Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi, filologiya fanlari doktori, professor Xurshid Doʻstmuhammad bilan suhbat.

– ­Xurshid aka, avvalo maʼnaviyat tushunchasiga loʻnda izoh bersangiz.

– ­Maʼnaviyat tushunchasiga “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da yaxshi izoh berilgan. Undagi “barcha axloqiy narsalar, xususiyatlar”, shuningdek, “insoniyatning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, diniy, axloqiy va shu kabi tasavvurlari va tushunchalari majmui” degan soʻzlar maʼnaviyatning magʻzini, mohiyatini, qalbini anglatadi. Oddiygina va toʻgʻri izoh, lekin bu oddiylikni toʻla idrok etish, tushuntirish juda murakkab.  Shu sababdan ham maʼnaviyat tushunchasiga toʻla-toʻkis, loʻnda izoh berishga daʼvo qilolmayman. Tushunchaning yana koʻplab jihatlari nazardan chetda qolib ketayotgandek tuyulaveradi. Umuman, maʼnaviyat va uning targʻiboti borasidagi qarashlarim oʻzgacharoq, imkon boʻlsa shu haqdagi mulohazalarimni bir boshdan bayon qilsam.

– ­Marhamat.

– ­Maʼnaviyat aniq fan emas, uning chek-chegarasi yoʻq, inson hayotining barcha jabhalarini qamrab oladi. Uni izohlovchi taʼrif va tavsiflar bir chekkadan roʻyxatga olinsa, sanoqning oxiriga yetib boʻlmaydi. Qoʻlga ushlab koʻrsatish mumkin boʻlgan buyum emas-da! Chamamda, maʼnaviyat tushunchasining murakkabligi, salmogʻi, jozibasi, moʻjizasi ham shunda boʻlsa ajabmas.

Tasavvur qilishga urinib koʻraylik: maʼnaviyat ­– inson hayotining har bir daqiqasida, har lahzasida koʻzga tashlanadi. Boshqacha aytsak, inson tafakkurida, hayotida maʼnaviy unsurlar, mezonlar “ishtirok etmagan” lahzaning, holatning oʻzi yoʻq.

Fikrimizga yanayam aniqlik kiritib olaylik.

Inson tiynatidagi barcha fazilatlar, masalan, madaniyat, maʼrifat, odob, insof, diyonat, adolat va hokazolar oʻzicha hali maʼnaviyat emas, balki pirovardida maʼnaviyat ummonini vujudga keltiruvchi irmoqlardir. Bamisoli togʻdan jildirab oqib tushayotgan jilgʻalardir. Ular vujudga keladi, shakllanadi, sayqal topadi, toblanadi va shundan soʻnggina ong-u shuurimizning oliy qavatlarida bunyod boʻlgan-boʻlayotgan maʼnaviyat koshonasiga olib chiquvchi pillapoya vazifasini oʻtaydi. Inson tiynatidagi har qanday fazilatning oʻq tomiri uning oʻsha qoʻrgʻonidan kuch oladi.

Endi, banda borki, xom sut emgan-da, ittifoqo qandaydir illat-karohatga yoʻl qoʻydi deylik, darhol uni maʼnaviyatsizlikda ayblashga odatlanganmiz. Yoʻq, picha oshiqmaylik. Bu bizning maʼnaviyatga boʻlgan hozirgi yondashuvimiz nuqtai nazaridan toʻgʻri, menimcha esa hamma ayb, sabab yuqorida men aytgan irmoqlarda! Chunonchi, intizomsizlikda, insofsizlikda, farosatsizlikda, uquvsizlikda va hokazo.

Tushuntira oldimmi? Aytmoqchimanki, maʼnaviyat ­– tasavvur qilib boʻlmas darajadagi yuksak tushuncha!

Yana maʼnaviyatning manzil-maskani botinda ­– qalbimiz, shuurimizda, shu bilan bir vaqtda maʼnaviyat ­– inson hayotining zohirini oʻzi yashab turgan yon-veridan tortib ho‘-o‘ global miqyoslarga dovur qamrab oluvchi qudratli kuch.

