Soʻnggi vaqtlarda sunʼiy idrok (SI) haqida koʻp va xoʻb yozilmoqda, bu mavzuda muhokama-yu munozaralar tinmayotir. SIning foydali jihatlari bisyor. Kun sayin rivojlanayotgan mazkur texnologiya insoniyat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, ulkan maʼlumotlar tizimini boshqarish, murakkab texnologik jarayonlarni avtomatlashtirishda ogʻirimizni yengillatadi. Salomatlikni uzluksiz monitoring qilish, xastaliklarga barvaqt tashxis qoʻyish orqali tibbiyotda tom maʼnoda inqilob yasaydi. SI tolibi ilmlarga shaxsiy murabbiy kabi saboq beradi. Deylik, siz maxsus dastur bilan jonli muloqot qilgan holda xorijiy tillarni oʻrganishingiz mumkin: SI dasturi siz bilan xorijiy til sohibidek erkin suhbat quradi, yoʻl qoʻygan kamchiliklaringizni mehribonlik bilan tuzatadi.

SI zerikarli va ogʻir yumushlarni bajarishda beminnat koʻmakchi boʻlayotgani ham eʼtiborga molik. Ayni choqda, uning takomillashib borishi bilan tanganing ikkinchi tomoni ham koʻrinmoqda. Ushbu maqolada ham koʻproq SIning ehtimoliy tahdidlari xususida soʻz yuritmoqchimiz.

SIning jamiyat barcha jabhalariga kirib borishi insonning asta-sekin tanballashuvi va aqliy salohiyati pasayishiga olib kelishi mumkin ekan. Tadqiqotlarga qaraganda, bilim olish va turli masalalarni yechishda faqat SIga tayanib qolish mustaqil fikrlash, muammolarni hal etish qobiliyatini pasaytiradi, insondagi “kognitiv yuklama” susayadi (Gerlich M. AI Tools in Society: Impacts on Cognitive Offloading and the Future of Critical Thinking. // Societies 2025, 15, 6. https://doi.org/10.3390/soc15010006).

Texnologiyalarning jadal taraqqiyoti shaxsiy maʼlumotlar daxlsizligi bilan bogʻliq axloqiy masalani ham oʻrtaga qoʻymoqda. Zamonaviy kuzatuv vositalari SI yordamida ancha takomillashdi. Hozirda mutaraqqiy mamlakatlar oʻz fuqarolarini tun-u kun nazorat qilishi, deyarli har bir xatti-harakatini tasmaga yozib borishi mumkin. Bu hol bora-bora insonning eng muhim huquqi – erkinlik va shaxsiy daxlsizligi cheklanishiga olib kelmasmikan, degan savol oydinlarni tashvishga solmoqda. Masalan, Xitoyda SI va boshqa texnik vositalar orqali fuqarolarning yurish-turishini doimiy kuzatib, ularning xulq-atvorini nazorat qiluvchi raqamli ijtimoiy reyting tizimi joriy etilgan. Bu tizim balki jinoyatchilikka qarshi kurashda asqatar, lekin shaxsiy daxlsizlik tahdid ostida qoladi.

Yaqingacha texnologik kompaniyalar SIning ehtimoliy xavfini kamaytirish, shuningdek, axloqiy cheklovlar buzilmasligiga alohida eʼtibor qaratar edi. Biroq shiddatli raqobat muhitida endilikda bu jihatlar goʻyo unutilmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishgach, SIni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan, qiymati 500 milliard dollarlik “Stargate” megaloyihasini eʼlon qildi. Loyiha mualliflari ummonorti mamlakati sanoatini texnologik transformatsiyalarga hamohang tarzda rivojlantirish va SI sohasida strategik ustunlikka erishishni koʻzlagan.

“Stargate” taqdimotidan soʻng dunyoda SI boʻyicha kimoʻzar poyga boshlandi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Xitoyda atigi bir necha million dollar evaziga SI dasturi (“DeepSeek”) yaratilgani ortidan AQShning qiymati bir necha yuz milliard dollarga teng “Open AI” va   “Nvidia” kabi   shirkatlari aksiyalari keskin qadrsizlandi. Chin   yurtining kamxarj    dasturi dunyoning   texnologik gigantlarini sarosimaga solib qoʻydi. Bu orada Xitoy hukumati umumiy qiymati 1 trillion yuanga (qariyb 140 milliard dollar) teng SI sanoatini rivojlantirish boʻyicha harakatlar rejasini eʼlon qildi. AQSh bilan tengma-teng raqobatga qaratilgan dasturga muvofiq, “Baidu”, “ByteDance”, “Alibaba”, “DeepSeek” kabi kompaniyalarga moliyaviy koʻmak koʻrsatiladi (Bank of China Announces Investments Worth 1 Trillion Yuan to Develop AI Industry. https://www.medianama.com/2025/01/223).

Masalaning qiziq jihati shundaki, AQSh va Xitoy qarama-qarshi qutbdagi siyosiy tuzumlarning yalovbardorlari boʻlgani bois SI sohasidagi muvaffaqiyat ular tamsil etgan mafkuraning ustunligi sifatida talqin qilinishi mumkin. Xitoy texnologiyalar borasida qatʼiy davlat boshqaruvi va nazoratiga tayanadi, Amerikada esa buning aksi. Okeanortida asosan xususiy kompaniyalar, startap jamoalar SI boʻyicha yirik natijalarga erishmoqda. Demak, bu ikki yirik davlatning texnologiyalar sohasidagi raqobati bir vaqtning oʻzida mafkuralar toʻqnashuvi hamdir.

Bu hol dunyo davlatlari uchun oʻziga xos ogohlik qoʻngʻirogʻi boʻldi. Shundan soʻng rivojlangan davlatlar texnologik strategiyalarini qayta koʻrib chiqib, birin-ketin SIni rivojlantirishga ulkan mablag‘ ajrata boshladi. Jumladan, 2025-yil fevral oyida Parijda oʻtkazilgan AI Action Summit tadbirida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron SI sanoatiga 109 milliard yevro mablag‘ yoʻnaltirilishini maʼlum qildi. Farang siyosatdoni fikricha, Yevropa Ittifoqi SI sohasida nazoratga koʻp urgʻu berayotgani sababli global poygada ortda qolmoqda. Bunga qarshi turmoq uchun tijoriy manfaatlarga tayangan holda huquqiy cheklovlarni soddalashtirish zarur (Macron urges European action to attract AI projects. https://www.lemonde.fr/ en/france/article/2025/02/10).

Sammitda, shuningdek, SI loyihalarini Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan hamkorlikda rivojlantirishga kelishib olindi. Har qanday yangilikni amalga tatbiq etishda, avvalo, uning huquqiy jihatlariga katta eʼtibor beradigan Yevropaning SI borasida ehtiyotkorlikdan chekinayotgani, bizningcha, xavotirli holat. Gap shundaki, 2024-yil 13-mart kuni Yevropa parlamenti YeIning sunʼiy idrokka doir qonunini (EU AI Act) qabul qilgan edi. Dunyoda muqobili yoʻq ushbu qonunning YeI davlatlarida toʻliq kuchga kirishi endilikda savol ostida qolmoqda. Zero, koʻhna qitʼa davlatlari SI ovi avjiga chiqayotgan pallada qonun vositasida “oyoq-qoʻlini bogʻlab olish”ni istamaydi, albatta.

Shveysariyada ham bu yoʻnalishda koʻplab ilgʻor kompaniyalar tashkil etilgan. Alp togʻlari mamlakati SIni tartibga solishda byurokratik toʻsiqlarni koʻpaytirmaslik, biznes va innovatsiyalar uchun qulay makon yaratish niyatida. Bunda texnologiyalarning jamiyat uchun xatari ham inobatga olinadi. Yaʼni Shveysariya innovatsion biznesni ham, aholining xavotirlarini ham birdek hisobga oladigan oltin oʻrtaliqni topishni maqsad qilgan. Ammo six ham, kabob ham kuymasligiga erishish oson boʻlmasligi aniq (Can Switzerland steer a safe course to AI innovation? https://www.swissinfo.ch/eng/science/can-switzerland).

Kimoʻzar poygada otga qamchi urayotgan mamlakatlardan yana biri – Saudiya Arabistoni. Riyoz hukumati “Project Transcendence” degan 100 milliard dollarlik ulkan tashabbusni ilgari surdi. Bu 2030-yilga qadar podshohlikning neft-gaz sanoatiga qaramligini kamaytirib, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga qaratilgan “Nigoh – 2030” dasturining muhim qismi sanaladi. Saudiya Arabistoni bu loyihani amalga tatbiq etish, jumladan, SI imkoniyatlaridan unumli foydalanish orqali yaqin kelajakda global texnologik markazlardan biriga aylanishni maqsad qilgan.

