Mamlakatimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Keksalar haftaligi” doirasida ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilgan faxriylarni eʼzozlash, ularning boy hayotiy va kasbiy tajribasini yosh avlodga yetkazish maqsadida Andijon viloyatida IIO “Uch avlod” maslahat kengashining VI respublika konferensiyasi oʻtkazildi. Unda vazirlik masʼullari, Faxriylar kengashi vakillari, hududiy ichki ishlar organlaridan tashrif buyurgan faxriylar hamda yosh xodimlar ishtirok etdi.
.jpg)
Uch kunlik dasturda ishtirokchilar uchun avlodlar oʻrtasidagi vorisiylikni mustahkamlash, faxriylarning tajribasini yoshlarga yetkazish, oʻzaro muloqot va tajriba almashishga qaratilgan turli tadbirlar tashkil etildi.
Xususan, “Faxriylar va yoshlarni ilm birlashtiradi” gʻoyasi asosida “Zakovat” intellektual tanlovi oʻtkazildi. Qizgʻin bahslar yakuniga koʻra, Andijon viloyati jamoasi 1-oʻrinni, Navoiy viloyati jamoasi 2-oʻrinni, Sirdaryo viloyati jamoasi esa 3-oʻrinni egalladi.

Shuningdek, “Eng faol faxriy xodim” tanlovi tashkil etilib, ishtirokchilarning bilim va tajribasi, jamoat ishlaridagi faolligi hamda yosh xodimlarga oʻrnak boʻlayotgan jihatlari baholandi.
Dastur doirasida faxriylar Andijonning tarixiy qadamjolari va muzeylariga tashrif buyurib, madaniy-maʼrifiy sayohatlarda ishtirok etishdi. Faxriylar kengashlari raislari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj faxriylar holidan xabar olinib, ular bilan samimiy muloqotlar oʻtkazildi.

Konferensiya davomida faxriylar va yosh xodimlar mahallalarda huquqbuzarliklar hamda jinoyatchilikning oldini olish, aholi bilan muloqot va profilaktik ishlarni tashkil etish yuzasidan tajriba almashdi. Shuningdek, soha fidoyilari holidan xabar olinib, ularning xizmat xotiralari va maslahatlari tinglandi.

“Yilning eng faol faxriy xodimi” tanlovining respublika bosqichida Sodiqjon Nishonov birinchi, Abduvahobjon Xoliqov ikkinchi, Zokir Xudoymurodov uchinchi oʻringa munosib topildi. Birinchi oʻrin sohibiga ikki kishilik bepul sanatoriy yoʻllanmasi, ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblariga tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ikki va sakkiz baravari miqdorida pul mukofotlari berildi.
.jpg)