Tahlil va tadqiqqa ixtisoslashgan “aql markazlari” (ingliz tilida think tanks) mutaraqqiy dunyoda katta nufuz hamda taʼsirga ega. Ular ichki va tashqi siyosatga daxldor dolzarb masalalarda izlanish olib borib, davlat boshqaruvi idoralariga yoʻriq, tavsiya, maslahatlar beradi.

Ilm va siyosat oʻrtasidagi koʻprik

Tadqiqotchi-jurnalist Nil Mak Kartining qayd etishicha, “aql markazlari” tom maʼnoda siyosiy tashkilot emas, balki siyosiy arboblarning muayyan masalalarda qaror qabul qilishiga tadqiqot vositasida koʻmaklashuvchi nodavlat muassasadir (www.forbes.co).

AQShdagi Pensilvaniya universiteti har yili Butunjahon “aql markazlari” reytingini (Global Go To Think TankIndex Report) eʼlon qiladi. Mazkur reytingga dunyo boʻylab 6500 ga yaqin “aql markazi” kiritiladi. Pensilvaniya universiteti talqiniga koʻra, “aql markazlari”: a) ichki va xalqaro muammolar boʻyicha tadqiqot, tahlil va tavsiyalar ishlab chiqadi; b) jamoatchilikning davlat siyosati masalalari borasidagi xabardorligini oshiradi; v) shu tariqa jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarda oqilona yechim topishga koʻmaklashadi (www.gotothinktank.com).

“Aql markazlari”, taʼbir joiz boʻlsa, ilm va siyosat oʻrtasida koʻprik vazifasini bajarib, jamoatchilik manfaatlarini himoya qiluvchi mustaqil va muqobil minbar hisoblanadi.

Tahlil muassasalari davlat idoralari, siyosiy tashkilotlar hamda ishbilarmon doiralar qoshida yoki nodavlat tashkilotlar sifatida faoliyat yuritadi. Shunga koʻra ularning maqsad-moʻljali farqlanishi mumkin. Qayd etish joizki, aksar “aql markazlari” nodavlat muassasa boʻlib, ular AQSh va Kanadada soliqlardan ozod etilgan.

Markazlar faoliyati turli manbalardan moliyalashtiriladi. Deylik, partiya yoki kompaniya qoshida faoliyat olib borayotgan markaz oʻsha muassis tomonidan mablag‘ bilan taʼminlanadi, uning buyurtmasini bajaradi. Qaysi manbadan moliyalashtirilishidan qatʼiy nazar, “aql markazlari” oʻz daromadi va homiylari haqida jamoatchilikka doimo ochiq axborot berishi shart. Aks holda, yomonotliq boʻlishi, eng xatarlisi, jamoatchilik ishonchini yoʻqotishi hech gap emas. Gohida ayrim “aql markazlari” muayyan shaxslar, homiylarning buyurtmasi bilan izlanish olib borgani vajidan tanqidga uchrab, buyurtma boʻyicha hozirlangan tadqiqotning xolisligi soʻroq ostiga olinadi. Bunday noxush holatlar yuz bermasligi uchun, avvalo, muassasaning moliyaviy faoliyati ochiq boʻlishi, qolaversa, har qanday holatda ham tadqiqotlar xolislik, obyektivlik mezonlari asosida olib borilishi maqsadga muvofiqdir. 

“Forbes” jurnali maʼlumotlariga koʻra, dunyo boʻyicha tahlil markazlarining 90,5 foizi 1951-yildan keyin tashkil etilgan. Ularning qariyb 55 foizi Shimoliy Amerika va Yevropada joylashgan. Raqamlarga nazar tashlasak, tadqiqot markazlari soni boʻyicha AQSh yetakchi oʻrinda: ushbu mamlakatda 1872 ta muassasa faoliyat yuritib kelmoqda. Birgina poytaxt Vashington shahrida 397 ta markaz mavjud. Reytingning keyingi oʻrinlarini Xitoy (512 ta markaz), Buyuk Britaniya (444), Hindiston (293), Germaniya (225) egallagan.

Sayyoramizdagi eng nomdor va eng nufuzli 10 ta “aql markazi”ning beshtasi, jumladan, Brukings instituti (Brookings Institution), Karnegi xalqaro tinchlik jamgʻarmasi (Carnegie Endowment for International Peace), Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (Center for Strategic and International Studies), Meros jamgʻarmasi (The Heritage Foundation) va RAND korporatsiyasi Qoʻshma Shtatlarda faoliyat yuritmoqda. Fransiya xalqaro munosabatlar instituti ham peshqadamlar sirasiga kiradi.

Nega Oʻzbekistonda “aql markazlari” soni kam?

Ayni vaqtda mamlakatimizda “aql markazlari” soni juda kam, binobarin, bu yoʻnalishda rivojlanishimiz xiyla sust kechmoqda. Buning sabablari xususida maqola davomida batafsil toʻxtalamiz. Hozircha yurtimiz tadqiqot muassasalarining xalqaro reytinglardagi oʻrniga eʼtibor qilsak.

Pensilvaniya universiteti eʼlon qilgan Markaziy Osiyodagi peshqadam ilmiy markazlar reytingida Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 10-oʻrinda qayd etilgan (roʻyxatga mintaqadagi 63 ilmiy muassasa kiritilgan). ITIM ushbu reytingda 2016-yilga nisbatan uch pogʻona, 2018-yilga qaraganda esa bir pogʻona yuqorilagan (www.review.uz). Pensilvaniya universiteti roʻyxatidan Siyosiy tadqiqotlar markazi (23-oʻrin), Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (27-oʻrin), “Tahlil” ijtimoiy markazi (34-oʻrin) ham oʻrin olgan. Yurtimizdagi yana bir tahlil dargohi – “Taraqqiyot strategiyasi” markazi 2018-yilda Pensilvaniya universiteti tomonidan dunyoda yangi tashkil etilgan 50 ta “aql markazi”dan biri deb eʼtirof etilgan edi.

Bir qarashda, bu borada natijalarimiz yomon emasdek. Lekin mintaqa boʻyicha muqoyasa biz ham son, ham sifat oʻzgarishiga erishishimiz lozimligini koʻrsatmoqda. “Global Go To Think Tank Index” hisobotiga koʻra, Qozogʻistonda 31 ta, Qirgʻizistonda 28 ta, mamlakatimizda esa 12 ta “aql markazi” faoliyat yuritmoqda. Biz mintaqada faqat Tojikistondan (7 ta) oldindamiz.

Xoʻsh, Oʻzbekistonda “aql markazlari” rivojiga nimalar toʻsqinlik qilmoqda?


Birinchidan,
qayd etilgandek, mamlakatimizda tahlil dargohlari soni kam va ularning ham aksari davlat tasarrufida yoki davlat koʻmagida tashkil etilgan. Albatta, davlat buyurtmasini bajaruvchi tahlil markazi mavjudligi tabiiy hol. Ammo markazlarning barchasi yoki aksari hukumat buyurtmasini bajarishi, uning qarashlarini aks ettirishi maqbul holat emas. Nega? “Aql markazi”ning asosiy vazifasi jamoatchilik hamda davlat idoralariga asosli, ishonchli va amaliy ahamiyatga ega tadqiqotlarni taqdim etish ekani maʼlum. Buning uchun esa muassasa nisbatan mustaqil faoliyat olib borishi kerak. Aks holda, buyurtma ijrochisi oʻlaroq mafkuraviy va siyosiy maqsadlarga muvofiq tadqiqotlar bilangina cheklanib qolishi hech gap emas. Bu esa nafaqat jamoatchilik, balki buyurtmachi, yaʼni davlat idorasining ham manfaatlariga ziddir.

Ikkinchidan, maʼlumotlarning yoʻqligi yoki yetarli emasligi tadqiqot oʻtkazishda jiddiy mushkulot tugʻdiradi. Ishonchli va sifatli tadqiqot olib borish uchun shart-sharoit yoʻqligi qisman birinchi omil bilan bogʻliq. Odatda, hukumat qoshida yoki uning yordamida faoliyat olib borayotgan markazlargina maʼlumotga ega boʻlar, qolgan muassasalar bunday imkondan mahrum edi. Maʼlumotga ega boʻlgan va shu asosda tadqiqot olib borgan markazlar esa tadqiq etilgan mavzuda qisqa rezyume eʼlon qilib, umumiy tushuncha berish bilan cheklanar edi. Birlamchi maʼlumotlar (primary data), uni yigʻish va qoʻllash metodlari hamda metodologiyasi bilan oʻrtoqlashmasdi. Aslida, tadqiqotlar yashirilmasligi, maʼlumotlar va ular asosida chiqarilgan xulosalar qayta tekshirish mumkin boʻlgan darajada ochiq boʻlmogʻi lozim. Maʼlumot – tadqiqotning oʻzagi. Axborot taqchilligi muhitida esa “aql markazlari” oʻz vazifasini bajarolmasligi kundek ravshan. 

Uchinchidan, tahlilchilarni tarbiyalash va tayyorlash maktabi yaratilmagan, mavjud oʻqitish uslublari esa eskirgan. Masalan, bizda siyosiy fanlarni oʻqitishda “yaxshi mutaxassis albatta milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda tahlil olib borishi kerak”ligi taʼkidlanadi. Holbuki, xorijdagi ilmiy izlanishlarim davomida biron mamlakatda bunday mezonga duch kelmadim. Aslida, izlanuvchiga qoʻyiladigan talablar – tahlil usullarini teran anglash va toʻgʻri qoʻllash, tadqiqot xalqaro andozalarga uygʻun holda boʻlishi, yaʼni ishonchli va qayta-qayta tekshirilgan maʼlumotlarga tayanish, tadqiqot metodologiyasiga koʻra ularni mustaqil ravishda talqin-tasnif etish, kompyuter dasturlaridan unumli foydalanish, sifatli matn hozirlash kabilardan iboratdir. Albatta, muayyan davlatda faoliyat yuritayotgan mutaxassis boshqaruv idoralari vakillari qoʻygan talab-vazifalar doirasida ish tutadi. Bu – tabiiy hol. Ammo mazkur jihat mutaxassis malakasini belgilovchi asosiy mezon boʻlmasligi kerak.

