Yuksak shuhrat va mashhurlik istagi ortidan miloddan avvalgi 356-yilda dunyoning yetti moʻjizasidan biri – Artemida ibodatxonasi vayron etilgan. Tarixda qolish oʻtida yongan Gerostrat qoʻlga olinganida ham maqsadini ochiqchasiga oshkor qildi. Garchi ayrimlar bu ishda Gerostratning qoʻli yoʻqligi aytsa-da, uning nomi allaqachon madaniyat va sanʼatda salbiy “qahramon” sifatida mustahkam oʻrnashib qolgan. Tarixda keyinchalik ham shunga oʻxshash voqealar sodir boʻlgan va hamon boʻlmoqda. Yagona shaxs yoki guruh tomonidan maʼlum bir asar, yodgorlikning yoʻq qilinishi odatda diniy yoxud boshqa eʼtiqodlardan kelib chiqib yoki urush davrida yuz beradi. Oyina.uz kolumnisti johillik, diniy adovat va boshqa sabablar bilan yoʻq qilingan sanʼat asarlari, madaniy meroslar haqida maqola tayyorladi.

Ahmoqona, shuningdek, qotib qolgan diniy qarashlar ortidan sodir etilgan sanʼatdagi vayronagarchiliklarning eng yirik va dastlabkilaridan biri bu Vizantiya Ikonoklazmalaridir yaʼni muqaddas va diniy mazmundagi tasviriy asarlarga qarshi kurash. Vizantiya Ikonoklazmasi ikki marta turli muddatlarda (726-787 va 814-842 yillarda) yuz bergan. Bu harakatni Imperator Leo III boshlab bergan, natijada koʻplab ikonalar, freskalar, mozaikalar va boshqa asarlar yoʻq qilindi, devorlardagi Iso va Bibi Maryamning tasvirlari oʻrniga oddiy xoch solindi. Muqaddas kishilar, aziz-avliyolarning moddiy tasvirlanishi hamda xuddi shu tasvirlardan najot kutish, ularga haqiqiy ruhday munosabatda boʻlishning gunohligi haqidagi qarashlar bunga sabab boʻldi. Albatta, Leo III davrigacha ham bunday qarashlar boʻlgan, shunga qaramay Vizantiyada ayniqsa poytaxt Konstantinopolda juda koʻp muqaddas tasvirlar boʻlgan. VII asrda imperiyaning bir qator muvaffaqiyatsizliklari, tobora zaiflashib borishi xuddi antik davrlardagi odamlarga xos tarzda xudoning gʻazabi va muqaddas kishilarni tasvirlaganliklari uchun gunohkorlarga jazo sifatida talqin qilindi hamda bu qarashlar turtki vazifasini bajardi. 726-yilda Egey dengizida suvosti vulqonining otilishi natijasida toshqinlar yuz berishi, koʻplab qurbonlar berilishi, imperatorning sanʼatga qarshi kurashiga sabab boʻldi degan taxminlar ham bor. Boshqa taxminlarda Leo IIIning Suriyalik ekanligiga urgʻu beriladi, bu davlat islomiy qarashlarning (insonlar va jonzotlarni tasvirlashga salbiy munosabat) kuchli taʼsirda ekanligi ham sabab boʻlishi mumkin. Tobora kuchayib borayotgan Arab Xalifaligining muvaffaqiyati, u tugʻdirayotgan harbiy xavfning turtkisi ham ehtimoldan xoli emas. Ayrim manbalarga koʻra, ikonoklazma vaqtida markaziy va gʻarbiy hududlarda bunga norozilik vujudga kelgani holda, Arab Xalifaligi bilan chegara hududlar aholisi bu tashabbusni qoʻllab-quvvatlashgan. Ikkinchi ikonoklazm ham koʻp ehtimol xuddi shu sabablarga koʻra boshlangani taxmin qilinadi, ikkinchi toʻlqin boshlovchisi Leo V ikonografiyani butparastlikning bir koʻrinishi deb hisoblashi haqida fikrlar aytilgan. Ikonoklazm yangi madaniy davrni boshlanishiga olib keldi, biroq, IV asrlik yodgorliklar va tasvirlarni yoʻq qildi.

Quyidagi suratda Nikeya ibodatxonasining peshtoqida Bibi Maryam tasvirlangan mozaikaning oʻzgarish bosqichlari tushuntirilgan. Sariq rangda mozaika yaratilgan vaqti, Bibi Maryam tasviri hamda qizil hududlar Ikonaklazm davrida mozaikaning xoch shakliga oʻzgartirilganini tushuntiradi, binafsharangli hudud esa Ikonaklazm davri butunlay barham topgach qayta tiklangan mozaikadir.

Buyuk Ikonoklazma

XVI asr oʻrtalaridan boshlangan, protestantlar tomonidan katolik cherkoviga qarshi harakatlar davomida amalga oshirilgan diniy tasvirlar, cherkovlar va boshqa sanʼat, madaniyat boyliklarining yoʻq qilinishi inglizlar tomonidan “Buyuk Ikonoklazma” yoki “Ikonoklastik gʻazab” deb atalgan. Bu davrda katolik cherkovining hakalak otgan nafsi, ortiqcha marosimlar, indulgensiya (gunoh uchun afv yorligʻi) savdosi natijasida vujudga kelgan noroziliklar choʻqqiga chiqqandi. Tobora gʻazabga toʻlib borayotgan Kalvinistlar oʻz rahnamolari Jan Kalvin hamda Ulrix Svingliga ergashib nafaqat cherkovning ochkoʻzligi balki, ibodatxonalar, moddiy-diniy boyliklar, suratlar, qimmatbaho haykallar, ikonalarga ham hujum qila boshlaydi. Vizantiya Ikonoklazmasida boʻlgani kabi bunda ham har qanday ilohiy tasvirlar butparastlik sifatida qabul qilinadi. Yoʻqotishlarning hajmi haqida aniq aytish imkonsiz, biroq ancha yirik talafot koʻrilgani haqida taxminlar mavjud.

Kalvinistlar Lion shahridagi cherkovlarni talon-taroj qilishmoqda

Ushbu norozilik harakatlaridan soʻng hukumatlar inson tasvirlangan muqaddas suratlarni cherkovlardan olib tashlash va sotishga qaror qiladi. Maqsad vayronagarchilik hamda tartibsizliklardan iloji boricha qochish edi. Biroq harakatlar boshida “ulug‘ xizmatni ado etyapman” degan fikrni koʻtarib yurgan guruhlar cherkovda islohotlar amalga oshirilgandan keyin ham hanuzgacha sanʼat asarlarini masxaralash, yondirish, sindirish kabi ishlarni toʻxtatishmagan.

Yevropa boʻylab sanʼat va madaniyatdagi vayronkorliklar Buyuk fransuz inqilobidan (1789) soʻng kuchayadi. Biroq endi motivlar diniy emas, ijtimoiy-siyosiy edi. Omma va hattoki hukumat ham gʻoyaviy-mafkuraviy oʻzgarishlar paytida eski tartiblardan qolgan hamma narsaga hujum uyushtira boshladi. Qirollik, aristokratiya va zodagon oilalarning saroy-u qasrlari talandi. Qimmatbaho haykalchalar eritib yuborildi, parchalandi yo pullandi, tasviriy sanʼat asarlari yirtildi yoki sotib yuborildi, millionlab madaniy boyliklar taqdiri shunday kechdi. Ularning bir qismi shunchaki yoʻq qilingan boʻlsa, bir qismi moddiy manfaatlar uchun sotib yuborildi, bunga davlat ham aralashdi, maqsad inqilob natijasida vujudga kelgan moliyaviy tanqislikni qoplash edi. Talon-tarojlardan qirollar maqbaralari ham omon qolmadi. Ayni shu koʻr-koʻrona qilmishlardan soʻng yepiskop Anri Greguar muomalaga “vandalizm” atamasini kiritdi. Yillar oʻtib davlat oʻz xatosini tushundi, sanʼat asarlari, madaniy buyumlarga munosabat oʻzgara boshladi. 1793-yilda mashhur Luvr muzeyining tashkil etilishi ham ushbu voqealarga aloqador.

