Biz turkistoniylargʻa turkiy, forsiy, arabiy va rusiy bilmoq lozimdur. Turkiy, yaʼni oʻzbekini sababi shulki, Turkiston xalqining aksari oʻzbakiy soʻylashur. Forsiy boʻlsa, madrasa va udabo tilidur. Bukungʻacha Turkistonni har tarafindagi eski va yangi maktablarinda forsiy nazm va nasr kitoblari taʼlim berilib kelgandur.

Barcha madrasalarda sharʼiy va diniy kitoblar arabiy taʼlim berilsa ham, mudarrislarni taqriru (bayon) tarjimalari forschadur. Bu qoida, yaʼni dars kitobi – arabiy, muallim – turkiy, taqriru tarjimaning forsiyligi xila ajibdur.

Turkistonda qadimdan beri bu uch til joriydur. Chunonchi, eski yorliqlardan maʼlum boʻlurki, Turkistonda eski amir va xonlarni amri farmoyish va muborak nomalari doimo turkiy, yana ayni zamonda dorulqazou (qozixona) adabiyot tahrirlari forsiy yozilar ekan. Bu qoidalar zotan yaxshidur. Ammo bora-bora yoinki kela-kela usuli taʼlim va kitobatgʻa ehmol (qiyinchilik) paydo boʻlub, hozir bir darajagʻa kelibdurki, ahli savod yoinki ahli ilmni  yuzdan toʻqson toʻqquzi bu uch tilda mukammal tahriri adabiygʻa molik yoʻqdur. Yaʼni usuli taʼlim va tadrisni isloh etmak kerak. Oʻtayluk.

Turkistonning Samarqand va Fargʻona viloyatlarinda forscha soʻylaturgan bir necha shahar va qishloqlar bordur. Buxoro hukumatining tili forsiydur. Fors shoiru udabosi asarlari qiyomatgʻacha lazzati ketmayturgan xazinai maʼnaviydurki, mundan foydalanmoq uchun ovrupoyilar milyardlar sarf etarlar.

Bizgʻa saodatdurki, turkiy va forsiyni tahsilsiz bilurmiz. Har turkni forsiy va har forsni turkiy bilmogʻi lozimdur.

Forsiy bilgan kishi Firdavsiy, Bedil, Saʼdiy, “Masnaviy” (J.Rumiyning mashhur asari)dan qanday lazzat olsa, turkiy bilganlar Fuzuliy, Navoiy, Boqiy (Mahmud Abdul Boqiy (1526–1600) – mashhur usmonli shoirlaridan; “Sumbul qasidasi”ning muallifi), Somiy – “Qomusul aʼlom”ning muallifi), Abdulhaq Homid (1852–1937) – mashhur turk shoiri), Akrambek (Akrambek – Rijoizoda Akram (1847–1914) – “gʻarbchi” jadidchi shoir), Sanoyi (1826–1874) – mashhur turk masalnavis shoiri), Nobiy (Yusuf Nobiy (1640–1712) – usmonli shoirlaridan), Nojiy (Muallim Nojiy (1850–1893) – “sharqchi” shoir)lardan, yana Tolstoʻy, Jul Vern va ulamoi zamoniy asarini turkiy tarjimasidan lazzat shunday oladur.

Farang va rus donishmandlarining asarlaridan foydalanmoq turkiy yo rusiy va farangiy bilmak ila mumkin boʻlur, na uchunki bugun usmonli, Kafkaz va Qazon turklar zamona ulamosi asarini turkiygʻa tarjima qilib, koʻpaytirgandurlar, yaʼni turkiy bilgan kishi zamonni bilur. Turk tiligʻa har bir yangi va nafʼlik kitoblar barcha tilda tarjima boʻlgandur. Arab madaniyati yunoniy Suqrot, Buqrot, Falotunlardan foydalanganidek, zamona hozira madaniyati Tolstoʻy, Jul Vern, Kepler, Kopernik, Nyutonlardan foydalanur. Maqsaddan uzoq tushdik.

Bizgʻa lozimki, oʻz nafʼimiz uchun ruscha bilayluk, hukumat maktablarinda oʻquylik. Davlat mansablariga kirayluk. Vatanimizga va oʻz dinimizga xidmat etayluk. Musulmon boʻlub turib taraqqiy qilayluk. Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto, dini islom va millatga xidmat ilmsiz boʻlmaydur. Masalan, bugungi “podsholik duma”gʻa oʻz din va millatimiz nafʼigʻa soʻzlamoq bizlar uchun mumkin boʻlur. Ammo anda borib soʻylaguvchi kishi bizgʻa yoʻq. Anda borib nafʼi bir oʻn sana oʻqumoq kerak, zamondan, qonundan xabardor boʻlmoq kerakdur.

Xulosa, bugun bizlarga toʻrt tilga tahrir va taqrir etguvchilar kerak, yaʼni arabiy, rusiy, turkiy va forsiy. Arabiy til din uchun na daraja lozim boʻlsa, rusiy ham tiriklik va dunyo uchun lozimdur.

Hadisi sharifdan maʼlum boʻladurki, janobi paygʻambar oʻz sahobalaridan Zayd bin Sobit(gʻa) yahudiy xatini oʻqub-oʻrganmoqgʻa buyurgan ekanlar. Va ul janob Umar hazrat nubuvvat panohi ila yahudiy xatini oʻrganib hazrat paygʻambargʻa yahudiylardan kelaturgon xatlarni oʻqub berar ekanlar (Sahihi Buxoriy, juz 4, sahifa 156).

Holbuki, ul zoti bobarokot paygʻambarimiz quvvati hokima egasi edilar. Yahudiylar mahkum va tobe’ edi. Al-on Rusiya hokim, bizlar anga tobe’ va oʻz tirikligimiz uchun alar xatini bilmoq zarur va hadisi sharif dalolatincha durustligigʻa joyi inkor boʻlmasa kerakdur.

Mahmudxoʻja BEHBUDIY

 “OYINA” jurnali, 1913-yil 1-son.