Yana “maʼnaviyat” soʻzi yakka ishlatilmasligi bejiz emas, koʻpincha u “maʼnaviyat va maʼrifat”, “maʼnaviyat va madaniyat” deya juftlikda tilga olinadi. Sababi, maʼnaviyat botindan zohirga chiqqan zahoti maʼrifat otining jilovini qoʻlga oladi, yaʼni yoqilgan chiroq singari nur socha boshlaydi, atrofdagilarga taʼsir oʻtkaza boshlaydi. Maʼrifat ulashadi. Bunday holat tabiiy ravishda kechadi. Maʼrifati toʻkis inson dunyoni, odamlarni, jamiyatda yuz berayotgan voqealarni ana oʻsha qoʻrgʻoni mezonlariga tayangan holda kuzatadi, baholaydi va istasa-istamasa mudom atrofidagilarga, dunyoga sayqal berayotgan boʻladi. Maʼnaviyatning zamiridagi buyuk, hayotbaxsh va boqiy gumanizm ana shunda!

Yana maʼnaviyat qalbimizdagi ilohiy tuygʻu sifatida jamiki harakatlarimizni boshqaruvchi, yoʻnaltiruvchi yoʻlchi yulduzdir!..

Maʼnaviyat mavzusiga daxldor barcha qarashlar u yoki bu maʼnoda mazkur taʼrif-tavsiflar tevaragida aylanadi.

– ­Kechirasiz, Xurshid aka, suhbatimiz boshlanishidan birmuncha murakkablashib ketganday tuyulmayaptimi? Biz maʼnaviyatning avvalo ommabop tushuncha ekanligidan kelib chiqsakmi degan fikrda edik.

– ­Nima demoqchiman? Bugun mamlakatimizda maʼnaviyat sohasiga berilayotgan eʼtiborning asl maqsadini teran tushunishimiz kerak. Qalamkashmi, siyosatchimi, sanʼatning atrofida yurgan kishimi, avvalo bu tabarruk tushuncha mohiyatini yaxshi bilishi zarur. Na axloq, na odob, na bilim va isteʼdod jihatdan oʻzi talabga javob bermasdan oddiy xalqqa maʼnaviyatdan saboq berib boʻlmaydi. Xalqning orasida shunday ulug‘ odamlar borki, ular kimning kimligini juda yaxshi biladi. Choʻlpon “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib xalq ichiga boraylik” degandi. Haqiqiy maʼnodagi maʼnaviyat qayerda ekanini donishmand shoir aytib qoʻygan.

Doʻppini olib qoʻyaylik-da, ushbu nuqtai nazar xususida bosh qotiraylik.

Takrorlashga izn bersangiz, maʼnaviyat qoʻrgʻonining  oʻzak-oʻzagini tashkil etgan madaniyat, maʼrifat, axloq, tarbiya, insof, intizom singari jamiki fazilatlar tushuncha va tutum sifatida hammabop. Barcha fazilatlar, yuksak tuygʻularning majmuasi boʻlmish maʼnaviyat esa oʻzining bor murakkabligi bilan ­– xos tushuncha. Xos tafakkur va xos turmush tarzi.  Qiyos uchun aytsak, qadimdan Sharqda eʼzozlab kelinadigan “komil inson” maqomi, tushunchasi bor-ku, shunga yaqin!

Ana endi savol tugʻiladi: komillik maqomi nechogʻli ommalashgan? Nechogʻli kishilarimizning tafakkur va turmush tarziga aylangan?

Hech kim aniq javob berolmaydi.

– Yanada murakkablashyapmiz...

– ­Murakkablashayotganimizni payqaganingiz uchun rahmat. Maʼnaviyat, maʼnaviy tarbiya mavzusida ozmuncha gapirmayapmiz, yozmayapmiz, ularning hech birini istisno qilmaymiz, lekin, menimcha, bu boradagi katta kamchiligimiz ­maʼnaviyatni joʻnlashtirayotganimizda, maʼnaviyatdek yuksak tushunchani omma tafakkuri darajasidagina talqin qilish bilan cheklanib qolayotganimizda deb bilaman. Shuning uchun bu masalada mezonni baland olish va ommani shu mezon sari undash kerak.

– Siz tumanda yoki hozirgi kunda maktablarda tashkil etilgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimida ishlasangiz qanday uslubni yoʻlga qoʻygan boʻlardingiz? Umuman maʼnaviyat vakilini qanday tasavvur qilasiz?

– Avvalo yurtimizda maʼnaviyat borasidagi ishlarimiz mutlaqo boshqacha bosqichlarga koʻtarila borayotganini eʼtirof etmogʻimiz kerak. Tashkiliy ishlar, kadrlar muammosi, moddiy qoʻllov koʻzga tashlanib turibdi. Konkret aytsam, Prezidentimiz olgʻa surgan besh tashabbusni xalqimiz orasida ommalashtirishga bor kuchimni sarflagan boʻlardim. Eʼtibor beraylik:

– musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishni oshirish;

– jismoniy chiniqish va sport bilan shugʻullanishni turmush tarziga aylantirish;

– kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish;

– kitobxonlikni targʻib qilish hamda ayollarni ish bilan taʼminlash.

Soddagina tushuntirishni istasak, sogʻliq, badiiy did, kitobxonlik, yangi axborot texnologiyalari borasidagi malaka boʻlmay turib maʼnaviy dunyoning komilligini tasavvur qilish qiyin.

Shulardan kelib chiqib, yoshlarga oʻta oddiy tushunchalarni uqtirish, ularning elementar axloq, intizom meʼyorlarini oʻzlashtirishi nihoyatda ulkan ahamiyatga ega deb oʻylayman. Maʼnaviyat sari tashlanadigan ilk odimlar ushbu tushuncha va meʼyorlardan boshlanadi. Ular bamisoli maʼnaviyat alifbolari! Harf tanimagan odamga “Oʻtkan kunlar” yoki “Urush va tinchlik” romanini oʻqi deyish behuda.

Yana ayrim mulohazalarni aytsam.

Ona tilimizdagi olam-olam soʻzlarning maʼnosini anglashni oʻrgatish juda zarur vazifalarimizdan deb hisoblayman. Asrlar mobaynida oltin yombiga aylangan shu qadar qimmatli soʻzlarimiz borki, ular muomaladan chiqib ketayapti. Unutilmoqda. Soʻz unutildimi, uning maʼnosi ham unutiladi. Bu unutilgan maʼno bilan biryoʻla tiynatimizdagi odamiylik tuygʻulari unutildi demakdir.

Kichik bir misol keltiray. Oʻrni kelganda balogʻat yoshiga toʻlayotgan yigit-qizlarimizni “Andisha, istihola, labz, subut, nafsoniyat, himmat soʻzlarining maʼnosini bilasizlarmi?” deb savolga tutaman.

Savolga toʻliq va atroflicha, qoniqarli javob yoʻq hisobi. Bundan mazkur soʻzlar ifodalayotgan ajib va tilloga topilmas tuygʻular unutilib bormoqda degan xulosa chiqmaydimi?!

Oʻzbek xalqi qanday xalq, qanday millat degan savolga xorijliklar orasida faqat mehmondoʻst emas, balki andishali, istiholali, labzli, subutli, serhimmat, nafsoniyatli, vaqtni qadrlovchi xalq, millat degan taʼriflar tarqalishini juda orzu qilaman.

Shuningdek:

yoshlarimizda muomala madaniyatini shakllantirish;

favqulodda vaziyatlarda oʻzligini yoʻqotmaslik;

ovqatlanish odobi;

husnixat;

notiqlik sanʼati;

bahs madaniyati va tanqidga murosa...

Maydalashib ketgandek tuyulmadimi?

Maydalashdik, lekin ana shu maydalashuvlar bosqichini bosib oʻtmagan odam maʼnaviyat osmoniga koʻtarilolmaydi. Bular ­– bamisoli maʼnaviyat osmonida charaqlagan yulduzlar.

Maʼnaviyat vakiliga mutlaqo oson tutmayman, lekin u majbur, u oʻz harakatlari bilan komil insonni tarbiyalashga oʻzini butkul bagʻishlamogʻi darkor. Buning uchun esa avvalo oʻzi tarbiyalangan boʻlmogʻi shart.

– “Xalqimizning juda boy maʼnaviy merosi bor!”. Bu gapni doim ishlatamiz. Bu chin gap aslida. Ammo bu meros asli nimalardan iborat, uni biz bugun qanday istifoda etayapmiz? Bu jarayondan qoniqasizmi?

– Bu gapda mubolagʻa yoʻq. Maʼnaviy meros borasida bizga bas keladigan xalq boʻlmasa kerak dunyoda! U istifoda etilmoqda, yaʼni tarixiy manbalar oʻrganilmoqda, nashr etilayapti. Biroq turli zamonlarda yuksak maʼnaviy meros namunalari oʻlaroq yaratilgan manbalarga qayta hayot baxsh etish uchun oʻsha ulug‘ mualliflar darajasiga koʻtarila olgan tadqiqotchilar koʻpayishi ham zarur ekan-da! Yaʼni hozirgi maʼnaviy daraja qadimgi maʼnaviy daraja yuksakligiga koʻtarilmogʻi kerak!

Beruniy, Ibn Sino, Termiziylar... Yassaviy, Navoiy, jadidlar ajdodimiz deb koʻksimizga urish koʻchadagi yoqalashuvda chogʻi kelmay uyidan akasi yo otasini chaqirib chiqqan bolakayning ahvoliga oʻxshab ketadi. Xoʻsh, oʻzing nimaga yaraysan? Qoʻlingdan biror ish keladimi?!

Maʼnaviy meros baholi qudrat oʻrganilmoqda, hayotga qaytarilmoqda deyapmiz, bunday ishlarimiz tahsinga loyiq. Lyekin masalaning boshqa muhim jihati bor: oʻsha qimmatli merosni hayotimizga yetarlicha tatbiq eta olmoqdamizmi?

Yuqorida aytilgan gapimizga qaytishga toʻgʻri keladi: maʼnaviyat xos tafakkur egalari koʻtarila oladigan yuksaklik boʻlganidek, shu oʻrinda siz va biz kuyunib aytayotgan maʼnaviy meros ham xos kishilargagina mansubdir. Ular ommaning quvvai hofizasi uchun koʻp jihatdan ogʻirlik qiladi.  Mutaxassislarning aytishicha, qadimgi maʼnaviy merosimiz ichida hozirgi zamon uchun asqotadigan choralar tog‘-tog‘ boʻlib uyilib yotibdi. Faqat ularni topish, aniqlash va hayotga tatbiq etish zarur, xolos.

– Xalqimiz sizni avvalo katta yozuvchi deb biladi. Yozuvchining bitganlari barcha uchun zaxira, quvvat manbai. Demak, yozuvchi birinchi oʻrindagi maʼnaviyatchi ekan-da...

– Hamon adabiyotning birlamchi vazifasi, missiyasi adab ekan, qalam ahli zamon va zamondoshlar adabi uchun masʼul hisoblanadi. Adabiyotning oʻrni men yuqorida tasvirlashga harakat qilganim yuksak maʼnaviyatning yonboshida, tarkibida. Katta isteʼdod bilan yaratilgan asarlar inson va dunyoning mutlaqo kutilmagan jihatlarini kutilmagan ohanglar, timsollar orqali kashf etishi bilan maʼnaviyati yuksak shaxslarni kashf etadi, tarbiyalaydi, ulugʻlaydi. Shu bilan birga badiiy asarlar ham xilma-xil toifalarga boʻlinadi: eng oddiy, joʻn toifa vakillaridan tortib, sara-xos kitobxonlarning maʼnaviy qarashlariga ozuqa bera oladiganlari boʻladi.

Bir soʻz bilan aytganda, badiiy ijod maʼnaviyatning qadrdoni, maslakdoshi, koʻmakchisidir. Badiiy asar bashariyat tafakkurini yangi pogʻonalarga olib chiqishga qodir.

