Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova – fikr oshigʻi. Fikr – oʻzingizdan-da oʻzishga undaydigan, mudom harakatdagi qudratli kuch. Ayni shu xususiyat aktrisani, taʼbir joiz boʻlsa, shaxsga, mutafakkirga aylantirdi. Necha yildirki, u kishining dunyosiga oshnoman. Koʻp bora shohid boʻlganman: ikki sanʼatkor – Dilorom Karimova bilan Rimma Ahmedovaning “xonaki gʻiybat” ohangida boshlangan suhbatlari umuminsoniy mavzularga yuksalar edi. Rahmatli Rimma opa hassoslik, mahzun nekbinlik bilan fikrga yoʻl ochsa, Dilorom opa oʻziga xos tugʻyon ila tafakkur ortidan quvlardi.
Naqshband hazratlarining oʻgitini eslang-a: “Dil ba yor-u – dast ba kor”. Aktrisa qanday yumush bilan band boʻlmasin, turmush iplari oyoq-qoʻlini chirmovuqdek oʻragan pallalarda ham odamzodning qismati haqida oʻylaydi. Hatto shimga dazmol bosaturib, dunyoning noravoliklari haqida mushohadaga toladi. Dodi falakka yetmayotganidan kuyunadi, gohida achchiq-achchiq yigʻlab oladi.
Dilorom Karimova – kuli koʻkka sovurilayotgan dunyodan mazlum uchun shafqat tilab oʻtayotgan bedor yoʻlovchi! Yupanchni esa kitobdan, musiqadan, kino-teatrdan izlagani izlagan. U kishi sanʼatga muhabbatini “Anduhga aylangan sevgim” deb atagan edi. Yuqorida mushtariylar hukmiga sanʼatkorning istigʻfor-u iztirobga yoʻgʻrilgan bitiklari havola etilmoqda.
Iqbol QOʻSHSHAYEVA
Nega odam kitoblardagi nasihat-u oʻgitlarga rioya qilmaydi? Nega? Axir, ularga quloq tutsa, hayot yengilroq kechadi-ku!.. Yoʻq, haqiqatlarni siz faqat qalb azobi bilan, xatolar orqali anglab yetarkansiz.
***
Sanʼat yaxshini yomon, yomonni yaxshi qilolmas ekan. U faqat ezgulikka moyil, yaxshilikka ishonuvchan, nozik qalblarga dalda boʻla olishi mumkin. Bolaning koʻzlariga qarang, qanday maʼsum! Odamzod bu hayotga “baxtli boʻlaman, sevaman-sevilaman” degan xush niyatlar bilan keladi. Lekin bora-bora oʻsha maʼsumlik soʻnadi, xunuklashadi, muhabbat toʻla nigohlar alamnok qarashga doʻnadi... Sanʼat ezgulikka boʻlgan ishonchimizni, qalbimizni, hechqursa, xayollarimizni asrab qolishimiz uchun ham kerak bizga.
***
Hayotning dastlabki bekatlarida jonkuyar bir ustoz darkor. Ustoz koʻrmay voyaga yetgan odam bogʻbon qaychisi tegmay oʻsgan daraxtga oʻxshaydi. Boshvoqsiz oʻsgan ogʻoch oxiri bolta zarbidan egri-bugri shoxlaridan ayrilib yalangʻoch qolsa, inson ham ustoz oʻgitisiz bilib-bilmay koʻp xatolarga yoʻl qoʻyadi. “Piri yoʻqning piri – shaytondir” deb bejiz aytilmagan.
***
Hayotda yolgʻonchi, fitnakor zimdan ish olib borishi ayni haqiqat. Uni payqash uchun ulkan farosat kerak boʻlar ekan. Men esa atrofimda kezib yurgan, menga goh xoʻmrayib, goh irshayib qaragan yolgʻonni kech payqardim yo umuman koʻrmasdim. Negaki, men boshqa olamda – sanʼat yaratgan ruhiy-xayoliy maʼvoda yashardim. Bu lomakonda yurgan odamning nigohi osmonga qadalgan, shu bois u oyoq ostidagi qurt-qumursqalarni koʻrmaydi. Sahnada yolgʻon, fitna koʻz oʻngingizda harakat qiladi, hayotda esa... Yomonlik koʻpincha oʻzi toʻqigan makr toʻrlari orasidan chiroyli koʻrinishi kimning xayoliga kelibdi deysiz!
