Oʻzbekiston Uchinchi Renessans poydevorini barpo etmoqqa bel bogʻladi. Agar oldingi renessanslarda erishilgan yutuqlar miqyosidan qaralsa, uchinchisi biz oʻzbekistonliklar uchun olamshumul voqeadir. Ildizlari milliy tariximizga borib tutashuvchi bunday katta gʻoyaning “oʻzbek orzusi” oʻlaroq tanlanishi tahsinga loyiq, albatta. Illo, Vatan ziyolilari, ilm ahli uni siyqasi chiqqan shior deb emas, hayotiy maqsad-marra deb qabul qilmogʻi lozim.
Asosiy masala endi Oʻzbekiston ilm-fanini ana shunday katta sakrashga tayyorlashdir. Bu borada kamina faoliyat yuritib kelayotgan Yaponiya tajribasi diqqatga sazovor. Kunchiqar oʻlkada sanoat – hukumat – universitetlar (San – gaku – kan renkei) tarzida mustahkam ittifoq shakllangan. Hukumat va sanoat vakillari ilm-fan oʻchoqlariga subsidiya, grant ajratgan holda isteʼdodli kadrlarni tarbiyalashga hissa qoʻshadi. Xususiy shirkatlar ham Tadqiqot va taraqqiyot boshqarmalari (Research and development) orqali universitetlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Hukumat ixtirochilik patentlariga daʼvogarlik qilayotgan istiqbolli firmalarga moddiy koʻmak koʻrsatib qolmay, tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirishda diplomatik yordam ham beradi. Shu tariqa dorilfununlar “innovatsiyalar inkubatori”ga aylangan. Xususiy shirkatlar ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishdan tushgan daromad orqali davlat gʻaznasini toʻldirsa, universitetlar hukumat va milliy iqtisodiyot boʻgʻinlariga raqobatbardosh kadrlarni yetkazib beradi. Yuksak natijalarni koʻzlagan talabalarning gʻayratini toʻgʻri yoʻnaltirishda esa sifatli darsliklar, qoʻllanmalar muhim oʻrin tutadi.
Mamlakatimiz ravnaqi uchun ham mukammal oʻquv adabiyotlari suv bilan havodek zarur. Oʻzbekistonlik talabalarning darsliklar xalqaro standartdan yiroq ekani, amaliyot bilan mustahkam bogʻlanmagani xususidagi eʼtirozlariga koʻp bora guvoh boʻlganman. Oliy taʼlimdagi ustozlar imkon qadar harakat qilayotgani aniq, ularning fidokorona mehnatini qadrlamaslik insofdan emas. Biroq mamlakat ilm-faniga ichkaridan turib qarash bilan, Tokio kabi global shahardan turib nazar solmoq katta farq qiladi. Darsliklarimizning global standartlardan qay darajada ortda ekanini, ayniqsa, chet elda magistratura yoki doktorlik bosqichida tahsil olayotgan yurtdoshlarimiz yaxshi biladi.
Oʻzbekistonda – xoh gumanitar, xoh tabiiy fanlar sohasi boʻlsin – bakalavriatni bitirgan talaba xorijga oʻqishga kelsa, darsliklar sabab oʻrtada paydo boʻlgan jarlikni yoʻqotish uchun kamida bir yil kutubxonadan chiqmasligi kerak. Gap shundaki, aksar darsliklarimiz gʻoya, mazmun va saviya jihatdan sayoz. Boz ustiga, sahifalari kam, maʼlumotlari eskirgan darslik risoladagidek bilim bermasligi kundek ravshan. Xorijda tabiiy fanlar boʻyicha audiovizual materiallardan keng foydalaniladi, bizda esa bunday kitoblar nihoyatda kam.
Ingliz tili jahon ilm-fan tili ekani sir emas. Germaniya va Yaponiya kabi asosiy tili inglizcha boʻlmagan davlatlar ilmiy tarjima borasida katta maktab yarata olgan. Ularning biri Yevropa, ikkinchisi esa Osiyoning texnologik drayverlaridan hisoblanadi. Mazkur ikki davlat universitetlari faoliyatini kuzatsak, ular dunyodagi eng ilgʻor darsliklarni tezkorlik bilan tarjima qilib oliy taʼlimda faol qoʻllayotganini koʻramiz. Ingliz tilidagi darsliklarning katta koʻlamda, yuksak sifatda milliy tilga tarjima qilinishi olmon va yapon talabalarining fan, texnologiyalarga oid yangiliklardan ortda qolmasligi omili boʻlayotir.
