Bu millat shoirining, haqiqiy farzandining hayqirigʻi! Uni eshitmoq uchun sof qalb, toza yurak zarur! Bu “Tanlangan asarlar”ni ham buyuk Oybekning sheʼrlari qatori “Maysaga agʻanab oʻqimoq kerak”. Uqmoq kerak!
Bundan uch yilcha avval kursdoshim, taniqli shoira Kavsar Turdiyevaning ijodiy kechasi munosabati bilan boʻlgan uchrashuv kuni Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davrondan: “Aka, odamlarning tom-tom kitoblari chiqyapti, sizning asarlaringizdan darak yoʻq”, deb soʻragandim, javob juda qisqa boʻldi:
– Topshirib qoʻyganman. Chiqib qolar…
Xayriyat, oʻsha kun keldi. Qoʻlimda Xurshid akaning Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan “Tanlangan asarlar” toʻplami. Soʻzboshiga qiziqdim: Oʻzbekning katta olimi, professor Qozoqboy Yoʻldosh va qizlari, taniqli olima Muhayyoxon Yoʻldoshevalarning soʻzboshisini oʻqigan kitobxon Xurshid Davronday shoirning “shiddatli, joʻshqin, ichki kuch va tuygʻuga boy” asarlari bilan tanishishga, avval oʻqigan boʻlsa-da, qaytadan qoʻliga olmoqqa shoshilib qolishi tayin. Kitob koʻtargan odamni koʻrsa, ajablanadigan zamonga ham yetib kelgan bir paytda shoshilib qoladigan oʻqirmanlar borligidan xursand boʻlib ketishingiz aniq. Buning sababi bitta: ota-bola olimlar taʼkidlaganidek, bu yerda “erk va gʻurur kuychisi” boʻlmish Xurshid Davronning kuchi bor.
Toʻgʻrisi, avvaliga bir oʻquvchi sifatida Xurshid Davronday zabardast adib ijodi haqida fikr bildirishga menga yoʻl boʻlsin, degan oʻy-xayollarga bordim. Buning ustiga, adabiyotimizning haqiqiy jonkuyarlari, oʻta bilimdoni, Qozoqboy akadek olimlari oʻz bahosini berib, “Tanlangan asarlar” haqida atroflicha yozib qoʻygan boʻlsalar. Lekin bir holat dalda berdi. 1990-yili radioda “Oqshom toʻlqinlarida” axborot-musiqiy eshittirishi orqali aslo choʻchimasdan fikr bildirib yuborganim va oʻsha efirda gapirganlarimga akaning samimiy munosabati, har gal uchrashganimizda aytadigan gaplari, qolaversa, “Tanlangan asarlar”ni oʻqiganimdan keyingi hayajon yozishga undadi.
Soʻzboshi bahonasida aytilgan gaplarni aslo chetlab oʻtib boʻlmaydi:
“…Uzoq kelajagini tasavvur qilmagan, uning bugundan koʻra shonliroq boʻlishi uchun kurashmagan millat baxtga munosib emas. Kechagi kunini unutib yuborgan yoki eslagisi kelmagan kimsalar uchun ertangi kun ham boʻlmaydi. Ular xuddi jonliqlar kabi faqat hozir bilan tirikchilik qiladilar”.
Bu satrlarni oʻqigach, oʻylanib qolasan kishi. Oʻz-oʻzidan juda koʻp savollar paydo boʻladi. Quyilib kelaveradi. Baxtga munosib boʻlmagan millat… Oramizda kechagi kunini unutib yuborgan va eslagisi kelmaydiganlar shunchalar koʻpmi? Jonliqlar kabi yashaydiganlar-chi? Bu yorug‘ dunyoga kelgan har bir inson baxtli yashashga haqli, degan gaplarni eshitganmiz, kitoblarda oʻqiganmiz. Lekin baxtli inson, baxtli millat…
Xurshid Davronning “Oybek” degan juda mashhur sheʼri bor. Qozoqboy Yoʻldosh va Muhayyoxon bu noyob asarga munosib baho berib, oʻz aytar soʻzlarini aytib qoʻyibdi. Oʻqidim qayta-qayta. Eslamayin, takror boʻlgani sabab oʻqirmanga eslatmayin, degandim, boʻlmadi.
Oybekning sheʼrini dalaga chiqib,
Maysaga agʻanab oʻqimoq kerak.
Va sokin shivirni – ohangni uqib,
“Oybekmi? Maysami?” – deb tolsin yurak.
Oybekning sheʼrini bedazor aro,
Soy sasi aralash tinglamoq zarur,
Bilmay qolsin yurak suv uzrami yo
Oybekning sheʼrida oʻynaydi bu nur?
Nazarimda, bu sheʼr Xurshid Davronning buyuk Oybek domlaga boʻlgan yuksak ehtiromi, uning ijodiga mehri, munosabatigina emas, balki oʻlmas ijodning musavvir Xurshid Davron tomonidan chizilgan, davrlar, yillar oʻtsa-da, aslo oʻchmaydigan, aksincha, odamlarni hayratlantiradigan, oʻziga tortib rom qiladigan noyob asar-surati deyish mumkin. Bu sheʼrni oʻqigach, sheʼriyatni sal-pal tushunadigan bugungi kun oʻquvchisi ham Oybek domla asarlari jamlangan kitobni qoʻltigʻiga qistirib, dalaga chiqib ketgisi kelib qoladi. Beixtiyor egat boshiga borib yonboshlaganida, shudring tarqamagan maysadagi nam taʼsiri beliga oʻtganini ham sezmay, oʻqirmanga aylanishi hech gap emas.
Koʻzlarimdan ayrilib koʻrdim butun dunyoni…
Abu Abdulloh Rudakiyning asaridagi satrlar epigraf qilib olingan ajoyib bir sheʼr bor.
– Dunyo goʻzal, – dedi,
qari shoirning
oʻyilgan koʻzlari menga boqardi.
– Dunyo goʻzal, – dedi
boʻsh qaboqlarning
qaʼridan sitilib qonlar oqardi.
Dunyo goʻzal… Haq gap. Lekin biz koʻzi ochiqlar, hammamiz ham shu goʻzallikni soʻqircha boʻlmay, his qilmay yashamayapmizmi? Bu yorug‘ dunyoning goʻzalligini bilmaydiganlar qancha? Shu goʻzallikni toptaydiganlar, xoʻrlaydiganlar, kunpayakun qilayotganlar-chi? Tog‘ bagʻriga boring, bog‘ oralang, kimsasiz choʻl-u biyobonga boqing: goʻzallik bor. Faqat uni koʻra bilish kerak.
Oʻtgan asrda Toshkentda Oʻrol Tansiqboyev degan bir musavvir yashagan. Oʻsha rassom poyezdda qorni ochganini ham esdan chiqarib, qozoq choʻllariga mahliyo boʻlib ketayotganida, hamrohlaridan biri: “Ogʻa, tushlikka yuring, tomosha qiladigan nima bor bu yaydoq choʻlda?” degan gapni aytadi. Shu zahotiyoq bu hamrohlar rassom uchun begonaga aylanadi. Tabiatni jondan yaxshi koʻrgan buyuk musavvir ular bilan gaplashmay qoʻyadi. Mana goʻzallikni koʻrgan-u koʻrmaydiganlar orasidagi farq. Goʻzallikni koʻrmaslar harakati oqibatida insoniyat boshiga ne tashvishlar tushayotganini koʻpchilik bilib, koʻrib turibdi. Ertaga nima boʻladi? Dunyo goʻzalligini koʻrish uchun koʻzlar ochiq boʻlishining oʻzi yetmaskan. Shoir Xurshid Davron nidosi:
– Dunyo goʻzal, – dedi, – boqma koʻzimga,
Bu goʻzal dunyoda ming rang, ming ohang.
Hali ishonasan mening soʻzimga
Sen ham koʻzlaringdan bir kun ayrilsang.