***
Teatr – azal-azaldan oʻzidan kechgan shaxslar dargohi. Qadimgi yapon, hind teatri tarixiga nazar solsak, shaxsiy hayot lazzatlarini sahna sanʼatiga qurbon qilgan tanholarni koʻramiz. Bizgacha yetib kelgan maʼlumotlarga qaraganda, sayyoh guruhlar zamonaviy teatrning “ajdod”i boʻlgan. Sayyor sanʼatkorlar xalq ichidan chiqqan, xalqning mudroq orzu-istaklarigacha yaxshi anglagan va xalqqa xizmat qilgan chinakam artistlar edi. Ular qiyofasida issiq-sovuq, qor-yomgʻirlarga qaramay och-nahor, yupun holda dunyo kezgan jahongashtalarni koʻramiz. Bu taxlit hayot tarzini tanlashga ularni kim majbur qilgan? Bu – faqat ijodkor yurakning daʼvati mahsulidir.
***
Teatr – aktyorlar bilan, aktyor esa rollar bilan tirik. Aktyor baʼzan orzusidagi yo koʻngilga yoqqan birgina rol ilinjida sahnaviy taqdirlarini yaratuvchi hukmfarmo xoʻjayinlarga yoqmoq, ular eʼtiborini qozonmoqqa urinadi, koʻngilga oʻtirmasa-da, har tur kurash usullaridan foydalanadi. U asar qahramonini sahnada qayta jonlantirishdek ogʻir vazifani boʻyniga olar ekan, yutilgan zahar-zaqqum evaziga, olqishlar, dasta-dasta gullar uchun eng qadrli insoniy xislatlarini-da qattollar qoʻliga topshirishga rozi boʻladi. Vaqti kelsa, sahna yulduziga aylantirgan rahnamosi raʼyiga yurmay qoʻygani sabab unga goʻr qazishdan ham tap tortmaydilar. Teatrda doʻstlik, opa-singilchilik yo aka-ukachilik yoʻq. Illo, raqobat, oyoqdan chalish, gʻaraz va fitna bor. Ana shunday qurbontalab dardxonadir teatr!
***
Teatrga kelib, ijodiy jamoaga qoʻshila borganim sari koʻplab aktyor va aktrisalar, ayniqsa, bosh rollarga nomzodlar Shukur Burhonov, Sora Eshontoʻrayeva, Yayra Abdullayevalarning ijro uslubiga taqlid qilishlari, ularga xos ohangda gapirishga urinishlarini sezib qoldim. Ochigʻi, bu hol mening gʻashimga tega boshladi. Ularga oʻxshashni xohlamasdim. Sahnada jimjimador gapirish, faqat yalangʻoch his-tuygʻuga berilib obraz yaratish kechagi kunga aylanganini yaxshi bilardim. Men sahnada fikr yaratish tarafdori edim! Alhol, endi meni “Hamza” teatri aktyorlari ilgarigidek maftun qilolmayotgan, hatto ulug‘ aktyorning shoh Edipi hayajonga sola bilmayotgan edi. Ammo akademik teatr qoʻzgʻatib boʻlmas metin qoʻrgʻon edi. Men esa misoli bir chivin, ojizona gʻingʻillayman, xolos. Xos ijro uslubini yaratishga na kuch, na iqtidor va na iroda bor. Oʻzimni notavon, hech narsaga arzimas aktrisa sifatida koʻrsatib qoʻyishdan qoʻrqib, anʼanaviy yoʻldan yurishga majbur boʻlaman, lekin buni ham tuzukroq eplolmayman. Oʻz davrida atoqli aktyor Mixail Chexov menda topilmagan irodasi va favqulodda isteʼdodi tufayli umumiy jarayonni oʻz “men”iga boʻysundirgan edi.
***
Koʻplar qatori men uchun ham Bahodir Yoʻldoshev orzudagi rejissor edi. Men koʻz oldimga keltirgan, lekin amalda koʻrsatib bera olmayotgan ijro yoʻllarini oʻzim shaxsan tan beradigan rejissor bilan roʻyobga chiqarishni istardim. Afsus, buning imkoni boʻlmadi. Chunki aktyor ijrosi muammolari Bahodir Yoʻldoshevni u qadar tashvishlantirmas edi. Qiziqki, oʻzbek rejissurasida inqilob qilgan, yangi shakl, yangi unsurlarni kashf etgan rejissor aktyorlarning sunʼiy ohangda gapirishlari, qolipdagi ijrolariga jiddiy eʼtiroz bildirmas edi. Rejissor, modomiki, aktyorlariga fikrlash imkoniyatini cheklar ekan, natija ham shunga yarasha boʻlardi.
***
Nega vaqt oʻtgan sari spektakllarda aktyorlar ijrosi sustlashib, taʼsir kuchi kamayib boraveradi? Negaki, ijrochilarning ichki kechinma, ruhiy holatlariga oziq berib turadigan hayotiy-mantiqiy quvvat yetishmaydi. Quvvat esa aktyorning ham rejissor kabi fikrlay olish koʻnikmasidan tugʻiladi. Sahnada fikrlay bilish tuygʻularning har gal qaytadan dunyoga kelishi va umrzoqligini taʼminlaydi.
