Bolani yoshligidan badiiy tafakkur qilishga oʻrgatish, isteʼdodini yuzaga chiqarish uning intellektual rivojida muhim omil sanaladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-sonli qaroriga muvofiq,  oʻtgan  oʻquv yilidan boshlab oʻrta umumtaʼlim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etildi.

Ushbu lavozim taʼlim muassasalarida madaniy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, iqtidorli oʻquvchilarning  ijodiy qobiliyatini aniqlash, uni roʻyobga chiqarishni koʻzda tutadi. Aytaylik, bugun “Yosh ijodkorlar” toʻgaragiga qatnashayotgan hamma bolalar ham kelajakda  shoir-yozuvchilikka daʼvo qilmas, lekin ular bu muhitda maʼrifatli-maʼnaviyatli insonlar boʻlib ulgʻayishi tabiiy.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2020-yil 28-dekabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaroriga asosan umumtaʼlim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi 0,5 shtat birligi joriy etildi. Bugungi kunda ryespublika boʻyicha oʻn ming nafardan ortiq targʻibotchilar faoliyat  koʻrsatmoqda. Ulardan  qariyb yarmi yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar va madaniyat xodimlari hissasiga toʻgʻri kelsa, qolgan yarmi ona tili va adabiyot hamda boshqa fan oʻqituvchilaridan iborat.

Qoʻshma qarorga koʻra ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchining asosiy vazifalari belgilab berilgan. Ammo ushbu yoʻnalish yangi soha boʻlganligi sababli, uning faoliyat doirasini yanada aniqlashtirish maqsadida seminar-treninglar oʻtkazish va kerakli qoʻllanma chop etish zarurati bor edi. Oʻtgan yilning 22-23-noyabr kunlari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida targʻibotchilar ishtirokida oʻtkazilgan amaliy seminar-trening koʻp masalalarga yechim bera oldi.   

Ikki kun mobaynida targʻibotchilarga oʻz sohasining yetuk mutaxassislari, jumladan, xalqaro sertifikatga ega trenerlar, yozuvchi-shoirlar tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi, taqdimotlar uyushtirildi. Mashgʻulotlarda targʻibotchilar ham amaliyot davomida orttirgan tajribalari va taklif-mulohazalarini hamkasblari bilan oʻrtoqlashdi. Tayyorlangan trenerlar 13-28-dekabr kunlari oraligʻida barcha hududlarda targʻibotchilar uchun seminar-treninglar tashkil etishdi. Endilikda trenerlar tomonidan qishki taʼtil davrida tuman (shahar)larda targʻibotchilarni jadval asosida, oʻqitish ishlari olib borilmoqda. Xalq taʼlimi vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Yozuvchilar uyushmasining takliflari hamda joylardagi targʻibotchilar bildirgan fikrlar bir yerga jamlanib, uslubiy qoʻllanma loyihasi  ham tayyorlandi. U joriy yilda  chop etilib, barcha targʻibotchilarga tarqatiladi.

Ayni paytda har bir hududda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilarning oʻz telegramm guruhlari yoki kanallari (masalan: “Andijon targʻibotchilari”, “Xorazm targʻibotchilari” va hokazo) ochildi. Ushbu guruhlar jami 9175 nafar targʻibotchini qamrab olgan. Targʻibotchilar oʻrtasida har yili “Yilning eng namunali ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi” tanlovini tashkil etish ham  rejalashtirilmoqda.

Targʻibotchilarning maktablarga kirib borishi avvalo u yerdagi ijodiy muhitni jonlantirdi. Iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlashning aniq mexanizmlari yaratildi. Mamlakatimizdagi barcha maktablarda “Yosh ijodkorlar” toʻgaraklari tashkil etilib, oʻquvchilarning  ijod namunalari mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalari orqali yoritilmoqda. Bu ham yoshlarga katta maʼnaviy ragʻbat boʻlayotir. Yaqinda Respublika Kasaba uyushmalari tomonidan uyushtirilgan “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovida aynan ana shu toʻgarak vakillaridan 5 nafari ryespublika bosqichida ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.

Xulosa qilib  aytadigan boʻlsak, dastlabki qadamlar ancha samarali boʻldi, deyishga toʻla asosimiz bor. Bu xayrli tashabbus ertangi kunda yanada salmoqli natijalar berishiga shubha yoʻq.

                                                                      Toʻxtasin ARSLONOV,

          Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining

Taʼlim muassasalari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi