Oʻz istaklaringiz bilan yashash xudbinlik emas. Boshqalarning sizdek oʻylash, fikr yuritish va yashashini istash, shunga majbur etish chinakam xudbinlikdir.

Oskar Uayld

***

Haqiqat vaqti-soati bilan har bir xonadonga soʻroqsiz kirib keladi. Chaqirilmagan qoʻnoq hech kimni ayamaydi. Yashirinishga, qochishga urinamiz, ammo u endi avvalgidek yashashimizga yoʻl qoʻymaydi.

Andrey Biljo

***

Ziyolilik va xushmuomalalik fazilatlari surbetlik, odobsizlik va zoʻravonlik illatlari bilan yuzma-yuz kelganda gohida ojiz qoladi. Chindan ham, tarbiyasiz va razil kimsalarga qanday muomala-munosabatda boʻlmoq kerak? Ular qoʻllayotgan usuldami? U holda yomonlardan farqimiz qolmaydi-ku?! Bu muammo ommaviy tus olganidan xabari ham boʻlmagan buvim qoʻshnilar uning uyidan oʻgʻirlab olgan choyshablarni quritgani dorga yoyganda tashqariga chiqmoqqa uyalardi.

Vladimir Bukovskiy

***

1980-yili 48 yoshimda meni SSSRdan haydab solishdi, fuqarolikdan ham mahrum etishdi. “Qayta qurish” boshlangandan soʻng 1989-yili quvgʻindan Moskvaga qaytdim. Yonimda olmon pasporti. Mamlakatga kirishda anketa toʻldirish lozim ekan. Soʻrovnomada “Avval Sovet Ittifoqida boʻlganmisiz? Necha marotaba? Qancha muddat?” degan savollar bor ekan. Men bunday deb yozdim: “Ha, boʻlganman. Bir marta. 48 yil”.

Vladimir Voynovich

***

Bizni idora etayotganlarda na haqiqat, na aql, na adolatga tayangan kuch va na sogʻlom gʻoya bor. Shunday ekan, ular nimaga tayanib bizni boshqarmoqda? Albatta, bizning nodonligimizga tayanib!

Vasiliy Shukshin

***

Ziyoli deganda koʻz oldimizga koʻp kitob oʻqigan, badastir taʼlim olgan, chet mamlakatlarga sayohat qilgan va bir necha tilni biladigan inson keladi. Biroq odam shularning bariga ega boʻlaturib ham ziyoli boʻlmasligi va, aksincha, oʻshalardan mosuvo inson ich-ichidan ziyoli boʻlishi mumkin. Ziyolilik faqat keng bilimda emas, balki boshqalarni tushunish iqtidoridadir.

Dmitriy Lixachyov

***

Yetmish yoshdan oshib saksonga yaqinlashgan doʻstimning maktubidan parcha: “Osmonni yelkamda ushlab turmaganimni anglab yetdim... Oʻtayotgan kunimni umrimning soʻnggi lahzalari deb bilmoqni oʻrgandim. U haqiqatan ham yorug‘ dunyodagi oxirgi kunim boʻlishi mumkin”.

Entoni Hopkins

***

“Nega meni yoqtirmay qoldi? Axir, unga biror yomonlik qilmadim-ku?” deya hayron boʻlib yurgan odamlarni koʻp uchratasiz. Unutmangki, siz oʻz samimiyatingiz va aʼlo xulqingiz bilan oʻsha kimsaning qabohatga toʻla borligʻini inkor etarak uni “haqorat” qilgansiz.

Andre Morua

***

Otlar kechuvda almashtirilmaydi. Ammo aravakash almashtirilsa foydadan xoli boʻlmaydi.

***

Yoshlikning romantizmi oʻrniga albatta qarilikning revmatizmi keladi.

Leonid Shebarshin

***

Ne tongki, nokaslar oʻz kirdikorini barcha zamonlarda din, axloq va vatanparvarlik bilan niqoblaydi.

Heynrix Heyne

***

Odamlarga quchogʻingizni qancha keng ochsangiz, sizni chormixga tortmoq shunchalar oson kechadi.

Fridrix Nitshe

***

Chan Kayshining oʻgʻli Xitoy rahbari Mao Szedunning qatagʻon siyosatini qoralab, millatdoshlariga yoʻllagan maktubida “Shunday mamlakatda yashamoqdasizki, sizlarga hatto sukut saqlash ham taqiqlangan” deb yozgan ekan.

***

Fransiya imperatori Napoleon III ning yaqin qarindoshlari bir jinoiy ishga aralashib qoladi. Imperator Oliy sud raisini huzuriga taklif qilib, “Bir xizmat qilib yuboring” deya, xesh-aqrabosini jazodan qutqarib qolishni soʻraydi. “Sud xizmat koʻrsatmaydi, hukm chiqaradi”, deydi sudya.

***

Xudoning bir-u borligini rad etgan, Rossiyada sovet hokimiyatini oʻrnatgan inqilobchi, davlat va siyosat arbobi Nikolay Buxarin 1937-yili oʻlimidan oldin jallodning oyogʻi ostiga yiqilib, shafqat soʻrab iltijo qiladi, insoniy or-nomusini yer-la yakson etadi. Soʻnggi rus podshosi Nikolay Ikkinchi oila aʼzolari bilan birga qatl uchun yertoʻlaga olib tushilganda esa oʻzini vazmin va mardonavor tutadi... Qissadan hissa: “Siyosatchi uchun oʻlim hayotdan koʻra ham muhim boʻlishi kerak!”

Edvard Radzinskiy

***

Taras Shevchenko kundaligiga yozib ketgan quyidagi hodisadan mutaassir boʻlganman: “Dekabr oyining qahratonida anhor boʻylab ketib borardim. Qarshimdan bir yalangoyoq chiqib, sadaqa soʻradi. Uzun chakmonimning bogʻichini yechib pul olib berishga erindim. Seni xudo siylasin, deb yoʻlimdan qolmay ketayotgan edim, birdan suvning shaloplagan ovozi eshitildi. Ortimga qaytdim. Boyagi tilanchi muz oʻyiqqa tushib, choʻkib ketibdi... Shu kundan eʼtiboran yoʻlimda uchragan har bir soyilga xayr-sadaqa qilmoqqa odatlandim. Tilanchi aynan menda insonga xos shafqatsizlik chegarasini oʻlchab koʻrishga qaror qilgan boʻlsa-chi, deb oʻylardim...”

Sergey Dovlatov

***

Halokatga uchragan “Titanik” kemasida millioner Jon Jeykob Astor IV ham bor edi. Bisoti “Titanik” kabi oʻttizta kema qurishga yetardi. Oʻlim xavfi bilan yuzma-yuz kelgan 47 yoshli ishbilarmon qutqaruv qayigʻidagi oʻrnini ikki bolakayga boʻshatib beradi. Amerikadagi “Macyʼs” doʻkonlar tarmogʻining egasi Isidor Shtraus va uning rafiqasi ham qayiqdagi joyini boshqalarga tuhfa qiladi.

Bu odamlar maʼnaviy tutumlaridan chekinmoqdan koʻra boylig-u hayot bilan vidolashmoqni afzal koʻrgan. Ular tanlagan yoʻl insoniylik qanchalar ulug‘ qadriyat ekanini tasdiqlaydi.

***

Afrikaning qay bir mamlakatida sherlar sulloh itlar toʻdasi yordamida ovlanadi. Kuchuklar shiddat bilan chiyillab akillaydi va sher... halok boʻladi. “Oʻrmon hukmdori” qoʻrquvdan emas, balki nafrat va jirkanishdan jon taslim etadi.

