Hajga borishni koʻpchilik orzu qiladi. Shuni istagan koʻngilga ezgulik urugʻi qadaladi. Ammo ziyoratga borish shartlari orasida shaxsning maʼnaviy yetukligi alohida qayd etilgan. Xoʻsh, maʼnaviy yetuklik nimalarda aks etadi?
Uzoqqa bormaylik. Ilgari xonadonlarda kunora tandir-tandir non yopilgan. Sirtdan qaragan odam shuncha nonni kim yeydi, deyishi mumkin. Biroq momolarimiz, onalarimiz yopgan non sochiq yoki dasturxonga oʻralib, qishloqning u chekkasidan bu chekkasigacha tarqatilgan. Tansiq taom qilinsa, albatta, bemorlar, yakka-yolgʻizlar, oʻzgalar parvarishiga muhtojlarga ulashilgan.
Shu oʻrinda farzandlaridan birining Abdulla Qodiriy haqidagi bir xotirasini eslaylik. Bir oʻgʻli adibdan velosiped olib berishni iltimos qiladi. Shunda yozuvchi mahallada hammaning ham velosiped olishga qurbi yetmaydi, senga olib bersak, boshqalarning koʻnglini oʻksib qolishi mumkin, deydi.
Ha, koʻngil uchun oʻlmoq kerak! Oʻzganing dilini ogʻritib qoʻygan inson hajga ketishi oldidan kechirim soʻrab borishi bejiz zarurat hisoblanmaydi. Haj amalining maʼnaviy asosida ota-bobolarimiz, momolarimizdan qolgan eng goʻzal urf-odat va qadriyatlar yotibdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Uyimizga mehmon kelsa, qoʻshni taom koʻtarib, mehmonni yoʻqlab chiqadi. Sizning mehmoningiz – bizning mehmon, deydi. Bu gap zamirida mezbonning qoʻni-qoʻshni, mahalla oldida obroʻsi borligi ham aks etadi.
Muhammad Javhar Zamindor rivoyat qiladi: bir kishi dono odamning oldiga kelib: “Ayting-chi, men yaxshi odammanmi yoki yomon? Buni qanday bilsa boʻladi?”, deb soʻrabdi. Oqil kishi bunday javob beribdi: “Qoʻshnilaringdan soʻra, agar ular seni yaxshi, desa, demak, yaxshisan”.
Bir ishni boshlashdan avval mahalla-koʻy nima deydi, deb oʻylashning oʻzi har birimizning hayotimiz mahalla bilan, insoniy fazilatlarimiz va qadriyatlarimiz bilan bogʻliqligini koʻrsatadi.
Davlatimiz rahbarining muqaddas haj ziyoratiga ketgan minglab yurtdoshlarimiz holidan xabar olishi ham ana shu goʻzal qadriyatlarimizga borib taqaladi. Kundalik rejasi davlat yumushlari bilan tigʻiz boʻlgan davlatimiz rahbarining muqaddas haj amalini bajarib turgan fuqarolari holidan xabar olishga vaqt topishi insoniy fazilatlarning, gʻamxoʻrlikning yuksak amaliy namunasidir.
Qani ayting-chi, qay birimiz minglab hojilarimizning ona vatanimiz tinchligini soʻrab qilgan duolarida bir necha soniya boʻlsa-da eslanmadik? Qay birimiz duo bilan el koʻkarishiga shubha qildik?!
Haj safariga ketgunga qadar bir oilaning holidan xabar olgan kishi qaytib kelgach, bir necha oilaning holidan xabar olishga urinadi. Zero, bir insonning koʻnglini obod qilish Kaʼbani obod qilishga tenglashtirilgani bor gap. Biroq umra yoki haj ziyoratidan qaytgan ayrimlarning hovlisida yoki restoranlarda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan dabdababozlikka yoʻl qoʻyayotganini ijtimoiy tarmoqlarda koʻrib, nafaqat biz, balki butun dunyo ahli lol qolayotir. Bunday kimoʻzarlig-u xoʻjakoʻrsin bizga qachon yuqib ulgurdi?
Koʻplab hojilarimiz ziyorat chogʻida xorijliklar tomonidan Imom Buxoriy avlodlari sifatida ehtirom etilganini eshitganmiz. Madaniyati, ilm-fandagi olamshumul kashfiyotlari bilan dunyo tamadduniga hissa qoʻshgan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Ahmad Fargʻoniy avlodi ekanimizdan faxrlanamiz. Xoʻsh, bugun farzandimizga bitta kitob sotib olib berishga ogʻrinsag-u, xoʻjakoʻrsinga doshqozonda osh damlab, tarqatsak, kim degan odam boʻlamiz?.. Qoʻshnimiz, mahalladoshimizning farzandi oliy maʼlumot olish uchun shartnoma pulini toʻlashga muhtoj boʻlib tursa-yu, biz hali dunyoni anglamagan chaqaloqni qimmat mashinada yetti mahallaga dong taratib tugʻuruqxonadan olib chiqsak... Otasiz yoki onasiz qolgan bola koʻchada mayda-chuyda oʻgʻirlab voyaga yetayotgan boʻlsa-yu, uni koʻrib-koʻrmaganga, eshitib-eshitmaganga olsak...
Biz Imom Buxoriy avlodlarimiz. Biroq allomaning “Al-adab al-mufrad” hadislar toʻplamini, Abu Lays Samarqandiyning “Tanbeh ul-gʻofilin”ini, Imom Gʻazzoliyning “Mukoshafat ul-qulub”ini, Ahmad Yugnakiyning “Hibat ul-haqoiq”ini nega oʻqimaymiz? Abu Nasr Forobiyning yuksak insoniy fazilatlar tarannum etilgan “Fozil odamlar shahri”ni yoddan bilsak, Abu Rayhon Beruniy, Najmiddin Kubro, Muhammad Porso, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkir allomalarimizning oʻnlab asarlaridagi odob-axloqning goʻzal namunalarini anglashimiz, xulqimizga, hayotimizga koʻchirishimizdan, ularga oʻxshab, el dardi, farzand tarbiyasi, maʼrifat ulashish baxti bilan yashasak, bizni kim toʻxtatib qoladi?
Birgina maʼrifatparvar bobomiz Isʼhoqxon Ibratni olaylik. U chet el hayoti va madaniyati bilan yaqindan tanishish istagida Jidda, Istanbul, Sofiya, Rim, Afgʻoniston, Arabiston, Hindiston, Xitoy, Koshgʻar kabi mamlakatlar boʻylab sayohat qilib, Namanganga qaytgach, otasidan qolgan katta yerni bog‘ qilib, favvora qurdiradi, daraxtlar ekib, xiyobon yaratadi. Yevropa uslubida hashamatli imorat qurdirib, arkiga “Xush kelibsiz, Isʼhoqiya bogʻiga” deb yozdirib qoʻyadi. Toʻraqoʻrgʻonliklar uchun yaratilgan bu bogʻni tuman ahli hozir ham shu nom bilan ataydi.
Xorijiy tillarni oʻrgangan Ibrat vatandoshlariga tushuncha va saboq berish istagida olti tilni oʻz ichiga olgan “Lugʻati sitta alsina” (“Olti tilli lugʻat”) asarini yozadi. Ilgʻor pedagog sifatida oʻz uyida yangi usuldagi maktab ochib, qishloq bolalarini oʻqitadi. Orenburgdan katta mashaqqat bilan avval poyezdda, keyin tuyalarda uskuna olib kelib, bosmaxona tashkil qiladi. U yurt ziyolisiga xos umr kechiradi.
