Togʻlar uzoqlardan haybatli koʻrinadi va yaqiniga borsangiz, ularning qorli choʻqqilari koʻklarga tutashib ketganday tuyuladi.
Har qaysi odamning bir oʻzak xislati boʻladi. Boshqa barcha xislatlarini shu oʻzak xislat boshqaradi va oʻz ortidan ergashtiradi.
Shoir, adib dramaturg Shuhrat (Gʻulom Alimov)ning ham shunday oʻzak xislati boʻlgan.
Uning haqgoʻyligi – odamiyligi va adiblik faoliyatining oʻzak-negizi edi.
Shuhrat aka haqgoʻy inson edi.
U haqiqat uchun mahkam turardi.
U oʻz hayotini romanlarga, oʻz qalbining noyob koʻtarinki kechinmalarini sheʼrga, dostonga, balladaga aylantirardi.
Zotan, uning hayoti xuddi romanga – yirik, keng planli, bagʻirdor, tayyor romanga oʻxshardi.
Esimda: “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas”larni ilk bora oʻqiganda, bu ikki oʻziga xos bagʻrikeng asarning Elmurod va Sodiq ismli bosh qahramonlari baayni Shuhrat akaning oʻzi ekanligini koʻrib, tuyib, hayratga tushganman.
Yozuvchi, iloji yoʻq, maʼlum maʼnoda va darajada, meʼyorda bichib-toʻqiydi, yozayotganlariga jindak yolgʻon ham qoʻshadi, qahramonlari va ular boshiga tushgan voqealar, koʻrgiliklarni boʻrttiradi, ideallashtiradi, bir soʻz bilan aytganda, har tomonlama boyitadi. Salmoqli, yaxlit adabiy hodisaga aylantiradi.
Albatta, Shuhrat oʻzbek adabiyoti qahramonlari galereyasida juda yorqin oʻrin tutgan oʻz qahramonlariga oʻzidan nimalarnidir qoʻshgandir, umumlashtirgandir (tanqidchi, adabiyotshunoslar tili bilan aytganda) – agar shunday boʻlsa, bu adabiy mehnatda, badiiy hunarda juda tabiiy hol, – lekin “Shinelli yillar”, “Oltin zanglamas” va sal soʻngroq “Jannat qidirganlar”ni oʻqiganda men buni bir oʻquvchi sifatida sezmagan, payqamagan, qayeri toʻqima, qayeri real, deb oʻylab oʻtirmaganman. Menga bu romanlar nihoyatda hayotiy – voqealarning bari rost, real boʻlib koʻringan. Shuhrat romanlarini estetik idrokimga shunday qabul qilganman.
Yozuvchi bamisoli hech narsani boʻrttirmagan, hech narsani boridan koʻra chiroyliroq, yombiroq, qabariqroq qilaman deb bosh qotirmagan, balki borini boricha yozgan.
Noyob va adabiy ijodda behad qimmatli hayotiylikka, hayotiy qabariqlikka erishgan. Buni qarangki, shu bilan birga Shuhrat romanlari ayni chogʻda, yana adabiyotchilar tili bilan aytadigan boʻlsak, hayotdan nusxa koʻchirish ham emasdi. Biron-bir tasvirda naturalizm koʻrinmas va gʻashga tegmasdi. Va uning tasviri “fotografiya” usulidan, fotografiya rostgoʻyligi va aniqligidan ham juda yiroq edi.
Shuhrat romanlarida hayotga bu qadar yaqinlik, bu qadar hayotiylikning siri nimada edi?
Bu sirning kalitini men adibning oʻzida, uning yorqin, azamat, devkor feʼl-atvorida, odamlarga, oʻz yozuvchilik va insonlik qismatiga boʻlgan yondashuvlarida, qoyaday mustahkam maʼrifatli prinsiplarida – hech yoʻldan toymas, ogʻmas, boʻyalmas, oʻzgarmas olijanob adolatida koʻraman.