Fikrimizcha, SIni rivojlantirishda asosiy eʼtibor global raqobatga emas, balki texnologiyalarning sogʻlom tafakkur sarhadlaridan chiqmagan holda takomillashuviga qaratilishi kerak. Chunki sunʼiy ongdan faqat moddiy manfaat koʻzlash, uni tijoriy qurolga aylantirish yaqin kelajakda bashorat qilib boʻlmas halokatlarga olib kelishi mumkin. Demak, bu borada qaror qabul qiluvchi siyosatdonlar uning umumbashariyat taqdiriga taʼsir koʻrsatuvchi favqulodda muhim texnologik yangilik ekanini unutmasligi darkor.

Bugun SI vositasida cheksiz boylik orttirish, adoqsiz manfaat koʻrish qutqusi dunyo boylari oʻy-xayolini band qilgan. Masalan, amerikalik mashhur texnokrat, yirik ishbilarmon Ilon Mask yaqin yillargacha SIning insoniyatga xavfi haqida bong urib kelar edi. Jumladan, “Bizga sunʼiy intellektning keragi yoʻq, katta hajmdagi maʼlumotlarni yodida tutadigan sunʼiy xotira boʻlsa bas” degan edi u (“Taraqqiyot, qoʻrqaman sendan”. “Tafakkur” jurnali, 2024-yil, 1-son. 39-bet). Hozirda AQSh Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari lavozimida faoliyat yuritayotgan I.Mask mamlakatda SIni jadal rivojlantirish ishlarining boshida turibdi. U Amerikaning sunʼiy idrok giganti – “Open AI” kompaniyasini sotib olishga urinib ham koʻrdi. Buni uddalay olmagach, oʻzining X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻiga integratsiyalangan “Grok” nomli kuchli dasturni ishga tushirdi. Boya eslab oʻtganimiz “Stargate” megaloyihasining asosiy tashabbuskorlaridan biri ham Maskdir. Shu tariqa yaqin-yaqingacha ushbu texnologiya moʻjizasidan foydalanishda vazminlikka undab kelgan peshqadam tadbirkorlar ham endilikda raqobat zavq-u shavqiga berilib, ehtiyotkorlikni unutib qoʻymoqdalar.

SI atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarga nazar solsak, kurrai arzda oxirgi yillarda shakllangan “xavfsizlik birlamchi” degan qonun-qoida AQShning texnologik siyosati sabab tahrirga uchrayotganiga amin boʻlamiz. Sirasini aytganda, dunyoda texnologik raqobat kuchaygan sari SIga oid mavjud konseptual muammolar eʼtibordan chetga qolmoqda.

Ayni damda insoniyat yana bir xatarli texnologik kurash girdobiga tortilish arafasida: “sovuq urush” davrida kuzatilgan ommaviy qirgʻin qurolini yaratish yoʻlidagi texnologik poyga yaqin istiqbolda sunʼiy intellekt jabhasida takrorlanishi mumkin. Zero, zamonaviy armiyalarda allaqachon SI vositalarini keng joriy qilish boʻyicha jadal tadqiqotlar olib borilmoqda.

Afsuski, insoniyat SIdan harbiy maqsadlarda foydalanish boʻyicha yaxshigina tajriba orttirib ulgurdi. U ilk bor Gʻazo sektoridagi urushda – jang maydonida bevosita qoʻllandi. Amerikaning “Microsoft” kompaniyasidan SI tizimlarini xarid qilgan isroillik harbiylar ulardan istixborot (razvedka) faoliyatida foydalandi. Bu usul harbiylarga ehtimoliy nishonlarni aniqlab, yoʻq qilish imkonini beradi. Muammo shundaki, Isroil armiyasi tomonidan SI tizimini qoʻllash amaliyotida tinch aholi oʻlimiga olib kelishi mumkin boʻlgan xatolar aniqlangan. Koʻp hollarda bu tizim oddiy aholi va harbiy nishonlarni ajrata olmaydi. SI tizimi bir gal mingga yaqin oʻquvchini harbiy nishon deya talqin qilgan. Xayriyatki, bu xato oʻz vaqtida aniqlanib, oʻquvchilar hayoti saqlab qolingan (As Israel uses US-made AI models in war, concerns arise about techʼs role in who lives and who dies. https://apnews.com/article).

Harbiy jabhada SIning ishga solinishi koʻp asrlardan beri insoniyatni oʻylantirib kelayotgan ogʻriqli mavzu – qirgʻinbarot urushlar muammosini yanada chuqurlashtiradi. Qachondan boshlab insonning yashash yoki yashamasligini hissiz SI hal qiladigan boʻldi?! Texnologiya imkoniyatlaridan foydalanish kerak, albatta, ammo insoniylikdan chekinib, odamni oʻldirish vakolatini texnologiyaga topshirish qaysi axloqiy mezonga toʻgʻri keladi?! Axir, urushlarda SIni muntazam qoʻllash oxir-oqibat uni superqotilga aylantirishi mumkin-ku! Taassufki, bu masala hozircha dunyo siyosatdonlarini chuqur tashvishga solayotgani yoʻq.

Amerikalik olimlar fikricha, SI boʻyicha peshqadam boʻlgan yirik davlatlar ushbu texnologiyalarning harbiy jabhada keng yoyilishini cheklash choralarini koʻrishi, bu borada xoh diplomatiya, xoh kuch va qoʻrqitish usullaridan foydalanishi maqsadga muvofiqdir (Kissinger H., Schmidt Ye., and Huttenlocher D. The Age of AI: And Our Human Future. New York: Little, Brown and Company. 2021. P. 127).

Siyosatshunos olimlar Henri Kissinjer va Graham Allison hammualliflikda yozgan maqola SI qurollarini nazorat qilish masalasiga bagʻishlangan. Mualliflarga koʻra, buyuk davlatlar biron bir yangi texnologiya ulkan imkoniyatlar eshigini ochishiga ishonch hosil qilar ekan, oʻsha texnologiya raqiblari qoʻliga tushmasligi choralarini koʻradi, uni oʻzi rivojlantirishga harakat qiladi (Kissinger H., Allison G. The Path to AI Arms Control. // Foreign Affairs, October 13, 2023. https://www.foreignaffairs.com/united-states/henry). Buning isboti oʻlaroq inglizlar va fransuzlar Amerika yadro soyaboniga qanoat qilmay oʻz atom qurolini yaratganini eslash kifoya. Bugun SI yadro quroli kabi global raqobat sababchisi boʻlsa-da, uni nazorat qilish xiyla murakkab. Birinchidan, uni asosan xususiy sektor rivojlantirmoqda. Ikkinchidan, SI yadro qurolidan farqli oʻlaroq asosan raqamli platformalarda joylashgan. Uchinchidan, uni nazorat qiluvchi tartib-qoida ishlab chiqilguncha mavjud texnologiya eskirmoqda; tezkor yangiliklarga hamqadam boʻlmoq esa oʻta mushkul.

H.Kissinjer va G.Allisonning taʼkidicha, har bir mamlakat SIdan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishga intilgani sabab bu borada uzoq muddatli global tartib yaratmoq, MAGATE (Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik) kabi tashkilot tuzmoq lozim. Bunda ishni, avvalo, mazkur texnologiyaning eng xavfli oqibatlari oldini olish boʻyicha milliy saʼy-harakatlardan boshlash kerak.

Biz maqolamizda SI ravnaqi va axloq mezonlari dilemmasiga bot-bot eʼtibor qaratayotganimiz bejiz emas. Chunki mazkur texnologiya taraqqiy etgan sari uning axloqiy jabhadagi xatari tobora koʻproq koʻzga tashlanmoqda. Jumladan, “Deepfake” (oʻzbekcha aytganda, qip-qizil yolgʻon) texnologiyasi har qanday axloq chegaralarini hatlab oʻtayotgani bunga misoldir. Mazkur texnologiya orqali odamning suratidan foydalanib, aslida roʻy bermagan voqealarda uni bosh qahramon qilib tasvirlash mumkin. Bu “topilma”dan mashhur shaxslarni obroʻsizlantirish, ijtimoiy noroziliklar keltirib chiqarish maqsadida foydalanish holatlari ortmoqda. “Deepfake” orqali eng namunali odamga ham tuhmat yogʻdirish, uni yomonotliq qilish hech gap emas. Demak, bugun koʻrganimizning hammasiga ham ishonib boʻlmaydi. Yolgʻon usullari borgan sari takomillashib, ayyorlashib borayotgan bir vaqtda media mahsulotlarining haqiqiyligi, neyrotarmoqlar mahsuli emasligini tekshiruvchi dasturlar yaratish lozim.

Globallashgan dunyoning ajralmas bir boʻlagi boʻlgan yurtimizda ham oxirgi yillarda SIni jamiyat hayotiga bosqichma-bosqich joriy qilish, texnologik evrilishlarga tayyorlanish borasida talay ishlar qilinmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining 2024-yil 14-oktyabrdagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan dasturilamal hujjat qabul qilindi. Ushbu strategiyada iqtisodiyotning turli sohalarida SIni joriy etish, davlat idoralari va tashkilotlarning oʻzbek tilidagi ulkan maʼlumotlar omborlarini shakllantirish, axloqiy qoidalarni yaratish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan (Lex.uz qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi. https://www.lex.uz/docs/7158604).

Zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. “Oxford Insights” tashkiloti 2024-yilda eʼlon qilgan “Hukumatlarning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksi” reytingida Oʻzbekiston 53,45 ball bilan 70-oʻrinni egallab, 17 pogʻona yuqoriladi. Shuningdek, mamlakatimiz Markaziy Osiyoda bu koʻrsatkich boʻyicha birinchi oʻrinni band etdi (Government AI Readiness Index 2024. https://oxfordinsights.com/ai-readiness/ai-readiness-index/).

Ilm-fandagi olamshumul yangiliklar, innovatsiyalar har qanday makon va zamonda ulkan oʻzgarishlarga yoʻl ochadi, yangi taraqqiyot yoʻnalishini belgilab beradi. Texnologiyalar, avvalo, harbiy sohada inqiloblarga doyalik qiladi. Oʻrta asrlar Yevropasida miltiq va toʻplarning ommaviy joriy qilinishi urushda tub burilish yasagan va bu texnologik ustunlikdan “koʻhna qitʼa” vakillari dunyoni mustamlakalarga boʻlib olishda ustalik bilan foydalangan edi. “Sovuq urush” davrida ham yirik davlatlar oʻrtasida yangi qirgʻin vositalari, xususan, yadro quroli boʻyicha omonsiz kurash kechdi. Yakunda atom qurolini qoʻlga kiritgan mamlakatlar maʼlum maʼnoda daxlsizlik maqomiga ega boʻldi. Ular BMT Xavfsizlik kengashining doimiy aʼzolari sifatida bugun ham dunyo xavfsizlik iyerarxiyasi meʼmori rolini boshqa davlatlarga bermay kelmoqda. Yaqin kelajakda insoniyat hayotini butkul oʻzgartirishi kutilayotgan SI ham mamlakatlarning oʻz raqibi ustidan mutlaq ustunlikka erishish vositasi deb koʻrilayotir. Bu bilan bogʻliq ishlanmalarga milliardlab dollar sarmoya kiritilayotgani, ularning jahon mamlakatlari yalpi ichki mahsulotidagi ulushi ortib borayotgani fikrimizni tasdiqlaydi.

SI shunchaki texnologiya emas, balki dunyo hegemonligi uchun kurash vositasiga aylandi. Ommaviy qirgʻin qurollari atrofidagi mashmashalar qatoriga endi undan qolishmaydigan xavf-xatar qoʻshildi. SIni nazoratsiz rivojlantirish pirovardida insoniyat uchun hayot-mamot muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Hollivud kinoijodkorlari suratga olgan “Terminator” filmida isyonkor SI tizimi pirovardida odamlarga qarshi qirgʻinbarot urush boshlagan edi. Fantastik toʻqima boʻlib koʻringan ushbu hodisa ertaga hayot voqeligiga aylanishi hech gap emas. Ammo hali fursat bor, insoniyat SI bobida ehtimoliy tahlikalarni oldindan baholashi, xalqaro hamkorlikni kuchaytirishi va masalaning axloqiy jihatlariga eʼtibor qaratishi lozim. Zero, bu borada moddiy manfaatni birinchi oʻringa qoʻyish va texnologiyaga koʻr-koʻrona ishonish ulkan xatodir.

Avazbek SHERMATOV

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 2-son.

“Sunʼiy idrok: axloq sarhadlari buzilganda” maqolasi