Oʻzga eldagi hoji ota-onalarimiz uchun shuncha sharoit yaratilgani nafaqat ularning duosini olish, balki ular haqida vatan qaygʻurayotganini anglatish hamdir. Ular ortida Oʻzbekiston turganini his ettirish uchun qilingan saʼy-harakatdir. Bunday sharafga muyassar boʻlgan yurtdoshlarimiz mamlakatimiz ostonasiga qadam qoʻyishi bilan, eng avvalo, har qanday dabdababozlikka chek qoʻyishiga aminmiz. Dillariga tugib qoʻygan ezgu tilaklarini xalq bilan baham koʻradilar. Zero, hojilik maqomi eng goʻzal insoniy fazilatlar bilan ziynatlanganini koʻrgan yosh avlod ertaga ular kabi boʻlishga intilishi, duolarini olishga intilishi shubhasiz.
– Hajga borib-kelishga pulim yetadi, lekin qaytib kelganimdan soʻng xalqqa dasturxon yozishim uchun biroz mablag‘ kerak, – deb qoldi bir tanishim. Eshitib, hayratimni yashirolmadim. Shunda u “Hamma qilyapti-ku”, dedi.
Jamiyatda turfa inson bor. Haj ziyoratiga borishning mohiyatini anglamagan, hojilik maqomini tushunmaganlar turli saʼy-harakatlarga bosh boʻlsa, qolganlarning ham ular ortidan ergashishi nechogʻlik toʻgʻri?
Bugun yurtimizdagi islohotlarning asosiy negizi vatanparvarlik, xalqparvarlik, adolatparvarlik, xalqimizning davlatdan rozi boʻlib yashashiga erishish kabi ezgu amallar roʻyobiga qaratilgan. Shu bilan birga ushbu islohotlar zamirida ajdodlarimizning ilmiy-maʼnaviy merosi va shonli tariximizni chuqur oʻrganish, ushbu yoʻnalishda tadqiqotlar qilish, muqaddas qadamjolarni asrab-avaylash, yoshlarimizning ilm olishi uchun munosib shart-sharoit yaratish orqali isteʼdod va qobiliyatini yuzaga chiqarish, diniy-maʼrifiy sohada izchil islohotlar olib borib, xalqimizning bu boradagi orzu-istaklarini roʻyobga chiqarishdek ezgu maqsadlar mujassam.
Kishilarning bir-biriga mehr-oqibatli boʻlishi, kam taminlangan va alohida parvarishga muhtoj insonlar holidan xabar olishi, muruvvat koʻrsatishi, xayr-ehson qilishi qadriyatlarimizning oʻzagini tashkil etadi. Binobarin, muqaddas dinimiz ham barchani shunga oʻrgatadi va shu yoʻlga boshlaydi. Bu esa xalqimizning azaliy umuminsoniy fazilatlaridan.
Bugun mahallada ishlash tizimini mutlaqo yangi mexanizm asosida tashkil etishga qaratilgan “mahalla yettiligi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yangi Oʻzbekiston mahalladan boshlanayotgan, xalq roziligi uchun barcha yuqori tashkilot mahallaga tushirilayotgan bir paytda ho-yu havasga berilishimiz qaysi islohotga xayrixohligimizni koʻrsatadi. Xalqimiz orasida sayqal topgan bir gap bor: “qars ikki qoʻldan chiqadi”. Bugun yurtning ziyolilari, hojilari – maʼrifatparvarlari mahalladagi shuncha saʼy-harakatga “labbay” deb javob bermas ekan, islohot mahalladan, har birimizning insoniy fazilatlarimizdan boshlanmas ekan, biz istagan porloq kelajakni oʻz qoʻlimiz bilan ortga surgan, shuncha katta imkoniyatni boy bergan boʻlamiz.