Yaqinda buyuk allomaning hayoti aks etgan “Alixontoʻra Sogʻuniy haqida xotiralar” deb nomlangan kitobni oʻqib qoldim. Marshal buvaning nabirasi Bahmanyor Shokir yozgan bu kichik kitobda katta gaplar aytilgan ekan. Undan oʻrin olgan “Bogʻi Eram” deb nomlangan lavhadan bir parcha:
“Bobom nihoyatda yuksak didli, taʼbi nazm sohibi edilar. Esimda, bir kuni endigina quyosh koʻtarilgan tong mahali – subhidamda bogʻda yurgan edilar. Bir mahal ularning: “Bahmanyor oʻgʻlim, tez keling, mana buni koʻring!” deganlarini eshitdim. Yugurib yonlariga borsam, bobom sal engashib, atirgul bargidagi shudring tomchisiga zavq bilan tikilib turibdilar.
“Qarang, oʻgʻlim, buning goʻzalligini koʻring, – dedilar bobom, – dunyoning butun ranglari shu qatrada mujassam! Moʻjiza-ku bu, subhonolloh, subhonolloh!”
Ana, butun hayotini erk va ozodlik yoʻliga tikkan buyuk inson, marshal boboning goʻzallikka munosabati! Sogʻuniy hazratlari talaygina sheʼrlar yozgani ham bejiz emas. Xurshid Davron sheʼriyati bilan tanishgan oʻqirman shoirning tabiatga boʻlgan ajib muhabbatini koʻrishi aniq. Goʻzallikni koʻra olish, undan zavqlanish shoir Xurshid Davron sheʼriyatida yarq etib koʻzga tashlanadi. Bunda Sogʻuniy bobo bilan Xurshid aka oʻrtasida qandaydir yaqinlik borday koʻrindi menga.
Shoir borki, Vatan haqida sheʼr yozadi. Sheʼr nimaligini tushunib yetmagan qizaloq ham Vatan haqida sheʼr yozishga harakat qiladi. Lekin shunday sheʼrlar borki, Vatan haqida sen aytmoqchi boʻlgan gapni oldindan aytib qoʻyadi, yumilgan koʻzlarni ochadi, tasavvuringizni uygʻotib yuboradi. Buni haqiqiy sheʼriyat deydilar.
Shoir yuragidan otilib chiqqan satrlar dilingizga yaqinligi uchun sheʼrda oʻzingizni koʻrasiz. Uni oʻqib, koʻzingizni yumgach, tasavvuringizda ostona, tugʻilib oʻsgan qishlogʻingiz – Vatanning bir boʻlagi paydo boʻladi. Tanish manzaraga duch kelasiz. Musofirlik nimaligini anglab yetganlarning koʻpchiligidan: “Qishloqqa borsam, yayrab ketaman”, degan gaplarni eshitganman.
“Iya-iya, qachon kelding?
Bormisan bu dunyoda oʻzi?” –
deya meni kutib olar qishloqqa qaytsam,
yoʻl chetida oʻsgan giyohlar…
Ortga qaytsam:
“Sen kimsan?” – deb tanimas shahar.
Yoʻl chetida oʻsgan giyohlarning ham kutib olishi… Vatanning ulugʻligini koʻrsatish uchun balandparvoz gaplarning keragi yoʻq. Xurshid Davron sheʼrini oʻqib, bunga yana bir bor tan berasiz. Oʻzingiz oʻqimasangiz, nabirangizga oʻqitib, tinglang. Aslida, bu sheʼr qishloqdan kelib, shaharda qoʻnim topganlarning qoʻshigʻi. Qoʻshiq boʻlgandayam hayotning oʻzi.
“Oʻzbek tili – Davlat tili” deb karillaymiz. Har yili 21-oktyabrda bir kun bayram ham qilamiz. Ommaviy axborot vositalari borki, hammasi tilga kiradi. Lekin bu tilni davlat tili qilamiz, deb kuyib yonganlarning dardi ichida. Nega? Hafsalasi pir boʻlganmi?
Mahallada yashayman. Baʼzan kechqurun koʻcha aylansam, “продаётся дом” degan eʼlon-yozuvlariga koʻzim tushadi. Oʻris yasharmikan, deb bir-ikki uyga xaridor sifatida kirib ham koʻrganman. Yoʻq, hammasi oʻzbeklar. “Baraka topgur, sening uyingni boshqa millat olmaydi, olsa ham oʻz tilingni ham uyingga qoʻshib sotma”, degim keladi. Yana befoyda ekanligini bilaman. Shuning uchun indamayman.
Yana boshqa bir manzara. Bu sahna koʻrinishi emas, haqiqat. Koʻchada ikki qiz gaplashyapti. Birovning gapiga quloq solish odobsizlik. Nachora, avtobus toʻxtash joyi torroq. Bir-biri bilan “ulugʻlar tili”da gurung qilgan oʻzbeklarning soʻzlashuvini eshitishga majbursiz. Ular or qilsa kerak ona tilida gaplashishga. Uyida ingliz va boshqa tilda tili chiqqan bolasidan xursand ota-onaning quvonchi cheksizligini koʻrish odatiy holga aylanyapti. Aslida, til bilganning nimasi yomon? Bir emas, oʻn tilni bilsin. Undaylar bilan faxrlanaylik. Lekin oʻz ona tilini bilmaslik, unutish, shu tilda gaplashishga or qilish darajasiga yetishni nima deyish kerak? Qanday baholamoq lozim?
Shunday paytda ham millat oydinlari jim turaverishlari kerakmi? Millat shoiri qanday orom olib uxlaydi? Badaniga tikanlar kirmaydimi? Xayriyat, bu millatning Xurshid Davronlari bor, haqiqiy shoirlari bor. Shuning uchun shoirning qop-qora sochlari oqarib ketgan. “Qani u tim qora jingalak sochlar?” deging keladi. Dard koʻp. Shoir nima qilsin? Alamini satrlarga toʻkadi-da. Mana hayqiriq, mana nido:
Oʻz tilini unutgan xalqning
bogʻlarida oʻsgan gullarni
chirmab uxlar zaharli ilon.
Oʻz tilini unutgan xalqning
osmonida porlamas quyosh –
nur oʻrnida toʻkiladi tosh.
Oʻz tilini unutgan xalqning
uyqusida aslo orom yoʻq –
tegib turar kuragiga oʻq.
Oʻz tilini unutgan xalqning
mozorida ajdodlar qabri
uzra qoʻyar bolalar tikan.
Oʻzga tilga mehr qoʻyib, oʻz tilini unutganlar bu satrlarni tushunmasliklari mumkin. Shoirning hayqirigʻini sezmasliklari ham tayin. Nima qilish kerak? Hech boʻlmasa, koʻp joylarga yozib, shiorday osib qoʻysa boʻladi-ku! Bir-ikkita bemaza reklamaning oʻrnini egallasa, nima boʻpti? Oʻzga millat tilida gapirib, oʻz tilini unutganlar bu qanday sheʼr boʻldi, deb soʻrasalar, oʻzbek tilini biladiganlar oʻqib berishsa, gʻaflat uyqusidan uygʻonib ketar balki? Ha, aslida, bu asar maktablarda, bolalar bogʻchalarida devorlarga osilgan shiorlar qatoridan joy oladigan sheʼr. Gʻururi bor adabiyot muallimi oʻquvchilariga bu sheʼrni yodlatadi.
Shoirning “Doʻstim Shavkat Rahmonga” degan sheʼri shunday misralar bilan boshlanadi:
Hamdard izlagan chogʻim
Toʻsatdan seni eslab
Zirqiradi yuragim.
Shu satrlarning oʻzi bu ikki ijodkorni biladiganlar, haqiqiy sheʼr oʻqirmanlar uchun yetarliday. Hamdard izlash… Bugun koʻplar uchun ogʻir, azobli, oson boʻlmaydigan ish. Dard koʻp-u, hamdard yoʻq, deganday.
Sheʼr davom etadi:
Dardlarimni aytay deb
Seni izlab borgandim –
Derazang qop-qorongʻu.
Umid bilan izlab borganda qop-qorongʻi deraza kutib olsa. Bu holatni bilmoq, tushunmoq uchun ikki shoir Xurshid Davron va Shavkat Rahmon dunyosiga kirmoq kerak. Ammo bu dunyoga kirish oson emas. Boshqacha olam. Buni hamdardlar dunyosi deydilar. Axir hamma ham hamdard boʻlavermaydi…
Toʻplamda Xurshid Davronning yana “Shahidlar shohi” deb nomlangan ajoyib bir asari bor. Bu asarni katta yozuvchining uyqusiz tunlari, mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan, oʻzbek adabiyotini boyitgan shoh asarlardan biri deyish bilan cheklanganim maʼqul.