Shularning yaqinligida u Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Avloniy, Munavvar qori, Choʻlpon, Ubaydullaxoʻja, Usmon Nosirlarga kelbati tortardi.
70-yillar tugayotgan bir pallada Shuhrat uyiga chaqirdi. Oydin bilan birga bordik. Olcha pishgan payt edi. Mehmondoʻst Tursunoy opa bir chinni tovoqda obdon pishgan “shponka” olcha terib kelib dasturxonga qoʻydi. Ular Oydin bilan ichkarida dardlashisharkan, biz Shuhrat aka ikkimiz yoz oqshomining salqinida orom olib, boʻrtib, tarang tortib pishgan bir tovoq “shponka”ni paqqos tushirganmiz. Olchaning hushyor torttiruvchi turush va juda yoqimli taʼmi koʻksimizni toʻldirardi.
Sir yoʻq: men jadidlarga, ularning ishlari, asarlariga mubtalo edim. Asarlari ham, ishlari ham yuragimga sarimoyday yoqardi. Suhbat chogʻida maʼlum boʻldiki, Shuhrat aka mendan koʻra yuz karra, balki ming karra ortiq jadidlar mubtalosi ekan. Ular ijodini xoʻb oʻqigan, ularning hayoti qirralari, fojialari, ajib qahramonliklaridan boxabar ekan.
Oʻshanda ulkan, chuqur, serob, sertoʻlqin daryo boʻyida ikki soat birga oʻtirganday, daryo shukuhi, fayzi, ulugʻvorligidan bir umrga yetgulik bahra olganday boʻlganman.
Uyga qaytarkanman, butun oʻy-xayolimni Shuhrat aka bilan boʻlgan suhbatning nashidasi chulgʻagan edi.
Oʻylardim: nega Shuhrat aka shunday balogʻat pallasida jadidlar haqida roman yozmaydi? Nega bu noyob qahramonliklarni aks ettirmaydi? Axir, bu xalqimiz uchun boshqa hech narsa bilan solishtirib boʻlmaydigan va boshqa hech narsa bilan oʻrni toʻlmaydigan ibrat, kurash, iroda maktabi boʻlishi mumkin edi-ku? Ammo ajab! Bu boʻshliqning oʻrni xalqimiz uchun hanuz toʻlmagan! Hanuz bu ulugʻvor choʻqqilar adabiyotimiz tomonidan zabt etilmagan, hamon bu ulkan ijtimoiy qimmatga ega ish adiblar boʻynida qarz boʻlib turmoqda! Agar Shuhrat jadidlar haqida bir emas, hatto bir necha roman yozishga oʻtirsa, bunga qurbi-qudrati yetar va bular oʻzbek xalqining ulug‘ va oʻlmas, qurimas romanlari – hayot va goʻzallik buloqlari boʻlurdi! – oʻsha kech suhbatimiz taʼsirida shunday oʻylardim va xayolim goʻyo oʻsha yozilmagan romanlarning sahifalarini birma-bir varaqlardi. Zotan, Shuhrat akani jadidlarday ulug‘ millatparvar va ijtimoiy muborizlar haqida asarlar yozishga baayni yetilgan, yuksak insoniy, ziyoli, balogʻatga erishgan adib, deb tanirdim.
Koʻp yillardan buyon hayotda roman-adiblar boʻladi deb yuraman. Behbudiy shunday roman-odam edi. Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon, Soʻfizoda, Hamza… shunday roman-odamlar edi. Nazarimda, bizning katta zamondoshimiz, shoir va adib Shuhrat ham xuddi shunday va mana shularday roman-odam va roman-adib edi. Hali hamon shu fikrdaman, shu oʻydaman.
Roman-odam fikrimcha, yirik, salobatli, oʻz gʻoyalari, oʻz hayotiy prinsiplari, oʻz ijodiy, insoniy falsafasiga ega shaxsdir. U voqealar atrofidamas, voqealar uning atrofida, uning orbitasida gulduros solib aylanadi. Zotan, roman-odam katta hayot fazosi – orbitasi bor odamdir. Bu orbitada davrning juda koʻp rang-barang voqeliklari, inson taqdirlari, bir-biridan ulug‘, serzarda, ziddiyatli voqealar charx uradi va zamon kishilarini oʻz aylanish doirasiga ohanraboday tortadi.