XIX asrda qudratli davlatlarning imperialistik yurishlari avjiga chiqdi. Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Rossiya kabi davlatlarning bosqinchilik yurishlarida Afrika va Osiyo madaniy jihatdan eng koʻp yoʻqotishlarga uchradi. Xitoy va Afrika asosan Buyuk Britaniya va Fransiya tomonidan talangan boʻlsa, Markaziy Osiyoda Rossiya, Hindistonda britanlar tomonidan aholini oʻz tarixiy tasavvurlaridan mahrum qilish maqsadida yodgorliklar yoʻq qilindi, qoʻlyozmalar, qimmatbaho buyumlar, nodir kitoblarni mustamlakachilar oʻz uyiga tashib ketdi. Bugungi kunda ham dunyoning eng katta muzeylarida Markaziy Osiyo, Hindiston va Xitoyga tegishli boʻlgan boyliklar koʻplab topiladi. Xitoyda britanlar hamda fransuzlar bosqini natijasida Pekindagi Sin sulolasiga tegishli yozgi saroy butunlay vayron qilindi.

Markaziy Osiyo haqida gapiradigan boʻlsak Tojikistonning Panjikent va Oʻzbekiston hududida joylashgan qadimiy Varaxsha shaharlaridagi V-VIII asrlarga oid devoriy suratlar hozirda Rossiyadagi Ermitaj muzeyida saqlanmoqda.

Ermitajdagi Markaziy Osiyo tarixiga oid qadimiy devoriy suratlar

Avvallari ham bosqinchilik yoʻli bilan madaniyatni yoʻq qilish harakatlari amalga oshirilgan, asosan Ispaniya va Portugaliya tomonidan olib borilgan. Markaziy va Janubiy Amerikani oʻzlashtirish davomida bu qudratli davlatlar Asteklar va Inklar bilan jang qilish barobarida ularning saroylari, piramidalari va boshqa ibodatxonalarini ham yoʻq qilishdi. Ularga aloqador har qanday madaniy birliklar hujum ostida qolgandi, ushbu harakatlar yirik madaniy genotsidlarning dastlabkisi edi.

Xristian missionerlari Asteklarning diniy marosimlar uchun moʻljallangan narsalarini yoqib yubormoqda. Diego Kamargo (1585)

XXI asr ilm-fan, madaniyat ancha rivojlangan davr sifatida koʻzga tashlanadi. Hozirgi dunyoga qarab shunday taassurot uygʻonadiki, insonlarda oʻrta asrlarga xos johillik endi mavjud emasday. Biroq, afsuski, unday emas.

Afgʻonistonda 1996-yilda davlat hokimiyati toliblar tomonidan egallandi. Asr boshida, aniqroq aytadigan boʻlsak 2001-yilning mart oyida radikal musulmonlar boshqaruvidagi hukumat Bomiyondagi budda haykallarini yoʻq qilish ishlarini boshladi. Ushbu ikki haykal VI va VII asrlarga tegishlidir, birining balandligi 38 metr, boshqasiniki esa 55 metr. Dastlab haykallar joylashgan hudud hali Tolibonga boʻysunmaydigan Shimoliy Alyans nazoratida edi, biroq keyinchalik holat oʻzgardi. Dunyo madaniy hamjamiyati ushbu qarorga qattiq norozilik bildirishiga qaramay buzgʻunchiliklar davom ettirildi. Norozilik bildirgan davlatlar ichida Saudiya Arabistoni, BAA, Pokiston hamda boshqa musulmon davlatlar ham bor edi. Hatto Pokiston ichki ishlar vaziri Moʻyiddin Haydar boshchiligidagi delegatsiya ushbu qarorni muhokama qilish va bekor qilishga erishish uchun Afgʻonistonga joʻnatiladi. Moʻyiddin Haydar musulmonlar asrlar davomida Afgʻoniston hududida istiqomat qilishganini, ammo, butunlay yoʻq qilishga urinishlar boʻlmaganini taʼkidlaydi. Shuningdek madaniyatga bunday tarzdagi hujum Islomga toʻgʻri kelmasligini ham taʼkidlaydi. Tolibonning oʻsha paytdagi yetakchisi Mulla Umar “Ehtimol u paytlarda kerakli texnika mavjud boʻlmaganligidandir” deb javob beradi.

