Xotin
“Xotin” deganda biz hozirda “turmushga chiqqan ayol” yoki “er” soʻzining ziddini tushunamiz, “er-xotin” deymiz, yaʼni turmushga chiqmagan qizga nisbatan xotin deyilmaydi.
Ayni paytda, “xotin” – juda qadimiy soʻz va u eng qadimgi turkiy yodgorliklarda ham koʻp uchraydi, shunday obidalardan biri – VIII asrga oid Kultegin toshbitigi, undan bir jumla keltiramiz: “Otam Eltarish xoqon (matnda: “qagʻan”)ni va onam Elbilga qatunni Tangri yuksakligida tutib (el ustidan) yuqori koʻtardi” (“kаңым Ilтäpic kақанық, öгiм Ilбilгä kатунық Тäңрi тöнäсiнтä тутып jöгäрў кöтурмiс äрiнч”. С.Е.Малов. Памятники древнетюркской писменности. 1951. 29).
Guvohi boʻlganimizdek, bu soʻzning qadimiy koʻrinishi – “qatun” va u hozirgiday ommaviy emas, balki faqat hukmdor oila ayollariga nisbatan ishlatilgan, yaʼni “xoqonning xotini” yoki “malika”, “hukmdor ayol” maʼnolaridagi UNVON boʻlgan. Unvon maʼnosida bu soʻz birinchi-ikkinchi, Sharqiy-Gʻarbiy Turk xoqonliklarida qoʻllangan. Shunday qilib, “Qatun” – bu unvondir.
Koʻkturklardan biroz keyin – Qoraxoniylar xoqonligi davriga (IX–XIII) oid manbalarda ham bu soʻz ayni shaklda uchraydi. Xususan, oʻsha davrda yashagan bobomiz Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻotit-turk”da uni shunday izohlaydi: “قاتوُنْ qatun – Afrosiyob qizlaridan boʻlganlarning nomi. Maqolda shunday kelgan: xan ïshï bolsa, qatun ïshï qalïr – xoqonning ishi boʻlsa, xotin ishi qoldirilar” (DLT. I. 1960. 388). Maʼlumki, Qoraxoniylar oʻzlarini Afrosiyob yoki Toʻnga Alp Er avlodlari deb bilganlar, Koshgʻariyning “qatun” soʻziga keltirgan mazkur izohi ham shu bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. “Devon”da yana bir sheʼrda ham “qatun” soʻziga duch kelamiz:
“Toʻrkän qatun qutïңa
Tӭgoʻr mӭndin qoshïg‘,
Ajg‘ïl sizniң tabugʻchï,
Otnur jaңï tabug‘” (DLT. I. 357)
Maʼnosi:
“Malika xotun huzuriga
Yetkur mendan qoʻshiq (qasida, maqtov),
Aytgil sizning xizmatchingiz
Oʻtinur yangi xizmat (yaʼni, yangi xizmat soʻraydi)”
Bu sheʼrda qatun deyarli xoqonga, arzlarni eshituvchi hukmdorga tenglashtirilyapti.
Yana bir qiziq jihat, qadimda “qatun” soʻzidan “qatunlandi” shaklida feʼl ham yasalgan ekan, ammo u aslo hozirgi tilimizdagi: “qiz xotinga aylandi” maʼnosida emas, xususan, “Devon”da unga shunday izoh beriladi: “Qatunlandï: uragʻut qatunlandi – ayol qatunlarga oʻxshadi, ular darajasiga yetdi” (DLT. III. 223). Bu yerda hozirgi tilimizdagi “xotin”, “ayol” maʼnosida – “uragʻut” soʻzi ishlatilyapti, uning “qatunlanishi” esa – quyi tabaqaga mansub uragʻutning (ayolning) hukmdor tabaqaga mansub asilzoda ayolga – qatunga tenglashishi, muayyan ijtimoiy mavqeʼga erishganini bildiradi.
