Hindiston – katta tarix, boy adabiyot, oʻziga xos sanʼat anʼanalarining muhtasham diyori. Bu oʻlka afsonalar, dostonlar, xalq ogʻzaki ijodining bezavol xazinalari, turli dinlar va urf-odatlar baayni muzeyda saqlangan kabi beshikast saqlangan sirlar oʻlkasi. 

Dunyoda eng koʻp ezilgan, koʻp bor bosqinlarga uchragan, talangan, yoʻqotib yuborilishga mahkum etilgan, biroq yoʻqolib ketish oʻrniga jahonning eng koʻp aholisi istiqomat qiladigan bu ulkan mamlakat dunyo tamadduniga juda katta shaxslarni yetkazib bergan.

Hindistonning koʻplab taniqli kishilari qatorida XX asrning eng mashhur insonlaridan biri, buyuk sanʼatkor, aktyor, rejissyor, qoʻshiqchi Raj Kapurning mustahkam oʻrni bor. Uning barakali ijodi hind kino sanʼatida alohida bir davrni tashkil etadi.

Mashhur aktyor haqida soʻz aytishdan avval bu turli millat va dinlar bir joyda qoʻnim topgan mamlakat tarixiga bir qur nazar solishni maʼqul bildik.

1947-yilda davlat mustaqilligiga erishgan zahmatkash hind xalqi oʻtgan asrlar mobaynida juda katta yoʻqotishlarni boshdan kechirdi. Ahamoniylar, kushonlar, Iskandar yurishlari, moʻgʻul lashkarlari bosqini, ingliz, fransuz mustamlakachilarining bir necha asrlik taʼsiri... bularning barchasi hind xalqining yuragidagi oʻchmas tarixiy dogʻlardir. Balki shu sababli ham Hindistonda uch ming yillik tarixiy yoʻlni bosib oʻtgan ilk adabiy asarlar – vedalardan to bugungi kungacha boʻlgan adabiyot namunalari ham, qadimiy sanʼati ham eng avvalo ozodlik tuygʻusi bilan toʻyingandir. Badiiy asarlarda hind xalqining boy tarixi va erkka talpingan kishilarning quvonch-u gʻussalari kuylangan boʻlsa, sanʼat durdonalarida ham bu ulug‘ mavzu birinchi oʻringa chiqdi.

Dastlab sanskrit tilida yaratilgan vedalardan boshlangan adabiyot keyinchalik koʻp millatli bu diyorda Dandin, Xusrav Dehlaviy, Mirzo Bedil, Mir Toqiy, Mirzo Gʻolib, Thokur, Muhammad Iqbol, Xoʻja Ahmad Abbos, Yashpal kabi ulug‘ shoir va yozuvchilar ijodida yanada ravnaq topdi. Robindranat Thokur, Mahatma Gandi kabi buyuk shaxslar xalq qalbining tiliga aylangan edi.

XX asrga kelib dastlab ovozsiz, soʻngra ovozli va rangli kino sanʼati Hindistonning madaniy hayotida juda katta voqea boʻldi. Hindistonning ilk filmi 1912-yilda ishlangan (“Roja Xarishchandra”, rejissyor Dxundiraj Govind Pxalke) boʻlsa, bir asrdan ortiq vaqt mobaynida bu milliy kino sanoati dunyoda hind kinosining oʻrnini belgilab berdi.

Bu yoʻlda Raj Kapur mansub aktyorlar va rejissyorlar oilasi juda katta rol oʻynadi.

Hali Hindiston va Pokiston bitta mamlakat boʻlgan paytda tugʻilgan (1924-yil) Raj Kapur hozirgi Pokistonning Peshovar viloyatida, aktyorlar oilasida dunyoga keldi. Hind millatiga mansub Kapurlar oilasining boshligʻi, Rajning otasi – Pritxviraj Kapur oʻz davrining mashhur aktyori va rejissyori boʻlgan. Raj Kapur dastlab otasining kichik teatrida ukalari bilan birga aktyorlik, assistentlik vazifalarini bajardi. Rajning Shammi va Shashi ismli ukalari ham kino sanoatida nom qozonishgani shundan boʻlsa ajabmas.

Aktyor 11 yoshida ilk bor filmda suratga tushadi. “Inqilob” nomli filmdagi ishtiroki sabab u oʻsha paytning nomdor kinostudiyasi hisoblanmish “Bombey tokiz”da assistent boʻlib ish boshlaydi. Bu uning yuksalishida nihoyatda muhim rol oʻynagan. Raj shu yerda kino sanoatining sirlarini oʻrganadi. Va nihoyat 1948-yilda “Raj Kapur films” kinostudiyasini tashkil qiladi. Bu ijodkor hayotidagi eng katta qadam edi. Raj Kapur bir vaqtning oʻzida ham aktyor, ham rejissyor, ham ssenarist va ham prodyuser sifatida serqirra ijodkorligini namoyon etdi.

