Oʻlmas asarlar qanday dunyoga keladi? Biz koʻpincha bu jarayonni ilhom parilarining tashrifi yoxud ilohiy uchqun bilan bogʻlashga oʻrganib qolganmiz. Ammo Xloya Chjaoning shu yil Oskar olgan filmi – “Hamnet” bu romantik qarashlarni xotirjamlik bilan chetga suradi. Film insoniyat tarixidagi mashhur pyesalardan birining yaralish tarixini ochiq koʻrsatadi: Eng kuchli va oʻlmas asarlar aslida ojizlik, ruhiy qulashdan qutulishning yagona chorasi sifatida tugʻiladi.
“Nega bunday? Nima uchun bu filmni koʻrish kerak” – maqolada aynan shu savollarga javob qidiramiz.
Vabo
Barchasi qanday yuz berdi? Tahlilga shoʻngʻishdan oldin, voqealar foniga qisqacha nazar tashlaylik. Film voqealari XVI asr oxirida Angliyada boʻlib oʻtadi. Asar markazida – yosh, hali dunyoga tanilmagan Uilyam va uning rafiqasi Agnes (Enn Xeteuey). Ularning sokin, koʻzdan nari hayoti qishloqqa qoʻrqinchli vabo (qora oʻlat) kirib kelishi bilan parchalanadi. Vabo ularning 11 yoshli egizak farzandlaridan biri – Hamnetni olib ketadi. Farzand dogʻi oila muhtashamligiga putur yetkazadi: Agnes Stratforddagi uyida mazkur dard bilan yakkama-yakka qoladi, Uilyam esa London teatridagi ishlarini davom ettiradi. Butun film ana shu yoʻqotish qanday qilib oilani halokat yoqasiga keltirgani va yakunda adabiyot tarixidagi eng buyuk tragediyalardan biri – “Hamlet”ning yozilishiga turtki boʻlgani haqida hikoya qiladi.
Motamning ikki qutbi
Aytaylik, sizning ham oʻn bir yoshli oʻgʻlingiz toʻsatdan vafot etdi. Oʻlim hech qanday mantiqqa boʻysunmaydi, u ruxsat soʻramaydi va izoh bermaydi. Filmda onaning motami juda taʼsirlanarli va tomoshabinga ruhan ogʻir taʼsir oʻtkaza oladi. Agnes bolaning kiyimlaridan uning isini axtaradi, qorongʻu qabrda bolam sovuq qotyapti degan oʻydan oʻrtanadi. U voqelikning shafqatsiz yuziga tik qaraydi, shu orqali qaygʻuni yashab oʻtadi.
Lekin ota nima qiladi? Uilyam Shekspir bu “mantiqsizlik” bilan yuzlashishni istamaydi. Aynan shu nuqtada psixologiyadagi “sublimatsiya” jarayoni ishga tushadi. Zigmund Freyd bu tushunchani insonning ichidagi qabul qilib boʻlmas darajadagi ogʻriq va destruktiv (buzuvchi) energiyani ijtimoiy maqbul, yuqori maqsadlarga, deylik sanʼatga yoʻnaltirish deb taʼriflagan. Jondan aziz bolasini tuproqqa qoʻygan ota oʻzini aqldan ozishdan qanday qutqaradi? U dardi bilan kurashmaydi, balki uni qogʻozga koʻchiradi.
Sahnadagi qurbonlik
Oʻlim uning eng qadrli boyligini tortib oldi, u qogʻoz ustida oʻlim va tartibsizlik daxl qilolmaydigan, qonunlarini faqat oʻzi belgilaydigan mutlaqo parallel olam yaratadi. Ammo bir savol tugʻiladi: ayol mudhish reallikda farzand qabrini quchoqlab yotgan bir paytda, erning Londondagi yogʻoch sahnaga qochib ketishi – qanchalik toʻgʻri? Agnesning nazdida Uilyam ularning shaxsiy fojiasini, bolaning oʻlimini yigʻilgan olomonga tomosha qilib sotyapti.
Lekin tarix sahifalarida muhrlangan, asarning asl dardini ochib beruvchi qiziq bir fakt bor. Uilyam Shekspir bu pyesani ilk bor namoyish etganda Hamletning emas, balki oʻldirilgan otani, yaʼni Arvoh rolini ijro etgan. Buning sababi psixologik burilishdagina emas edi. Voqelikda Hamnet vabo tufayli jon taslim qilayotganda, otasi uning yonida boʻlmagan va bolasi bilan xayrlasholmagan.
Reallikda oʻgʻil jon taslim qilgan, ota qabr ustida yigʻlab turibdi. Sahnada esa aksincha, ota oʻldirilgan, oʻgʻil tirik va otasining qasosi bilan yashayapti. Qarangki, usta dramaturg pyesada reallikni yuz sakson darajaga oʻzgartirib tashlaydi. Vijdon qiyinogʻida oʻrtangan, bolamning oʻrniga men oʻlsam boʻlmasmidi, deb faryod urgan ota sanʼat orqali oʻgʻli bilan oʻrin almashadi! U oʻzini qorongʻu goʻrga tiqadi (Arvohga aylanadi) va garchi qogʻozlarda boʻlsa-da, oʻgʻliga hayot (Hamlet) baxsh etadi.
Ichimizdagi yoʻqotishlar bilan yashash
Xoʻsh, moziy changlariga koʻmilgan bu fojia, parda ortidagi bu tahlil bugun, ayni shu damda matnni oʻqib turgan oʻquvchiga nima beradi? Yer-u koʻkni ostin-ustun qilmoqchi boʻlgan, ammo goho hayot zarbalaridan karaxt boʻladigan biz – zamondoshlarga nima soʻylaydi?
Barchamiz hayot deb atalmish karvonda nimanidir yoki kimnidir yoʻqotamiz. Buyuk orzularimiz parchalanadi, yoshligimiz bizni tark etadi, jon qadar sevganlarimiz kaftimizdan suvdek toʻkilib ketadi. Barchamizning ichimizda kichkina, oʻlib ketgan oʻzimizning “Hamnet”larimiz bor.
Biz oʻsha yoʻqotishlar girdobida nima qilyapmiz? Reallikning sovuq devoriga bosh urib qotib qolyapmizmi yoki ichimizda yemirilayotgan alam va depressiyani qandaydir intizomga, buyuk bir loyihaga, abadiy qoladigan qadriyatga sublimatsiya qila olyapmizmi? Ogʻriqlarimiz ich-ichimizdan yeb bitiradigan foydasiz xaos boʻlib qolyaptimi yoki biz oʻz qismatimizning muallifiga aylanib, undan qandaydir maʼno qura olyapmizmi?
“Hamnet”ni shunchaki koʻzyosh toʻkiladigan navbatdagi gʻamgin film sifatida tomosha qilish adolatsizlik. Bu asar inson qalbini parchalaydigan ogʻriqni qanday qilib yashash energiyasiga aylantirish boʻyicha sokin va ogʻriqli bir darslikdir. Agar ichingizda mudhish fojialar shaxsiyatni parchalash oʻrniga uni qanday qilib yuksaklikka olib chiqishi haqida savol boʻlsa yoki agar siz biron marta “nega yaratamiz, nega yozamiz?” deb oʻylagan boʻlsangiz, bu filmni albatta koʻring.
Samandar ERKINJONOV