Sohibqiron Amir Temur qanchalar taqvodor boʻlganini bilamiz. Uning zurriyodi Husayn Boyqaro haj safariga ketayotgan Alisher Navoiyni mamlakat ishlari tufayli toʻxtatib qolgani haqida manbalarda keltirilgan. Navoiyning yoʻl taʼmirlash, koʻprik qurish, suv chiqarish, maktab va madrasalar qurdirish kabi ehsonlari haqida ham eshitganmiz. Bu buyuk insonning haj ziyoratiga borish vaqti va mablagʻi bir elning tashvishini hal etishga, mamlakat podshosiga yelkadosh, hammaslak boʻlib, saltanat ishlarida koʻmaklashishga sarflangan boʻlsa, bu taqdir Navoiyning nomini asrlarga muhrlab qoʻymadimi? Uning goʻzal maʼnaviy dunyosi hanuzgacha ziyo taratmayaptimi?
Ibrat olishimiz lozim boʻlgan tariximiz ham, ajdodlarimiz merosi ham bisyor. Faqat maʼrifat yoʻlidan yurishimiz, oldimizga qoʻygan ulkan maqsadni amalga oshirishda salmoqli vazifalarni bajarishimiz zarurligini anglab yetishimiz darkor.
Har safar mashinaga yonilgʻi quydirganimizda yoʻl soligʻi toʻlaymiz. Qonun boʻyicha koʻchalar mana shu pul hisobidan asfalt qilinishi koʻzda tutilgan. Biroq atrofimizdagi turli illatlarni bartaraf etish uchun maʼnaviy ehtiyojni toʻldirish lozimligi haqida hech oʻylab koʻramizmi? Mashinaga yonilgʻi quymasangiz, yurmaydi. Jamiyat ham shunday: fuqarolarni tarbiyalamas ekanmiz, koʻzlagan manzilimizga mashinani surgandek, surib ketishimizga toʻgʻri keladi. Ammo bu bizni holdan toydirishi turgan gap.
Har bir ish chin ixlos, ishonch bilan qilingan niyatdan boshlanadi. Biz yangi Oʻzbekistonni maʼrifatli jamiyat, inson qadri ulugʻlanuvchi davlat sifatida barpo etishni maqsad qilganmiz. Uchinchi Renessans poydevori ziyolilar saʼy-harakati bilan mustahkamlanadi. Maʼrifatparvar bobolarimiz taʼkidlaganidek, tilda, fikrda, ishda birlik boʻlsa, yoʻllarimiz ravon boʻlajak. Qayerda yoshi ulug‘ odam koʻrsak, qayerda ilm ahlini koʻrsak, duo soʻraganmiz. Xolis niyat bilan soʻrab qilgan duolarimiz ijobat boʻladi.
Husayn Voiz Koshifiy “Axloqi Muhsiniy” asarida jamiyatning odob-axloq bilan ziynatlanishi uchun harakat qilish va insonlarning turli muammolariga dardkash boʻlib, oʻzini ezgu ishlarda masʼuliyatli his etish musulmon kishining maqsadi ekanini qayd etadi.
Zero, bugun chin musulmonligimiz yaxshi amallarimiz, xalqparvarligimiz, maʼrifatparvarligimiz bilan baholanadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek “Kuchlilar – ojizlarga, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga gʻamxoʻr boʻlsin. Dinimizda belgilab berilgan toʻgʻri yoʻldan ogʻishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrugʻini yuksaklarga koʻtarishsin”.
Insonning tanasidan avval koʻnglining hajga intilishi bejiz boʻlmasa kerak. Muqaddas ziyoratga borish istagi koʻngilga tushishi bilan inson chiroyli amallarga harakat qila boshlaydi.
Bugun har bir oʻzbekistonlikning koʻngli muqaddas ziyoratgohga intilsa, koʻngillar obod boʻladi, goʻzal fazilatli insonlar safi kengayadi. Yangi Oʻzbekiston siz-u bizdan yurt tinchligi, mahallalarda osoyishtalik boʻlishi, farzandlarimiz kamoli yoʻlida birlashishimizni, ezgu niyatlarimizni amalga oshirishda yakdil boʻlishimizni soʻraydi.
Furqat JOʻRAQULOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
rahbarining birinchi oʻrinbosari
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2024-yil 21-iyun, 122-son.
“Koʻngil hajga otlanganda...” maqolasi