Hozir Oʻzbekistonda 150 ga yaqin muzey faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi yurtimiz tarixini tosh davridan bugungi kunga qadar qamrab olganligi bilan alohida ajralib turadi. Unda 350 mingdan ortiq eksponatlar saqlanib, shulardan 75 mingdan ortigʻi Arxeologiya fondiga tegishli. Eksponatlarning eng noyoblari deb hisoblangan 10 mingga yaqini ekspozitsiya zallaridan oʻrin olgan. Ekspozitsiya davrlar boʻyicha boʻlimlarga ajratilgan. Birinchi boʻlim “Oʻzbekiston hududi tosh davrida”, ikkinchi boʻlim esa “Oʻzbekiston hududi bronza davrida” deb yuritiladi.

Bronza davri boʻlimida Zamonbobo, Sopollitepa, Jarqoʻton, Kuchuktepa (Toshkent vohasi) hamda Chust yodgorliklaridan topilgan topilmalar joylashgan. Ular orasida “Ikki boshli ilon” haykalchasi alohida eʼtiborga molik. U ikki tomonlama haykalcha boʻlib, bir-biriga qaragan boshchalari bilan tanalari keskin tarzda oʻzaro chirmashib ketgan ikki dona dogʻli ilon tasvirlaridan hosil boʻlgan taqa (podkova)simon shaklga ega. Haykalcha yumshoq tosh – xrizotildan oʻyib ishlash va arralab kesish texnikasi yordamida tayyorlanib, keyinchalik sirtiga sayqal berilgan. Tasvirning bir tomoni yaxshiroq silliqlangan, ehtimol, aynan shu tomon old (asosiy) yuzasi boʻlgan. Ilonlar haykalchasi tayyorlangan mineralning koni So‘xdan shimoli-sharqqa tomon 25 km masofada joylashgani buyumning mahalliy kelib chiqishini koʻrsatadi.

Haykalcha yuzasidagi bezaklar ilon tanalari boʻylab geometrik jihatdan hech qanday aniq joylashuvsiz bajarilgan, notekis oval shakldagi chuqurchalardan iborat. Chuqurchalarning umumiy soni 400 tadan ortiq boʻlib, har ikki tomonda 219 tadan joylashgan. Ilonlarning dumlari bir nechta chiziqlar bilan bezatilgan (ulardan birida 4 ta, ikkinchisida esa 5 ta chiziq mavjud). Ilon tanalari ham yuqori va quyi qismlarga uzunasiga tushirilgan chiziqlar orqali ikkiga boʻlingan boʻlib, bu chiziqlar pastga tomon ikki tarmoqqa ajraladi. Qirralarining silliqlanganligiga qaraganda, teshiklar buyum sirtini sayqallashdan oldin burgʻulab ochilgan. Koʻz, tish va burun teshiklari kesimda yumaloq, ilon tanalarini qoplab turgan chuqurchalar esa oval shaklga ega. Quloqlar va qosh yoylari yarim doira shaklida oʻyib ishlangan (boshning yuqori qismida 4 juft yoy, shuningdek, qarama-qarshi yoʻnalgan 2 juft yoy mavjud). Bundan tashqari, ilon boshlarining yuqori qismida gʻaltaksimon shakldagi chuqurchalar ishlangan. Burun teshiklarining yuqori qismida koʻndalang chiziqlar tushirilgan, boshchalarning ostida, boʻyin qismida esa ikkitadan koʻndalang oʻyma egatlar mavjud. Ilon tanalaridagi ayrim oval chuqurchalar oqish rangli gips massasi bilan toʻldirilgan. Tishlar uchun moʻljallangan chuqurchalarning aksariyati gips qorishmasi bilan toʻldirilmagan (bir ilonda yuqori jagʻda 14 ta, quyi jagʻda 13 ta, ikkinchisida esa mos ravishda 14 va 11 ta chuqurcha mavjud). Eksponat inventar maʼlumotlariga koʻra: inventar raqami № А.13928; kolleksiya raqami № 207-1, buyumning balandligi 27 sm, kengligi 25 sm, eni (qalinligi) 4,7 sm.

 

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan ikki boshli ilon-haykalcha.

Bu noyob eksponatning Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyiga keltirilish tarixi quyidagicha: 1899-yilning 4-noyabrida Turkiston arxeologiya havaskorlar toʻgaragi aʼzolari oʻz kolleksiyalarini Toshkent muzeyi arxeologiya boʻlimiga topshirdilar (Oʻzbekiston tarix davlat muzeyi 1876-yilda Toshkent muzeyi nomi ostida ochilgan). Ashyolar orasida 1893 yoki 1894-yilda Qoʻqon uyezdining Soʻx qishlogʻida yashovchi G.S.Batirov tomonidan yerga ishlov berish chogʻida topilgan ikki (qoʻsh) ilon koʻrinishidagi tumor-haykalcha ham bor edi. Olimlar ushbu nodir topilma bronza davriga tegishli boʻlib, sanasi miloddan avvalgi II ming yillikka oidligini aniqlaganlar.

Masalaning qiziq jihati shundaki, ilon koʻrinishdagi tumor-haykalcha Oʻzbekiston hududidan boshqa topilmagan. Bronza davriga oid qoʻshilon shaklidagi topilma koʻp hajmda faqat Eron hududidagi Jiroft madaniyatiga oid yodgorliklardan topilgan. U Janubiy Erondan Fargʻonaga qanday kelgani nomaʼlum, ehtimol, Oʻzbekistonning shimolida Jiroft madaniyatining taʼsir chegarasi oʻtgan, degan qarashlar ham mavjud, biroq bu paytda Fargʻona vodiysida Chust madaniyati taraqqiy topgan edi. Jiroft madaniyatining asosiy arxeologik yodgorligi – Konor-Sandal (miloddan avvalgi 3 ming yillik) qazilmalari. Jiroft madaniyatining asosiy markazi boʻlgan Shahri-Suhtega (soʻzma-soʻz “yonib kulga aylangan shahar”) miloddan avvalgi 3200-yillarda asos solingan. Bu yodgorlik Eronning janubi-sharqidagi Siston va Balujiston viloyatida, Hilmand daryosi boʻyida, Zohidon-Zobul yoʻli yaqinidan topilgan. 2014-yilda UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Ikkinchi bir nazariya – savdo aloqalari natijasida Fargʻonagacha yetib kelgan. Biz shu nazariyani qoʻllab-quvvatlaymiz. Topilgan ikki boshli ilon-haykalchalarning deyarli barchasining yuqori qismi tutqichli, yʼani koʻtarib yoki bogʻlab yurishga qulay holatda yasalgan.

Ilon kulti (timsoli) azaldan dunyoning barcha qadimiy madaniyatlarida murakkab va koʻp qirrali ramz boʻlib, quyidagilarni ifodalagan: Abadiylik, donolik, himoya, shifo va boshqalar. Shu sababli ham ilonlardan yasalgan haykalchalar eʼzozlangan. Insonlar tomonidan tumor yoki himoya ramzi sifatida olib yurilgan. Ilon-haykalcha ham aynan iqtisodiy va madaniy aloqalar orqali Fargʻonagacha yetib kelgan boʻlishi mumkin. U mahalliy aholidan kimgadir sovgʻa sifatida taqdim etilgan, shuning uchun bu yerda qolib ketgan degan xulosaga kelishimiz mumkin. Ilon ramzi hozirgi kunda ham tibbiyot, astranomiya, psixologiya, din va mifologiyada turli obrazlarda saqlanib qolmoqda. Bu koʻp qirrali maʼnolari ilonning insoniyatning kollektiv ongida qanchalik chuqur ildiz otganini koʻrsatadi. Har bir madaniyat oʻziga xos sharoit, ehtiyoj va dunyoqarashiga mos ravishda ilon ramziga oʻziga xos maʼnolar yuklagan.

Sarvar BOYMIRZAYEV,

tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori