Rivojlangan oʻlkalar yuksalish marralariga milliy qadriyatlariga suyangan holda yetib borganini yaxshi bilamiz. Albatta, bu yoʻllar ravon kechmaydi. Bu jarayonni soʻngsiz mashaqqat, iztiroblarga toʻla, gʻalaba va alamli tanazzullarni boshdan kechirgan, yana qayta qad koʻtargan irodali ellarning kurashi tarixi deb atamoq mumkin. Ellar ulusdan xalqqa, soʻng millatga doʻnib, oʻz davlatini barpo etadi. Milliy gʻurur va or-nomus xalqning mavjudlik timsoliga aylanadi. Iymon-eʼtiqod, sadoqat va muhabbat kabi ezgu fazilatlar qadimiy ildizlarga tutashadi. Maʼnaviy ildizlari baquvvat millatlar taraqqiyot yoʻlida sobitqadamligi bilan boshqalarda havas uygʻotadi. Dunyoda tan olingan aksar taraqqiyot modellari zamirida milliy maʼnaviyat – yetaklovchi kuch ekani bejiz emas.
Aslida, taraqqiyot qonuniyatlari barcha xalqlarga birdek xos boʻlib, birov ulardan saboq olib, rivojlanish istiqbollarini taʼminlasa, boshqalar oʻz qadriyatlaridan mosuvo qolib, turgʻunlik girdobiga botadi. Millat tafakkuri va ruhiyatidagi holatlarni oʻrganish, xalqning ijtimoiy saʼy-harakatlari, maʼnaviy moʻljallari, erkinlikka mayli, shuningdek, jamiyat tabiatiga taʼsir koʻrsatuvchi illatlar, ijtimoiy omillarni tadqiq etish taraqqiyot istiqbollarini oldindan belgilab olish imkonini beradi. Bunday ilmiy tajriba fan doirasida allaqachon tadqiqot obyektiga aylanib ulgurgan. Zotan, insonning his-hayajoni, gʻazab-nafrati, sabr-qanoati, sevgi-muhabbati, sadoqat-vafosi, gʻayrat-shijoati, iymon-eʼtiqodi, jasorat-mardligi, ilm-maʼrifati jamiyatning axloqiy qiyofasini belgilab berguvchi unsurlar ekani sir emas. Maʼnaviy asoslari mustahkam boʻlgan jamiyat har qanday islohotni roʻyobga chiqarishga qodir kuchga aylanadi. Inson ijtimoiy mavjudot oʻlaroq jamiyatda muayyan funksiyalarni bajaruvchi va targʻib etuvchi subyekt sifatida davlat va uning siyosatiga bevosita taʼsir oʻtkazadi. Bu taʼsirning ijobiyligi ham yuqorida sanab oʻtilgan fazilatlar darajasiga bogʻliq. Bu ‒ masalaning bir tomoni. Ikkinchi tarafdan, insonning ruhiy sogʻlomligi jamiyatda shakllangan va qaror topgan ijtimoiy munosabatlar bilan ham uyqash-tutash keladi. Sogʻlom jamiyat asoslari yaxshini – yomondan, foydani ‒ ziyondan, halolni – haromdan, ezgulikni – yovuzlikdan, doʻstni ‒ dushmandan farqlash salohiyati bilan ajralib turadi. Demak, avvalo quyidagi dolzarb savollarga javob topish kerak:
Jamiyatda qanday qadriyatlar ustuvor?
Fuqarolarni qanday manfaatlar birlashtiradi?
Davlat siyosati inson ehtiyoj-talablari bilan uygʻunmi?
Adolat tarozisining posangisi toʻgʻrimi?
Odamlar maʼrifiy intilishlarda yakdilhamjihatmi?..
Bu savollarga javoblar jamiyatning umumtafakkuri, maʼnaviyatini ifoda etib, ijtimoiy psixologik muhitni tashkil qiladi. Inchunin, davlat tirik mavjudot yanglig‘ milliy maʼrifatdan toʻyinadi, uni qayta ishlab boyitadi, jamiyatga tatbiq etadi – bu esa jamiyat rivojiga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, hokimiyat adolatli-yu, xalq maʼrifatsiz boʻlsa yoki xalq maʼrifatli-yu, hokimiyat adolatsiz boʻlsa, ijtimoiy muvozanat buziladi.
Abu Nasr Forobiy bobomiz jamiyatning maʼnaviy xastaligiga nopoklik va mustamlakachilikni sabab qilib koʻrsatgan (Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. Toshkent, “Xalq merosi”, 1993. 29-bet). Shu maʼnoda, hayotda davlat ‒ zolim, xalq ‒ jabrdiyda boʻlmaydi. Ertaklardagina shunday tasvirlanadi. Aslida, xalq qanday boʻlsa, davlati ham unga munosib keladi.
Milliy-axloqiy qadriyatlar turgʻun yoxud toʻliq shakllanmagan jamiyatda fuqarolarning muqim ijtimoiy pozitsiyasi haqida gap ham boʻlishi mumkin emas. Maʼnaviy ildizlaridan uzilgan jamoa koʻproq tashqaridan kiritilgan yoxud yaratilgan “qadriyatlar” itoatida yashaydi va birlashadi. Maʼnaviy ildizidan uzilgan jamiyat – u baʼzan hatto zamonaviy nom ila “demokratik” deb sifatlansa-da – olomonlikka koʻproq mos keladi. Bunday jamiyatda insonlar utopik orzular va ijtimoiy afsonalarga ishonib yashaydi. Turli chalgʻituvchi mavzu-masalalar kundalik ongda sogʻlom fikrni siqib chiqaradi. Omma real voqelikka intilmaydi, roʻyolarga asir boʻladi. Ular, sirtdan qaraganda, beozor miflar boʻlib koʻrinsa-da, olomonni ulugʻlash, hokimiyatni ilohiylashtirish jamiyatning yetakchi mafkurasiga aylanadi (Арендт Х. Вирус тоталитаризма // Новое время, 1991, № 11).
Ommaviy psixologiya individual psixologiyani qabul qilmaydi. Demak, bunday jamiyatda shaxslar yashay olmaydi, jon saqlab qolganlari ham vaqt oʻtib umumiy oqimga qoʻshilishga majbur boʻladi. Faylasuf Saʼdulla Otamurodov taʼrifiga koʻra, insonlarning muayyan millatga mansub ekanini ommaviy tarzda anglab yetmasligi, anglashni istamasligi yoxud millatga mansublikdan voz kechishi oxir-oqibatda ulug‘ qadriyatlardan mahrum boʻlgan olomonni yuzaga keltiradi. Olomon – milliy his-tuygʻular, maʼnaviy goʻzallik, ulugʻvor maqsadlar atrofida uyushish ishtiyoqi, milliy-maʼnaviy joziba, kuch-qudrat va ilhom bagʻishlovchi olijanob tuygʻular, sevgi-muhabbat, hamkorlik, ogʻir vaziyatda gʻamxoʻrlik, qoʻllab-quvvatlash, birodarlik va oʻzlikdan mahrum, parokanda holda hayot kechirishga mahkum insonlardir (Otamurodov S. Globallashuv: millatni asrash masʼuliyati. Toshkent, “Oʻzbekiston”, 2018. 7-bet). Toʻgʻri, olomon hodisasi bu – jarayon emas, olomonlashtirishga qaratilgan maqsaddir. Unda insonni oʻzligidan mahrum etishga qaratilgan koʻplab omillar va “mutaxassis”lar ishtirok etadi. Ustoz faylasuf bu masalaga global muammo sifatida qaraydi va ayni choqda, bunga olib borishi mumkin boʻlgan maʼnaviy-milliy qusurlarga eʼtibor qaratadi. Tarixchi olim Qahramon Rajabov xushomadgoʻylik va maqtov, laganbardorlik va dabdababozlik qon-qonimizga singib ketgani, “suyak suradigan” ijtimoiy kasallikka aylangani, XXI asrning dastlabki ikki oʻnyilligini bosib oʻtgan boʻlsak ham qullik va mutelik psixologiyasidan toʻliq xalos boʻla olmaganimiz haqida kuyunib yozadi (Rajabov Q. Nazir Rajabov. Toshkent, 2021. 3-bet). Demak, oqil hamda zakiy millat oʻlaroq oʻzimizni vaqti-vaqti bilan taftish etib turishimiz lozim va lobid.