Edvard Radzinskiy

***

Bilib qoʻyingki, hali-hamon shaʼningizga maqtov yogʻilayotgan boʻlsa, demak, rohi rostni topmagansiz. Aksincha, maddohlarga maqbul yoʻldasiz.

 Fridrix Nitshe

***

Axborot urushida haqiqatni gapirayotgan tomon yengiladi. Chunki toʻgʻrisoʻz odam faqat haqiqat bilan cheklanadi. Yolgʻonchi esa ogʻziga kelganini aytaveradi.

Robert Shekli

***

Barcha mavjudotlar ichida insongina kulish qobiliyatiga ega. Holbuki, uning kulmoq uchun vaj-sabablari qanchalar oz!..

Ernest Heminguey

***

Tarixning eng achchiq saboqlaridan biri shuki, bizni uzoq vaqt mobaynida ahmoq qilib, aldab kelgan boʻlsalar, yolgʻonning yolgʻonligini isbotlovchi dalillarni-da rad etishga moyil boʻlib qolamiz. Bizga endi haqiqatgoʻylik begona. Yolgʻon bizni har tomondan qurshab oladi. Sodda va laqma boʻlganimizni tan olish – hatto oʻz-oʻzimizga – gʻoyat alamli va azobli kechadi.

Karl Sagan

***

Oʻzingizga jafokash, qurbon etilgan odam maqomini nisbat berishdan qoching. Ahvolingiz qanchalik yomon boʻlmasin, bunga tashqi kuchlarni: tarixni, davlatni, rahbariyatni, irqingizni, ota-onani, bolalikni, tarbiyangizni (bu roʻyxat tugamaydi!) ayblashdan tiyiling. Aybni birovning gardaniga yuklagan chogʻda ishonch-u qatʼiyatingizni barbod qilasiz... Sirasi, hayotni faqat huzur-halovati uchun emas, qiyinchiliklari uchun ham qadrlang. Har safar mushkul ahvolga tushib qolganingizda, tamoman umidsizlik sizni qurshab olganda, koʻngilsizlik yoki qiyinchiliklar girdobi oʻz domiga tortganda esda tuting: hayot siz bilan oʻzi yaxshi biladigan yagona tilda gaplashayotir.

Iosif Brodskiy

***

Men muvaffaqiyatga erishish sir-asrorini bilmayman, biroq muvaffaqiyatsizlik “formulasi”ni yaxshi bilaman, bu – hammaga yoqish istagi.

Ernest Heminguey

***

Oʻz fikringizga ega boʻlmoq uchun jasur, uni yashirmoq uchun esa donishmand boʻling.

Alan Rikman

***

Kimki olomonni toʻgʻri yoʻldan adashtirishning uddasidan chiqsa, osongina uning xoʻjayini boʻladi. Kimki olomonni es-hushini yigʻib, aql-idrok bilan ish tutishga oʻrgatishga chogʻlansa, uning qurboniga aylanadi.

Gyustav Lebon

***

Odamlar boʻladiki, qalbi ummon tubidek toza va chuqur – shoʻngʻib ketgingiz keladi. Odamlar borki, sassiq koʻlmakka oʻxshaydi – engil-boshingizni bulgʻamaslik uchun aylanib oʻtasiz.

***

Bilimli insonni nega koʻpchilik xushlamaydi? Gap shundaki, kitobxon, keng bilimli inson yomon xaridorga aylanadi: u kir yuvish mashinasi, avtomobil kabi matohlarni hadeb xarid qilavermaydi, ular oʻrniga Motsart yoki Van Gog yoinki Shekspir asarlarini afzal biladi. Bundan esa isteʼmolchilik iqtisodiyoti zarar koʻradi, bozor egalarining daromadi kamayadi. Shu bois ular odamlarning bilimli va madaniyatli boʻlishiga tish-tirnogʻi bilan qarshi. Zero, intellektdan mahrum toʻdani manipulyatsiya qilish oson.

Vladimir Arnold

***

Amerikalik yozuvchi Mark Tven hali tanilmagan chogʻida kechki ziyofatlardan birida yonida oʻtirgan xonimga “O, naqadar goʻzalsiz!” deya xushomad qiladi. “Siz haqingizda bunday deya olmayman!” deydi xonim bepisandlik bilan. “Menga oʻxshab yolgʻondan boʻlsayam lutf qilsangiz boʻladi-ku!” deydi hozirjavob adib.

***

Oʻz oilangni yaxshi koʻrish uchun begona oilalardan nafratlanishning hojati yoʻq. Vatanparvarlik bilan millatchilikning farqi katta. Birinchisining mohiyatida Vatanga muhabbat mujassam boʻlsa, ikkinchisida boshqa xalqlarga nisbatan nafrat mavjud.

Dmitriy Lixachyov

***

Bizning butun fazilatimiz – tafakkur qilish layoqatimizda namoyondir. Bizni makon va zamon emas, faqat fikr yuksakka koʻtaradi, chunki makon va zamon nazdida biz arzimas zarramiz, xolos.

Blez Paskal

***

Dunyoning ishlarini tuzatmoqqa kirishishdan avval oʻz uyingdagi ahvolga uch karra nazar sol.

 Xitoy maqoli

***

Xasta boʻlmas sogʻlom vujud, ketmas boylik va abadiy hokimiyat yoʻq. Bularning barchasi omonat! Oʻz hayotini oʻtkinchi matohlarga bagʻishlagan inson qoʻrquv, halovatsizlik, azob va qaygʻu ogʻushida yashashga mahkum.

Epiktet

***

Tarixiy tajribadan maʼlumki, maʼnisiz, aniqroq aytganda, telbavor, ahmoqona gʻoyalar ommaning qalbi va ongini osonlikcha egallaydi.

Vladimir Voynovich

***

 Ustritsalar (dengiz mollyuskasi) chigʻanoqlarini oy toʻlganda ochadi. Oʻsha pallada qisqichbaqa ustritsaga tosh otadi. Ichiga kirib qolgan tosh sababli chigʻanoq qayta yopilmaydi. Shu tariqa ustritsa qisqichbaqaning yengil oʻljasiga aylanadi. Sergaplarning qismati ham shunday...

Leonardo da Vinchi

***

Biror millatga ustunlik berilgan yoki maʼlum bir millatga mansublik gunoh sanalgan mamlakat – baxtsizdir!

Robert Rojdestvenskiy

***

Kishi ruhan va qalban qanday boʻlsa, olam va odamda ham oʻsha xarakter, tarbiya va tiynatni koʻradi.

Antuan de Sent-Ekzyuperi

***

Odatda aybsiz odamlar vijdon azobida koʻproq qiynaladi.

Erix Mariya Remark

***

Ona Zaminimizga xavf solayotgan, insoniyatni, balki butun tiriklikni jismonan mahv etadigan eng dahshatli ofat – atom urushi ham, haroratning keskin koʻtarilishi ham emas. Insoniylikni yoʻqotish ulkan antropologik halokatdir.

Chingiz Aytmatov

***

Qadimgi yunonlarda fikrlash layoqati buyuk inʼom sanalgan. Soʻng u baxt timsoliga, keyinchalik esa kasallikka aylandi. Bugunga kelib u... baayni jinoyat hisoblanadi.

Erix Mariya Remark

***

Maʼnaviy yuksak boʻlmoq – ruhan erkin va ozod boʻlmoq demakdir. His-tuygʻularini jilovlay bilmagan, mudom gʻazab va qoʻrquvga asir inson hech qachon ruhan ozod boʻlolmaydi.

Konfutsiy

Rus tilidan Jaloliddin SAFOYEV tarjimasi

“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 1-son.

“Chaqirilmagan qoʻnoq”