Siz yurtimizda ilm qilmoqchimisiz, unda albatta chet tilidagi adabiyotlardan foydalanishingizga toʻgʻri keladi. Kunchiqar oʻlkada esa koʻpgina sohalarda yapon tilidagi manbalarga tayanib izlanishlar olib borsa boʻladi, chunki milliy kontent oʻta boy va rang-barang. Yapon ilmiy moʻjizasi siri nimada? Bu borada koʻp omillarni sanash mumkin boʻlsa-da, bittasini alohida taʼkidlamoq kerak – yaponlar jahon olimlari yaratgan ilgʻor tadqiqotlarni sinchkovlik va tezkorlik bilan oʻrganib, ularni oʻz mamlakatiga olib kelgan. Dunyoda qaysi sohada yangi tendensiya paydo boʻlsa, yapon olimlari yo tarjima orqali, yo original kitob orqali uni oʻz millatiga tanishtiradi. Pirovardida fanning deyarli barcha sohasini yapon tilidagi manbalar orqali oʻrganish imkoniyati vujudga keldi. Soʻnggi chorak asrda koʻplab yapon olimlari fizika, kimyo, tibbiyot kabi yoʻnalishlarda Nobel mukofotiga sazovor boʻldi. Bu ham mamlakatda ilmiy faoliyat toʻgʻri oʻzanga solinganidan dalolatdir.
Demak, bir millatning ilm-fandagi yutuqlari oʻsha mamlakatning qay darajada ilm bilan toʻyinganiga, ona tilidagi manbalar zaxirasiga bogʻliq ekan. Shunday ekan, biz – oʻzbek tadqiqotchilari va olimlari yangi ilm sohalariga doir manbalarni yurtdoshlarimizga izchil tanishtirib bormogʻimiz darkor. Ilmiy yangilik millat yoshlariga qiziqarli shakl va yoʻsinda taqdim etilishi kerak, toki tadqiqot, izlanishga ragʻbat ortsin. Sirasi, biz empirik bilimlarni, fan va texnologiya, ijtimoiy dissiplinalarni tezlik ila, tizimli ravishda yurtimizga import qilishimiz shart.
Bugun “dunyodan oʻrganish” bosqichiga oʻtishimiz kerak. Oʻzbekiston taʼlim tizimi yetti uxlab tushimizga kirmagan boy ilmiy kontent tarjimasini kutmoqda. Bu sirada sunʼiy intellekt texnologiyalaridan tortib elektromobillargacha ishlab chiqarayotgan, “dunyo korxonasi”ga aylangan Xitoy davlati yutuqlarini ham eslash mumkin. Chin yurti oʻtgan asrning 80–90-yillari dunyoga bagʻrini ochgach, mahalliy universitetlar zamonaviy ilm-fan sohalariga oid manbalarni xitoy tiliga tarjima qilishga kirishdi. Shu tariqa xitoy tili ilmiy atamalar bilan boyidi. Boshqa tomondan esa, chet tillarini yaxshi bilmaydigan talabalarga ham oʻz lisonida sifatli kontent bilan tanishish imkoniyati yaratildi. Natijani koʻrib turibmiz: hozirda Xitoy ilm-fan sohasida yuksak marralarga daʼvogarlik qilmoqda. Bunga esa, boshqa omillar qatorida, akademik darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini yaratish, ayniqsa, ommaviy tarjima orqali erishildi.
Bizningcha, jahon ilm-fani bilan hamqadam boʻlmoq uchun mamlakatimizda quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim: avvalo, ilmiy adabiyotlar tarjimasiga oid milliy dastur joriy etilishi kerak. Peshqadam mutaxassislarni jalb etgan holda, 3, 5 va 8 yillik loyihalar doirasida yuzlab kitoblarni tarjima qilmoq, ayniqsa, tibbiyot, geologiya, fizika, biologiya, kimyo kabi aniq fan sohalariga alohida eʼtibor bermoq darkor.
Quvonarlisi, 2023-yildan buyon Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi “1000 kitob” nomli loyihani amalga oshirmoqda. Uning doirasida turli fan sohalariga oid oʻnlab inobatli adabiyotlar tarjima qilinmoqda. “1000 kitob” tahsinga loyiq tashabbus, albatta. Ammo bunday loyihalar umummilliy miqyosda keng quloch yozishi kerak. Yana bir gap. Ommabop kitoblar yoʻnalishi xususiy nashriyotlarga qoldirilib, davlat byudjeti ilmiy tadqiqotlar, darsliklarga yoʻnaltirilmogʻi lozim.
Tajribamdan maʼlumki, xorij nashriyotidan yaxshi bir kitobning intellektual mulk huquqini sotib olib, bir necha ming nusxada chop etishga 10 ming dollar atrofida mablag‘ ketadi. Aniq fanlarga doir kitoblar uchun koʻproq mablag‘ talab etilishi mumkin. Demak, 10–20 million dollar evaziga bunday loyihani amalga oshirsa boʻladi. Mazkur zalvarli ishda hukumat asosiy homiy boʻlmogʻi kerak. Talabalarning shartnoma toʻlovidan katta foyda orttirayotgan davlat va xususiy universitetlar ham bunga mablag‘ ajratishi lozim. Ayni choqda maʼrifatparvar boylarimiz, ilm-fan homiylari, metsenatlarimiz ham bunga hissa qoʻshsa, natija yanada salmoqli boʻladi.
