Shahlo Turdiqulova – biologiya fanlari doktori, professor. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining 80 yillik tarixida birinchi ayol vitse-prezident. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi ilgʻor texnologiyalar markazi direktori. Ilgʻor texnologiyalar markazidagi inson genetikasi va biotexnologiyasi ilmiy maktabining asoschisi. “Doʻstlik” ordeni sohibi. 78 ta ilmiy maqola (shundan 42 tasi xorijda nashr etilgan), 3 ta kitob va qator monografiyalar muallifi.

***

Sulolamizda ilm yoʻlidan ketgan toʻrtinchi avlodman. Katta bobom xizmat koʻrsatgan pedagog, oʻzbek taʼlimi rivojiga hissa qoʻshgan fidoyi ustozlardan boʻlgan. Ota-onam matematik. Otam ilm qilish bilan birga pedagogik faoliyat bilan shugʻullangan, onam bir umr OʻzFAda ishlagan. Men ham oilaviy anʼanani davom ettirib, matematik boʻlishni xohlardim. Otam kibernetika mutaxassisi boʻlgani uchun menga ham shu yoʻnalishni maslahat bergan. Oʻsha vaqtlar bu soha endi-endi rivojlanib kelayotgan edi. Oʻzim esa AT (axborot texnologiyalari) bilan biologiyani birlashtirib, biorobotlar yaratiladigan kelajakni orzu qilardim.

Maktabni bitirish arafasida qaysi sohani tanlasam ekan deb koʻp ikkilangandim. Buni koʻrib otam bir biolog doʻstining oldiga boshlab bordi. Suhbatimiz davomida u kishi hali shunday zamonlar keladiki, kibernetika va biologiya birlashib fanda moʻjizalar yaratadi, biorobotlar, yaʼni sunʼiy hujayralar paydo boʻladi degan fikrni aytdi. Shunda oʻzim yaxshi koʻrgan fanlar – matematika va biologiya bilan kelajakda birday shugʻullanishni niyat qildim.  Oʻsha kishining fikrlaridan ilhomlanib, Toshkent davlat universitetining biologiya fakultetiga oʻqishga kirdim.

Talabalikning ilk kunidanoq biotexnolog boʻlishni maqsad qildim. Oʻsha vaqtlar biotexnologiya kafedrasi mudiri otamning oʻrtogʻi Adham Rahimov edi. U kishi diplom ishim, nomzodlik, doktorlik ishlarimga ilmiy rahbarlik qilgan.

Domla uzoqni koʻradigan zukko olim edi, oʻn, yigirma, oʻttiz yildan soʻng fanda qanday yangiliklar boʻlishini bashorat qila olardi. Qarangki, domla koʻp yillar oldin xayol qilgan kashfiyotlar bugun amalga oshayapti.

Afsuski, mustaqilligimizning ilk yillari barcha sohalarda boʻlgani kabi ilm-fanda ham qiyinchiliklar davri boʻldi. Oʻsha kezlar endi aspiranturani bitirib, biotexnologiya boʻyicha nomzodlik dissertatsiyamni yoqlagandim. Yurtimizda ilmning ahvolini koʻrib, buyogʻiga nima qilishni bilmay turgandim. Shunda Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining taklifi bilan AQShga ketdim. U yerda bir olim bilan tanishdim. Tasodifni qarangki, u kishi ustozim Adham Hakimovich bilan bir vaqtda ilmiy faoliyatini boshlagan ekan. Hatto biotexnologiya kafedrasi har ikki yurtda ham ketma-ket tashkil etilgan ekan. Faqat u yerda sharoit mutlaqo oʻzgacha va ilm ham ancha ilgarilab ketgandi. Biz orzu qilib yurgan yangiliklar ularda allaqachon amaliyotga tatbiq etib boʻlingandi. Bizning olimlarimizning  ulardan kam joyi yoʻq edi aslida. Salohiyati yuqori boʻlsa yuqoriki, aslo past emasdi. Ammo qayerda ilm odamlariga sharoit va eʼtibor boʻlsa, oʻsha yerning ilmi tez rivojlanadi. Hozir bizda ham ilm-fanga katta eʼtibor berilyapti va tez orada buning mevasini koʻramiz.

Kaliforniya universitetining membrana biologiyasi laboratoriyasida 2005-yilda biologiya boʻyicha Nobel mukofotiga nomzod boʻlgan taniqli olim Jorj Saks bilan doktorlik dissertatsiyasi doirasida bir jamoada tadqiqot olib bordim. Ishimning maqsadi oshqozon proton nasosi ishlashining yangi nazariyasini kashf qilish edi. Birinchi marta glikozillanish signallarining proton nasosi ishiga taʼsiri koʻrsatildi va membrana oqsillarini tashish uchun molekulyar signallar paydo boʻldi. Oʻzbekistonga qaytgach, biokimyo va hujayra biologiyasi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini yoqladim. Shunday qilib, men ikki marta ilmiy mutaxassisligimni oʻzgartirdim. Ammo biotexnologiya hali ham ishimning muhim qismi.

