Bugun shunday boʻldi. Soʻnggi rusumdagi uchta ulovni eshigiga qatorlab qoʻygan, muhtasham hovlilarida davron surayotgan bir qadrdonim telefon qilib qoldi.

– Bir koʻrishaylik, – dedi ovozida odatdagidan farqli bir ogʻirlik bilan. – Falonchi aka anchadan beri xasta emish. Bir xabar olaylik... Faqat, iloji boʻlsa, sizning moshinangizda boraylik.

Telefonni oʻchirdim-u, ichimda bir narsa uzilganday boʻldi. “Ijirgʻanish” deymizmi, “gʻashlik” deymizmi – koʻksimni chimchilab oʻtdi.

“Tavba, uchta “inomarkang” bor-ku! Kuning mening uncha-muncha ishga yaramay qolgan eski “Kobalt”imga qoldimi?” deb xayolimdan oʻtkazdim. Xasislikka yoʻydim, koʻnglim gʻashlandi. Eʼtiroz bildirmadim-u, lekin ichimdagi oʻsha sovuq oʻy bilan yoʻlga chiqdim.

U bilan bozor atrofida uchrashdik. Katta bozorlik qildik. Meni bir soʻm ishlatishga qoʻymadi, hamma xarajatni oʻzi koʻtardi. Lekin mening xayolimda hali ham oʻsha – moshina masalasi soya solib turgan edi.

Xasta tanishimizning darvozasi oldiga kelib toʻxtadik. Ichkariga kirib, uni koʻrdim-u, yuragim orqaga tortib ketdi. Qachonlardir togʻni ursa talqon qiladigan, moddiy tomondan ham, jismoniy tomondan ham baquvvat boʻlgan odamning oʻrnida bir siqim suyak oʻtirardi. Choʻkibdi, juda ozib ketibdi. Koʻzlarida majolsiz bir hasrat. Suhbat asnosida bildikki, boshiga tushgan bu xastalik kamday, bizneslari sinib, hatto uyini sotuvga qoʻyishga majbur boʻlibdi.

Doʻstim uning yoniga oʻtirdi. Yelkasidan quchdi, soʻzlarida shunchalar samimiyat va iliqlik bor ediki, xasta odamning koʻzlarida yillar davomida soʻngan umid uchqunlari qayta yonganday boʻldi.

– Uyni sotmang, – dedi u bosiqlik bilan. – Farzandlaringiz boʻy yetib qoldi, ularning koʻngli oʻksimasin. Muammolar oʻtib ketadi, hammasi joyiga tushadi.

Chiqib ketayotganimizda, u bemorning kaftiga ohista bir dasta pul tutqazdi. Shunday qildiki, goʻyo yordam berayotganday emas, balki qarzini qaytarayotganday tavoze bilan.

Tashqariga chiqdik. Koʻchaga yetganimizda doʻstim toʻxtab, qoʻlimdan kalitni oldi. Bizni kuzatib chiqqan bemor boy doʻstining oddiy moshina ruliga oʻtirganini koʻrib, gʻalati qarab qoʻydi. Ikki kilometrlar yurgach, doʻstim kalitni uzatdi:

– Moshinani endi oʻzingiz haydang.

Yana hayron qoldim. Miyamda mingta savol charx urardi. Uzoqroq ketgach, u chuqur xoʻrsindi-da, mening ahvolimni sezganday izoh berdi:

– Bemor odamning koʻngli juda nozik boʻladi, – dedi u past ovozda. – Hozir u jismonan qiynalyapti, ustiga-ustak ishi yurishmay, moddiy ahvoli ham xarob boʻlib turibdi. Agar biz uning eshigi oldiga hashamatli ulovda borganimizda, koʻngli oʻksir edi. “Bular maza qilib yuribdi, men esa...” deb ich-etini yerdi. Shuning uchun unga “hammasi joyida” ekanini koʻz-koʻz qilgim kelmadi. Oddiyroq boraylik deganim shundan...

U gapirar edi, men esa mashina rulini changallab, peshonamdan chiqayotgan sovuq terni sezmay qolibman. Tomchi-tomchi ter emas, ichimdagi torlik va injiqona xayollarimning uyati edi bu.

Bir-birini sotishga tayyor, birovning yiqilganidan huzur qiladiganlar hozir-u nozir bu zamonda... oʻz doʻstining, hatto uning nozik qalbini asrash uchun shunchalik teran oʻylaydigan odamlar bor-a!

Hilvirab qolgan bu dunyoni aslida shunday, oʻz manfaatidan kechib, oʻzgalarning shaʼni va koʻnglini har narsadan baland qoʻya oladigan “chin INSONlar” ushlab turgan boʻlsa, ajab emas.

Maqsud JONIXONOV