U “boʻl” dedi va butun borliq yaraldi. Barcha muqaddas kitoblarda yozilishicha, eng avval Kalom boʻlgan. Odam ham borliqni soʻzlar orqali oʻrgangan. U yaratiqlarning nomini bilgani uchun ham maʼrifatlanib farishtadan yuqori maqomga koʻtarilgan. Keyin esa yana bir muqaddas kitobda yozilishicha, Xudo insonlarni yer yuzi boʻylab tarqoq yashashi uchun ularning tillarini aralashtirib yuboribdi, toki bir-birini tushunmasin. Shundan buyon “minnatdorlik” desa rahmatni, “minnat” desa taʼnani tushunamiz. Shundan beri “mulozamat” desa maqtovni, “mulozim” desa hukmdorning ortidan ergashuvchi arboblar koʻz oldimizga keladi.

Shuningdek, “aysh”, “ishrat”, “maosh”, “maishat”, “maishiy” soʻzlari tuzilish jihatidan oʻzakdosh boʻlsa-da, mohiyatan boshqa-boshqa tushunchalarni ifodalaydi. Tilimizda shunday johilona holatlar borki, rang maʼnosini anglatuvchi “lavn” soʻzining koʻplik shakli – “alvon”ni faqat qizil rangga “yopishtirgan” boʻlsak, “sabab” soʻzining koʻplik shakli – “asbob”ni mehnat qurollariga nisbatan ishlatamiz. Aytgancha, yuqorida tilga olingan “johil (ona)” soʻzi ham bundan mustasno emas. Oʻylab koʻring-chi, bu soʻz sizga qaysi kalomni eslatyapti? Ha, “jahl”. “Jahl” soʻzi biz tasavvur qilganimizdek “achchiqlanish”, “gʻazab”ni emas, aslida “nodonlik”, “bilimsizlik”ni ifodalashi kerak edi. Xuddi “kasal” soʻzi tanasining qayeridir ogʻriyotgan “bemor” emas, aslida “dangasa”, “ishyoqmas” maʼnosini anglatganidek.

Tilimizda mana shunday asl maʼnosidan uzoqlashgan yoki butunlay aks maʼnoni anglatuvchi arab tilidan oʻzlashgan soʻzlar bir qanchadir. Masalan, “isnod” soʻzi “tayanch”, “tirgak” degani, “uyat” degani emas. “Ehtimol” – “bardosh”, “chidam” degani, “taxmin” degani emas. “Maza” – “shoʻr, nordon gazak” degani, “lazzat” degani emas.

Umuman olganda, soʻzlarning asl maʼnosidan uzoqlashuvi yoki ichki bogʻliqlik uzilib, butunlay nomunosib tushunchani anglatishi barcha tillar uchun mutlaq tabiiy jarayon aslida. Shuning uchun ham biz “hamiyat” deganda “jizzakilik”, “manmanlik”ni emas, “oriyat”ni tushunaveramiz. Shuning uchun “ilhaq” deganda “qoʻshish”, “bogʻlash”ni emas, “mushtoqlik”ni tasavvur qilamiz.

Bilasizmi, soʻzlar qanday vaziyatlarda asl maʼnosidan uzoqlashadi? Bir tushunchani anglatuvchi mustaqil maʼnodagi soʻz maʼno koʻchish turlari (sinekdoxa, metafora, metonimiya) bilan aloqaga kirishadi. Vaqt oʻtgan sayin soʻz maʼnosi va koʻchma oʻrtasidagi aloqa uzilib, tushuncha koʻchma maʼnoda qotib qoladi. Keyinchalik u koʻchma maʼnolik “guvohnoma”sini mustaqil maʼnoga almashtiradi. Keling, buni quyidagi tahlillar bilan koʻrib chiqamiz:

(Sinekdoxa)

“Bisot” – aslida bu soʻz arabchadan tarjima qilinganda “gilam” maʼnosini bildiradi. Qadimgi arablar badaviylar deb atalgan boʻlib, bu soʻz “sahroyi”, “koʻchmanchi” maʼnolarini anglatgan. Tabiiyki, koʻchmanchi xalqlar chayla, oʻtov kabi tez yigʻiladigan va tez tiklanadigan uylarda yashashgan. Bunday uylarning asosiy xomashyosi gilam boʻlib, u dumaloqlanib yigʻishtirilganda tuyaga ortib koʻchish uchun qulay boʻlgan. Biz hozirgacha ishlatadigan “bor bisotim shu” jumlasining tarixi ham badaviy arablar hayot tarziga borib taqaladi. Oʻsha davr uchun “bor bisotim” oʻz maʼnosida qoʻllanilgan boʻlsa, hozirda biz buning koʻchma maʼnodan tugʻilgan yangi maʼnosidan foydalanamiz.

(Metafora)

“Valad” soʻzi arab tilida “bola”, “farzand” maʼnosini anglatadi. Bizning tilimizga oʻzlashganda “valadi zino” tariqasida avvaliga birikma tarzida yaxlitligicha oʻzlashgan, keyinroq esa “zino” tushib qoldirilib, “valad” soʻzi yakka holda qoʻllanilishiga qaramay, “zinodan tugʻilgan farzand” tushunchasini oʻzida saqlab qolgan.

(Metonimiya)

“Bashara” soʻzini arablar butun bir “tana”, “gavda” yoki “inson” maʼnosida qoʻllaydi. “Insoniyat” maʼnosini anglatuvchi “bashar/bashariyat” soʻzlari ham “bashara” bilan oʻzakdoshdir. Bizning tilimizda esa bu soʻz tanamizning bir boʻlagi – yuz qismimiznigina ifodalaydi (shunda ham salbiy boʻyoqda).

Mana shu tarzda biz baʼzi soʻzlarning osmonlarga tutash maʼnosini yerga urib, chilparchin qilamiz-da, baʼzi soʻzlarni yerdan olib, koʻkka koʻtargancha hayf qilamiz. Bunday soʻzlar kundalik hayotimizning har damida, har qadamimizda uchraydi. Mana hozir ham men “hayf” soʻzidan foydalanganimni sezmay qola yozdim. Undan foydalana turib, bu soʻzga nisbatan adolatsizlik, nohaqlik qildim. Aslida ham bu soʻzning tarjimasi “adolatsizlik”, “nohaqlik” demakdir (tarjimasi qismatiga qanchalik monand-a?). Biz esa bu soʻzni oʻz tarjimasiga arzitmaymiz.

Bundan tashqari, shu tariqa adolatsizlikka uchragan soʻzlar sirasiga biz nazmiy atama sifatida foydalanadigan “bayot” (“tunab qolish”), “bayt” (“uy”); kundalik soʻzlashuvda ishlatiladigan “diyonat” (“din”, “eʼtiqod”), “(hech) vaqo” (“voqea”), “jarima” (“jinoyat”, “gunoh”), “ibo” (“qarshilik”, “koʻnmaslik”), “mador” (“aylana markazi”), “mugʻombir” (“tavakkalchi”; “tush taʼbirlovchi”); ismlardan esa “Muharram” (“harom qilingan”), “Javlon” (“chiroyli yurish”), “Javhar” (“mohiyat”) kabilar ham mansub.

Agar bunda “adolat”ni tiklamoqchi boʻlsak, “ayol” (“oila”) soʻzidan boshlanib (alifbo tartibida), “zaqqum” (daraxt nomi) soʻzi bilan tamomlanadigan uzun roʻyxat shakllansa kerak.

Ziyodaxon TURDIBOYEVA