Prezident topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida Raqobat qoʻmitasi aviatsiya bozorida ichki aviaqatnovlarda yoʻlovchilar uchun mavjud tariflar, narx shakllanishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oʻrgandi.
Ushbu jarayon davomida aviaqatnovlarni amalga oshirish bilan bogʻliq tashish xarajatlarini optimallashtirish imkoniyatlari tahlil qilinib, xarajatlarni maqbullashtirish hisobiga ichki yoʻnalishlarda aviachiptalar narxlarini pasaytirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Takliflar yuqori instansiyalar tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, Raqobat qoʻmitasi “Uzbekistan Airways” AJ bilan hamkorlikda ichki aviaqatnovlar boʻyicha tariflarni qayta koʻrib chiqqan. Yakunda joriy yilning 16-oktyabridan boshlab ichki yoʻnalishlarda aviachiptalar narxlarini oʻrtacha 20 foizgacha arzonlashtirishga erishilgan.
Maʼlumot uchun, mazkur chora-tadbirlar:
▪️ aholi uchun aviaqatnovlarni yanada qulay va hamyonbop qilish;
▪️ ichki turizmni rivojlantirish;
▪️ hududlar oʻrtasida harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirish;
▪️ xizmat safarlari va shaxsiy tashriflarni rejalashtirishda qoʻshimcha qulaylik yaratish;
▪️ isteʼmolchilar manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
“Raqobat qoʻmitasi aholi manfaatlariga daxldor bozorlarni tahlil qilish va oʻrganish ishlarini izchil davom ettirib, aniqlangan muammolar boʻyicha amaliy choralar koʻrishga alohida eʼtibor qaratmoqda”, deyiladi xabarda.