Dunyoning amiri – inson, insonning amiri – qalb, qalbning amiri – maʼrifat, maʼrifatning amiri – Xudoni tanituvchi ilmdir.
* * *
Kim oʻz nafsini tarbiya qilsa, nafs yomon xulqlardan tiyiladigan boʻladi va unday kishini Parvardigori yordam va madad berish bilan qoʻllaydi. Oʻshanda kishining ilmi nurli, zulmatlarni yorituvchi boʻladi.
* * *
Hikmat – ilmning ichki tarafi (yaʼni, magʻzi) va u har bir narsani oʻz oʻrniga qoʻyishdir.
* * *
Maʼrifat bilan Allohni tanish qalbni nurga toʻldiradi. Bu nur esa nafs olovini kuydiradi. Iztirobga tushgan inson faqat maʼrifat bilan sokin boʻladi. Qalbda maʼrifat qancha koʻp boʻlsa, nafs ham shuncha sokin boʻladi.
* * *
Bajarganingda qalbingda huzur-halovat, orom va taskinlik paydo boʻladigan amal savobli ishdir.
* * *
Ilm – nurdir. Insonlar Alloh taolo oldida qanchalik masʼuliyatni his etsa, shunchalik maʼrifatga ega boʻladi. Inson qalbi yovuzlikdan qanchalik tozalansa, ilm yanada mukammal boʻladi va nur taratadi.
* * *
Jaholat nafs xususiyati boʻlib, u zulmatdir. Tanaga nafsning shahvat va lazzatlari oʻrnashsa, qalb zulmatda qoladi.