Mustaqil tarzda darslik tarjima qilgan ustozlarni moddiy ragʻbatlantirib, qoʻshimcha mukofotlash tizimini yoʻlga qoʻyish ham muhim. Kitob nashri, intellektual mulk huquqini xorijdan sotib olishni esa universitetlar va milliy dastur asosida tuzilgan jamoa amalga oshiradi. Ana shunda tarjimon ustozlar zimmasidagi yuk birmuncha kamayadi. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi jahondagi nufuzli nashriyotlar bilan shartnomalar tuzib, litsenziya olish va adabiyotlarni ona tilimizda, kerakli adadda chop etish bilan bogʻliq tashkiliy ishlarga masʼul boʻlmogʻi lozim.
Hozirda ilmiy maqolalar, monografiya, darslik va oʻquv qoʻllanmalarining asosiy qismi ingliz, fransuz, olmon va rus tillarida. Soha mutaxassislari va chet eldagi vatandosh olimlarimiz bilan hamkorlikda birinchi navbatda kitoblar roʻyxatini shakllantirish kerak. Tarjima borasida soʻz borar ekan, inglizcha – oʻzbekcha, olmoncha – oʻzbekcha, yaponcha – oʻzbekcha, fransuzcha – oʻzbekcha kabi lugʻatlarni mukammallashtirish va keng miqyosda chop etishga ham alohida eʼtibor qaratishni tavsiya etgan boʻlardik.
Islom Renessansi zamirida ham jamiyat va raiyat uchun manfaatli ilmlarning chuqur oʻrganilgani, ilmiy asarlarning ommaviy tarjima etilgani omili yotadi. Maʼrifatparvar hukmdorlar qiyinchiliklarga qaramay, mohir mutarjimlarni yigʻib, ularni tarjimaga safarbar etgan. Qiziq jihati, vaqtlar oʻtib Gʻarb davlatlari oʻsha tarjimalarni qayta inkishof etgan. Islom Renessansi manbalari Oksford, Kembrij kabi universitetlarda darslik sifatida oʻqitilgan. Ular bugun ham xorijda keng tadqiq etilmoqda. Bizda-chi? Taraqqiyot shiddatli tus olgani, resurs va imkoniyatimiz borligiga qaramay, haligacha ilmiy tarjimonlik instituti shakllangani yoʻq. Agar ish tizimli tashkil qilinsa, oʻn yil ichida yuzlab kitobni ona tilimizda oʻqishga muyassar boʻlamiz. Bu mamlakat rivojiga kuchli turtki berishiga aminman.
Taʼkidlash joizki, bu tashabbusni maʼmuriy buyruqbozlik usuli bilan amalga oshirib boʻlmaydi. Deylik, tegishli vazirlik kitob tarjimasi boʻyicha reja belgilaydi va universitetlarga buyruq beradi. Bunday usul samara bermagan, bermaydi ham. Sababi oddiy: ishi shundoq ham oshib-toshib yotgan professor-oʻqituvchilarda qoʻshimcha tarjimaga vaqt ham, toqat ham, imkon ham, qobiliyat ham boʻlmasligi mumkin. Bizningcha, milliy dastur doirasida tarjima loyihalariga jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilarga 6–8 oylik taʼtillar berilishi kerak. Qayta taʼkidlayman: barchasini universitetlar va kafedralarga tashlab qoʻyish – masʼuliyatsizlikdir.
Yurtimiz olimlari, tadqiqotchilari ulkan salohiyatga ega, faqat uni oqilona boshqaruv va taqdirlash usullari orqali toʻgʻri yoʻnaltirmoq darkor. Shaxsan oʻzim, doʻstlarim bilan birgalikda, mana, 5 yildirki, “Renessans kitoblari” loyihasini amalga oshirmoqdamiz. Shu kungacha 8 ta kitob chop etildi. Yana qator tarjimalarimiz navbat kutib turibdi. Kuchli ishtiyoq va mustahkam qoʻllov boʻlsa, bu kabi loyihalarni respublika miqyosida amalga oshirsa boʻladi.
Tarjima, albatta, bir kunlik yumush emas – u davomiy va uzoq muddatli jarayon. Oʻzbekchaga oʻgirilgan ilmiy kitoblar besh-olti yilda eskirib, chet elda yangi, toʻldirilgan nashri chiqadi. Shu bois mohir tarjimonlarimiz boshini qovushtiradigan, doimiy ishlaydigan tuzilma kerak. Oʻshanda bizda ham munosib kadrlar tarbiyalanib, kuchli ilmiy tarjima maktablari paydo boʻladi.
Alisher UMIRDINOV,
Nagoya Iqtisodiyot universiteti professori
“Tafakkur” jurnali, 2024 yil 3-son.
“Dunyoni oʻzbekcha koʻrmak orzusi” maqolasi