Internet paydo boʻlishi bilan hayotning juda koʻp aspektlari, kundalik maishiy turmushdan tortib biznes va menejment, yuridik va konsullik xizmatlari va hatto davlat boshqaruvigacha birin-ketin virtual dunyoga koʻchdi. Olis masofadan turib nafaqat eshitish, balki koʻrish orqali virtual muloqotni ommalashtirdi. Bugun ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ketdi.
Ayni paytda dunyoda 1 mlrd auditoriyaga ega “Instagram”dan Oʻzbekistonda 1 586 500 kishi foydalanadi. Jami 2 mlrd 476 mln 590 ming aʼzosi bor “Facebook” esa mamlakatimizda 686 400 kishini birlashtirgan. Jahonda 200 mln insonni jamlagan “Telegram” bizda 18 mln kishiga xizmat koʻrsatmoqda. Har qanday yangilikning musbat va manfiy taraflari boʻlganidek, axborot xavfsizligini taʼminlash masalasi ham kun tartibiga chiqdi.
Axborot va texnologik taraqqiyot ortidan paydo boʻlgan xavf-xatarlarning eng asosiylari axborot qurollari, IT sohasidagi jinoyatlar, siyosiy kurashda axboriy xurujlardan foydalanish hisoblanadi. Tinchlik davrida axborot qurollarini qoʻllash orqali biror mamlakatda siyosiy inqiroz, hatto mavjud siyosiy tuzumga qarshi ommaviy noroziliklarni keltirib chiqarish mumkin. Axborot qurollari inson ongi va ruhiyatiga taʼsir qilibgina qolmay, ayni paytda jamiyatning axborot va texnik tarkibiy qismini oʻzgartirib yuboradi. Bunga misol sifatida boshqaruv tizimlarini oʻchirib qoʻya oladigan, maʼlumotlarni soxtalashtira oladigan kompyuter viruslari, mantiqiy bombalar va hokazolarni keltirish mumkin.
Ikkinchi xavf axborot sohasidagi ijtimoiy jinoyatlar hisoblanib, ayrim shaxs yoki jamiyatga, davlatga qarshi qaratilgan boʻladi. Ushbu turdagi jinoyatlarga elektron pullar bilan firibgarlik, kompyuter bezoriligi kiradi. Ularning oldini olish milliy xavfsizlik siyosatining asosiy vazifalaridan biriga aylanmoqda. Bu, ayniqsa, keyingi paytlarda kiberterrorizm va xalqaro kompyuter jinoyatlari xuruji kuchayishi bilan izohlanadi.
Axborotlashgan jamiyatga intilish yangi turdagi xavf va tahdidlarni keltirib chiqarayotganiga guvoh boʻlar ekanmiz, bunday vaziyatda jamiyatning oʻzidan xalqaro, milliy, jamoat va shaxsiy xavfsizlik muammolariga masʼullik talab etiladi. Avvalo, axborot qurollarini ishlab chiqarish va tarqatishni nazorat etish, kiberterrorizm va xalqaro kompyuter jinoyatlariga qarshi kurashda barcha faoliyatlarni muvofiqlashtirish; intellektual mulk va ochiq tarqatiladigan materiallarga mualliflik huquqlarini himoya qilish ustidan nazoratni amalga oshira oladigan xalqaro huquqiy kelishuvlarni ishlab chiqish kerak boʻladi. Internet tarmogʻida odamlarning jismoniy-ruhiy va maʼnaviy salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi odobsiz va haqoratli ommaviy maʼlumotlar, notoʻgʻri reklama, soxta bitimlar va materiallar tarqalishini nazorat qilishning eng maqbul yoʻllarini ishlab chiqish toqozo etiladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda populizm, jamoat ongini manipulyatsiya qilish, trollar fabrikasi, feyk (yolgʻon) xabarlar, inson shaʼni va qadr-qimmatini, tashkilotlarning ishchanlik obroʻsini tushiruvchi maʼlumotlarni tarqatish, internet-bulling kabi oʻyinlar tinimsiz davom etayotgan ekan, bularning har biri zamirida qandaydir manfaat turadi. Taassufki, ishonchli va obyektiv axborotga qaraganda yolgʻon xabar hamisha tez tarqaladi. Bu esa turli-tuman mish-mishlar, uydirmalar, agressiyani keltirib chiqaradi, davlat organlari, biznesga ishonchsizlik paydo qiladi. Buyuk Britaniya siyosatchisi Uinston Cherchill aytganidek: “Haqiqat shippagini kiyguncha yolgʻon dunyoning yarmini aylanib chiqishga ulguradi”.
Keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrini ochiq bayon qilishga, yangi tashabbus va takliflarini bildirishga tayyor fuqarolar bilan birga trollarning tez-tez maydonga chiqayotgani tashvishlanarli. Ular soxta nom ortiga yashirinib, gʻarazli postlar yoki jamoatchilik ongini boshqarishga urinuvchi ochiq yolgʻonlarni tarmoqqa joylaydi. Izohlarda esa odamlarni obroʻsizlantirishga, adovatni avj oldirishga harakat qilishadi. Bu maʼlum bir davlatda tartibsizlik va gʻalayonlarga, moliyaviy zarar koʻrishga olib keladi. Misol uchun, Zambiyada aholining 80 foizini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi “ZESCO” davlat kompaniyasining Xitoyga sotilishi haqidagi yolgʻon xabar internetda tarqalgach, minglab odamlar koʻchaga chiqishdi. Feyk ortidan yuzaga kelgan mitinglar kompaniya aksiyalarining arzonlashib ketishiga sabab boʻldi.
Baʼzida arzimagan hazil ham ogʻir halokatlarga olib keladi. Bundan ikki yil avval Hindistonda “samosud” ortidan oʻnlab kishilar vafot etganidan koʻpchilik xabardor. Notanish kimsalar “WhatsApp” messenjeri orqali oddiy odamlarni qotil va zoʻravon sifatida koʻrsatuvchi xabarlar tarqatgan edi.
Kuzatishlar axborot olamida Oʻzbekistonga qaratilgan axborot xurujlari, mustaqillik sharoitida rivojlanib kelayotgan mamlakatning ijtimoiy-siyosiy tuzumini yemirishga, iqtisodiy barqaror rivojlanishini barbod qilishga, yoshlar ongiga “ommaviy madaniyat”ni singdirishga urinayotgan kuchlar ham anchagina ekanini koʻrsatmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻzlarini AQSh, Litva, Turkiya, Rossiya yoki yurtimizning turli viloyatlarida yashayotgandek taqdim qiladigan (lekin birortasi ham ishonarli maʼlumot emas) ayrim kimsalar axborot xuruji bilan shugʻullanib kelayotgani maʼlum boʻlmoqda. Achinarlisi, muallifining saviyasi pastligi va dunyoqarashi torligidan dalolat berib turuvchi, savodsizlarcha yozilgan postlar nafaqat oʻqilmoqda, balki ularni maʼqullaydigan izohlar ham qoldirilmoqda. Fikr bildirayotganlarning aksariyati yoshlar. Chunki hayotda koʻr narsani koʻrgan tajribali kishilar, ziyoli qatlamni bunday fitnalar bilan yoʻldan urish mushkul.
Jamiyatimizda zamon bilan hamnafas yigit-qizlar bilan bir qatorda kim nima desa, shunga ergashib ketaveradigan, lekin oʻzining borligini ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirib qoʻygisi keladigan gʻoʻr tengdoshlarimiz ham koʻpligi kishini taassufga soladi. Nazarimizda, ularda hayotiy tajriba, mustaqil fikr, eng asosiysi, bilim yetishmaydi. Dunyoqarashi toʻla shakllanib ulgurmagan. Shu oʻrinda oiladagi tarbiya nuqsonlari, maktabdagi taʼlim kemtiklari yaqqol koʻzga tashlanib qoladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, yoshlarni yot gʻoyalardan asrashning eng maqbul yoʻli ularga eʼtiborni yanada kuchaytirish, ilm-fan, madaniyat-sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kitobxonlikni keng targʻib qilish va, eng muhimi, jamiyatga hamda oʻziga foydali boʻlgan yumush bilan band etishdir.
Zoirxoʻja OʻLMASXOʻJAYEV,
Oʻzbekiston Milliy universiteti mustaqil tadqiqotchisi