Amir Temur Eronning Sheroz shahrini egallagan kunlari mashhur shoir Hofizni suhbatlashish maqsadida huzuriga chaqirtiradi. Ikki buyuk zotning bu uchrashuvi adabiyotdagina emas, tarixda ham muhim voqea boʻlgani, doʻstona hazil-mutoyibadan boshlangan suhbat jiddiy munozara tusini olgani aytiladi:
...Temurbek Fors viloyatini egallab Sheroz shahriga qadam qoʻyadi. U sheʼrlari tillarda doston boʻlgan shoir Hofizni huzuriga chaqiradi.
– Ey tili nofiz Hofiz, – dedi Temurbek, – men Samarqand-u Buxoro shaharlarini obod etish maqsadida yursam-u, sen mening ikki buyuk shahrimni allaqanday turk goʻzali engidagi bir hindu mengiga sovgʻa qilibsan. Bu nimasi axir?
Agar on turki Sherozy ba dast orad dili moro,
Ba xoli hinduyash baxsham Samarqand-u Buxororo
(Dilimni ovlasa ul turki Sheroziy, oʻshal oni,
Beray bir hindu xoliga Samarqand-u Buxoroni).
– Ey olam fotihi, va ey zamona xoqoni Amir Koʻragon hazratlari, – dedi shoir, – men kamtarin qulingiz goʻzallik shaydosi va husn-u latofat ahlining gadosiman. Goʻzal sanamlar qoshida koʻnglim boʻshligi va qoʻlim ochiqligidan mana shunday yoʻqchilikka tushib oʻtiribman. Men qari qulingizni kechiring.
– Mayli bu baytingni qoʻyib turaylik. Bir sheʼringda shunday bayt ham bor ekan:
Sokinoni Harami satri ifofi malakut,
Bo mani roh nishin bodai mastona zadand
(Bokira, pok qiz malaklar Haramdan aylab safar,
Yoʻlda men-la may ichib masti alast oʻltirdilar).
Shu bayt ham senikimi? Sen Xudoning harami bor deb gunohga botibsan. Buning ustiga Ollohning pokligiga shubha va tuhmat ham qilibsan. Emishki, farishtalar haramdan chiqib kelib, yoʻl boʻyida sen bilan may ichib mast boʻlganmish. Bunga nima deb javob berasan?
– Tushuntirib berishga ijozat eting, – dedi Hofiz. – “Satri ifof” soʻzlari Xudoning harami sharifi muqaddas dargoh ekaniga ishora qiladi. Yaʼni, ul yerda begonalarga yoʻl yoʻq. Men bu satrlarni bahor kunlarining bir tong chogʻi yozgan edim. Oʻshanda butun Sheroz havosi gullar hidi bilan muattar boʻlgan edi. Men mast boʻlib qolganday edim. Oʻzimni koinotning bir boʻlagidek his etardim. Goʻyoki farishtalar bilan soʻzlashganday boʻlardim. Ular menga yaratilish sirlarini ochib berganday boʻldilar. Men shu holatni “men bilan may ichdilar” deb yozib qoʻyibman. Demakki, oʻzim his qilgan narsalarni sheʼr qolipiga sola olmabman.
Oriflar koʻp oʻylab, koʻp narsalarni sezadilar, ammo bu tuygʻularni soʻz bilan bayon etish qiyin kechadi. Maʼnaviy hissiyotlarni hech kim toʻla-toʻkis tasavvur qila olmaydi. Shunga oʻxshash men ham farishtalardan nimani soʻradim, ular nima deyishdi, hozir aytib berolmayman. Bordi-yu aytganimda ham voqeaning yuz mingidan bir boʻlagini aytgan boʻlaman. Ruhimga koʻrsatgan taʼsirini taʼriflab berish qoʻlimdan kelmaydi. Oʻsha bahor kuni tongida men oʻzimda emas edim, ixtiyorim qoʻldan ketgan edi...
– Juda yaxshi anglatding, ey Hofiz, – dedi Temurbek, – sen lutf-u marhamatimizga loyiq ekansan.
Shunday qilib suhbat yaxshi xulosa bilan tugadi. Hozirjavob shoir jazo emas, mukofot oldi.
Bu olamshumul gurung haqida koʻp adiblar yozishgan. Faxriddin Ali Safiy, Marsel Brion, professor A.Arberri, Asqad Muxtor kabi mualliflar nomini yana davom ettirish mumkin.
Tolib NOSIR