13-may kuni tunda mahallamizda yolgʻiz yashovchi 73 yoshli onaxon vafot etdi. Onaxonning besh qizi boʻlib, hammasini uzatgan, oʻzi esa yolgʻiz yashardi. Janoza vaqtida kutilmaganda kichik kuyovining oʻrtaga chiqib aytgan gapi hammani sarosimaga solib qoʻydi.

Kuyovning aytishicha, onaxon unga tunda telefon qilib: – Bolam, kechasi bezovta qilganim uchun kechiring. Bir soʻzim bor edi. Balki bu soʻnggi qoʻngʻirogʻim boʻlar. Ertaga uyimga kelinglar. Yostigʻim ostida sizga bir omonat qoldiraman, – degan.

O‘sha qoʻngʻiroqdan soʻng onaxon omonatini topshirgan. Janozaga qarindosh-urug‘, qoʻshnilar va mahalla ahli yigʻildi. Kichik kuyov esa onaxon aytganidek, bolish ostiga qarab, bir konvertni topdi – u vasiyat xati edi.

Kuyov janozada – barcha yigʻilganida konvertni ochib, xatni oʻqib berdi, davradagilarning koʻziga yosh keldi. Unda shunday soʻzlar bitilgan edi:

“Alloh menga 5 qiz berdi, oʻgʻil bermadi. Men ularni qornimda koʻtardim, tugʻdim, emizdim, oʻstirdim, oʻqitdim va egalariga topshirdim. Bugun oyoqlarimda kuch qolmadi. Ammo shu 5 ta qizlarimdan birontasi menga mehr berolmadi. Bugun yolgʻiz qoldim. Bugun qarilikdan tanam xasta boʻlsa, mehrsizlikdan qalbim xasta. Bilaman, hozir hamma farzandlarim oʻlimimni kutishyapti. Oʻlsam, shu uy-joy ham talash boʻladi. Birgina siz, qizimdan yashirib boʻlsa ham, bozorliklar qilib tashlab ketdingiz. Qoʻlimga pul berdingiz. Dorilarimni olib berdingiz. Erka oʻgʻlim, Alloh bergan neʼmatim, sizdan mingdan-ming roziman. Men bu dunyoda 5 qiz koʻrib, bir marta boʻlsa ham farzand mehrini ulardan his qilmadim, sizdan his qildim. Shuning uchun bu xatni qizimga emas, sizga qoldiryapman. Iltimos, bu xatni janozamda oʻqib bering. Mening hayotim odamlarga oʻrnak boʻlsin. Bolalarini boqaman deb ishlab, tarbiyalariga vaqt ajratmay menga oʻxshab oxirida xor boʻlmasinlar. Uyni boʻlsa sizga vasiyat qilaman. Uni soting va tushgan mablagʻni yetimlarga, tolibi ilmlarga bering. Afsus, ortimdan duo qiladigan farzandlar qoldirolmadim. Inshaalloh, shu tolibi ilmlar sabab Alloh meni jannati bilan siylaydi. Mendan rozi boʻling.”

Mahalla imomi bu vasiyatni eshitib “dod”, deb yigʻladi.

Yigʻilganlar bu voqeadan qattiq taʼsirlandilar. Ayrimlar qizlariga achinishgan boʻlsa, yana kimlar oʻzlarining qilmishlarini sarhisob qilib yigʻladilar.

Ona – bola dunyoga keltirgani uchun emas, toʻqqiz oy qornida koʻtarib, har bir nafasini farzandiga bagʻishlagani uchun ulugʻdir. U oʻz hayotini bolasi uchun fido qilgan yagona insondir.

Bola kasal boʻlsa, ona u bilan birga ogʻriydi. Bola quvоnsa, ona dili yashnaydi. Ona – farzandining qadamiga duo, koʻz yoshiga mehr, gunohiga magʻfiratidir. Uning har bir nafasida “bolam” degan iltijo yashaydi.

Muhammed Mamadraiumovning feysbuk sahifasidan olindi.