Raj Kapurning mashhur “Daydi” filmida uning ijrosida shunday qoʻshiq jaranglaydi:

Boshmogʻim – yaponlarniki,

Kostyum-shimim – inglizlarniki,

Shlyapam – Rusiyaniki,

Ammo yuragim – Hindistonniki!

Raj Kapurning butun ijodiga singib ketgan bu satrlardagi mazmun va qarashlar uni chinakam milliy sanʼatkorga, hindlarning sevimli kishisiga aylantirdi.

Hindistonni, hind xalqini jon-u jahoni bilan sevgan aktyor oʻz muhabbatiga yarasha xalqning cheksiz mehriga ham sazovor boʻldi. Nafaqat Hindistonda, balki dunyoning barcha mamlakatlarida Raj Kapur sevimli sanʼatkorga aylandi. U intervyularidan birida shunday degan edi: “Qurbonliklarsiz biror yutuqqa erishgan odamni bilmayman. Nimagadir egalik qilish uchun nimalardandir voz kechish – tabiatning oʻzgarmas qonuni. Baʼzan ishim deb (yoʻq, baʼzan emas, koʻp hollarda) oilamga yetarlicha vaqt ajratolmadim. Ammo hech qachon oilam, farzandlarim oldidagi burchimni unutmaganman. Hamisha erkak sifatida oʻz oʻrnimni mustahkamlash uchun harakat qildim. Chunki ijod uchun siz yuragingizni berishingiz kerak. Qalb harorati esa oila uchun ham nihoyatda zarur…

Umrim davomida yuragimni boʻlib yashadim. Lekin ortga qarasam, oʻsha boʻlingan yurakning parchalari millionlab odamlar qalbiga yorugʻlik olib kirganini his etaman va buning uchun oʻzimni juda baxtli odam deb bilaman…”.

Hind xalq eposlarining zamonaviy adabiyot va sanʼatda juda katta oʻrni bor. “Panchatantra”, “Ramayana”, “Mahobhorat”, “Xitopadesha” kabi muhtasham badiiy obidalar hind sanʼatiga ham oʻzlarining buyuk gʻoyalarini singdirgan. Raj Kapur ijodida ham bu taʼsir yaqqol koʻrinadi. Lekin Bollivud kino sanoatida alohida bir davrni yaratgan Raj Kapurning katta yutugʻi shuki, u koʻhna, qadimiy qarashlarni rad qilmagan holda, yangi nigoh bilan hind qalbini – uning muhabbatini, koʻzyoshini talqin qila oldi. Dostonlar bagʻriga jo boʻlgan adolat, yurtparvarlik, muhabbat, insonparvarlik gʻoyalari Raj Kapur ijodida yangi shaklda, yangi tilda oʻz ifodasini topdi. Uning “Sangam”, “Janob 420” singari asarlari bunga yaqqol dalildir.

Hind onasining timsoli uning kinolarida yangi qiyofa kasb etdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Eʼtibor qilinsa, birorta kartinada yomon ona obrazi yoʻq. Shu jihatlari bilan ham hind kinosi, xususan, Raj Kapur asarlari sharqona mehr timsolini dunyoga koʻz-koʻz eta oldi. “Daydi” filmida Raj Kapur ham prodyuser, ham bosh rol ijrochisidir. Butun dunyo “daydi”lari hayotining katta koʻlamdagi bu tasviri jahon kinosevarlari qalbidan joy olgan. Bunga asosiy sabablardan biri ham filmdagi Daydi obrazining onasidir. Filmning dastlabki ssenariysida ona oʻzining xulqi buzilib ketgan oʻgʻlini oq qiladi. Ammo Raj Kapur tahriridan soʻng ona oʻgʻlini qargʻamaydi, aksincha, uni faqatgina koʻzyosh bilan duo qiladi. Shu kichik holatning oʻzi hind onasi, umuman sharq ayoli qalbining goʻzal timsoliga aylangan. Bu ham boʻlsa atoqli sanʼatkorning topqirligidan, xalq qalbini teran anglashidan dalolat beradi. Oʻshanda Raj Kapur “Hind onasi oʻz oʻgʻlini vatanga xiyonat qilgandagina oq qiladi” deya bahsga yakun yasagan edi.

Hind kinosiga xos boʻlgan yana bir qiziq jihat shuki, unda sevishgan yigit va qiz yoki ayol bilan erkak bir-biridan boʻsa olmaydi. Bu odob hind kinosi uchun qatʼiy odob qoidasidir.

63 yillik umri davomida sermahsul ijod bilan mashgʻul boʻlgan sanʼatkor doimo oʻzi iqror boʻlgan ushbu soʻzlarga tayanib yashadi: “Bilasizmi, ertaga nima boʻladi deb oʻylashdan hech qachon qoʻrqmaganman. Hatto kartinalarim ketma-ket omadsizlikka yuz tutgan pallalarda ham shu tarzda ish koʻrdim. Hozir esa bugun haqida oʻylayapman… Odam yuragida yalt etgan orzuning zalvorini his eta olsa bas, hammasi yaxshi boʻladi”.

Hind kinochiligida shunday anʼana bor: har qanday hind filmida kamida yettita qoʻshiq aytilishi zarur. Bu Bollivudning oltin qoidasi. Yigirmanchi asrda hind rejissyorlaridan biri kinoda yangilik qilish maqsadida yangi kartinasini bironta ham qoʻshiqsiz olishga erishadi. Biroq bu “yangilik” tomoshabinlarning qattiq qarshiligiga uchraydi. Tomoshabinlarning daʼvosini ushbu bitta gap bilan ifodalash mumkin: “Bu rejissyor bizni kinodagi quvonchimizdan mosuvo qilmoqchi! Shundoq ham murakkab va achchiq hayotda yupanchimiz boʻlgan qoʻshiqdan ayirmoqda”. Natijada xalqning talabi qondirilib, kartina ekranlardan olib tashlanadi.

Raj Kapurning ham, boshqa hind sanʼatkorlarining ham ijodida bitta katta oʻxshashlik bor. Bu ham boʻlsa, muammolar, tashvishlar qurshovidagi qahramonlarning hayotga biroz istehzo bilan qarashi va kulgi, yumor bilan muammolarni yengib oʻtishi. Bu narsani 1968-yildan Toshkentda muntazam oʻtkazib kelingan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari kinofestivaliga qatnashishga kelgan Raj Kapur atoqli oʻzbek sanʼatkori Shukur Burhonov ijrosida “Qiyomat qarz” spektaklini tomosha qilganda aytgan soʻzlaridan ham anglash mumkin. U Shukur Burhonovni tabriklagach, shunday deydi: “Oʻzbeklar biz hindlardan koʻra hayotga jiddiy qarashar ekan. Yigʻlash lozim boʻlgan joyda kulib oʻtib ketolmas ekan”. Katta sanʼatkorning bu teran kuzatishi, tahlili hind xalqining ham, oʻzbek xalqining ham xulq-atvoriga chekilgan nozik bir chizgidir.

Raj Kapurning kulgi va koʻzyosh oʻrtasidagi oʻziga xos ijodiy yoʻli komediya ham, tomoshabinni ezib tashlaydigan gʻussali tomosha ham emas, aksincha, “Taskin baribir keladi” deya hisoblovchi sanʼatkorning sanʼatda oltin oraliqni topa olgan tutumi, ijodiy taqdiridir. Darhaqiqat, u “Bolaligimdan sanʼat bagʻrida ulgʻaydim va bu mening eng katta baxtim edi. Hech qachon boshqa bir kasb egasi boʻlish haqida oʻylamaganman. Otamning teatr jamoasida kichik rollarni ijro etgan kezlarimdayoq katta obrazlar haqida oʻylardim va, eng muhimi, kelajakka ishonch bilan qarar edim. Sanʼat – birinchi muhabbatim, kino esa qismatimga aylandi” degan edi.

Ushbu iqror uning muntazam ijodiy izlanishlari sabab paydo boʻlgan. Taniqli oʻzbek rejissyorlaridan biri oʻzaro suhbat chogʻida menga shunday degan edi: “Har qanday yaxshi rejissyor umri davomida bitta, nari borsa ikkita yaxshi kartina yaratoladi”. Raj Kapur faoliyati bilan qiyoslansa, bu gap juda joʻn boʻlib qoladi.

Yigirma toʻrt yoshidayoq “Raj Kapur films” kompaniyasiga asos solgan ushbu kino dargʻasining yiliga mingdan oshiq kartina ishlab chiqariladigan Hindistondek katta kino maydonida oʻz oʻrnini topishi uchun bosib oʻtgan yoʻli ham barcha kino ijodkorlari uchun ajoyib namunadir.

Kino ixlosmandlari Raj Kapurni “Hind kinosining otasi”, “Moviy koʻzli sharq yulduzi”, “Hindlarning Charli Chaplini” deya eʼzozlashi ham albatta bejiz emas.

Raj Kapur ijodkorlik va hind kinochiligi xususida shunday degandi: “Biz bor-yoʻgʻi taqlidchilarmiz. Noshud taqlidchilar. Biz Yaratganga noʻnoqlik bilan taqlid qilamiz. Agar xudo qalbingga shuʼla tashlamasa, uni sevgi maʼbudlari puflab olovga aylantirmasa, hamma harakating behudadir. Bizning Bollivud hech qaysi yurt kinosiga oʻxshamaydi. Hollivud qanchalar yaxshi filmlar yaratmasin, u Bollivud emas. Chunki Bollivudning milliy zamini juda mustahkam”.

* * *

1988-yilning 2-iyunida astma xastaligidan vafot etishidan oldin Raj Kapur shunday degan: “Bitta aktyorning atrofida yuzlab kishilarning zahmatli mehnati bor. Ammo men tegramda millionlab muxlislarimning nigohi, qoʻllab-quvvatlashini his etib turdim. Men hind xalqining koʻzyoshini koʻzlarimdan koʻp toʻkdim. Boshqa xalqlar ham mening yigʻimga – hind yigʻisiga joʻr boʻldi. Endi bu xalq yigʻlamasin!..”.

Shodmonqul SALOM

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.