Jamiyatda oʻrnini topishga intilib, tinimsiz izlanayotgan oʻzbek ayollariga hech qachon oson boʻlmagan. Ham orzuga yetishish, ham oila tashvishlarini koʻtarib yurish ayollarimizning nozik yelkasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Quvonarlisi, bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijiy davlatlarda ham oʻz ilmi, salohiyatini namoyon etib, oʻzbek nomini oqlab, kezi kelsa himoya qilayotgan shijoatli qizlarimiz bisyor. Quyida ulardan ayrimlarining fikrlariga quloq tutamiz. 

Gulzoda SADRIDDINOVA, Germaniyadagi “Eenexus Digital IT Consulting” firmasining “Microsoft 365 Business” konsultanti:

– 2013-yilda “Au-pair” dasturi bilan Germaniyaga kelganman. Bu dastur olmon oilasida yashab, nemis tilini oʻrganishni istagan odamlar uchun ayni muddao.

Boʻsh vaqt boʻldi deguncha kutubxonaga chopardim. Bu yerning kutubxonalarida muhit oʻzgacha: juda sokin, suv quyganday jim-jit. Boʻsh oʻrin topish esa mushkul. Mahalliy yoshlarning ilmga chanqoqligini koʻrib havasim kelgan.

Germaniyada oʻqiyman degan niyat bilan bir yil tinimsiz oʻqib-oʻrgandim. Bir yildan soʻng Ladshut amaliy fanlar universitetiga biznes informatika yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirdim.

Olis yurtda, vatandan tashqarida tahsil olishga ota-onam qarshi chiqmadi. Qaytanga qoʻlladi. Hatto Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetiga kontrakt asosida oʻqishga kirganimda ham, moliyaviy qiyinchilikka qaramay, oʻqishimga imkoniyat yaratib berishdi. Vaholanki oʻsha paytda “qiz bolani oʻqitib nima qilasiz?” deya aql oʻrgatuvchilar koʻp boʻlgan. Shuning uchun ota-onamga munosib farzand boʻlishga, ularning mehnatini yuzaga chiqarishga harakat qilaman.

Begona yurtga kelgan odam qiynalishi tabiiy. Til oʻrganish, madaniyatlar oʻrtasidagi farqni yengib oʻtish oson kechmadi. Ancha-muncha ter toʻkdim. Boz ustiga, taʼlim tizimi oʻrtasida ham katta tafovut bor. Masalan, universitetda har bir fan uchun uch imkoniyat beriladi. Mabodo, talaba uch imkoniyatdan ham foydalanolmasa, oʻqishdan haydaladi. Germaniyadagi boshqa hech bir universitetga ayni shu soha boʻyicha qayta oʻqishga qabul qilinmaydi.

Talabalik davrimda kutubxonalarda shomni tongga ulab chiqardim.  Oldimga aniq maqsad qoʻyib, oʻqib-oʻrganishdan, izlanishdan toʻxtamadim. Olgan bilimlarim, toʻplagan kasbiy va hayotiy tajribam dunyoqarashimni tubdan oʻzgartdi.

Moddiy jihatdan koʻp qiyinchilik koʻrganman. Oʻzga yurtda hech kimdan yordam soʻrolmaysiz, koʻz yoshlaringizga kimsa ishonmaydi. Qiynalayapsizmi, demak, ishlashga, yashashga majbursiz. Shu sababli talabalik paytimdayoq tanlagan soham boʻyicha ishga kirishga majbur boʻldim.

Bir kuni avtobusda ishdan qaytayotgandim. Bir chaqam ham qolmagan, ustiga ustak, qornim juda och edi. Nima qilishni bilmay, oʻzimni biroz ovutish uchun sumkamdagi kitobni olib varaqladim. Yo Yaratgan egam!  Kitobning ichidan yigirma yevro pul chiqdi. Holbuki pul izlab, barcha kitoblarimni titib chiqqandim. Bu kitob ham qatordan qolmagan, albatta. Shunda xudoyim hech bir bandasini tashlab qoʻymasligiga yana bir bor ishondim.

Oʻqishni bitirdim. Bugun “Eenexus Digital IT Consulting” firmasining “Microsoft 365 Business” konsultanti boʻlib ishlayapman. Vazifam – mijozlarga “Cloud” tizimi va uning IT xavfsizligidan maslahat berish. Bu orada bir qancha yutuqlarga erishdim. Jumladan, loyiha menejerlik boʻyicha “Serum”, “Cloud” xavfsizlik boʻyicha “M365 Fundamentals and Microsoft Security, Compliance and identity” sertifikatini qoʻlga kiritdim.

Dilsora MIRZAAHMADOVA, Xitoy Markaziy millatlar universiteti oʻzbek tili oʻqituvchisi, adabiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (Phd), dotsent:

– Talabalik davrimda Xitoyda oʻqish uchun bir yillik grant ochildi. Tavakkal qilib hujjat topshirdim. Baxtim kulib, Chanchun shahrida bir yil oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritdim.

Toshkentdan Pekinga uchgan samolyot yerga qoʻnganida shirin xayollarim chilparchin boʻlib ketdi. Xitoy tili darslarida koʻrgan videolar, oʻqituvchimiz Dong xonim (millati xitoy) soʻzlab bergan sehrli va jozibali mamlakat butkul oʻzgacha namoyon boʻldi.

Avvaliga sira koʻnika olmagan boʻlsam-da qunt bilan oʻqiyverdim. Ota-onam, ustozlarimni oʻylab, yaxshi natijaga erishish uchun tinmay izlandim. Esimda, bir gal pulim tugab qoldi. Oʻzbekistondan kelgan talabalarning birovida ham pul yoʻq. Nima qilish kerak? Uydan pul soʻrashga yuzim chidamadi. Oʻylab-oʻylab, oxiri tillalarimizni garovga qoʻyib, pul olib turdik.

Bir yillik oʻqish tugab, yurtga qaytdim. Oʻzbekistondagi oʻqishimni ham bitirdim. Ozroq ishladim ham. Yana yangi rejalar bilan Xitoyga qaytishga qaror qildim. Qolaversa, farzandlarimning xalqaro muhitda oʻsishini, koʻp tillarni bilishini juda istardim. Xohlaganimday boʻldi, qizim hozir toʻrt tilda bemalol gaplasha oladi.

Xullas, ilmiy rahbarim, xitoyshunos olim, professor Vu Yinghuyga xat yoʻlladim. Javobini uzoq kuttirmadi. Tez aloqaga chiqdi. Internet orqali suhbatlashdik. Yaxshi mutaxassis boʻlishingga koʻzim yetadi deb ishonch bildirdi. U yerda ering qoʻllab turadi deya ikkalamizni ham davlat granti asosida doktoranturaga qabul qildi.

Faqat birgina muammo bor edi. Qizimizga viza olish qiyin boʻldi.  Viza uchun masʼul oʻqituvchi murojaatimizni rad etgandi. Er va xotin nima qilishni bilmay yoʻlakda xomush tursak, rahbarim kelib qoldi. Dardimizni eshitib, bola ota-onasi bilan boʻlishi kerak deb vizaga masʼul oʻqituvchi bilan gaplashib muammoni hal qildi.

Xitoyda ilm qilishning qiyin taraflari ham bor. Biroq qulay jihatlari koʻp – kutubxonalar juda katta va boy. Elektron manbalardan ham bemalol foydalanish mumkin. Elektron kitoblardan masofaviy foydalanish tizimi juda yaxshi ishlaydi.

Uzoq vaqt begona yurtda yurganda oʻzbek boʻlib qolish, oʻzlikni, milliylikni saqlash juda qiyin ekan. Lekin bu narsa juda ham muhim. Ayrimlar xorijda yevropalashib yo xitoylashib ketadi. Bunga qarshiman, albatta. Bolamning tarbiyasida ham bunga alohida eʼtibor beraman. Ayniqsa  til masalasida qattiqqoʻlman. Asosiy vaqtim ishda oʻtgani bois farzand tarbiyasida milliy qadriyatlar, tilni saqlash uchun onamni olib kelganman.

Katta qiyinchilik, uyqusiz tunlar va tinimsiz izlanishlar natijasida dissertatsiyamni yoqladim. Hozir Xitoy Markaziy millatlar universitetida oʻzbek tilidan dars beraman. Talabalarim oʻzbek tilini katta ishtiyoq va qiziqish bilan oʻrganmoqda. Tilimizni oʻrgatishda ustozlarim qoʻllagan usullardan foydalanaman, barcha imkoniyatimni ishga solaman. Oʻzbek tilini oʻrgatayotganimdan, ustozligimdan faxrlanib yuraman.

Sevara NABIYEVA, AQShdagi “Pentan Consulting” AT firmasi rahbari: