Davr talablari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, sanʼat – boqiylikning koʻlankasi, abadiylikka daxldor hodisa. U shubhasiz chegarasiz, shu bilan birga ijodkor uchun yagona mezon va chegara hamdir. Sanʼatni hayotning maʼnisizligi qarshisidagi eng yaxshi yechim, deyish mumkin. Davr talabi boʻyicha taqdim qilingan har qanday “ijod” namunasi esa oʻtkinchi. Shu bilan birga, ijodkorning oʻz zamonasi ruhini anglash yoʻlidagi izlanishlarining mahsuli uzoq vaqt yashab qoladi.
Insoniyat tarixida bunga misollar koʻp. “Gilgamesh” dostonidan tortib, Ezop-u Homergacha, Navoiydan Shekspirgacha, Chexovdan Selinjer-u Bredberigacha va baʼzi XXI asr zamonaviy sanʼat namoyandalarining ijodi davrlar silsilasida yashashda davom etyapti. Bu badiiylikning cheksizligi, unga erishgan ijodkorning daraja-saviyasi demakdir.
Sanʼatdagi bunday bipolyarlik, yaʼni badiiyatning chegarasizligi insonni oʻylantiradigan holat. Kaminaning shu xususdagi mulohazalari chegarasiz badiiyatning asosini anglashga boʻlgan intilish boʻlib, buni kino sanʼati doirasida koʻrish mumkin.
Oʻzbek kinosida badiiylik bobida chalgʻishlar, oʻzlashtirish, koʻchirmachiliklar koʻp, mulohaza esa kam, sanʼatga munosabat arzon, daʼvolar katta-yu mehnat deyarli yoʻq. Hozirgi paytda aksariyat ijodkorlarning birlamchi maqsadi kino vositasida tanilish. Lekin bu xohishlarning na xalqqa, na sanʼatga aloqasi bor.
“Kinoni “qoʻshning” uchun olmasang, unda nima keragi bor?” deb qaraydiganlar va shu qabilda ishlayotganlar saviya, asl sanʼat degan tushunchalar haqida oʻylab koʻrmasliklari tabiiy. Film yaratishdan maqsad tomoshabinga “zavq ulashmoq” va “oʻylantirmoq” degan gaplar aynan yuqorida keltirib oʻtilgan, oʻz foydasi uchun sanʼatdan foydalanuvchi hunarmand toifaning oʻlchovidan boʻlak narsa emas.
Agar kimningdir sanʼat oʻzi nima, uning vazifasi nimadan iboratligini belgilab berishga haddi boʻlsa, u kamida ikki asr umr koʻrib, oʻz mehnatining mevasi yashab qolgan-qolmaganini koʻrgan boʻlishi lozim. Shunday ekan, bunday noqis nazariyalarni koʻr-koʻrona iddao qiluvchi, zamonaning yangiligi, yutugʻi, urfi deb biladigan kino hunarmandlari hech boʻlmaganda Ezop sanʼati nima uchun shuncha asrlardan beri yashab kelayotgani haqida oʻylab koʻrishlari lozim. Gulxaniyning bahosi uning hunarida emas, shaxs sifatidagi darajoti, tafakkur saviyasiga bogʻliq ekanini anglab yetishlari kerak boʻladi. Shekspirning pyesalari, Navoiyning gʻazallari-yu “Xamsa”si, Boburning ruboiylari-yu “Boburnoma”si boshqa davrlarda yozilgani holda, nega hozirgi davr kishisi ruhiyatini ifoda etishini, Bredberining fantastik asarlari insoniyat tarixining chinakam inʼikosi ekanini, Anna Frankning kundaligi esa hech qanday “zavq ulashish” yoki “oʻylantirish” uchun yozilmaganligini tushunishlari kerak boʻladi. Illo, Anna Frankning oʻzi bu kundaligini “yozuvchi” boʻlish uchun yoki tanilish, oʻquvchiga yoqish uchun yozmaganini oʻzini ijodkor sanaydiganlar oʻylab koʻrganlari maʼqul. Shunday ekan, sanʼatning vazifasi oʻylantirish, zavq berishdan iborat, degan gaplarning bari safsata.
Sanʼatning yagona mezoni – ming yillar davomida isbotlangan va faqat haqiqiy ijodkorlargina erisha olgan – yuksak saviya. Bashariyat tarixiga nazar solsak, Sofokldan to Chexovgacha boʻlgan katta davr ichida yashagan buyuk ijodkorlar va ularning asarlarida avvalo, insonning oʻzligi, tabiati, iqtidori haddini anglash ilinji mavjud.
Menimcha, hech qaysi dehqon xaridorga yoqish uchun meva-sabzavot yetishtirmaydi. Dehqonning mehnat falsafasi aniq va loʻnda: u yetishtirgan mahsulot qanchalik sifatli boʻlsa, narxi ham shunchalik baland boʻladi. Eng muhimi, dehqon zavod yo fabrika kabi tovar ishlab chiqarmaydi, u hosil olish uchun mehnat qiladi, ter toʻkadi. Shunday ekan, nega sanʼatga parvarish, mehnat, sifat, saviya degan tushunchalar begona boʻlishi kerak? Nega ijodkor oʻz kuchsizligi, saviyasizligini, bilimsizligini tomashabinning talabi bahonasi bilan xaspoʻshlashi kerak? Ijodkorning tomoshabin xohishi ortiga berkinishga haqqi yoʻq. Tushunaman, zamona zayliga koʻra kino ham bozor iqtisodiga oʻtgan boʻlishi mumkin, lekin nega SANʼAT qimmatbaho toshlar, olmos-u javharlar doʻkoni emas, arzongarov mahsulotlar bozoriga aylanishi kerak?
Bunga, albatta, biz ijodkorlar aybdormiz. Afsuski, hozirgi davrda ijodkorning, avvalo, kino vakillarining oʻz kasblariga boʻlgan munosabati achinarli. Tomoshabinga yoqish, “yulduz” boʻlish, tanilish ilinji nima uchun sanʼat sohasiga qadam qoʻyganini unutish darajasigacha olib keldi. Endi katta-kichik rejissyorlar umrini, kuchini inson va hayotning mohiyatini anglash, badiiy asar yaratish yoʻlida izlanishga emas, balki oʻzgaruvchan tomoshabinning oʻzgaruvchan xohishlariga sarf etishga mukkasidan ketishdi. Sanʼat sohasida saviyaga erishmoq mashaqqatli yoʻlni bosib oʻtishni taqozo etadi, uzluksiz mehnatda riyozat chektiradi, baʼzan darbadar, devona qiladi, ulkan sabr talab etiladi. Boqiylikka daxldor sanʼat yaratish qurbiga hamma ham ega emas, biroq shu maqsad yoʻlida boʻlishning oʻzi muhim. Kinoning mashaqqatli maydonida nafaqat tarixda, bugun ham sanʼatning asl mohiyatini ochib berayotgan ijodkorlar yoʻq emas. Yoʻqsa, biz allaqachon kino koʻrishni, kitob oʻqishni yigʻishtirib qoʻygan boʻlardik. Nazarimda, zamon talabi ortiga berkinib ish tutish – noʻnoqlik belgisi.
Har qanday muallif oʻz davridan boshqa davr toʻgʻrisida ijod qila olmaydi. Hatto aka-uka Strugaskiylar ham hech qanday fantastik davr toʻgʻrisida emas, balki oʻz davrining fantastik darajaga koʻtarilgan shart-sharoit va aqidalari haqida tafakkur qilganlar. Hech qaysi inson tabiatida dunyoni toʻlaligicha qamrab olish imkoniyati mavjud emas. Insonda izlash, borliqni anglash iqtidori bor. Izlagan, anglagan narsasini boʻlishish, oʻzaro fikrlashish, suhbat qurish ilinji bor.
Sanʼatda hech qanday tomoshabin yoʻq – suhbatdosh bor, “aqlli”lar yoʻq – hamdardlar bor, masxarabozlar yoʻq – koʻz yoshlari ortidan jilmayuvchilar bor. Insonga suhbatdosh, hamdard boʻlolmagan, uning iztirobini, holini his etolmaydigan, oʻtkinchi va puch narsalarni targʻib etuvchi tomoshalarning sanʼatga hech bir aloqasi yoʻq.
2007-yili meni Qozogʻiston Respublikasining Almati shahrida boʻlib oʻtgan “Yevraziya” xalqaro kinofestivalining “Markaziy Osiyo kinosi” blokiga taklif qilishdi. U yerda eronlik mashhur rejissyor Mohsen Mahmalbafning mahorat darsiga borishga, ustani oʻz koʻzim bilan koʻrishga muvaffaq boʻldim. U nutqining oxirida bir savolni oʻrtaga tashladi:
– Qani aytinglar-chi, yigirma yil avval kino olish qiyinmidi yoki hozirmi?