***
Aktyor qalbini ochib nigoh solish imkoni boʻlsa edi, har birida bitmagan, mudom loʻqillab ogʻrib, azob berib turadigan jarohatlarni koʻrar edik...
***
Teatr – minbar! U minbarda turib ulugʻvor, sarbaland fikrlar aytiladi; inja, sohir tuygʻular avj pardada tarannum etiladi. Teatr tomoshabinning aqli-yu qalbini zabt etib, uni koʻzyosh toʻkishga yo bukilib qolguncha kulishga majbur qiladi.
***
Teatr – jamoa ijodi. U inson vujudiga oʻxshaydi. Biron bir aʼzoga xastalik yetsa, inson halovatini yoʻqotadi, barmogʻiga tikan kirsa, butun vujudi zirqiraydi. Xuddi shunday, ijodiy jamoadan kimdir – yo aktyor, yo rejissor, yo rahbar boʻlsin – libosni faqat oʻziga qarab bichishga tushsa, shaxsiy manfaatini jamoa manfaatidan ustun qoʻysa, teatr tuzalmas kasallikka yoʻliqadi. Bosh koʻtargan ilonning boshi oʻz vaqtida yanchilmasa, guruhbozlik tomir otadi. Guruhbozlik nainki kichik bir jamoani, balki davlatlar-u tuzumlarni parokanda etishga qodir.
***
Hukumatning katta-kichik arboblari bilan uchrashuvlar yo teatrda boʻlib oʻtgan majlis-yigʻinlarni eslasam, gʻazabdan qiyshaygan yuzlar, olaygan koʻzlar, quloqni qomatga keltirgan baqiriqlar, rahbar-u rahbarchalarning nima deyish, nima qilishni bilmay sarosimada turishlari-yu alang-jalang nigohlari koʻz oldimda gavdalanadi. Ularning qoʻlidan faqat qoʻrqitish, nasihat qilish yoki partiyaning navbatdagi syezdi va plenumidan sitata olib, bizga tegishli deb hisoblangan jumlalarga katta maʼno yuklab oʻqib berish kelar edi, xolos. Oʻz tillarida bayon etisholmas, dasturlardan hijjalab oʻqib berishar edi. Naqadar ayanchli hol...
***
Men birinchi marta davlat rahbarlari, partiya rahnamolari xizmat qiladigan dargohga kirganimda, irodani ikki yelkasidan bosib-bukadigan koʻzga koʻrinmas kuchni his qildim. Birdan oʻzimni yomon koʻrib ketdim. Qilayotgan ishlarim, aytayotgan gaplarim bu ulug‘ dargohga nisbatan tuhmatdek tuyuldi. Hammayoq ravshan, toza, yorug‘, keng. Eng asosiysi, tinch va ulugʻvor. Bu yerda faqat adolatdan bahs etiladi. Men nega buzgʻunchilik qilib yuribman?! Shu kabi oʻy-hislar jangari ruhimni zumda choʻktirib yubordi. Boʻynim qisilib, boʻyim pasayib qolgandek tuyuldi. Lekin meni yoʻqlagan odamning chehrasini koʻrib, gap-soʻzini eshitganimdan soʻng darhol oʻzimga keldim. Men oʻzimda roʻy bergan ruhiy oʻzgarishlarni keyinroq taftish qilib tagiga yetdim.
Qadimda firʼavnlar oʻz huzuriga kiradigan inson ruhini butkul yanchib tashlash maqsadida toshsaroylarini atay ulkan, mahobatli etib qurdirgan ekan. Men ham ulugʻvor bino timsolida gʻoyani koʻrib dovdirab qolgan edim. Alalxusus, gʻoya mohiyatan buyuk, maqsad ezgu. Lekin tasavvurimdagi gʻoya bilan bu yerdagi gʻoya orasidagi farqni ilgʻagach, qoʻrquv-ikkilanishdan asar ham qolmadi.
***
Teatr – sodir boʻlayotgan hodisalarni ravshan aks ettiruvchi oyna, ijtimoiy va maʼnaviy ongning shakllanishiga zamin boʻlguvchi ijodxonadir. Jamiyatda sogʻlom kayfiyat, siyosatda adolat ustuvorligi odamlarda ertangi kunga ishonch tuygʻusini uygʻotsa, teatr sahnasida ham aql va yurakni zabt etuvchi asarlar dunyoga keladi. Aksincha, jamiyatda mahdudlik, maddohlik, yolgʻon, oʻg‘rilig-u adolatsizlik ildiz otsa, teatrda ham shu xil illatlar yaproq yozadi. Qisqasi, jamiyat gullab-yashnasa, teatr ham gullab-yashnaydi; jamiyat ogʻrisa, teatr ham ogʻriydi.
