XXI asrda insoniyat koʻp azaliy qadriyatlardan uzoqlashib borayotganday. Bir paytlar odamlarning uyida oila tarixini hikoya qiluvchi albomlarga koʻzingiz tushardi. Koʻpchilik kundalik tutardi. Bir-biriga maktublar bitardi. Yangi chiqqan kitoblar esa qoʻlma-qoʻl oʻqilardi. Hozir kitob koʻtarib yurgan kishilar barmoq bilan sanarli. Olim-u mutaxassislarning fikricha, bu holga zamonaviy texnologiyalar aybdor. Kompyuter, planshet va mobil telefonlar odamlarni dangasa qilib qoʻygan emish. Demak, hammasiga zamonaviy texnologiyalar aybdor! Shundaymi? 

Keling, yigirma yilcha burungi kunlarni esga olamiz. Oʻshanda ham odamlarning uyida kompyuter, qoʻlida mobil telefon bor edi. Ayniqsa, yoshlar zamonaviy texnologiyalarga mukkasidan ketgan, kun-u tun bosh koʻtarmay kompyuterda oʻyin oʻynardi. Kutilmaganda hammasi bir kunda oʻzgarib ketdi. Bunday boʻlishini hech kim kutmagan, hatto xayoliga ham keltirmagandi. Xuddi ertaklarga oʻxshardi oʻziyam. Bolalar birdaniga kitobni qoʻlidan qoʻymay oʻqiy boshladi. Ularning ayrimlari hayotida ilk marta yangi kitob chop etilishini intiqlik bilan kutadigan boʻldi. Kitob oʻqish bahonasida darslarga bormay, maktab kunlari atay “kasal” boʻlib qolishni oʻylab topishdi. Ota-onalar ham mutolaadan bosh koʻtarmay qoʻyganiga nima deysiz? Qoyilmisiz?

London, Nyu-York, Sidney, Toronto va dunyoning boshqa yirik shaharlarida hali kitob doʻkoni ochilishiga oʻn-oʻn ikki soat vaqt boʻlishiga qaramay, odamlar navbatda turadigan boʻldi. Xaridorlar koʻpligidan kitob doʻkonlari faoliyatini oʻzgartirib, oqshomlari ham mijozlarga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻydi. Masalan, Londondagi “Waterstones” hamda “WHSmith” kitob doʻkoni oldida bir kunda besh ming kitobxon toʻplanardi. Nyu-Yorkdagi “Barnes & Noble” kitob doʻkoni oldidagi navbat esa bir nechta kvartalga choʻzilib ketardi. Hali nomini faqat qarindosh-urugʻlari va tanish-bilishlari biladigan Joan Ketlin Rouling xonim bir kuni butun dunyoning adabiyot va kitobxonlikka munosabatini oʻzgartirib yuborishini oʻzi ham xayoliga keltirmagan boʻlsa kerak.

 

Xoʻsh, Joan Ketlin Rouling kim oʻzi?

Joan Ketlin Rouling 1965-yilning 31-iyulida janubi-gʻarbiy Angliyaning Glostershir grafligidagi kichik shaharchada dunyoga keldi. Otasi “Rolls-Royce” kompaniyasida muhandis, onasi uy bekasi, soʻngroq maktabda laborant boʻlib ishlagan. U bolalik chogʻidayoq yozuvchi boʻlishni istardi. Besh yoshida ertak toʻqib, singlisi Dayanga, keyinroq doʻstlariga aytib berardi. Oʻsmir chogʻi juda koʻp kitob oʻqir edi.

Angliyaning janubi-gʻarbidagi Ekseter universitetiga oʻqishga kirib, klassik filologiya hamda fransuz tilini oʻrgandi. Fransiyada bir yil amaliyot ham oʻtab qaytdi. Universitetni tamomlagach, inson huquqlarini himoya qiluvchi “Xalqaro amnistiya” tashkilotida ikki yil tadqiqot olib bordi.

Oradan bir muncha vaqt oʻtib, Joan Rouling ingliz tilidan dars berish uchun Portugaliyaga keldi. U yerda mahalliy jurnalist bilan oila qurdi. Koʻp oʻtmay qizi Jessika tugʻildi. Biroq eri bilan kelisholmay oilasi buzildi. Joan qizalogʻi bilan Buyuk Britaniyaga – opasi yashayotgan Shotlandiya poytaxti Edinburgga koʻchib oʻtdi.

Shundan soʻng Joan Ketlin Rouling hayotini butunlay adabiyotga bagʻishladi. Oxirgi bir necha yilda “Bloomsbury” nashriyoti tomonidan adibning yetti romani nashr etildi: “Harri Potter va hikmatlar toshi” (1997), “Harri Potter va maxfiy hujra” (1998), “Harri Potter va Azbakan asiri” (1999), “Harri Potter va alanga kubogi” (2000), “Harri Potter va Feniks jamiyati” (2003), “Harri Potter va tilsimot shahzodasi” (2005) va “Harri Potter va oʻlim tuhfalari” (2007).