Tarixga qaralsa Bobur tomonidan Buddalarni yoʻq qilishga oid buyruq berilgani haqida maʼlumotlar bor, keyinchalik Avrangzeb Olamgir ularni yoʻq qilish uchun bir qancha harakatlarni amalga oshirgan. Ammo bu ishlar koʻproq ramziy maʼnoga ega koʻrinadi. Chunki, Bomiyon 770-yilda musulmonlar tomonidan egallab olingan, shu muddatdan to hozirgacha hudud nazorati musulmonlar qoʻlida boʻlgan. Maxsus texnika boʻlmagan degan fikrga eʼtibor qaratsak, Buddaviylar oʻz eʼtiqodlari yoʻlida uzoq yillar (dastlabki haykal  545-595, keyingisi 591-644 yillarda qurilgan) va katta qiyinchiliklar evaziga barpo etilgan. Agar Islomda shunchalik qatʼiy koʻrsatma boʻlganda har qancha muddat va mashaqqat talab etilmasin mavjud uskunalar yordamida musulmon kuchlari tomonidan yoʻq qilingan boʻlardi. Boshqa tomondan olib qaraganda Tolibon tomonidan dastlab bu yodgorlikni saqlab qolishga qaror qilinib, hududga sayyohlik ortidan moddiy manfaatlarni koʻzlagandi. Biroq, yangi Afgʻonistonga siyosiy munosabat iliq emasdi, yangi hokimiyatni sanoqli davlatlargina tan olgandi. Balki “burgaga achchiq qilgan” toliblar dunyoga shu tarzda javob berishni koʻzlagandir. UNESKO haykallarni saqlab qolish uchun 36 ta maktub yoʻllaganligi aytilgan. Yaponiya va Hindiston tomoni hatto Tolibonga haykallarni koʻchirib ketishni va moʻmay pul taklif qiladi, ammo harakatlar natija bermadi. Bir necha hafta davom etgan dinamitli portlatishlar, raketalar hujumi yordamida haykallar butunlay parchalab tashlandi.

Budda haykallarining yoʻq qilish vaqtida olingan surat

Keyinchalik, 2012-13 yillarda IShID tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan, islomiy jangarilar guruhi hisoblangan Shimoliy Afrikada harakat qiluvchi Ansor ad-din terrorchilari tomonidan Tombuktudagi bir-qator madrasalar, soʻfiy namozgohlar vayron qilindi, oʻnlab masjidlarga shikast yetkazildi. XII asrga oid qadimiy va juda noyob qoʻlyozmalarning ayrimlari yoqib yuborildi, masʼul xodimlarning hujumdan avvalroq qilingan saʼy-harakatlari bilan yuz minglab jild qoʻlyozmalar hududdan olib chiqildi.

Navbatdagi yirik madaniy genotsid ham IShIDga bevosita aloqador. Iroq va Suriyadagi tartibsizliklar natijasida vujudga kelgan bu tashkilot oʻz faoliyati davomida koʻplab madaniy obyektlarga hujum uyushtirdi. Ishonish qiyin boʻlishi mumkin, lekin 2014-yilda goʻyoki “Islomiy” davlat tarafdorlari Yunus paygʻambar qabri va masjidi hisoblangan obidani portlatib yuborgani ayni haqiqat. Ushbu masjid Iroqning Mosul shahrida joylashgan boʻlib VIII asrda qurilgan. Ammo IShID bunday terroristik aktlarni toʻxtatishni xayoliga ham keltirmagan. Keyingi yilda Halab va Palmira shaharlarida, Mosul, Nineviya, Nimrud, Xatra muzeylarida ayovsiz portlatishlarni amalga oshirdi, misli koʻrilmagan talonchiliklar sodir etdi. Palmiradagi juda qadimgi fors hamda yunon-rim madaniyatiga tegishli obidalar, xususan, Elahbel minorasi, Balshamin ibodatxonasi, Monumental Arka, Baal ibodatxonalari portlatildi.

Palmiradagi yodgorlikning portlatishdan keyingi holati

IShID qadimgi madaniy boyliklarni shunchaki yoʻq qilmadi, ularni qorabozorda sotish orqali katta daromad koʻrdi va oʻz harakatlarini moddiy taʼminladi. Yaʼni, ularning nazaridagi “eng katta gunohlar” orqasidan kelgan pullardan “muqaddas jihod” ishlarida foydalanildi. Yashirin yoʻllar bilan sotilgan bu ashyolarning qayerda va qanday holatda ekanligi nomaʼlum.

Sinchiklab qaralsa oʻzini qadimiy madaniyat posboni deb jar soladigan ayrim davlatlar ham maʼlum maqsadlari yoʻlida bunday ishlardan oʻzini tiymagan holatlar mavjud. 2003-yilda Fors koʻrfazidagi notinchlikka AQSh boshchiligidagi koalitsiya aralashadi. Britaniya muzeyining qattiq qarshiligiga qaramay ittifoqchilar qoʻshini qadimgi Bobil shahrining qoldiqlarini oʻz ichiga olgan ayrim hududlarda harbiy istehkomlar qurishdi. Hatto shunday taxminlar ham borki, ushbu harakatlar davomida juda koʻplab artefaktlar sotib yuborilgan.

Markaziy Osiyo, xususan Oʻzbekiston ham madaniy tarix jihatdan anchagina boy. Shu sabab tarixda boshqa davlatlar tomonidan yurtimizning madaniy boyliklarini talon-taroj qilish ishlari koʻp marta amalga oshirilgan. Arab va moʻgʻul bosqinining oqibatlari koʻpchiligimizga maʼlum. Vayronkorlik oʻz yoʻliga, yodgorliklarni talab ketilishi ham alohida mavzu.

1740-yilda Eron yetakchisi Nodirshoh Amir Temur qabridagi Nefrit toshlarni, Shohizinda darvozasini, Jahongir maqbarasidagi oltin sopli nayza va boshqa koʻplab ashyolarni Eronga olib ketadi, nefrit toshi keyinchalik Nodirshohning oʻzi tomonidan qaytariladi. Keyinchalik, XIX asrda Rossiya bosqini davrida Oʻzbekiston eng katta yoʻqotishlarga uchradi. Rus podshosining Oʻrta Osiyoga masʼul mulozimlari hatto Rossiyaga olib ketiladigan tarixiy ashyolar, noyob qoʻlyozmalar roʻyxatini ham tuzib chiqishgan. Turkiston general gubernatori Fon Kaufman topshirigʻiga koʻra qadimiy boyliklarni topib keltirgan zobitlarga unvon hamda pul koʻrinishida mukofotlar ajratilgan. Barcha askar va zobitlarga madaniy qimmatliklarni talon-taroj qilishda yoʻriqnomalar topshirilgan. Ilk oʻrta asrlarga oid taqinchoqlar, idishlar, tangalar, muhrlar, hujjatlar bilan birga sharq allomalarining bahosi yoʻq bir necha yuzlab jilddagi qoʻlyozma kitoblari ham uzluksiz tarzda Moskva hamda Peterburgga joʻnatib turilgan. Hatto 1869-yilda dunyodagi eng qadimgi Qurʼon hisoblanadigan “Usmon Qurʼoni” ham Peterburgga joʻnatib yuborilgan, keyinchalik qattiq harakatlar natijasida ushbu qoʻlyozma Oʻzbekistonga qaytarildi.

Mustaqillik yillarida oʻzga davlat bizni talamadi, biroq qimmatli tarixiy buyumlar, eksponatlar oʻz millatdoshlarimiz tomonidan oʻgʻirlandi yo soxtalashtirib sotib yuborildi. 2022-yilda maʼlum qilinishicha oʻtgan 30 yil davomida ushbu jinoyatlar natijasida yetkazilgan umumiy zarar 4 trillion soʻmdan oshiq ekani maʼlum qilingan. Bular hali aniqlanganlarigina xolos. Birgina holat, 2015-yilda Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyining sobiq rahbari Mirfayzi Usmonov sheriklari bilan birga yillar davomida suratlarni soxtalashtirib, asl nusxalarini sotib kelgan. Maʼlum qilinishicha yetkazilgan zarar 47,5 milliard soʻmni tashkil etdi.

Ayni kunlarda Rossiya hamda Ukraina oʻrtasidagi urush ham, tahlilchilarning fikriga koʻra Ukraina hududidagi madaniy yodgorliklarning katta qismini yoʻq qilmoqda.

Xulosa qilib aytish mumkinki, gʻoyaviy, siyosiy maqsadlar hamda oʻyinlar faqatgina bugun yo kelajakni xavf ostiga qoʻymayapti. Oʻtmishni ham yoʻq qilmoqda. Tarixda hali ochilmagan sirlar koʻp, qoʻrqamizki, ular mavhumligicha qolib ketadi. Buyuk fransuz inqilobidan soʻng madaniy merosga munosabatda keskin oʻzgarishlar yuz bergan boʻlsa-da, barchasi koʻngildagidek emas. Imperialistik davlatlar esa oʻzga davlatlardan tashib ketgan, boshqa xalqlarga tegishli boyliklarni asl vataniga, haqiqiy egalariga qaytarishi kerak.

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz

“Oyina.uz”ning Telegramʼdagi rasmiy kanaliga aʼzo boʻling!