“Xotun” soʻzi soʻgʻdchami?
Gʻarbiy Turk xoqonligida nafaqat xoqon oilasiga mansub ayollar, balki ularning joylardagi noiblari – tudunlarning ayollariga nisbatan ham “qatun” unvoni qoʻllangan koʻrinadi. Xususan, Gʻarbiy Turk xoqonligi inqirozidan keyin Buxoroda qisqa muddat hokimiyatga kelgan Buxorxudotlar sulolasining birinchi hukmdori – Bidun (Tudun) boʻlgan boʻlsa, uning vafotidan keyin, to arablar istilosigacha Bidunning xotini – Xutak Xotun Buxoroda hukmronlik qilgan. Buxorxudotlarga soʻgʻd tilli sulola deb qaraladi, ayni paytda “qatun” soʻzi ham soʻgʻdcha “hukmron ayol”, “hukmronning ayoli” maʼnosidagi “xwatyn” soʻzidan turkchaga oʻzlashgan degan qarash mavjud. Boshqa bir toifa mutaxassislar esa aksincha, bu soʻz turkcha etimologiyaga ega deb hisoblaydi, “Farhangi zaboni tojiki” lugʻatida esa “xotun” soʻzi hattoki “moʻgʻulcha” deb koʻrsatilgan (FZT. M. 1969. 497). Oʻylaymizki, bu bahsli holatga kelajak tadqiqotlari aniqlik kiritadi.
Umuman, keyingi davrlarda ham “qatun” ismi barcha turkiy hukmron sulolalarda unvon sifatida qoʻllanganini tarixdan bilamiz. Xususan, Saljuqiylar davlatida barcha malikalar “turkan qatun”, “qatun” deb atalgan. Anushtegin-Xorazmshohlar sulolasidan Muhammad Xorazmshohning onasi, Jaloliddin Menguberdining buvisi ham – Turkan Xotun edi. Bundan tashqari, Hindiston, Misr hududlarida hukmronlik qilgan mamluklar yoki turkiy sulolalarda ham bu anʼana saqlangan. Misol uchun XIII-XIV asrlarda Misrda qipchoqlar (mamluklar) hukmronligi davrida yaratilgan muhim asar – “At-tuhfatuz-zakiyatu fil-lugʻatit-turkiya” (“Turkiy tili (qipchoq tili) haqida noyob tuhfa”) lugʻatida ham bu soʻz “xotun” shaklida keltirilgan va arab tilida “hukmdor ayol, xonim” maʼnosida: “xotun – sayyida” (“خاتون ــ سيده”), deb izohlangan (“At-tuhfa”. T. “Fan”. 1968. 66-bet).
Shuningdek, usmonlilarda ham sultonlarning xotinlariga nisbatan “hotun” deb aytilganini bilamiz, ayni paytda, usmonli turkchasida “ayol” maʼnosida bu soʻzning “kadin” shakli ham saqlangan.
Yoki moʻgʻulchami?
Yuqorida biz “Farhangi zaboni tojiki”da “xotun” soʻzi moʻgʻulcha deb notoʻgʻri koʻrsatilganini aytdik, aslida bu ham bejiz emas, chunki “qatun” Chingiziylar davrida ham faol isteʼmolda edi.
Chingizxonning kelib chiqishi haqida XIII asrda, qadimgi moʻgʻul tilida bitilgan muhim bir manba mavjud, bu obida hozirda “Moʻgʻullarning yashirin tarixi” deb ataladi. Mazkur asarda ham biz “qatun” soʻziga koʻp duch kelamiz, jumladan, asarda Chingizxonning tatarlar boshligʻi Yeke Cherenning qizlari opa-singil: Yesugen va Yesuyni xotinlikka olishi hikoya qilingan 155-paragrafida ularning nomlari: Yäsügän-qadun, Yäsüi-qadun deb yoki boshqa oʻrinda Nayman xoni Tayanxonning onasi – Gurbesu qatun (Gürbäsü qadun) deb tilga olinadi. Asarda “qatun” soʻzi xuddi Turk xoqonligi davridagi kabi “xoqonning, xonning xotini” maʼnosida kelgan, hozirgi tilimizdagi “xotin” maʼnosida esa moʻgʻulcha “ämä” soʻzi ishlatilgan.
