tafakkur va milliy tarbiyaga asoslangan zamonaviy ilm-fan va madaniyat yoʻliga daʼvat qiluvchi yetakchi sifatida tanildi. Xususan u vafot etganida Mahmudxoʻja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Abdulla Avloniy, Kamiy, Sadriddin Ayniy, Ashurali Zohiriy,  Hamza Hakimzoda Niyoziy, Tavallo, Rojiy Faxriddin, Mirmuhsin Shermuhammedov va boshqa koʻplab turkistonlik ziyolilar Ismoil Gaspiralining hayoti va faoliyatiga bagʻishlab maqola va sheʼrlar yozib matbuot sahifalarida eʼlon qilgan. Shuningdek, shoir Abdulhamid Choʻlpon u bilan bevosita maktublar almashgan.

Xulosa oʻrnida aytganda, uning gazeta va risolalari, yangi usul maktablariga doir konsepsiyasi va maʼrifiy tashabbuslari, shuningdek, turkiy dunyodagi ilmiy-maʼnaviy uygʻonishga qoʻshgan hissasi bu oʻlkada ham katta qiziqish va eʼtirofga sazovor boʻldi. Shu tariqa Ismoil Gaspirali shaxsi nafaqat Qirim va Volga boʻyi hududida, balki Turkistonda ham jadidchilik harakatining asosiy ramzi va maʼrifiy uygʻonish timsoli sifatida nom qozondi. Uning Turkiston oʻlkasida bu darajada mashhur boʻlishida “Islom sivilizatsiyasi” asarining ham oʻziga xos oʻrni bor.

Muslimbek ALIJONOV,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati

1)          Tylor E. B. Primitive Culture. London: “John Murray”. 1871. – P. 1.

2)          Dyurant V. The Story of Civilization. Nyu-York: “Simon & Schuster”. 1935. – P. 1.

3)          Huntington S. P. The Clash of Civilizations and the Remaking of World Order. New York: “Simon & Schuster”. 1996. – P. 143.

4)          Ibn Haldun. Al-Muqaddima. Qohira: “Dor al-Fikr”. 2004. – S. 67.

5)          Spengler O. The Decline of the West. Vol. I. Munich: “C.H. Beck”. 1918. – P. 31.

6)          Toynbee A. J. A Study of History. Vol. IV. London: “Oxford University Press”. 1939. 172.

7)          Rizouddin ibn Faxriddin. Ibn Rushd. – Peterburg: “Ibrohim Idrisov” nashriyoti. 1905. – B. 9-10.

8)          Yukichi Fukuzava. Ilmga chaqiriq. – Istanbul: “Yelkan press” nashriyoti. 2025. – B. 7.