– Milliy gʻurur tushunchasini bugun ayrimlar kibr bilan adashtirayotganga oʻxshaydi. Bu tushuncha or-nomus tushunchasi bilan bogʻliq emasmi?

– Gʻurur ­– insonning koʻrki, millatning ham koʻrki, kibr alohida shaxs uchun ham, millat uchun ham birdek ulkan illatdir! Faqat bu ikki tuygʻu orasidagi devor nihoyatda shaffof. Har ikki tuygʻuni talqin etishdagi qiyinchiliklar shuning oqibati. Odam feʼlini talay fazilatlar bezagan boʻlishi mumkin, lekin bir misqol kibr barchasini chippakka chiqaradi. Nafsoniyatni, gʻururni ehtiyotlamaslik avvalo oʻzini oʻzi haqorat qilish, soʻng boshqalarning haqoratlashiga yoʻl qoʻyish degandek gap. Zarracha kibr tabiiy ofat yanglig‘ maʼnaviyat koshonasini poymol etadi.

Ulkan maqsadlar bilan yashayotgan jamiyat uchun sogʻlom gʻurur bugun gʻoyatda zarur tuygʻu! Shaxs, millat, xalq, jamiyat va davlat gʻururi zanjir halqalari yanglig‘ bir-biriga chatishib-chirmashib ketmogʻi kerak aslida. Afsuski, ushbu oltin zanjirni mustahkamlash xususida yetarlicha qaygʻurayotganimiz yoʻq. Vaholanki, oʻzbek xalqining tiynatida saqlanib kelayotgan maʼnaviy qadriyatlar kurrai zamindagi har qanday xalq, millat maʼnaviyatini har jihatdan boyitishga munosibdir!

– Xurshid aka,  oʻzbekning feʼli, yutugʻi-yu nuqsoni, umuman, milliy mentaliteti yaxlit aks etadigan ilmiy asosga ega asarga ehtiyoj bordek tuyuladi. Siz qanday qaraysiz bu fikrga?

 – Nimasini aytasiz! Muammoning muammosi bu!

Xalqimiz, tilimiz, yurtimiz tarixida qanchadan-qancha javobsiz savollar qalashib yotgan boʻlsa, millat sifatidagi feʼlimiz, uning yutugʻi-yu nuqsonlari sarhisob qilingan emas.

Mentalitet oʻzicha murakkab tushuncha. Uning mezonlarini aniqlash ham mushkul. Men bir oʻrinda “millatdoshlarimizning, millatning sifat koʻrsatkichlari” degan iborani tilga olgandim. Quloqqa ogʻir botmasin, har qanday narsa, buyumning sifat darajasi bor, nega shaxsniki, millatniki boʻlmasin? Boringki, shartli ravishda masalani shunday qoʻyish mumkin. Muhimi, natija chiqadi, xulosa chiqadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 19-yanvar kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼnaviyat targʻibotida zamonaviy texnologiyalarning muhimligi, ijtimoiy-maʼnaviy muhitning ilmiy tahlilini kuchaytirish zarurligi, afsuski, sohada tahlilchi va ekspertlarimiz juda kamligiga alohida toʻxtalgani bejiz emas. Bir soʻz bilan aytganda, sohadagi barcha ishlarimiz ilmiy asosga qurilmogʻi kerak. Shundagina mavzumizga doir qarashlar, mulohazalar, takliflar, harakatlar  gʻayriilmiy, tasodifiy yondashuvlar darajasiga tushib ketmaydi.

Amerikaning San-Fransisko shahridagi Kaliforniya universiteti madaniyat va tuygʻular laboratoriyasi mutaxassislari salmoqli va gʻoyatda qiziqarli tadqiqotlar oʻtkazishadi. Biz nima uchun milliy tuygʻularni oʻrganmasligimiz kerak? Tuygʻular tarixi, maʼnosi, toblanishi millat tarixi, millatning ajralmas boyligi demakdir!.. Milliy mentalitetni  ham ilmiy, ham amaliy oʻrganish markazlari tashkil etilmogʻi kerak.