Dunyodagi jarayonlarni kuzatsak, maʼnaviy illatlarni ijtimoiy kuchga aylantirgan “fuqaroviy taʼlimot” zamirida yashirin katta siyosat mavjud ekaniga amin boʻlamiz. Ularning siyosiy, iqtisodiy hamda jamoaviy boshqaruv murvatlari allaqachon shakllantirilgan va maʼnaviyati zaif jamiyatlarga tatbiq etilayotir. Forobiy bobomiz koʻp asrlar oldin aytgan bashorat bugun ham dolzarb ekanini yangi zamonning oʻzi tasdiqlab turibdi.
Olomon odami doimo oʻzidan koʻra zaiflarni itoat ettirish-u oʻzidan kuchlilar iskanjasiga tushmaslikka intiladi, chorasiz qolganda esa darhol tobelik izhor etadi. Bunday ruhiyatda barchaning ustidan hukmdorlik qilishga intilish yoki qullikka itoatda boʻlish hamda fursat kutish xususiyati ustun keladi (Арендт Х. Вирус тоталитаризма // Новое время, 1991, № 11). Mazkur xususiyat fanda “sadomazoxizm” deb ataladi. Sadizm xastaligi boshqalarni oʻziga tobe qilib, ular ustidan hukmronlik qilishdan lazzatlanish boʻlsa, mazoxizm azoblardan taskin istamoqdir. Ammo bunday shaxslarning xatti-harakati aksar hollarda turli ezgu gʻoyalar bilan niqoblanadi.
Mutlaq hokimiyatga erishgan shaxslarda sadizm xastaligiga chalinish xavfi yuzaga keladi. Hokimiyat – vakolatlarning koʻpligi, taʼsir kuchining cheksizligi, istaklarning zumda muhayyo etilishi bilan oʻziga rom qiladi. Albatta, sogʻlom fikrli odam hokimiyatning masʼuliyatini, fuqarolar oldidagi javobgarligini teran his etadi. Sadistga esa bunday masʼuliyat begona. U – ruhiy mayllar qurboni, “hayotbaxsh” ogʻu asiri. Shu maʼnoda hokimiyatparastlik zamirida, aslida, kuch emas, balki insonning ruhiy zaifligi yotadi. Irodaning zaifligi hokimiyat kuchiga suyanish istagini yanada oshiradi. Psixologik jihatdan olib qaraganda, hokimiyat qudrati shaxsning kuchini emas, uning zaifligini namoyon etadi. Demak, psixologik jihatdan, kuch-qudrat bilan hukmronlik qilish oʻrtasida umumiylik yoʻq. U koʻproq qobiliyat va salohiyatga suyanadi. “Ojiz odam” deganda biz oʻz hayotini idora etishga qurbi yetmagan insonni koʻzda tutamiz. Shu sababdan, hokimiyat va kuch, hukmronlik va salohiyat – bir-biriga zid hamda turli-turli tushunchalar. Boshqacha qilib aytganda, zaif insonning borligʻi hokimiyat resurslariga bogʻliq, kuchli iroda sohiblari esa hokimiyatni oʻzlari yaratadi (Фромм Э. Бегство от свободы. Москва, “Прогресс”, 1990. Стр. 161). Shaxsning individual tarzda mustaqil yashash koʻnikmasi, qarama-qarshiliklarga javob bera olish hamda oʻz faoliyatini tashkil eta olish salohiyati uning tabiiy hokimiyatini ifodalaydi.
Dunyo tajribasidan maʼlumki, maʼnaviy xastalikka chalingan siyosiy yetakchilarda haqiqiy vaziyatni anglash, muammolarni tan olish, ayniqsa, kamchilik va nuqsonlarni eʼtirof etish nihoyatda ogʻir kechadi; ayrimlari tanqid yoxud yangilikni qabul qilish xususiyatidan mahrum boʻladi. Olqishlar, hamd-u sano, yuksak iltifotlar, amrivojiblik – bular narsissizmni chuqurlashtira boradi. Shu vajdan uning atrofida laganbardor, labbaygoʻy, maddoh-riyokorlar toʻplanadi. Ustiga-ustak, ana shu xastalik ogʻriqlarini qoldirish uchun propaganda mashinasi ‒ matbuot, yozuvchi-shoirlar navbatchilik bilan “shifokorlik” qiladi. Biroq bu “shifokorlar”ning “bemor”ga taqdim etayotgan muolajasi vaqtinchalik malham boʻladi, xolos.
