Jadidlar matbuoti Turkistonda milliy ongni shakllantirish, xalqni jipslashtirish hamda mustaqillik gʻoyasining ahamiyatini anglatishda oʻziga xos maʼrifiy maktab vazifasini bajargan. Ayniqsa, mustamlakachilik zulmi va ijtimoiy-siyosiy turgʻunlik sharoitida yashagan aholi orasida ozodlik hamda taraqqiyot gʻoyalarini targʻib etish jadid matbuotining asosiy maqsadiga aylangan edi. Shu jihatdan, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Fargʻona”, “Samarqand”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Hurriyat”, “El bayrogʻi”, “Oyna” kabi gazeta va jurnallar milliy uygʻonish gʻoyalarini keng yoyishda muhim oʻrin tutdi. Bu jarayonda Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Siddiqiy Ajziy, Muhammadsharif Soʻfizoda, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon kabi maʼrifatparvar ziyolilarning xizmatlari beqiyosdir.
Sovet hokimiyati oʻrnatilishi bilan Turkistonda yuz bergan qatagʻon siyosati natijasida koʻplab turkistonliklar oʻz vatanini tark etishga majbur boʻlib, Afgʻoniston, Eron, Sharqiy Turkiston, Yaqin Sharq hududlari, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga tarqalib ketdilar. Muhojirlik sharoitida ham ular milliy ozodlik gʻoyalaridan voz kechmadilar, aksincha, xorijda turli jamiyat va tashkilotlar tuzib, sovet tuzumiga qarshi maʼnaviy va axborot kurashini davom ettirdilar.
Germaniyada 1943-1944-yillarda nashr etilgan “Milliy adabiyot” jurnali ham alohida ahamiyatga ega boʻlib, u muhojir turkistonliklar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan muhim adabiy-maʼrifiy nashrlardan biri hisoblanadi. Jurnal Milliy Turkiston qoʻmitasi tashabbusi bilan oylik nashr sifatida chop etilgan, uning asosiy maqsadi – sovet hokimiyati sharoitida oʻz fikrini erkin ifoda eta olmagan turkistonliklar, ayniqsa yosh avlod uchun milliy ruhdagi fikr va gʻoyalarni yetkazishdan iborat edi.
“Milliy adabiyot” jurnali Berlinda nashr etilgan adabiy toʻplam boʻlib, uning 1-soni 1943-yil 30-may kuni chiqqan. Tadqiqotlar davomida jurnalning 1943-1944-yillar davomida eʼlon qilingan 9 soni aniqlandi. Shulardan 6 tasi 1943-yili, 3 ta soni esa 1944-yili chiqarilgan. 1944-yili nashr etilgan 3–6-sonlarini topish imkoni boʻlmadi. Jurnalning 1943-yil may oyidagi 1-soni – 64 bet, iyun oyidagi 2-soni – 80 bet, iyul oyidagi 3-soni – 82 bet, avgust oyidagi 4-soni – 65 bet, sentyabr oyidagi 5-soni – 80 bet, oktyabr oyidagi 6-soni – 66 bet, 1944-yil may oyidagi 1-soni – 90 bet, iyun oyidagi 2-soni – 82 bet, noyabr oyidagi 7-soni 65 bet holda chop qilingan.
“Milliy adabiyot” jurnalining bosh muharriri Milliy Turkiston komitetining prezidenti Vali Qayumxon boʻlgan. Jurnalning masʼul muharriri sifatida Qobizchi Qoʻrqit, M.Ravshan, shuningdek, Bet-Olmon, Sayran, Xushnud, Sogʻin, Olloberdi, Masrur, Yonqinli kabi tahririyat aʼzolari faoliyat koʻrsatganlar. Ushbu yozuvchilar oʻzlarining maqola, sheʼr va hikoyalarini muntazam jurnal sahifalarida eʼlon qilib borganlar. Jurnal Berlin shahridagi “Berlin SW 68. Neuenburgerstr. 14. Turkestanische Mittelstelle” (Toplam adresi: Berlin SW 68. Neuenburgerstr. 14. Turkestanische Mittelstelle . Tel. 176619) manzilida chop qilingan edi.
“Milliy adabiyot” jurnalining oldiga qoʻygan asosiy vazifalari:
1. Oʻz nashrlari bilan butun turkistonliklar orasidagi birlikni saqlash va bu gʻoyani koʻproq tarqatish!
2. “Men”, “sen” soʻzlari oʻrniga “biz”, “siz” tushunchalarini butun turkistonliklar orasida yanada kuchliroq oʻrinlashtirish. “Men”, “sen”ni yoʻq qilib, buning oʻrniga yolgʻiz “bizlar”gina bordir deya, butun turkistonliklar birga boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib, bir maqsadda kurashish. Boshqalarga qoʻgʻirchoq boʻlmaslik! Harkim oʻzi, oʻz turmushi uchungina yashamasdan, yurt, vatan uchun yashashi kerak! Buni oʻz qobiliyat va qalam kuchi bilan xalqqa va olamga bildirish kerak! Yoshlar yuragidagi oʻtni yanada kuchliroq yondirish kerak! Bu milliy oʻtlar alanga olib, yovlarni kuydirsin!
3. Buyuk milliy yozuvchilar yoʻlidan davom etish lozim! “Turkiston”, “Qargʻalar” sheʼrlarini yozgan buyuklarning chizigʻi, bunga misol-oʻrnak boʻlsin! Turkistonliklarga milliy ruh berishda ishlash va borliq mavzu birlik uchun, birlikning butunligi uchun boʻlsin! “Turkiston – turkistonliklar uchun!” ekanini xalq orasida tarqatish!
4. Ota-bobolar kabi harakat qilmoq, ota-bobolar kabi chorlov, demak – ular kabi qahramon, toʻgʻri yoʻldan chiqmaydigan, hech kimga sotilmaydigan, toza yurakli Turkistonliklar boʻlish demakdir!
5. Yovga qarshi oʻtli, oʻtkir nashrlar chiqarish!
6. Yurt, millat uchun, Turkiston istiqloli uchun, milliy fundament qurishda, milliy yoʻldan ogʻishmay, ushbu fikrlarni tarqatish kerak: Milliy adabiyotning prinsipi – Turkiston birligidir!
Jurnali muayyan tuzilma va mazmunga ega boʻlib, unda “Hikoyalar”, “Sheʼrlar”, “Xalq adabiyotidan”, “Tarjimalar”, “Milliy adabiyot yoʻlidan”, “Boshqarmadan” kabi ruknlar doimiy ravishda yuritilgan. Mazkur ruknlar orqali sovet hokimiyatining Turkistonda olib borgan siyosatini turli qirralarda tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratilgan. Xususan, maorif tizimidagi oʻzgarishlar, diniy hayotga munosabat, til siyosati, shuningdek, sovet adabiyotini yaratish va tarixshunoslikni mafkuraviy asosda shakllantirishga qaratilgan harakatlar tanqidiy ruhda yoritib berilgan.
Jurnal sahifalarida jadid maʼrifatparvarlarining ilmiy va adabiy merosini tiklashga ham alohida oʻrin ajratilgan. Unda Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Elbek, Botu kabi adib va shoirlarning asarlari, ularning milliy uygʻonish gʻoyalarini aks ettiruvchi ijod namunalari muntazam ravishda chop etilgan. Jumladan, Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”idan parchalar berilgani roman targʻiboti va adabiy merosni saqlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Muhojirlik sharoitida ijod qilgan turkistonlik adib va shoirlar asarlarida anʼanaviy lirik mavzulardan koʻra, ijtimoiy-siyosiy mazmunni ustuvor qoʻydilar. Ular milliy ozodlik, istiqlol, erkinlik, vatan taqdiri va xalqning kelajagi kabi dolzarb masalalarni badiiy talqin etishga intildilar. Shu jihatdan, jurnalda eʼlon qilingan Choʻlponning “Yaproqlar”, “Fargʻona”, “Zarafshon” (safar esdaligi), Fitratning “Mirrix yulduziga”, “Qon”, “Bir oz kul”, Elbekning “Til”, Botuning “Oʻzbek qiziga”, “Qayonga”, “Soʻrma” kabi sheʼrlari milliy ruh, ozodlik gʻoyalari va ijtimoiy kurash mavzularini yoritishi bilan ajralib turadi.
Jurnal sahifalarida jadid adiblarining sheʼrlari bilan bir qatorda, ularning maʼrifiy-tarbiyaviy ahamiyatga ega hikmatli soʻzlari ham keng oʻrin olgan. Ayniqsa, Abdurauf Fitratga mansub “Turma, yugur, tinma tirish, bukilma yuksal! Hurkma kirish, qoʻrqma yopish, burulma qoʻzgʻal! ...” mazmunidagi chaqiriqlar, shuningdek, boshqa jadid ziyolilarining oʻgitlari muhojirlik sharoitida yashagan turkistonliklar uchun ruhiy tayanch va maʼnaviy kuch manbayi boʻlib xizmat qilgan. Ushbu fikrlar orqali jurnal oʻquvchilarni milliy birlikka, jipslikka va sovet hokimiyati yuritgan siyosatga qarshi maʼnaviy kurashga daʼvat etgan.
Shuningdek, jurnal sahifalarida sovet hokimiyatining qatagʻon siyosati mohiyatini ochib beruvchi qator maqolalar ham muntazam ravishda eʼlon qilingan. Jumladan, “Sayid ota” va “Jallodlar” kabi maqolalarda davrning ogʻir va fojiali voqeliklari, inson taqdirlari misolida ochib berilgan. Xususan, jurnalning 1943-yil 1-sonida Abdulla ismli muallif tomonidan yozilgan “Jallodlar” nomli xotira chop etilgan boʻlib, unda qatagʻon siyosatining asl mohiyati, uning inson hayotiga koʻrsatgan shafqatsiz taʼsiri va zamonning dramatik manzarasi badiiy-ommabop ruhda ifoda etilgan. Mazkur xotirani toʻliq holda keltirib oʻtish, uning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash va tadqiqot nuqtayi nazaridan tahlil qilish imkonini beradi:
“Ozon payti... Tong endigina otib kelayotir. Hamma shirin uyquda. Uzoqdan onda-sonda xoʻrozlarning qichqirgan tovushlari eshitilib qoladi. Koʻklamning kishini qitiqlovchi shamoli esib turmoqda.
Tongning mana shunday lazzatli bir paytida qoʻshnimizning hovlisida ikki ayol kishining avval birdaniga baqirib, keyin boʻgʻiqroq tovush bilan yigʻlagan ovozi eshitilib qoldi.
Irgʻib oʻrnimdan turdim. “Ajabo, bu qanday hol, nima boʻldi, nega bevaqt yigʻlaydilar?”. Alpin-talpin kiyinib, qoʻshnimiznikiga chiqdim. Risqi xola kelini Mehrixon bilan oʻchoq boshining bir burchagiga buqinib, koʻzlaridan marjon kabi yoshlarini toʻkmoqdalar.
– Xoʻsh, Risqi xola, oʻzi nima soʻz? – deb hovliqib soʻradim.
Risqi xola oʻpkasini zoʻrgʻa toʻxtatib, yengi bilan koʻz yoshini artib olgach:
– Hamdamjondan ajraldik! – deb ayta oldi va yana koʻz yoshini oqiza boshladi.
Butun tanimni titroq bosdi. Kutilmagan bu xabar meni esankiratib qoʻydi. Hech ishongim kelmaydi, Hamdamjon soppa-sog‘ yurgan edi.
Risqi xola mening ahvolimga tushundi. Oʻrnidan turib oldimga keldi va uyga tomon ishora qildi.
Uyga qaradim, ilektirik chirogʻining nuri ostinda oynadan uch kishining gavdasi koʻrindi. Tanimdagi qaltiroq yana kuchaydi, shoshilib oynaga qarab yurdim. Koʻzimga avval Hamdamjon koʻrindi, uning yoninda shipdek boʻlib, uchta harbiy formadagʻi kishi turur edi. Risqi xola ham mening ketimdan oyna oldigʻa kelib:
– Hamdamjon tiriklayin oʻldi, oʻgʻlim! – deb, peshonasigʻa bir urdi.
NKVDning tozi itlari Hamdamjongʻa ov qilgʻon ekanlar. Hamdamjon ularning oldida dadil turub, baʼzi qoʻrqoqlargʻa javob bermoqda edi. Uning er yigitlik xususiyati bor edi. U bahodir bir kishi edi...
Hamdamjonning uyini toza tintidilar. Sanduqdagi barcha matohlarni irgʻitib tashladilar, devolning (devorning – M.D.) teshiklarini pichoq bilan oʻyub kavlab koʻrdilar... oqibatda bir necha rasm, kitob topdilar, xolos.
NKVD vakillaridan birisi X(i)toy chinnisidan qilingan chiroylik bir kuvachani papkasiga solib olayotgan bir vaqtda, ikkinchisi Hamdamjonga qarab:
– Tezroq kiyin! Biz bilan birga ketasan! – deb, doʻq qildi.
Hamdamjonda bu oʻgʻrilarning qirqtasini bir qozon qilgʻudek kuch bor edi. U har zamonda qoshlarini jimirib, qarshisindagʻi dushmanlarini majaqlagʻudek boʻlar edi, lekin u na iloj edi...
Oʻgʻrilar shubhalangan narsalarini bir buqcha (boʻxcha – tugun – M.D) qilib, oldilarigʻa Hamdamjonni solib, joʻnab qoldilar.
Hamdamjonning oq sut berib oʻstirgan onasi dod-faryod qilib oʻgʻlining oyogʻi ostigʻa tashlandi.
– Gunohsiz oʻgʻlimni qay yerga olib borasizlar? Voy dod!... deb baqirdi.
Lekin bu foydasiz edi. Oʻgʻrilar Risqi xolani bir turtib, koʻcha eshigini taqillatib chiqib ketdilar. Bechora Risqi xola qon qaqshab qolaverdi.
... Oradan ikki yil oʻtdi. Hamdamjon NKVDning zindonlarida tergovsiz yotaverdi. Risqi xolaning bormagʻan idorasi, yozmagʻan arzi, dodi qolmadi. Ikki yillik sargardonlik natijasinda uyidagi butun moldan ajraldi. Sud organlarida oʻlturgʻon (oʻtirgan – M.D.) oʻgʻrilar yolgʻon-yoshiqlar bilan uni yupatib, pulini olaberdilar. Hamdamjon esa doim soʻroqsiz yotar edi...
Hamdamjon bir iloj qilib, kimlarningdir yordami bilan xat chiqaribdi. Oʻqub koʻrdim. Unda odam bolasi chidab boʻlmayturgʻon narsalar yozilgʻon.
“Oʻlimiga roziman onajon! – deb boshlaydi u xatni, – ikki yildan beri azob chekaman. Haqiqat qilmaydilar. Sovetlargʻa qarshi uyushmada boʻlgʻoninggʻa iqror boʻl, deb qistaydilar, uradilar, haqorat qiladilar. Yalongʻoch qilib, tomogʻimgacha kelaturgʻon suvga tushurib qoʻydilar...”
Xatning davomini yozishga til bormaydi. Qanday zolimliq! Toza bir kishini bulgʻaydilar. Oq sutni qora deb aytuvga majbur qiladilar.
Eng soʻngida Hamdamjonni sud qilishni ep koʻrmadilar. Moskovga, yahudiy jallodlari qoʻligʻa yubordilar. Guvohsiz “ayibdorsiz”, u yerda masalaning qanday koʻrilgani nomaʼlum. Lekin tez orada Hamdamjonni surgun qildilar. Gʻarib ona oʻz oʻgʻlining yuzini ham qoʻrmay qoldi. Uni koʻz qorasi oʻgʻlidan ayirdilar, xoʻjaligʻini vayron qildilar.
Oradan uch oy vaqt oʻtdi. Bir kun Risqi xolani NKVDga chaqirtirdilar. Uning qoʻliga “mana oʻgʻlingizning xati” deb bir qogʻoz tutdirdilar. Risqi xolaning uchishga qanoti yoʻq edi. “Oʻgʻlimning oq xati qoʻlimga tegdi” deb, uyiga qarab yugurdi. Xatni qoʻlimgʻa berar ekan, tez oʻqib berishimni oʻtindi. Men xatni oldim. Muhur va qoʻllar bilan tasdiqlangan bir rasmiy qogʻoz. Men oʻzimni yoʻq qilib qoʻydim. Koʻzlarimdan qanday yosh tomganini oʻzim ham his qila bilmabman.
– Xoʻsh, oʻgʻlim, nima, nima?..., – deb, qaltirab soʻradi Risqi xola.
Yashirishning iloji yoʻq edi.
– Hamdamjon vafo (vabo) kasali bilan ogʻrib qolibdi! – dedim.
Oq xat keltirdim deb quvongʻon onaning shu fursatdagʻi hayolini qaramaysizmi? Uning koʻz oldi qorongʻiliq bosdi. Ranglari oʻchdi, dami ichiga tiqilib, bir necha minut boʻzrayib qoldi.
– Voy uying kuygirlar! – deb baqirib yigʻladi.
Aza ochdilar. Undan-mundan qarz-qurz toʻplab motam oʻtkazdilar.
Kunlardan bir kuni yana shu qora tanali harbiy formadagʻi kishilar kirib keldilar. Ular tagʻin Hamdamjonning uyiga kirdilar. Yana tintuv. Ular oʻzlarincha nimanidir qidirgandek boʻlib, allaqanday qogʻozlarini olib ketdilar. Oradan yana bir necha haftalar oʻtib ketdi. Uzoq Sibiriyadan Risqi xolaning otigʻa bir xat kelib qoldi. Men shoshilib xatni oʻquy boshladim.
– Eh, jallodlar! – deb qichqirib yubordim.
Hamdamjonning ozarbayjonli bir doʻsti haqiqatni bildirib yozib yuboribdi ekan.
Surgunning azobi qattiq boʻlgʻon. Oʻruslar, yahudiylar musulmonlarni ogʻir ishlargʻa buyurib qiynagʻanlar. Hamdamjonning sabri ketgan. U oʻzining toza, sof yigitlik paytining tugalishiga chiday olmagan. Hamdamjon, gunohsiz bir turkistonlik yigitni urayotgan soqchiga intilib, (soqchini – M.D.) urgan. Unga boshqalarda qoʻshilgʻon. Natijada yahudiy soqchi chala oʻlik qilib tashlangan. Bu voqea yuz bergan oqshomi Hamdamjonni otib oʻldirganlar. Lekin bu oʻldirish hech kimga bildirilmasdan bajarilgan...
– Eh... Jallodlar... Hamdamjonning boshigʻa yetdinglarmi?! – deb baqirdim.
Ona esini yoʻqotib yotib qoldi.
Bu voqeadan soʻng meni askarlikka oldilar...”
Umuman olganda, “Milliy adabiyot” jurnalining nashri yoʻlga qoʻyilishi turkistonlik yoshlarni, yozuvchilarni, shoirlarni bir marraga – nuqtaga birlashtirgan. Jurnalda eʼlon qilingan qatagʻon siyosatiga oid maqolalar orqali mustamlaka-sovet hokimiyatining Turkiston adabiyotini oʻstirmay, qullikda ushlab kelishiga qarshi kurashgan. Milliy adabiyot bilan qurollantirib, yoshlarni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qilgan.
Umuman olganda, “Milliy adabiyot” jurnali chop etilishi turkistonlik yoshlarni, yozuvchilarni, shoirlarni bir maqsadga birlashtirgan. Jurnalda eʼlon qilingan maqolalar orqali mustamlakachilarning Turkiston adabiyotini oʻstirmay, qullikda ushlab kelishiga qarshi kurashgan. Milliy adabiyot bilan qurollantirib, yoshlarni milliy ruhda tarbiyalashga xizmat qilgan.
Mashhuraxon DARMONOVA,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent
Foydalanilgan manbalar roʻyxati
1. Mashhura Darmonova. Jadidlar faoliyati va ijodida milliy uygʻonish masalasi. “Vodiynoma” jurnali. 2023-yil. № 3. 49-bet.
2. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. 1-son. 1–3-betlar.
3. Turkiyaning Adana shahrida istiqomat qilayotgan fargʻonalik Chigʻatoy Koʻchar jurnal haqidagi oʻz bilganlarini aytib berdi. Adana. 2023-yil 18-avgustdagi suhbat.
4. Vali Qayumxon. Yangi yumushlar. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1944. 2-son. 16-bet.
5. Abdulla Qodiriy. Oʻtkan kunlar (shu nomli romandan olindi) Raqib izidan. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. 5-son. 20–30-betlar.
6. Abdulla. Sayid ota. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. № 2. 62–68-betlar.
7. Abdulla. Jallodlar. “Milliy adabiyot” jurnali. Berlin. 1943. № 1. 51–55-betlar.