Keyingi paytlarda kitob koʻp chop etilmoqda. Istalgan mavzuda kitob topish qiyin emas. Lekin fundamental va zalvorli mavzularga bagʻishlanganlari juda oz. Dunyo, odamzot qay tomonlarga oshiqmoqda? Nima sababdan insoniyat bu qadar behalovot, sertashvish boʻlib ketayapti? Erta yo indin bashariyatni nimalar kutmoqda?.. Oʻrganilishi kerak boʻlgan mavzular qalashib yotibdi. Muhimi, mana shunday fundamental asarlar yaratishga qodir adiblarimiz, mutaxassislarimiz, olimlarimiz bor, men bunga ishonaman. Faqat shu toifa asarlar qadrlanadigan muhit yetishmayotganga oʻxshaydi.

Kitob haqida soʻz ochildi, bir qoʻshimcha qilay: maʼnaviyat sohasidagi xizmatchi boʻlsam, maktab oʻquvchilari, qolaversa, oliy oʻquv yurti talabalari atoqli shaxslarning (sohasidan, qaysi xalqqa mansubligidan qatʼi nazar) tarjimai holi hikoya qilingan kitoblarni oʻqishlarini, tasvirga olingan filmlarni tomosha qilishlarini yoʻlga qoʻygan boʻlur edim.

– Oʻzbekning, umuman xalqimizning feʼliga begona boʻlgan ishlar ham sodir boʻlib turibdi. Maishiy hayotimizda ham, tashqi dunyomizda ham buni koʻrish mumkin. Maʼnaviyat va qadriyatlarga, anʼanalarga tahdidlar kundan-kunga koʻpayib bormoqda. Bu borada nima ishlar qilish zarur deb hisoblaysiz?

– Keyingi besh-olti yilda mamlakatimizda isloh qilinmagan birorta soha qolmadi. Mana shunday muhitda koʻzlangan ishlarning muvaffaqiyati birinchi navbatda xalqimizning qoʻlloviga bogʻliq boʻladi albatta. Butun jamiyat miqyosidagi oʻzgarishlar odamlardan mutlaqo oʻzgacha qarashlar, qadriyatlarni nihoyatda ziyraklik bilan anglab yetishni talab qilmoqda.

Ayrim masʼul shaxslarning kirdikorlarini tahlil qilib koʻraylik, ularning bari ilmsizlik, axloqsizlik, nafsni tiya bilmaslik, farosatsizlik, didsizlik, kalondimogʻlik va umuman madaniyatsizlikning oqibati ekanligini koʻrish, bilish qiyin emas. Demak, salohiyatli, zuvalasi toza, yaʼni maʼnaviyati butun rahbarlar tayyorlash borasidagi muammolarimiz qayerlardadir pusib yotibdi, biz esa ularni yo koʻrmayapmiz, yo koʻrishni istamayapmiz!

Taassuflar boʻlsinkim, dunyo qalqib turibdi, munosabatlar taranglashmoqda. Insoniyat tarixida hech qachon zamon hozirgidek qaltis tus olmagan boʻlsa kerak! Biz jonimizni koyitib qaygʻurayotgan maʼnaviyat siyosiy, ijtimoiy, moliyaviy va hokazo global manfaatlar roʻparasida ojizlanib-yolgʻizlanib qolayotgandek. Aslida esa mutlaqo unday emas, milliy maʼnaviyat tirik organizmdagi hayotbaxsh immunitet yanglig‘ kurashuvchandir, tiyrakdir, uning oldida har qanday havaslar, manfaatlar oʻtkinchi va omonatdir!

– Xalqning yakdilligi hamma narsadan muhim va dolzarb boʻlib turgan bir paytda...

– Xuddi shunday: hozir vatanimiz ravnaqi, farovonligi, boshlangan ishlarning samarasini koʻrish uchun ham xalqimizning yakdilligi nihoyatda zarur. Bugungi vaziyat xalqimizni har qachongidan koʻra jipslikka, bir yoqadan bosh chiqarishga undamoqda. Bu borada ham maʼnaviyat yoʻlchi yulduz vazifasini oʻtaydi.

Suhbatni Shodmonqul SALOM yozib oldi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 4-son.

“Millatning sifat koʻrsatkichi” suhbati