Toʻrtinchidan, boshqa jabhalarda, oz sonli boʻlsa-da, tadqiqotchilar mavjud. Ammo, afsuski, aynan siyosiy mavzularda teran tahlil malakasiga ega mutaxassislar kam. Bu muammo yuqorida sanalgan omillarga, inchunin, taʼlim sifatiga bogʻliq. Malakali tahlilchi tarbiyalamoq uchun taʼlim dargohlarida bilim berish darajasi yuqori boʻlishi lozim. Mukammal ilm olmagan kadrlar maxsus bilim va koʻnikmalarni egallashda ham qiyinchiliklarga duch keladi. Masalan, ingliz tili bugungi davr kishisi uchun suv bilan havodek zarur. Dunyodagi ilmiy adabiyot hamda manbalarning asosiy qismi ana shu tilda. Demak, “aql markazlari”, ilmiy muassasalarda faoliyat yurituvchi xodim va tadqiqotchilar ilmiy ingliz tilini mukammal bilishi shart. Xoʻsh, endi ayting-chi, bizda ushbu mezonga javob beradigan tahlilchilar qancha? Ulardan qay birlari nufuzli va eng koʻp iqtibos olinadigan ilmiy majallalarda maqolalar chop etmoqda? Bizningcha, ular barmoq bilan sanarli. Hatto ingliz tilini bilmasligiga uzr qolmagan yangi davr yoshlari orasida ham bu talabga javob bermaydiganlar koʻp topiladi. Ingliz tilini mukammal egallash haqida soʻz borar ekan, ona tilining maqom-mavqeyini aslo pasaytirmoqchi emasmiz. Aksincha, bugun oʻzbek tilidagi ilmiy-tahliliy matnlarga ham talab oshib borayotir. Ammo Oʻzbekistondagi “aql markazlari” va tahlilchilar xalqaro maydonda oʻrin topmoq, dunyoga oʻz soʻzini aytmoqni istasa, ingliz tilini bilishi shart. Chunki hatto rus, yapon, olmon tillarida tayyorlangan ilmiy materiallar ham ingliz tilidagi kabi ulkan auditoriyaga taʼsir koʻrsatolmaydi.  

Beshinchidan, Oʻzbekistondagi “aql markazlari” va tahlilchilarimiz yaqindan boshlab jamoatchilik bilan faol muloqotga kirishdi. Ilgari maʼlumotlar ommaga yetarli darajada, ochiq yetkazilmasdi. Hozir ham vaziyat butkul oʻzgargan deb boʻlmaydi, ammo yangilanish, evrilishlar yuz berayotgani rost. Mutaraqqiy dunyoda dolzarb masalalarda mutaxassislarning fikri ayricha qadrlanadi. Oʻzbekistonda bu hol endi-endi urfga kiryapti. Ijtimoiy tarmoqda tahlilchilar va “aql markazlari”ning sahifalari asta-sekin koʻpaymoqda. Sirasini aytsak, ochiqlik siyosati va mutaxassis fikriga talab oshib borayotgani sabab avval tor doiraga moʻljallangan tahliliy materiallar ijtimoiy tarmoqda tobora kengroq auditoriyaga taqdim etilmoqda.

Yana bir jihat shuki, yurtimizda keyingi vaqtlarda siyosiy va iqtisodiy yoʻnalishlarda tadqiqot oʻtkazuvchi konsalting kompaniyalar tashkil etila boshladi. Bu, bir tomondan, daromadli biznes boʻlsa, ikkinchi tomondan, mamlakat ochiqlik tomon yuz burgani, xalqaro tashkilotlar Oʻzbekistondagi jarayonlarga qiziqayotganidan dalolatdir.

“Aql markazlari” sonining oshishi nainki jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalarda oqilona qaror qabul qilishga koʻmak beradi, ayni choqda millatning umumiy intellektual saviyasi yuksalishi, yangi olamshumul gʻoyalar tugʻilishiga xizmat qiladi. Demak, zimmasidagi vazifalarini toʻlaqonli bajarishi uchun tahlil muassasalari oʻz faoliyatini ochiqlik, mustaqillik, xolislik tamoyillari asosida olib bormogʻi darkor. Bu esa taʼlim sifatini oshirish, xorijiy tillar, xususan, ingliz tili oʻqitishni takomillashtirishni talab etadi. Qolaversa, “aql markazlari” mutaxassislari axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish borasida maxsus koʻnikmaga ega boʻlishi lozim.

Bahrom RAJABOV,

Siyosiy iqtisodiyot boʻyicha mutaxassis,

PhD (Sukuba universiteti, Yaponiya)

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 3-son