Umuman, chingiziylarga turk olamiga chetdan kirib kelgan, deb qarash toʻgʻri emas, chunki Chingizxon qurgan saltanat toʻliq Turk xoqonligining davomidir, deylik, Koʻkturklar davrida hukmdor – “qagʻan” (xoqon) deyilgan boʻlsa, “Moʻgʻullarning yashirin tarixi”da ham Ambaqaï-qahan, Altan-qahan, Činggiz-qahan deb oʻqiymiz, shuningdek, keshikten, qorovul, borongʻor, jovongʻor, gʻul kabi yuzlab atama va anʼanalarning ildizi Turk xoqonligi davriga borib taqaladi.
“Ayol”ning turkchasi
Savol tugʻiladi: Xoʻsh, ilgari “qatun” deb faqat hukmdor oila ayollariga nisbatan aytilgan ekan, oddiy ayollar unda qanday atalgan? Yoki arab tilidan oʻzlashgan “ayol” soʻzidan oldin turkiyda bunday soʻz boʻlmaganmi? Albatta, boʻlgan, boʻlganda ham koʻp boʻlgan, birgina “Qutadgʻu bilig” asarida bobomiz Yusuf Xos Hojib shunday soʻzlardan bir emas, bir qanchasini keltiradi. Quyida shunday soʻzlardan baʼzilarini koʻrib chiqamiz.
Evlik
“Qutadgʻu bilig”da bir bob: “Xotinning qanaqasini olmoqlikni aytadi” (“Evlik nekү-teg almaqni ayur”) deb nomlanadi va unda Oʻgdulmish Oʻzgʻurmishga qanday qizga uylanish maʼqulligini maslahat beradi. Mazkur bobda “turmushga chiqqan ayol”, yaʼni “xotin” maʼnosida qoʻllangan soʻzlardan biri – “evlik” va bob: “qali evlik almaq tilǝsǝ өzүң”, yaʼni “agar oʻzing xotin olmoqni istasang” soʻzlari bilan boshlanadi. Bu misradagi “xotin” maʼnosidagi “evlik” soʻzi – “ev”, yaʼni “uy” oʻzagidan yasalgan. “Devonu lugʻotit-turk”da ham bu soʻz bir sheʼrda: “Ӭwloʻk urï kӭldirmishchä...” (“Xotin oʻgʻil tuqqandek...”) shaklida kelgan.
Kisi
“Qutadgʻu bilig”da koʻp oʻrinlarda “xotin” maʼnosida “kisi” soʻzi ham qoʻllangan: “kisi algʻu ersǝң ...” (“xotin oladigan boʻlsang...”) kabi. Mahmud Koshgʻariy “Devon”da bu soʻzni “kis” shaklida keltiradi va shunday izohlaydi: “kis – xotin. اَنِک کِسیِ anïң kisi – uning xotini. Bu yerda izofa yoʻqdir. Baʼzilar izofali qilib: “ol kisi aldï” – “u xotin oldi” deb qoʻllaydilar” (I. 318). Demak, Koshgʻariyga koʻra, bu soʻzning asli “kis”, “kisi” deganda soʻz oxiridagi “i” tovushi – egalik qoʻshimchasidir.
Echi
“Qutadgʻu bilig”da bu soʻz bir oʻrinda: “echi quli”, yaʼni “xotin quli” iborasida ishlatilgan. Aslida, bu soʻz “evchi”, yaʼni “ev” oʻzagidan yasalgan boʻlib, “uychi” maʼnosida. Baʼzi lahjalarda bu soʻz – “avchi”, “abchi”, “apchi” shakllarida ham talaffuz qilingan. XIII asrda yevropalik missionerlar tomonidan kumon-kipchoq tillarini oʻrganish uchun yaratilgan “Kodeks kumanikus” lugʻatida bu soʻz – “epci” (“epchi”) deb qayd etilgan va “ayol” deb izohlangan, mazkur lugʻatda boshqa bir oʻrinda bu soʻz “epic” (“epich”) shaklida ham keltirilib, “xotin” deb oʻgirilgan.
Tishi
“Qutadgʻu bilig”da “ayol”, “xotin” maʼnosida qoʻllangan yana bir soʻz – “tishi”, xususan, unda: “tishi kөrki qilqi”, yaʼni “xotin kishi koʻrki (chiroyi) – xulqi (qiligʻi)”, degan otasoʻz keltiriladi. Mahmud Koshgʻariy “Devon”da bu soʻzga: “tishi – har narsaning urgʻochisi” (III. 244) deb izoh beradi. Bu soʻz “ayol kishi” yoki hayvonlarga nisbatan “urgʻochi” maʼnosida keyingi davrlardayam faol isteʼmolda boʻlgan. Xususan, XIV asr adibi Qutb “tishi” soʻzini “Xisrav va Shirin” dostonida “ayol kishi” maʼnosida qoʻllagan, shu davrda yaratilgan “Nahjul-farodis” asarida “ayol kishi” va hayvonga nisbatan “urgʻochi” maʼnosida, “Кодекс куманикус”da “urgʻochi” deb keltirilgan. Shuningdek, bu soʻzni Navoiy ham oʻz asarlarida qoʻllagan boʻlib, “Navoiy asarlari lugʻati”da unga: “tishi – hayvon va qushlarning urgʻochisi”, deb izoh berilgan (NAL. 1972. 610). Bu soʻzning shu maʼnodagi xitoycha “tsichshi” (妻子) soʻziga aloqasi bor-yoʻqligi oʻrganilmagan.
Ishlar va ishi
Qadimgi turkiy yodgorliklarda “yuqori tabaqaga mansub asilzoda ayol, xonim” maʼnosidagi “ishi” soʻzi ham koʻp uchraydi. Misol uchun Turfan bitiklaridan olingan: “Begkä ishikä inalgʻil” – “Bekka va uning xotiniga inongin”, jumlasida “ishi” deb bekning xotiniga nisbatan aytilyapti.
“Devonu lugʻotit-turk”da bu soʻz “ishlar” shaklida keltiriladi va shunday izohlanadi: “ishlär – xotin; asli اِشيِلارْ “ishijlär” – “xonim” demakdir. Koʻp qoʻllanganidan, yengillik uchun ى harfi tushirilgan. Bu soʻz koʻplikdadir, lekin birlikda ham qoʻllanadi. Buning atalish voqeasi uzoqdir” (DLT. I. 140). Chamasi, Koshgʻariy zamoniga kelib “ishlar” soʻzi “xonim” maʼnosida koʻproq birlikda ishlatilgan, xususan, “Devon”da boshqa bir oʻrinda “ishlär bilazoʻklandi – xotin bilaguzuk taqdi” misolida ham birlikda kelgan. “Древнетюркский словарь”da bu soʻzning uchala shakli (ishi, ishilar, ishlar) ham izohlangan va “ishilar”ga “Oltin Yaruq” yodgorligidan “eranlar yoki xonimlar” maʼnosidagi: “eranlar azu ishilar” misoli keltirilgan. “Bu soʻz “oʻrtoq”, “doʻst” maʼnosidagi “esh” oʻzagidan ekanligi anglashiladi, qadimda “esh”ning “oila”, “turmush oʻrtogʻi” kabi maʼnolari ham boʻlgan, deylik, “bekning eshi” deb “bekning turmush oʻrtogʻi” maʼnosida aytilgan. Hozir ham usmonli turkchasida “xotin, rafiqa” maʼnosida “eş” soʻzi qoʻllanadi.