***
Ijodkor ahvol-ruhiyasidagi turgʻunlik ijodida ham zuhur etadi. U ancha avval kashf qilgan ramziy topilma va shakliy unsurlarni takrorlay boshlaydi. Albatta, har bir sanʼatkor yangi marralarni zabt etish oldidan bekatlarda toʻxtab, tin oladi. Bu toʻxtash ijod xaltasidan eskirib qolgan anjomlarni uloqtirib, uni ohorli topilmalar bilan toʻldirish, yangi kashfiyotlar sari tayyorgarlik uchun zarur.
***
Insoniyat tarixida tartib-qonunlar yaratilibdiki, qafaslarga sigʻmas muhabbat doim tazyiqqa, jazoga mustahiq etilgan. Muhabbat inson mushohada va tuygʻularining oliy mahsuli boʻlib, sanʼatning barcha turlarida tarannum etib kelingan boʻlsa-da, olomon tomonidan qoralangan, gunoh sanalgan, toshboʻron qilingan. Alalxusus, sevgi buyruq va istak bilan dunyoga kelmaydi, u bizga ilohiy olamdan berilgan sinov – ham baxt, ham ofatdir.
***
Mixail Bulgakov “Театральный роман” asarida bunday yozadi: “Artistlik psixologiyasi teatr kishisini izzat-nafsi nihoyatda nozik, ham beshafqat, ham jafokash va shu bilan birga hokimi mutlaqdek qattol qilib qoʻyadi. Maqsadga yetish yoʻlidagi barcha chigalliklar, makr-hiylalar birgina ehtiros – rol oʻynashga boʻlgan tashnalikni qondirishga xizmat qiladi. Chiroqlar bilan yoritilgan makonda rol oʻynash asnosida jasorat, xoinlik va yashirin fitna bir-biriga shu qadar mohirona chatishadiki, ulugʻvorlik bilan pastkashlikni ajratolmay qolasiz...”
Mana sizga dahshatli haqiqat! Men boʻlsa doʻstlik, olijanoblik haqida falsafa soʻqib yuribman!..
***
Men shunday rejissorlarni ham koʻrdim, ularning maqsadi – avvalo aktyor “men”ini yoʻq qilish. “Menga fikrlaydigan aktyorlar kerak” desa ham, ularni fikrlash, gapirish huquqidan batamom mahrum etib, toʻlaligicha oʻz irodasiga boʻysundirishga urinadi. Maqsadga esa aktyorni kamsitish, shaxsiyatini toptash yoʻli bilan erishadi.
***
Xayolimni koʻp vaqt bir fikr band qilib kelgan: botinan qul boʻlgan aktyor hur, ozod insonning ruhini yarata oladimi? Yoʻq! Aktyorni qullikdan xalos etish, uni fikrlashga oʻrgatish kerak. Aktyor rejissor, muallif bilan bir qatorda sahna asarini yaratishda teng huquqli ijodkorga aylanishi kerak. Georgiy Tovstonogovning har bir spektaklida aktyor – yetakchi boʻlardi. Shu sabab uning teatrida jahonshumul buyuk aktyorlar yetishib chiqdi. Muallif, rejissor va aktyor – kashfiyotlar yaratishga qodir buyuk uchlik!
***
Proletar inqilobi sahnasida sodir etilayotgan barcha xunrezliklar, adolatsizliklar xalq nomidan qilinayotgan edi. Baxtli kelajak uchun xalqning oʻzi qurbonlikka keltirilayotgan edi. Mantiq degan tushuncha butkul yoʻqolgan shunday qaltis davrda koʻpchilikda vijdon oʻrnini oʻz-oʻzini asrab qolish tuygʻusi egalladi. Oʻz hayotini saqlab qolish maqsadida odamlar xuddi qoʻrqinchli ertaklardagidek jonini olmoqchi boʻlib kelgan yalmogʻizga “Men oriqman, mana bu semiz”, deb yonidagini koʻrsata boshladi. Odamlarning aql-u shuurini oʻlim vahmi chulgʻab oldi. U shu qadar ommaviy va mahobatli ediki, kishilarning qon-qoniga singib, juda uzoq yillar vujudlarda kemiruvchi tirik mavjudotdek yashab keldi. Ming afsuski, bu qoʻrquv avloddan avlodga oʻtib, tomirlarimizda hamon yashamoqda.
***
Ezgulik va yovuzlik oʻrtasida azal-abad kurash kechadi. Lekin bugunga kelib bu ikkisini bir-biridan farqlash qiyin boʻlib qoldi. Ming taajjubki, qotillik, jaholat, razolat kabi illatlar adolat, rahm-shafqat, yaxshilik niqobiga oʻrandi. Shuning uchun bugun yaxshini yomondan, oqni qoradan ajratib olish qanchalar muhim!..
Dilorom KARIMOVA
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 3-son.
“Ibodatxonami yo hasratxona” maqolasi