Oʻzbekistonda 100 yoshdan oshgan fuqarolar yashaydigan hududlar boʻyicha Qashqadaryo viloyati yetakchi hisoblanadi. Bugun sizga hikoya qilmoqchi boʻlgan qahramonimiz ham Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanidagi olis Xitoy qishlogʻida yashaydi. 

“15 yoshimda turmushga uzatishgan. Birinchi oilamdan farzandim tugʻiliboq oʻlgandi. Shundan keyin boshqa bola koʻrmadik va ajrashdik. Ikkinchi roʻzgʻorimga 6 ta farzandga ona boʻlib turmushga chiqdim. Oʻshanda bolalarning toʻngʻichi 15 yosh, kichigi esa 3 oylik edi. Ularni katta qilish, oq yuvib, oq tarashning oʻzi boʻlmadi, kichiklari-ku esini bilmagani uchun tez koʻnikishdi, ammo kattalarning meni ona sifatida tan olishlari oson kechmagan. Ogʻir mehnat, katta sabr bilan uch qiz, uch oʻgʻil oʻstirdik. Hozir 40 nafar nevara, 100 ga yaqin chevara, 30 dan ortiq evaram bor”. Bu gaplarning egasi – 106 yoshli Oygul momoning hali xotirasi tiniq, koʻzlari nurli. Uning ravon soʻzlaridan, quloqlarining aniq eshitishidan, yillar, sanalar, familiyalarni, hayoti davomidagi maʼlumotlarni adashmay aytishi, nabiralarini garchi ismini bilmasa-da, shu farzandimning bolasi deb chaqirishidan hayratga tushasiz. Soʻzlashi ham boshqacha: aniq, dadil, dangal.

 

“Umrim mehnatda oʻtgan, tinmay ishlardik, hozir ham bekor oʻtirsam kasal boʻlib qolaman. Oʻtinlarni oʻzim maydalab tashlayman! Boltam, arram bor, hech kimga bermayman. Gilam toʻqishni yaxshi koʻraman. Koʻp-koʻp piyoda yuraman, narsalarimni oʻzim koʻtaraman. Kichkina kelinlarga yordam beraman. Bolalar yoting, dam oling, deydi, yotmayman, deyman”, – deydi oʻziga xos qaysarona ohangda momo.

Oygul momoning qoʻllari mehnatda qavargan. Ayolning kuni tong sahar 04:00 dan boshlanadi. Hovlilarni supurish, sigir sogʻish, tovuqlarga don berish yuzdan oshsa-da Oygul momo uchun hamon odatiy yumush…

Kampirning tilidan shukronalik tushmaydi. Oʻtgan hayotini, boshidan oʻtkazgan qiyinchiliklarini, turmush oʻrtogʻi Ashurali togʻa bilan olti nafar farzandni oyoqqa turgʻazguncha chekkan azoblarini, navqiron paytlarida tong sahardan kech oqshomgacha dalada tuproq kechib, ekin ekkanlarini gapirib beradi. Ammo momo shu yoshdayam juda hazilkash, toʻylarda raqs tushishdan charchamaydi. Biror marta “duhtirga ishi tushmagan, ukol olmagan”. Eng ajablanarlisi, momoning tishlari ikkinchi marta chiqqan.