“Bosqinchilik qahramonlik boʻladimi?”
Sarlavhaning oʻzi koʻp narsani aytib turibdi. “Звезда Востока” oynomasining oʻsha vaqtdagi bosh muharriri S.Taturga yozilgan bu ochiq xatni millat farzandining jasorati deyish mumkin.
Ochiq xat mazmuniga oʻtishdan oldin bir voqeani eslashga toʻgʻri keldi. Oʻtgan asrning oʻrtalarida Sohibqiron Amir Temur nomini tilga olishdan odamlar choʻchib yurgan kunlari oʻzbekning bir allomasi, akademik Ibrohim Moʻminov katta olimlarni toʻplab, buyuk bobomiz haqida asar yozish taklifini oʻrtaga tashlaydi. Hamma jim. Nihoyat, domlaning oʻzlari yozadi. Shunday qilib, “Amir Temurning tarixdagi oʻrni va roli” deb nomlangan kichik risola paydo boʻladi. Undan keyin domlaga qilingan hujumlarning qay darajada boʻlganligini koʻpchilik biladi. Lekin bir haqiqat bor. Oʻshanda akademik Moʻminov tarixiy jasorat koʻrsatgandi.
Xurshid Davron ham oʻzining bu ochiq xati bilan haqiqiy jasorat koʻrsatdi. Oʻshanda oynomaning 3-sonida Mixail Popovning “Ак-паша – белый генерал” deb nomlangan maqolasi bosiladi. Xurshid aka ham ayrimlarga oʻxshab “bitta oʻris bola aljirasa aljirabdi-da”, deb qoʻya qolsa boʻlardi. Yoʻq! U jim oʻtirib tomoshabin boʻladiganlardan emas. Ochiq xat boshlanishida millatimizning boshiga ogʻir kunlar tushganda himoyachilaridan biri boʻlgan buyuk adib Chingiz Aytmatovning “Bosqinchi qahramon boʻlolmaydi” degan soʻzlari oʻrin olgan. Shundan soʻng yozuvchi Xurshid Davron bosqinchining qahramon boʻla olmasligini isbotlagan. Xurshid Davron Aytmatovning bu soʻzlari orqali bugungi kunda ham bosqinchilarga nisbatan qarashlari oʻzgarmagan kimsalarga javob berib qoʻya qolgan. Popovning maqolasi toʻqson toʻqqiz foiz yolgʻondan iborat ekanligini bildirib, birma-bir aniq javob qaytargan. Xurshid aka bundan avval ham Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati haqida bir nechta maqola yozgan. Lekin bunisi boshqacha boʻlgandi. Maqolani oʻsha kuniyoq toʻligʻicha respublika radiosining oʻz paytida tinglovchilar nazariga tushgan “Oqshom toʻlqinlarida” axborot-musiqiy eshittirish orqali oʻqib bergandim. Sal choʻchibroq boʻlsayam, munosabatimni bildirib yuborganman. “Qoʻsh-qoʻsh unvonlari bor tarixchi olimlar, qaydasiz? Sizlarning ishingizni millatning zoʻr shoiri bajarib qoʻyganligini tan olsangiz kerak”, degan gaplarni ham aytgandim. Ertasiga olimlardan javob kutganman. Jimjitlik… Biz shundaymiz!
Xurshid Davron yozadi:
“A.Aminov, B.Boboxoʻjayev kabi sovet tarixchilari mahalliy xalq rus bosqinchilariga deyarli qarshilik koʻrsatmaydilar, deb uyalmay-netmay yozganlarida, oʻz ona yurtlari Turkistonni dushmanlardan himoya qilib halok boʻlgan qahramonlar xotirasini toptaganlarini oʻylab koʻrganmilar? Ilmiy haqiqatga xiyonat qilgan tarixchilar Toshkent shahrining zabt etilishiga hissa qoʻshgan Abdurahmonbek Shodmonbekov, Qoʻqon xonligida kechgan milliy ozodlik kurashini bostirishda fon Kaufmandan maslahatlarini ayamagan Mirza Hakim parvonachi, Samarqandning botir oʻgʻloni Bobonbek Aliboy oʻgʻlini ruslarga tutib bergan Saidxon Karimxonovga oʻxshagan sotqinlar bilan teng turadilar”.
