Oʻzbek xalqi Amir Temur va temuriylar davridan keyin ne ne jarayonlarni boshidan kechirdi. Ayniqsa mustaqillikdan avvalgi Rossiya imperiyasining mustamlakachilik va sovet hokimiyatining mafkuraviy siyosati oʻzbek xalqining milliy tarixi va ajdodlar merosini oʻz yoʻrigʻiga solish, ajdodlarimizni oʻzimizga qora qilib koʻrsatishgacha olib kelindi. Natijada koʻp sanalar unutildi va yana koʻplab tarixiy merosimizni yorqin xotiralari xira torttirildi. Shulardan biri, Mirzo Ulugʻbek va uning merosidir.
Mirzo Ulugʻbek siymosiga eʼtibor bersak, XV asr jahonda aniq-tabiiy fanlar sohasida olamshumul tadqiqot olib borgan, nochiziqli tafakkur tarzi asosida ilmiy kashfiyot va ixtirolar qilgan, ijtimoiy-gumanitar va madaniy fanlar sohasini rivojlantirishga hissa qoʻshgan yirik alloma gavdalanadi. U 1394-yilning 22-martda Eron gʻarbidagi Sultoniya shahrida tugʻilgan. Unga Muhammad Taragʻay ismi berilgan boʻlsa-da, yoshligidan Ulugʻbek nomi bilan atab kelindi va keyinchalik asosiy ismiga aylandi. Saroyda oʻsgan Ulugʻbek asosiy tarbiyani buvisi Saroy Mulk xonim (Bibixonim)dan oldi. Harbiy va siyosiy taʼlimni unga tayin etilgan otabegi amir Shoh Malikdan, astronomiya va matematikaga oid bilimlarni munajjim Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiylardan olgan.
Zamonasining olimlaridan biri Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy 1517-yili Samarqanddan Koshondagi otasiga yozgan maktubida, “Olloga va uning neʼmatlariga shukronalar boʻlsinkim, yetti iqlimning farmonbardori, islom podshohi donishmand kishidir. Men bu narsani odob doirasidan aytganim yoʻq. Haqiqat shuki, avvalo u kishi Qurʼoni Karimning aksariyat qismini yoddan biladilar. Tafsirlarni va mufassirlarning har bir oyat haqidagi fikrlarini aqlda saqlaydilar. Shuningdek, u kishi fiqhdan ancha xabardordirlar, mantiq maʼnolarning bayoni va usullaridan ham xabardorlar. U kishi riyoziyot fanining barcha tarmoqlarini mukammal egallagan va shunday jiddiy mahorat koʻrsatganlarki, kunlardan bir kuni otda ketayotib, 818-yil Rajab oyining oʻninchi va oʻn beshinchi kunlar orasidagi dushanba kuni yil mavsumining qaysi kuniga munosib kelishini aniqlashni aytadilar. Shunga koʻra otda ketayotib, hayoliy hisob bilan Quyoshning taqvimi oʻsha kuni bir daraja va ikki daqiqa ekanligini topdilar… Qisqa qilib aytmoqchimanki, ular bu fan sohasida gʻoyat mahoratga erishganlar, yulduzshunoslikka oid amallarni yaxshi bajaradilar va chuqur dalillar bilan xuddi keragidek isbotlaydilar. “Tazkira” va “Tuhfa”dan shu qadar zoʻr dars oʻtadilarki, ularga hech qanday qoʻshimcha qilishning hojati qolmadi”, deb tarif beradi [1; 5].
Mirzo Ulugʻbek mamlakatni ravnaqini koʻzlab, shuningdek, oʻzining ilmga ishtiyoqi ortidan Turonni ilm markaziyga aylantirish yoʻlidan bordi. Samarqand, Buxoro, Gʻijduvonda madrasalar qurdirib yoshlarga olimlar qatori oʻzi ham taʼlim berdi. Ushbu madrasalarda tahsil koʻrgan yoshlar orasida koʻplab ilm-fan allomalari yetishib chiqdi.
Uning alloma sifatidagi eng yirik ishlaridan yana biri Samarqand madrasasi faoliyatini boshlaganidan toʻrt yil oʻtib qurdirgan Koʻhak tepaligi, Obi Rahmat arigʻi boʻyidagi rasadxona boʻlgan. Rasadxona va madrasaning birgalikda faoliyati Ulugʻbek ilmiy maktabida astronomiya va matematikani oʻrta asrlardagi eng yuqori pogʻonaga koʻtargan. Ilmiy izlanishlar natijasida “Ziji jadidi Kuragoniy”, “Bir daraja sinusni aniqlash haqidagi risola”, “Risolai Ulugʻbek”, “Tarixi arba’ ulus” asarlari yaraldi.
Ulugʻbek rasadxonasining qayta tiklangan koʻrinishi
Mirzo Ulugʻbek, avvalo, oʻzigacha boʻlgan astronomik olimlar asarlarini mukammal oʻrgandi. Rasadxonadagi astronomik kuzatishlari asosida oʻrta asrlarda eng mukammal boʻlgan asarni yaratdi. Shu oʻrinda aytish joiz, oʻrta asrlarga oid hech bir asar bu darajada koʻp koʻchirilmagan. Maʼlumotlarga koʻra, Mirzo Ulugʻbek “Zij”ining 100 ga yaqin forsiy, 15 dan ortiq arabiy nusxalari mavjud. Ulugʻbek ilmiy maktabi hind astronomlari va matematiklarining astronomik bilimlarini rivojiga kuchli taʼsir koʻrsatgan. Afsuski, 1449-yildagi Ulugʻbekning fojiali oʻlimidan keyin Samarqanddagi ilmiy maktabning Ali Qushchi boshchiligidagi olimlari Istanbulga koʻchib oʻtadilar. Bu orqali Ulugʻbek yaratgan astronomik ilm Gʻarbiy Yevropaga tarqaldi. Asar ingliz, fransuz tillarida nashr etilgan. Ammo 1994-yilga qadar ushbu asar toʻla ravishda biror tilda nashr etilmagan. Oʻzbek olimi Ashraf Ahmedov tomonidan birinchi bor mazkur manba rus tilida izohlari bilan toʻla ravishda nashrga tayyorlangan.
Mirzo Ulugʻbek fojiasidan keyin “Zij”ni yaralishiga sababchi boʻlgan rasadxonaning keyingi faoliyati esa ayanchli holga tushdi. Bugungi kunda rasadxona haqida gap ketganda yoʻqolib vayron boʻlgan meʼmoriy yodgorlikning oʻrnini kim aniqlagan va qayta tiklagani masalasida Vasiliy Lavrentevich Vyatkin nomi tilga olinadi. Mustamlaka maʼmuriyati qanchalik olim-u donolarini aralashtirmasin koʻplab hujjatlar boyliklar talon-torojida baribir nafs birinchi oʻrinda turganidan darak beradi. Shunga qaramay ularni oʻrganilishi va qayta ochilishi milliy tarix uchun ham, xalqaro maydonda ham muhim voqelik hisoblanadi.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida mustamlaka ostidagi Turkistonning koʻplab asori atiqalari oʻrganildi, qayta kashf etildi, boyliklar talandi. Topilmalar ichida ikkinchi renessansning muhim kashfiyotlaridan biri – Ulugʻbek rasadxonasi ham bor edi. Shunday ulug‘ meros qay tariqa xarobalar ostiga koʻmildi? U oʻzida qanday sirlarni yashirgan edi? Bu kabi savollar har bir kishi uchun qiziq boʻlsa kerak.
Koʻhok tepaligida Obi Rahmat arigʻining boʻyidagi rasadxona atrofida baland hujralar barpo etilgan edi. Mo‘gʻullar istilosidan keyin Turonda Mirzo Ulugʻbek davrigacha birorta zij yaʼni astronomik kuzatuv imorati boʻlmagan. Shu bois Ulugʻbek astronomik izlanishlarni yoʻlga qoʻyishga intildi.
Rasadxona ichki qismidagi sudsi faxriy (sekstant)
Ushbu rasadxona doira shaklida boʻlib, ulkan inshootning aylanasi 47 metr, balandligi 30,4 metrga teng boʻlgan. Zahiriddin Boburning yozishicha, u uch qavatli boʻlgan. Binoning sirti koshin va sirli parchinlar bilan qoplangan. Uning ichki sahni sudsi faxriy (sekstant) va dahlizlar bilan toʻrt qismga boʻlingan. Abdurazzoq Samarqandiy esa bu nodir obidaning ichki qismini quyidagicha tasvirlaydi: “Binoning ichki qismi jahonda tengi yoʻq rang – barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon gradus (darajalari), daqiqalari, hatto soniyalarigacha hisoblanib, yetti sayyora hamda “harakatsiz” (sobita) yulduzlar, shuningdek, yer kurrasi, yetti iqlim, tog‘-u sahrolar va daryo-yu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan” [2; 100-101]. Xullas, rasadxona ichki devorlarida koinot-u yer kurrasining umumiy manzarasi tasvirlangan boʻlib, shu tufayli bu mavze mahalliy aholi oʻrtasida “Naqshi jahon”, yaʼni “Olam tasviri” nomi bilan shuhrat topdi. Rasadxona qurilishida sekstant qurilmasi va uni maxsus oʻlchov asbob-uskunalari bilan jihozlashga alohida eʼtibor berildi. Rasadxona huzurida fanning koʻpgina sohalariga tegishli qariyb oʻn besh ming jild kitobga ega boʻlgan boy kutubxona tashkil etilgan edi.
“Oyina” jurnalida aks etgan rasadxonaga oid surat
XV asrda Samarqanddagi Mirzo Ulugʻbek qurdirgan rasadxonada kattagina globus ham boʻlgan. Unda iqlimlarning chegaralari, togʻlar, choʻllar, dengizlar va daryolar koʻrsatilgan. Binobarin, dunyodagi ikkinchi globusni Samarqand astronomlari yasashgan. Ulugʻbekning oʻlimidan keyin u mutaassiblar tomonidan yoʻqotilgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Ulugʻbek Samarqandda balandligi 50 metrli quyosh soati yasagan. Ushbu noyob soat ham saqlanib qolmagan [3]. Mirzo Ulugʻbek vafotidan soʻng rasadxona Muhammad Ali Qushchi va Miram Chalabiy rahbarligida yana bir necha oʻn yillar faoliyatini davom ettirgan. Keyingi davrlarda bu ishlar qolib ketdi. Bino esa eʼtibordan chetda qoldi.
XVI asr oxirlariga kelib, Samarqand hokimi boʻlgan Hojiboy otaliq Shodimulk oqo koʻprigini taʼmirlash uchun rasadxona binosi gʻishtlaridan foydalandi va uni buzdirib tashlagan.
Amir Temur vafotidan keyin Samarqandga egalik qilgan Mironshohning oʻgʻli Halil Sulton davrida Koʻhak daryosi ustiga koʻprik qurilgan edi. Yillar davomida ushbu koʻprik nurab taʼmirtalab boʻlib qoladi. Ayniqsa Sulton Saʼidxon davrida koʻprik piyodalar oʻtish uchun ham xavfli holatga keladi. Hojiboy otaliq ana shu koʻprik yoʻlini toʻgʻrilash uchun rasadxona gʻisht va boshqa ashyolaridan foydalanib Shodimulk oqo koʻprigi yoniga yangi koʻprik soldiradi. Ammo mazkur koʻprikni Koʻhak daryosining suvi koʻpayib toshqin boʻlgan paytda sel olib ketgan. Eski koʻprik esa koʻp yillar mobaynida nuragan holda turgan.
Rasadxona Ulugʻbek shogirdlaridan keyin bu sohada mutaxassislar yoʻqligi yoki undan foydalanish imkoniyatlari yetarli boʻlmaganligi sabab bir necha yillar davomida qarovsiz qolgan boʻlsa kerak. Bunga oʻsha davrdagi astranomiya faniga boʻlgan eʼtiborsizlik yoki turli qarashlar hamda mamlakatdagi taxt uchun kurashlarning taʼsiri ham boʻlishi mumkin. Natijada u yer xilvatxonaga aylanib, xalq orasida jinlar makon qurgan joy sifatida qaralgan. Xususan, oʻz davrida Mullo Boqiy Goʻrimiriy (Goʻri amir xizmatchisi) nomi bilan tanilgan Shuhratiy Miyonkoliy oʻrtogʻi bilan bahs bogʻlab rasadxona binosiga kirib belgi qoʻyib chiqishga shartlashadi. U bino devoridan oshib bu ishni uddalaydi. Ammo u yerda qoʻrquv yoki jinlar haqidagi xalq orasidagi gaplar yodiga kelganmi, koʻziga koʻringanmi bu voqeadan keyin bir koʻzi aybli boʻlib qoladi. Yana bir maʼlumotda rasadxona iqlim tasviri tushirilgan xonasi devoriga qoziq qoqishni shart bogʻlagan kishi, u yergacha kirib qoziqni qoqadi. Qoqish chogʻida choʻpon to‘nining etagini qoʻshib qoqib oʻrnidan turayotib kimdir uni tortqilangandek tuyulishi qoʻrqitgan. Xalq orasidagi jinlar haqidagi gap-soʻzlar tasavvuriga kelib oʻtakasi yorilib oʻlgan ekan.
