Oʻzbekistonda hafta oxirida quruq va iliq ob-havo saqlanib qoladi. Bu haqda “Oʻzgidromet” xabar berdi.

Qayd etilishicha, havo harorati asosan kechalari 3–8 daraja, kunduzi 15–20 daraja iliq boʻladi.

Mamlakatning shimoliy hududlarida esa kechasi harorat 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha, kunduzi 12–17 daraja iliq boʻlishi kutilmoqda.

Shamol sharqdan sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi. Shimoliy va choʻl hududlarida uning tezligi baʼzi joylarda sekundiga 13–18 metrgacha kuchayib, ayrim joylarda chang-toʻzon bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida ham 23–25-oktyabr kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan sekundiga 3–8 metr tezlikda esadi.

Poytaxtda havo harorati kechalari 5–7 daraja iliq boʻladi. Kunduzi 23-oktyabrda 19–21 daraja, 24–25-oktyabr kunlari esa 17–19 daraja iliq boʻlishi prognoz qilinmoqda.