Uragʻut
“Devon”da bu soʻz qisqacha: “uragʻut – xotin” deb izohlangan boʻlsa-da (I. 157), boshqa oʻrinlarda ham unga koʻp duch kelamiz, misol uchun: “uragʻut saragʻuchlandi – xotin bosh yopinchiqli boʻldi”, “uragʻut qatunlandi – xotin xonimlarga oʻxshadi, tenglashdi”, bu haqda biz yuqorida ham toʻxtaldik. “Uragʻut”ning yuqorida keltirilgan “xotin” maʼnosidagi boshqa soʻzlardan farqi, bizningcha, uning lugʻaviy maʼnosi bevosita jins bilan bogʻliq. Hozir tilimizda jinsni bildiruvchi hayvonlarga nisbatan ham ishlatiladigan “urgʻochi” soʻzi bor, bu soʻzning qadimi koʻrinishi – “urqachi” boʻlgan, aslida mazkur ikki soʻz: “uragʻut” va “urqachi” bir oʻzakdan – qadimgi “uriq” (“urug‘”) oʻzagidan yasalib, “urug‘, yaʼni nasl tashuvchi” maʼnosiga ega boʻlgan.
Ayol
Koʻrdikki, hozirgi tilimizdagi “xotin” yoki “ayol” soʻzlari oʻrnida qadimgi turkiyda bir emas, bir qancha soʻzlar qoʻllangan ekan. Odatda boshqa tildan soʻz olish – tilning boyishi omili deb ishoniladi. Ammo yuqorida keltirilgan misollardan buning teskarisiga guvoh boʻlib turibmiz, yaʼni arab tilidan oʻzlashgan birgina “ayol” shu maʼnodagi barcha turkiy soʻzlarimizni tilimizdan siqib chiqaryapti. Ilgari “malika, saida” maʼnosida boʻlgan “qatun” ham “toj-u taxtidan ajralib” bugungi kunimizga oddiy xotin boʻlib yetib kelibdi. Uning oʻrnini ham arabcha “malika” egallabdi. Xoʻsh, “ayol” qanday sehrli soʻz va qanday lugʻaviy maʼnoga ega?
Bu soʻz arabcha: “boqmoq, qaramogʻiga olmoq, gʻamxoʻrlik qilmoq” kabi maʼnolarni bildiruvchi arabcha: عول “‘aula” oʻzagidan yasalgan boʻlib, “erkak kishining qaramogʻidagi shaxs” degan lugʻaviy maʼnoga ega. “Oila” soʻzi ham shu oʻzakdan. Dastlab bu soʻz “ahli ayol” shaklida qoʻllanilib, “ahli ayol” deganda faqat ayollar emas, balki biror kishining qaramogʻidagi, oilasidagi barcha shaxslar, bolalar, butun oila aʼzolari tushunilgan. Keyinchalik bu ibora “ayol”ga aylanib, oʻzbek tilida “ayol” soʻzi hozirgi maʼnoda, yaʼni ruscha “ женщина”, inglizcha “woman” maʼnolarida qoʻllanilib ketgan. Aslida arab tilining oʻzida “ayol” maʼnosida “amraʼa”, “nisa’” kabi boshqa soʻzlar ishlatiladi.
Xullas, hozirgi tilimizda “ayol” soʻzi inglizcha “woman” maʼnosida qatʼiy oʻrnashdi, “xotin” deganda barcha turmushga chiqqan ayollar tushuniladigan boʻldi. Yuqorida keltirilgan mazkur maʼnolarni bildiruvchi boshqa barcha turkiy soʻzlar, afsuski, unutildi.
Abduvohid HAYIT