Rasadxona 150 yil davomida turib xilvat joyga aylangach uning gʻishtlari boshqa maqsadda foydalanib yuborilgan. Balki shu sabab inshoot bilan bogʻliq turli voqealar va hattoki u yerning qanday joy boʻlganligi tamoman unutilgan, faqatgina uzuq-yuluq gap va chang bosib yotgan hujjatlardagi maʼlumotlar qolgandir.
Yillar oʻtdi. Turkiston Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olindi. Oʻlkani xomashyo manbaiga aylantirish va boyliklarini talash boshlandi. Shu vaqtda ruslashtirish siyosati ham muhim masala sifatida qaraldi. Imperiya hukumatining oʻlkani oʻrganish boʻyicha geografik, arxeologik va etnografik jamiyatlari tashkil etilib, mintaqa tarixiy, madaniy merosi oʻrganildi. Shu jarayonda Samarqandning bir qator me’moriy obidalari tadqiq qilindi. Ana shu izlanishlarda Ulugʻbek rasadxonasi ham aniqlanib ochildi.
Uning tashabbuskori 1874–1894 yillarda Toshkent oʻqituvchilar seminariyasini tamomlab, hukumat tomonidan Samarqandga yuborilib, dastlab tarjimon keyinroq esa viloyat boshqarmasi kotibi boʻlib ishlagan Vasiliy Lavrentevich Viyatkin edi. Uning havaskorlikdan boshlagan ishi 1896-yilga kelib Samarqand statistika qoʻmitasi muzeyining tuzilishiga, keyinchalik alohida muzey binosining qurilishiga sabab boʻldi.
U 1903-yil 18-aprelda Samarqanddagi barcha yodgorliklar nazoratchisi etib tayinlangach bu boradagi ishlarni oʻz qoʻliga oladi. U Samarqanddagi bir qator meʼmoriy obidalar va arxeologik qazishma ishlarini olib borish, saqlash, izlab topish va tadqiq qilish ishlariga bosh boʻldi.
Mahalliy hujjatlarni oʻrganish jarayonida Ulugʻbek rasadxonasi oʻrnini izladi. Viyatkin shunday yozadi: “Mirzo Ulugʻbek tomonidan Samarqand atrofida qurilgan rasadxona haqida koʻplab musulmon mualliflari zikr qiladilar, hatto Mirzo Bobur oʻzining mashhur xotiralarida uning taxminiy joylashuvini koʻrsatadi. Biroq, ushbu tarixiy yodgorlikka tabiiy qiziqish boʻlishiga qaramay, uning aniq qaysi yerda joylashgani hozirgacha maʼlum emas edi. Tavsiflardan kelib chiqib, bu ulkan inshoot juda bahaybat koʻrinadi…” [4; 416].
V.Vyatkin 1908-yili “Zargaron” mahallasida istiqomat qilgan mashhur xattot Abusaid yordamida XVII asr oʻrtalariga oid vaqf hujjatlarining katta toʻplamini koʻrib chiqar ekan, ulardan birida “tal-i-rasad” (rasadxona tepaligi) soʻzini topdi. XIX asr oxiridayoq ayrim tadqiqotchilar Mirzo Ulugʻbek rasadxonasining joylashuvi haqida turli taxminlarni ilgari surgan boʻlsalar-da, aynan V.Vyatkin oʻqigan ushbu vaqf hujjati masalaga aniqlik kiritdi. Hujjatni sinchiklab oʻrgangach, u observatoriyaning aniq joyini belgiladi [4; 416].
Rasadxonaga oid maʼlumot aks etgan XVII asr oʻrtalariga oid vaqf hujjati
V.Viyatkin qazishma haqidagi rus tilida yozilgan hisobotlarini “Turkestanskie vedomosti” gazetasida “Samarkandskoy observatorii” nomi ostida, 1912-yili Sank-Peterburgda davomli nashr etilgan Rossiya Markaziy va Sharqiy Osiyoni tarixiy, arxeologik, lingvistik va etnografik munosabatlarda oʻrganish qoʻmitasining “Izvestiya” buletinida “Otchet o raskopkax observatorii Mirzы Ulugbeka v 1908 i 1909 gg.” nomi bilan eʼlon qildi.
Uzoq asrlar davomida tarixning turli dovonlaridan goh mashmur boʻlib, goh eʼtibordan chetda qolib vayron etilgan imorat, XX asr boshiga kelib qayta kashf etildi. Ammo sovet hokimiyati yillarida rasadxonaga yetarlicha eʼtibor qaratilmadi. Imperiya merosxoʻri boʻlgan sovet hokimiyati, Temur va temuriylar zamonasi tarixiy-meʼmoriy yodgorliklarini tiklash yoʻlida emas balki dahmalar ostida yashiringan boylikni izlash ilinjida boʻldi. Koʻp yodgorliklar mustaqillikka qadar xilvatda yotdi. Millatning qadriyatlari oyoq osti qilindi. Nomozgohlar qamoqxona va omborxona kabi maqsadlarda foydalanildi. Mustaqillik sharofati bilan ushbu tarixiy imoratlar qayta boʻy choʻzdi. Ular haqidagi haqqoniy tarix xolislik bilan oʻrganila boshlandi. Ulugʻbek rasadxonasi ham shu jarayonda qayta taʼmirlanib, ziyoratchilar va mehmonlar uchun asosiy tarixiy yodgorlik sifatida Samarqandning mashhur binosiga aylandi. Samarqandga borgan har bir sayyoh uni koʻrmay qaytmaydi.
Soʻngi besh yilda xorijiy turistlar soni 11 million nafarni tashkil etgan boʻlsa, kelajakda bu raqamlarni 20 millionga oshirish, turizm xizmatlari hajmini esa 20 milliard dollarga yetkazish masalasiga hukumat tomonidan katta eʼtibor qaratilmoqda. Samarqandda Bibixonim, Registon majmualari, Amir Temur maqbarasi, Ulugʻbek rasadxonasi, Shohi Zinda va Afrosiyob muzeyini bir-biri bilan bogʻlaydigan zamonaviy yoʻlak va koʻpriklar barpo etish borasida ishlar rejalashtirilmoqda. Bugun mazkur rasadxona nafaqat sayyohlik obyekti, balki ilm-fanni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yangi kuchga aylanmoqda. Hukumatning 2017-yildan buyon amalga oshirib kelayotgan strategiyalarida ajdodlar merosini qayta tiklash, Uchinchi Renessans poydevorini qoʻyish boʻyicha bir qator amaliy ishlar qilinmoqda. Buning natijasi oʻlaroq Oʻzbekiston kosmos sari qadam tashlamoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek mazkur sohadagi amaliy ishlar natijasida: “Mirzo Ulugʻbek bobomiz aniqlagan yulduzlardan xabar olib keladi”. Bu esa Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan sohasida erishayotgan yutuqlarini yana bir bor jahonga namoyon qiladi. Amalga oshirilayotgan loyihalar iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, ilm-fan va innovatsiyalarga asoslangan zamonaviy kasblarni rivojlantirish hamda Oʻzbekistonni xalqaro arenada yuqori texnologik davlatlar qatoriga qoʻshishga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar va manbalar:
1. A. Ahmedov. Oʻrta asrlarning buyuk allomasi // Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. 7-son. 1997 yil. 5-bet.
2. Amir Temur jahon tarixida / Masʼul muharrir: X. Karomatov. Mualliflar jamoasi: S.Saidosimov (rahbar), A.Ahmedov, B.Ahmedov va boshqalar. To‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashri. – T.: “Sharq”, 2001. – B. 100-101.
3. Ushbu maʼlumotni rasadxonani 1908-yilda ochgan V.Vyatkin inkor etadi. Buning sabablari 1912-yilda “Известия” buletinida “Отчет о раскопках обсерватории Мирзы Улугбека в 1908 и 1909 гг.” nomli hisobotida va “Oyina” jurnali. 1913-yil 7-sonidagi “Ulugʻbek Rasadxonasinda” maqolada keltirib oʻtilgan.
4. Шамукаррамова Ф.