Maʼnaviy xastalik olomon jamiyatini tashkil etuvchi jamoatchilik, ijtimoiy institutlar orasida chuqur ildiz otadi. Ular bir-biriga suyanadi, bir-biridan “ilhom” oladi va oʻzaro “umid” rishtalarini bogʻlaydi. Qonunlarning bemalol buzilishi yoki ijro etilmasligi, korrupsion guruhlarning kuchayishi, oshna-ogʻaynigarchilik, tarafkashlik bilan shaxsiy manfaatlarni qondirish “madaniyati” olomon jamiyatining falsafasini tashkil qiladi. Unga koʻra, fuqaro oʻz tobeligini mahorat bilan namoyon eta olishi lozim. Maʼnaviy tubanlik hech kimni taajjubga solmaydi. Olomon jamiyati “qadriyat”lariga sadoqat esa muvaffaqiyat kafolati demakdir. Bu xastalikka duchor boʻlgan “bemor” uchun masʼuliyat, vijdon, or-nomus, burch, sadoqat, muhabbat kabi axloqiy tuygʻular ‒ ortiqcha. Nafs bosh oʻrinda boʻlgan olomon jamiyatida ajib bir qoida hukm suradi: oʻgʻri oʻgʻri emas, qoʻlga tushgan ‒ oʻgʻri! Qoʻlga tushganlar esa ishonch va sadoqatni suisteʼmol qilgan landovurlar sifatida safdan chiqariladi.
Olomon jamiyatining oliy mezoni bu ‒ sadoqat! Imtiyoz-u mukofotlar hayotning mazmuniga aylanadi. Ularga erishish ilinjida har qanday tubanlikka tayyor boʻlgan omma ‒ mazkur jamiyat yaratgan “axloq”ning qulidir. Jamiyatning bu toifasi vakillarida gʻoyaviy zamin boʻlmaydi. Ular uchun qizil bayroq, koʻk bayroq, moviy bayroq, qora bayroqning farqi yoʻq. “Koʻtar!” deyilsa bas. Ular shu qadar ojizki, hatto dushmanning ham farqiga bormaydi. Bu esa intellektni oʻldiradi. Mashʼum xastalik asrlar davomida irsiyatga oʻtib, tuzalmas moxovga aylanadi.
Olomon jamiyati davlat boshqaruv organlarini falaj holatiga olib keluvchi eng asosiy illatlar bu – hisobotbozlik, majlisbozlik va ulkan nazorat tizimi. Bular xizmatchilarni masalaning mohiyatiga kirib borish va oʻrganish imkonidan mahrum etadi. Mutaxassislik mahorati, malaka va tajriba hisobga olinmaydi. Inson ijrochi, uning fikri, tashabbus va gʻayrati ortiqcha, u – shu talablar qurboni. Samarasiz yoʻqotilgan vaqt olomon falsafasining mohiyatini tashkil qiladi. Shu tariqa odamlar asosiy maqsaddan chalgʻitiladi, keraksiz mashvarat-u maʼnisiz topshiriqlar bilan ularning sillasi quritiladi. Bunday jamiyatda kelib turgan neʼmatlardan mahrum boʻlmaslik ilinjida tobelikka mukkasidan ketiladi.
Olomon jamiyatida oddiy insonlar doimo qoʻrquv va tahlikada yashaydi. Shunday boʻlishi kerak, deb qaraladi. Zarur boʻlsa qoʻrquv muhiti atayin yaratiladi. Zero, tashqi va ichki dushmanlarning qiyofasi jamoaviy tartibotlarni jipslashtirishga xizmat qiladi. Ertangi kunidan mahrum boʻlgan, oʻz mehnati bilan qadr topmagan insonlar ijtimoiy maqsadlar moʻljalini yoʻqotadi, begonalashuv, muammolar oldida yolgʻizlik, alamzadalik kayfiyati ortib boradi. Olomon jamiyatini tark eta olmaganlar tajovuzkorlik, xudbinlik, inkorchilik kabi ruhiy xastalik iskanjasida oʻz vatanlarini yoʻqotadi. Ular shu tarzda tuzumga nisbatan nafratini namoyon etadi. Bunday “isyon” yoshlar oʻrtasida keng quloch yoyib boradi. Erix Fromm bularni “nekrofil alomatlari” deb ataydi. (“Бегство от свободы”, 159-bet). “Nekrofil” atamasi ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan uzilgan, qiziqish va intilishi qolmagan, umid va ishtiyoqlari soʻngan, ruhiyati va maʼnaviy olami real voqelikni qabul qilmaydigan, ilojsiz va arosatda qolgan ojiz toifalarga nisbatan ishlatiladi.
Xastalikning ikkinchi, zamonaviy belgisi shundan iboratki, vujud qullikdan qutuladi, ammo ruh undan chiqib keta olmaydi. Yaʼni odam oʻzini oʻzi taʼminlay oladi, maqsadlarini mustaqil belgilaydi, maʼnaviy olamini ham anglash darajasiga yetib qolgan, ammo nafs va iymon oʻrtasida muvozanat buziladi. Eʼtiqoddan koʻra manfaat afzal koʻriladi. Moddiy erkinlikni his etgan nafs yanada kuchli ishtiyoq bilan “isyon”ga beriladi.
Jamiyatda tuzumlar oʻzgarganda ham qiziq hol kuzatiladi. Shu vaqtgacha axloq va real hayot talablari tanlovida “qovurilib” kelgan inson ‒ endi ozod! Jamiyat neʼmatlariga egalik qilishning huquqiy imkoniyatlari keng. Oʻtgan tuzum mafkuraviy tazyiqlaridan omon qolgan kemtik, xasta koʻngillar erkin iqtisodiy munosabatlardan najot topadigandek goʻyo. Yangi davr talablariga osongina moslashgan toifalar yangi aristokratiyaga aylanadi. Ular uchun eng muhimi – siyosiy elita doirasiga kirib olish, gʻayriaxloqiy saʼy-harakatlarni mashruʼlashtirish. “Marhamat”lardan bebahra qolmaslik uchun or-nomus bir chetga suriladi. Tashqi koʻrinishi, neʼmatlar, siyosiy mavqei... – u erishgan omonat yutuqlarini koʻz-koʻz qiladi, oʻzgalardan ustun boʻlishga urinadi, kibr domiga botadi, havoyi orzularga beriladi. U endi har qanday “musiqa” sadolari ostida oʻynashga shay – dirijyor, ohang, ritm yoki janrning ahamiyati yoʻq.
Telbalar olamiga moslashmoq, eʼtirof-u neʼmatlardan bebahra qolmaslik ishtiyoqi odamni tobelik sirtmogʻida saqlaydi. Vaholanki, unda bu qobiqdan chiqish ishtiyoqi ham boʻlmaydi. Qul vujudi va ruhi bilan qul ekanini anglab, berganiga shukr qilgan boʻlsa, endigi zamonaviy qul tipining qanoat chegarasi ‒ koʻrib turganimizdek, ancha cheksiz. U ertaga och qolishdan, martaba va obroʻdan mahrum boʻlishdan, undan-da navqiron va gʻayratli “yirtqichlar” ulgʻayayotganidan mudom tashvishda yashaydi. Xastalik vahimasi har soniya uni xuddi soyadek quvib yuradi. Shu iztiroblardan himoyalanish uchun har qanday gʻirrom va qabih ishdan tap tortmaydi. Kezi kelganda jinoyat va razillik uning ruhiyatiga sokinlik olib keladigan najotbaxsh muolajaga aylanadi.
Endi imkoniyatlar ‒ katta, koʻngil tusagan ishlarni qilib, “odamlardek yashash” mumkin. Uning uchun shukr, insof, meʼyor, diyonat ‒ omilik zamonlari sarqiti. Ideal hayot namunasi sifatidagi orzular olomon jamiyatining kino va sanʼatida targʻib qilinadi. Matbuot va televideniye maishiy, koʻngilochar materiallar bilan olomon ishtiyoqini qondiradi, ijtimoiy vazifalar yukidan xalos etadi. Milliy madaniyatdan koʻra ommaviy madaniyatga intilish xasta qalblarga malham beradi. Ruhiyatda ulgʻaygan shaytoniy ishtiyoqni qondirish yangi-yangi dozalarni talab qiladi. Musiqiy nolalar qanchalik ajnabiy boʻlsa, ruhiy parvozlar shunchalik yuksak boʻladi. Unda koʻngil ishtiyoqlari “tor” milliy qolipdan kengroq, “ommaviy” darajalarga koʻtariladi. Bunday musiqa shahvoniy hirslarni junbushga keltiradi, mavhum gʻoyalarni singdiradi, olomonlik falsafasini mustahkamlaydi. Hamma narsa ana shu “falsafa” tantanasi uchun!
Maʼnaviy xasta jamiyat aʼzolari oʻz iyerarxiyasini yaratadi, unga kirish uchun mustaqil fikrdan voz kechmoq lozim. Xabarkashlik olomon jamiyatining muhim talablaridan sanaladi. U xoʻjayinning amalini, orttirgan neʼmatini himoya qilish, oʻzga xavf-xatardan doimo ogoh boʻlish imkoniyatlarini beradi. Shunga xususiylashgan “mutaxassislar” armiyasi shakllantiriladi. Bunday hamkorlikning ikki taraflama manfaatdorligi bor. Qul uchun yuqori iyerarxiyaga chiqish shart-sharoitlari yuzaga keladi. Xoʻjayin esa “raqib”larning belini sindiradi, yoʻllar “tozalanadi”. Yana: tanish-bilishchilik ham oʻtkir himoya vositasiga aylanadi. Iyerarxiya begona fikr va qarash vakillarini davrasiga kiritmaslik, ulardan ogoh boʻlish, ularni oʻz vaqtida aniqlash, tegishli tashkiliy chora-tadbirlarni joriy etishi lozim boʻladi. Bosh masala shundan iboratki, olomon jamiyati ichidan shaxslar chiqmasligi lozim. Shaxslar olomon jamiyatining barqarorligi va yaxlitligiga putur yetkazadi.
Olomon jamiyatida ijtimoiy tabaqalar boʻlmaydi. Ularning barchasi ‒ teng. Otasi ‒ bolasiga, shogirdi ‒ ustoziga raqib. Otasining ustiga, ustozining oʻrniga chiqib olish muayyan ijtimoiy tizim orqali ragʻbatlantiriladi. Rahbar oʻz atrofiga oʻzi kabilarni toʻplaydi. Qarabsizki, jamiyat abgor holga tushib, bir-birini sotish va mahv etish bilan ovora boʻlib qoladi. Shu sababdan olomon jamiyatidan chiqqan va uni saqlab turishdan manfaatdor “yangi qatlam” jamiyat rivojidan bahramand boʻlmaydi. Rivojlanish bu ‒ taqsimlash, baham koʻrish, demakdir. Bunday yondashuv olomon jamiyati falsafasiga zid. Shu sababdan, avvalo taʼlim, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, xoʻjalik sohalari parokanda turmogʻi lozim. Mulklar “eshmat”lar tasarrufidan aslo chiqarilmaydi, “toshmat”larning uni tortib olishga esa qurbi yetmaydi.
Maʼnaviy xastalikka giriftor jamiyat iskanjasidan chiqa olmay yurgan uchinchi toifa bu ‒ ziyolilar. “Arosatda qolganlar” toifasiga mansub boʻlmish ziyolilar ham bir qancha ichki toifalarga boʻlinadi. Ular jamiyatning oʻzligini anglagan, ilm-maʼrifatli, ammo eʼtiqodini yutib yashaydigan, irodasiga qarshi arosatda yurgan, oqni “qora” deb tasdiqlashga majbur boʻlgan, ojiz va yolgʻiz qolgan aʼzolari hisoblanadi. Narsissizm ijodkor-ziyolilar oʻrtasida ham keng tarqalgan xastalik boʻlib qoladi. Olomon eʼtirofi, imtiyoz-u amallar ‒ aslida isteʼdod oldida hech narsa. Moddiy manfaat ilinjida maddohlik qilish ayb emas. U oʻzi haqli boʻlgan narsalarni daʼvo qiladi, xolos. Biroq ularning istak-mayllari ‒ turli-turli, ayni choqda, bir-biriga qarama-qarshi va oʻzaro ziddiyatli hamdir.
Bu toifaning ikkinchi guruhi oʻjarlik, qaysarlik va murosasizlik xislatlari bilan ajralib turadi. Ular ‒ oʻz adolati va haqiqatlari bilan tanho. Bu toifadagi “bemor”lar kichik bir gʻoya uchun oʻzini qurbon qilishga tayyor, eʼtiqodining quli. Ular uchun mavjudligiga xiyonat qilish ‒ oʻlim bilan barobar. Ozchilikni tashkil qilsa-da, ular xasta jamiyat uchun shubhali toifalarga kiradi; ular Chexovning “Oltinchi palata”si doimiy mijozlariga aylanadi; “beoʻxshov” qarashlari va “mavridsiz” gʻoyalari bilan jamiyat qolipiga sigʻmay qoladi. Holbuki, ayni shu ziyolilar jamiyat ruhiyatini muolaja qilishi mumkin boʻlgan birdan-bir shifokorlar hisoblanadi. Lekin “saraton” xastaligiga chalingan jamiyat ruhiyati hech qanday maʼrifiy muolajaga tortilmaydi.
Taniqli axloqshunos olim va shoir Abdulla Sher biz “xalq” deb ataydigan turli tabaqaga mansub aholini axloqiy jihatdan uch toifaga boʻladi: 1) ezgulik bilan ish koʻruvchi yuksak va mustahkam axloq egalari, ular aholi ichida taxminan 15 foizni tashkil etadi; 2) ezgulikning ustidan kuladigan, yovuzlikka moyil odamlar ‒ oʻrtacha 25 %; 3) aholining katta qismi, ular kam deganda 60 foizni tashkil etadi – ana shular axloqiylik bilan axloqsizlik oʻrtasidagi simobga oʻxshash oʻynamol feʼlli odamlar boʻlib, ularning qaysi tomonga oʻtishi mamlakat-u millat taqdirini hal qiladi. Agar ular ezgulik tomoniga oʻtsa, mamlakat yuksaladi, aksincha, agar yovuzlik tomonidagilarga qoʻshilsa, yurt xarob boʻladi (“Shoyad, tafakkur qilsak...” // “Tafakkur” jurnali. 2019-yil, 1-son). Olomon jamiyatida aynan ana shu katta qatlamning 15 foizga ergashib ketmasligi uchun barcha chora-tadbirlar koʻriladi. Maʼrifatsizlik, savodsizlik, nochorlik sharoitini saqlab turishning barcha usullari qoʻllanadi va bu olomon jamiyati barqarorligini taʼminlovchi birdan-bir imkoniyat hisoblanadi.
Oʻzbek jamiyatiga kelsak, oxirgi yillarda maʼnaviy xastalikning xalqimizni asrlar davomida tanazzul girdobiga tortib kelayotgan illat oʻlaroq idrok etilayotgani milliy ruhiyatni poklash ishtiyoqidan nishona bermoqda. Bugun odamlar ilgarigilarga oʻxshamaydi: ular aytganni qilib, berganga koʻnib oʻtiradiganlardan emas. Eng muhimi, ijtimoiy tafakkur uygʻonmoqda. Bosh masala ‒ oʻsha ishtiyoqni maʼrifat va ilm bilan toʻldirmoqdan iborat. Shunday ekan, jamiyatda milliy qadriyatlarning ijtimoiy asoslarini joriy etish, davlat va jamiyat maqsadlari axloqiyligini taʼminlash, aholi manfaatlariga qaratilgan ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirish, salohiyat va iqtidor ustuvorligini belgilash, samarali hokimiyat tizimini takomillashtirish, adolatli qonunlar va soʻzsiz ijro mexanizmlarini mustahkamlash, zamonaviy taʼlim tizimi, eng muhimi, ezgu amallar rivojini ragʻbatlantirib borish sogʻlom jamiyat asoslarini yaratishga xizmat qiladi. Shu tariqa jamiyatda manfaatlarni halol yoʻl bilan qondirmoqning maʼrifiy imkoniyatlari paydo boʻladi. Birlikka intilish aholining burchiga aylanadi, fuqarolarda ommaviy masʼuliyat tuygʻusi shakllanadi. Insonning qadr-qimmatiga boʻlgan ishonch hayot qiyinchiliklarini mardonavor yengib oʻtishga undaydi. Iroda, or-nomus, burch va masʼuliyat tuygʻulari milliy eʼtiqodni mustahkamlaydi. Buning uchun esa jamiyatga sogʻlom shaxslar kerak boʻladi.
Toʻlqin ALIMARDONOV
“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 2-son.
“Olomon jamiyati alomatlari” maqolasi