Yoshligimda keksalardan “Iskobilga bordik”, “Iskobilning chinorlari koʻp”, degan gaplarni koʻp eshitganman. Toʻgʻrisi, oʻshanda bu Iskobil degani qanday joy ekanligini bilmaganman. Ular bugungi Fargʻonani Iskobil degan ekanlar. Skobelev kabi qonxoʻr bosqinchilar nomi bilan atalgan yana bir qancha joylar yaqin-yaqingacha boʻlganligini koʻpchilik, ayniqsa, keksalar yaxshi bilishadi.
Xurshid Davronning bu ochiq xatini romanlarga tenglashadigan asar degim keladi. Bu asarda Chor hukumatining bosqinchilik siyosati aniq maʼlumotlar orqali fosh qilib tashlangan. Tarixiy haqiqat isbotlangan. “General Skobelev kim?” degan savolga javob berilgan.
“General M.D.Skobelev tashabbusi bilan qoʻzgʻolonchi qipchoqlarga qarshi “Ikki suv orasi” deb nomlangan urush harakatnomasi ishlab chiqiladi. Bu harakatnoma, asosan, qoʻzgʻolonchilarga qarshi qaratilgan boʻlib, yana bir marta urush uyushtirish, qoʻzgʻolonchilarning asosiy kuchlarini tor-mor etish koʻzlangan edi.
Qonxoʻr general bu niyatini amalga oshirish maqsadida yoʻlida uchragan barcha qishloqlarni kultepaga aylantirib, 1876-yilning 8-yanvarida Andijon ostonasiga yetadi. Oʻrtada dahshatli jang boshlanadi. Andijonliklardan 20 ming odam oʻldiriladi…
– Xalq qonini daryo qilib oqizgan, yoʻlida uchragan barcha qishloqlar kulini koʻkka sovurgan, tirik jonni, bola demay, ayol, qari demay, tigʻdan oʻtkazgan general Skobelev esa 1876-yilning 19-fevralida podshoh hukmi bilan tashkil etilgan Fargʻona oblastining harbiy gubernatori deb eʼlon qilindi”.
Bu asarda Chor bosqinchilarining oʻlkamizda amalga oshirgan yovuz ishlari toʻgʻrisida juda koʻplab voqealar keltiriladi. Asosli tarixiy haqiqat Popovning yolgʻonlarini chilparchin qiladi. Yolgʻon aralashmagan haqiqat kuchli ekani koʻrsatiladi.
Oʻzbek farzandlari Chor Rossiyasi bosqini davri haqida bilishi shart boʻlgan maʼlumotlar borligi bilan ham bu asar maktablarda darslik sifatida oʻqilishi kerak, degan xulosaga kelishga asos boʻla oladi. Xurshid aka oʻzining bu asarini alohida kitobcha qilib chop ettirsa, yaxshi boʻlardi. Chunki bu kitob orqali “bosqinchi kim?” degan savolga javob ham topiladi. Ota-bobolarining ayanchli qismatidan xabardor avlod uchun hozirda ham tez-tez otilib turgan toshlarga javob berishda bunday asar kuchi, salmogʻi katta boʻladi. Xurshid Davron oʻzining bu asari orqali bir ijodkor sifatida oʻz millati oldidagi vazifasini, burchini bajarib qoʻygan:
Bu dunyoda bosqinchidek gʻar,
Bosqinchidek zolim yoʻq, xalqim!
Bu millat shoirining, haqiqiy farzandining hayqirigʻi! Uni eshitmoq uchun sof qalb, toza yurak zarur! Bu “Tanlangan asarlar”ni ham buyuk Oybekning sheʼrlari qatori “Maysaga agʻanab oʻqimoq kerak”. Uqmoq kerak!
Anvar ABDUVALIYEV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist
“Hurriyat” gazetasi, 2026-yil 8-aprel, 14-son.
“Maysaga agʻanab oʻqimoq kerak…” maqolasi