Zal birvarakayiga “Albatta oldin”, deb javob berdi. Men ham bu fikrga qoʻshildim. Negaki, avvallari film olish uchun birinchi navbatda oliygohga oʻqishga kirish, besh yil oʻqish, soʻng studiyaga ishga kirib, yo chiroqchi, yo assistent, yo ikkinchi rejissyor boʻlib bir necha yil ishlash shart edi, mingta chigʻiriqdan oʻtib, nihoyat film ishlay olishingga kimdir ishonch bildirgandan soʻnggina kameraga yaqinlashishing mumkin edi. Kino haqiqatdan ham qimmat sanʼat boʻlgan. Hozir-chi? Hozirgi paytda har zerikkan kishi kino bilan shugʻullanishi mumkin.
Tasvirga olish dastavval plyonkadan videoga, videodan esa raqamga koʻchganidan soʻng, butun boshli “проявка” degan kimyoviy jarayon oradan gʻoyib boʻldi. Maʼjoziy aytganda, kinoning “kimyo”si yoʻqoldi.
Hozirgi zamonda kamera bilan ekran orasidagi masofa juda qisqa. Natijaga erishish texnik nuqtayi nazardan juda oson. Shu sabab bugungi kunda Youtube, Instagram, Facebook va TicTok “yulduz”lari koʻp. Har xil bloger, vloger va hokazo…
Xullas, turfa fikrlar, bahs-munozaradan soʻng Mohsen oʻzining nuqtayi nazarini bayon qildi:
– Menimcha, – dedi u, – kino olish hozir qiyin, toʻgʻri, avvallari rejissyorning kameraga yetib borishi oson boʻlmagan, bu yoʻlda tabiiy tanlov ishlagan. Yaʼni, kino olish uchun rejissyor teran fikrlay olishi shart boʻlgan, chunki davlat pulni koʻkka sovurishni istamagan. Xullas, avvallari kinoni kuchlilar olgan. Hozir ijodkorning kuchi u ishlatadigan texnikada emas, chunki texnika hammada, har yerda bor. Qolaversa, prodyuser pulni hamisha texnikaga, texnologik tomoshabozlikka tikadi. Bugungi kunda ijodkorning kuchi – javobgarligida.
Bu fikr mening postulatlarimdan biri boʻlib qolyapti. Kimdir oʻz ishidagi texnika-yu texnologiyani muhim yutuq sifatida koʻrsatishga urinyaptimi, bilingki, uning sanʼat oldida javobgarligi sust. U faqat oʻz manfaatlarining xizmatkoridir.
Har bir ijodkor hamisha oʻz gapirgan gapi, qoʻygan kadri, oʻynagan roli, oʻqigan sheʼrining mazmuni uchun javobgar. Illo texnika, texnologiya hammada va har joyda bor, faqat ijodkorlarning javobgarlik darajasi har xil. Pul boʻlsa texnika, texnologiyani topish mumkin, ammo sanʼatni emas. Shunday ekan, sanʼatkorlikning eng muhim oʻlchovi – daraja boʻlib qolaveradi.
Jahon kinosidagi jamiki durdona filmlarning birlamchi mezoni nima? Byudjetmi, texnikami, texnologiyami? Buni yaxshiroq tushunish uchun misollarni koʻrib chiqamiz.
1) Charlz Chaplinning 1931-yilda suratga olingan “Katta shahar yongʻini” filmi byudjeti 1,5 million dollar. Plenkada olingan oq-qora, ovozsiz film, “Oskar” mukofoti bilan taqdirlanmagan.
2) Andrey Tarkovskiyning 1974-yilda suratga olingan “Koʻzgu” filmining byudjeti 622 ming rubl. Plenkada olingan, rangli, bir ovozli film, “Oskar” mukofoti bilan taqdirlanmagan.
3) Satʼyajit Rayning 1955-yilda suratga olingan “Yoʻl qoʻshigʻi” filmi byudjeti dollar ekvivalentida 30 ming 500. Oq-qora, bir ovozli film, “Oskar” mukofotini olmagan.
4) Jeyms Kemeronning 2022-yilda suratga olingan “Avatar: Suv yoʻli” filmi byudjeti 350-460 million dollar. Umumiy daromadi 2 milliard 320 million dollar. 3D texnologiya/ DCP formatda ishlangan, 5:1 ovozli film. “Oskar” mukofotining “Eng yaxshi vizual effekt” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.
5) Kristofer Nolanning 2023-yilda suratga olingan “Oppengeymer” filmi byudjeti 100 million dollar. Plenka, IMAX (kombinatsiya) shaklida ishlangan, 5:1 ovozli film. “Oskar” kino mukofotining yettita nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Bir qarashda faktlar hamma narsani aytib turibdi. Byudjet, texnika, texnologiya va yutuqlarining koʻpligi jihatdan Nolan va Kemeron filmlarining koʻrsatkichi yuqori. Ammo bu rejissyorlarning hech biri kino tarixidagi durdona asarlarning yaratuvchisi emas.
Bu ishni faqatgina Chaplin, Tarkovskiy va Satʼyajit Ray uddalay olgan. Ular orasida Tarkovskiyning filmi Chaplin va Satyadjitning filmiga qaraganda rangli hamda ovozli boʻlgani bois, texnik va texnologik jihatdan yetukroq koʻrinadi. Chaplinning filmi esa, byudjeti jihatidan Tarkovskiy va Rayning filmlaridan ustun tuyuladi. Lekin “Katta shahar yongʻini”ning byudjeti “Avatar”niki oldida choychaqa, texnologik jihatdan ancha oddiy, “Oppengeymer”ning texnik kriteriyasi oldida esa umuman ip esholmaydi. Lekin na “Avatar” va na “Oppengeymer” Chaplinning “Katta shahar yongʻini”, Tarkovskiyning “Koʻzgu” va Satʼyajit Rayning “Yoʻl qoʻshigʻi” filmlarida oddiygina kadr orqali erishilgan badiiylikka, mohiyatga, abadiyatga yeta olmagan. Insonning ruhiy holati, tafakkuri va imkoniyatlari cheksizligining mezoni boʻla olgan emas.
Sanʼatning qadr-qimmatini belgilash nafaqat ijodkorga, tomoshabinga, eng muhimi, vaqt tushunchasiga bogʻliq. Har bir sanʼat asarining darajasi muayyan vaqt doirasidagi inson bilan oʻlchanishi lozim, chunki tendensiyalar oʻzgaruvchan, dunyoqarashlar evriluvchi, hissiyotlar esa tuslanuvchidir.
Shunday ekan, yuqori byudjetli film – faqat imkoniyat, yuqori texnologik film – faqat usulning oʻzgarishi, muallif gʻoyasi esa texnologiya ham, texnika ham emas, aynan insonlik darajasi demak. Rejissyorning asar gʻoyasiga munosabati kasb emas, balki uning inson sifatidagi tanlovi, qadriyatlari, vijdoni va dunyoqarashining badiiy koʻrinishidir.
Kino – pul, texnika va texnologiya emas, inson tafakkuri erisha olishi mumkin boʻlgan abadiyatning shular vositasida yuzaga chiqadigan koʻrinishi boʻlib, bu chegarasiz badiiylikning aksi ham, amalga oshiruvchisi ham – Inson.
Afsuski, hozirgi oʻzbek kino ijodkorlarining (shu jumladan mening ham) oʻz kasbi-korimiz va hayotimizga nisbatan munosabatimiz arzon. Javobgarlik hissimiz haminqadar. Vaholanki, avval boshda hech qaysi birimiz oʻz vaqtimizni behuda sovurish, umrimizni choychaqaga almashish, toshoynaning qarshisida turib, oʻz goʻzalligimiz haqida yolgʻon qasida toʻqish uchun sanʼat yoʻlini tanlagan emasmiz…
Har kimning bahonasi – oʻz umriga teng. Shunday ekan, tanlovi ila ulugʻlangan INSON bugun-erta oʻz aksiga qarab nimani koʻrishni tanlashi uning ixtiyorida. Kino ijodkor ekranda qahramonlarni emas, balki oʻzi va oʻz avlodining oʻn yil, ehtimol, yuz yildan keyingi taqdirini aks ettiradi. Demak, ertaga mening ekrandagi aksim qanday boʻlishi oʻzligim oldidagi javobgarligimni qanchalik his eta bilishimga bogʻliq.
Yolqin TOʻYCHIYEV,
kinorejissyor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2025-yil 5-son.
“Chegarasiz badiiyat orzusi” maqolasi