Shuhrat akani zamondoshlari va tengdoshlari shunday ulug‘ orbitaga ega inson, adib deb bilishar, qadrlashardi. Uning barcha tengdoshlari, safdoshlari: Said Ahmad, Shukrullo, Yongʻin Mirzo, Vosit Saʼdulla, Turob Toʻla, Asqad Muxtor, Neʼmat Toshpoʻlat, Hibziddin Muhammadxonov, Poʻlat Moʻmin, Hakim Nazir, Pirimqul Qodirov, Ibrohim Rahim… uni gʻoyatda eʼzozlashardi, qayda boʻlmasin, buyuk hurmat-ehtirom bilan Shuhrat haqida soʻzlashardi.
Shuhrat aka ham oʻzi bilardi, kuch-qudrati nimalarga yetishi, nimalarga qodirligini anglar, his qilardi. Bir kuni u aytgan ekan: “Men bu hayotning atrofidamas, naq ichida boʻlganman!” Bu oʻta mardona gap! Haqgoʻy insonning ulug‘ mashaqqatlar, urinishlarda topgan joʻn gapi! Shuhrat aka: Sodiq bu – men, Elmurod bu – men! – deb balki aytmagandir. Lekin barcha fozil zamondoshlari sezar edilarki: ha, Sodiq bu – Shuhrat, Elmurod bu – Shuhrat!
Oʻtmish hukumatdorlarining barcha toʻp-zambaraklari, ajal qurollari, buni qarangki, ayni haqgoʻylarga qarshi qaratilgan edi. Haqgoʻyga oʻzini mehnatkashparvar qilib koʻrsatishni sevadigan davlat tuzumida ham kun yoʻq edi!
Shuhrat sheʼriyat, nasriy soʻzlarida, hayot ichida haqgoʻy edi – urushning butun dahshatlarini koʻrdi, Stalin lagerlari azoblarini boshidan kechirdi, nisbatan tinch, yaxshi zamonlar kelganda ham bu haqgoʻyni katta hayotdan chetlatishga, iloji boricha uni cheklash, ovozini oʻchirishga, asarlarini boʻgʻishga, eʼtiborsizlik, qadrsizlik chakalakzorlariga uloqtirib tashlashga koʻp urindilar. Metindan bino boʻlgan Shuhrat esa oʻzining jadid ustozlari kabi titramadi, adolatsizliklar oldida bosh egmadi, alp qomatini hamisha tik tutdi. Adib Oʻtkir Hoshimov Shuhratning bu xususiyatini xoʻb yorqin qilib aytgan: “Shoir, adib, dramaturg Shuhrat zamon azoblaridan yiqilib, toʻshakka yopishib qolgan chogʻida ham titroq qoʻllari bilan haqiqat oldida titramaydigan asarlar yozdi”.
1998-yilda Shuhratning “Mashrab” romanining ilk fragmentlari va zamondoshlarining u haqdagi xotiralari bir kitob holida nashr qilindi. Bu kitobda Shuhratni yaxshi bilgan bir qator adiblar, uning iqtidorli shogirdlari, zamondoshlarining juda qimmatli guvohliklari, maʼlumotlari, qalbdan quyilib chiqqan izhorlari jamlangan. Bu kabi xotiralar ayni chogʻda adiblar va oʻquvchilarning Shuhratga boʻlgan ulkan muhabbati ehtiromining ovozidir. Shunday muhabbatga sazovor boʻlish insonga mangu sharaf, odamiylik shuhratining chinakamligidir.
Ibrohim GʻAFUROV,
Oʻzbekiston Qahramoni
“Jadid” gazetasi 2024-yil 10-may 20-son