Har qanday rivojlangan davlatdagidan kam boʻlmagan, har tomonlama zamonaviy ilmiy markaz ochaman degan niyat bilan Amerikadan keldim. Avvaliga laboratoriyada ishga joylashdim, ammo onamdan ilgʻor texnologiyalar markazi tashkil etilishi haqida eshitib tinchim buzildi. Akademiya prezidiumining yigʻinlariga qatnay boshladim. Markazda laboratoriya mudiri boʻlib ish boshladim. Boshida oson boʻlmadi, hammasini noldan boshladik.

Ilgari markaz tashkil etish ancha mushkul edi. Hozir binolarini tayyor qurib berishayapti. Biz hammasini oʻzimiz qilganmiz. Markaz binosining qurilishigacha yugurganmiz. Yarim yillab loyiha instituti eshigida navbat kutganmiz. Chunki ilmiy markazni oddiy ishchilar qurolmaydi. Maxsus mutaxassislar kerak. Strategiya, nizom, tuzilishi boʻyicha xorijda ishlayotgan vatandosh hamkasblar bilan har kuni soatlab maslahatlashdik. Chunki bino, jihoz, asbob-uskunalar muvaffaqiyatning 20 foizini tashkil qiladi, xolos. Qolgan 80 foizi esa nima bilan shugʻullanish, qanday tadqiqotlarni amalga oshirish va bu tadqiqotlar xorijiy davlatlarniki bilan qanchalik mos kelishi bilan bogʻliq. Mana shu masalalarga bizda tayyor javob boʻlishi kerak edi.

Boshida xorijdan bir qancha hamkorlarimiz ishga kelishdi, ammo muammolarga duch kelgach, bir-bir yarim oy ishlab qaytib ketishdi. Faqatgina Ibrohim Abdurahmonov ikkimiz oxirigacha kurashdik. Natijada mamlakatimiz ilm-fani rivojiga katta hissa qoʻshayotgan ikki markazni – “Genomika va bioinformatika” hamda “Ilgʻor texnologiyalar” markazini tashkil qildik. Bugungi kunda bu markazlarning oʻzbek ilm-fanida va mamlakatimiz rivojida oʻrni katta.

Xorijda toʻplangan tajribalarni oʻzbek ilm-faniga tatbiq etish fanda maktab yaratilishi va rivojlanishiga katta turtki boʻladi. Tasavvur qiling, rivojlangan davlatlarda oʻqiyotganlarning koʻpchiligi yurtga qaytsa, juda katta ilmiy potensial vujudga keladi. Amerikada ishlab yurgan paytimda barcha hamkasblarim oʻsha yerda qolishga undagan. “Nega shunday sharoit, moddiy imkoniyat va karyerani tashlab ketmoqchisan?” deb soʻragan. Hatto otam borganida rahbarim oldiga chaqirib, “ikkita farzandi bor ekan, ketib nima qiladi, bolalarining kelajagi uchun imkoniyatlardan foydalanmaydimi?” deb aytgan.

Bir karis olimning gapi hech esimdan chiqmaydi. “Nima qilasan bu yerda qolib? Oʻz yurtingga bor, oʻrganganlaringni amalga qoʻy. Senga oʻxshagan olimlar qaytib borsa, yurtingda rivojlanish boʻladi. Bu yerda yursang, vataningga qanday foydang tegadi?” degan edi u.

Markazimiz aslida 2012-yilda tashkil etilgan boʻlsa-da, 2015–2016-yillarda ish boshladik. Bir necha yil oldin Innovatsion rivojlanish vazirligi tarkibiga oʻtkazildik. Bugun fanning katta muammosi – biznesdan ajralib qolgani. Bu muammoni hal etish uchun markazda ilmiy startaplar yaratish yoʻlidan borayapmiz. Masalan, laboratoriyada koronavirusni tahlil qilishning test tizimini yaratib, uni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydik. Markazda “SARS-CoV-2”ni aniqlash boʻyicha mamlakatimizda birinchi PSR test tizimi yaratildi. Xitoylik hamkorlarimiz bilan rekombinant vaksinaning klinik sinovlari oʻtkazilib, “ZF-UZVac-2001” savdo belgisi ostida yangi vaksina roʻyxatdan oʻtkazildi.

Xullas, bu markaz mening ikkinchi uyimga aylangan.

Laboratoriyamiz inson genetikasi bilan shugʻullanadi va ikki yoʻnalishda faol ish olib boradi. Birinchisi – aholi genetikasi: biz mintaqamizda yashovchi odamlarning kelib chiqishini oʻrganamiz. Har bir insonning geni uch milliard genetik harf – nukleotidlardan iborat boʻlib, ularda juda koʻp maʼlumotlar shifrlangan. Agar ularning nomlari yozuv mashinkasida bir qator qilib yozilsa, zanjir shimoliy qutbdan ekvatorgacha choʻzilgan boʻlardi. Bitta genetik tadqiqot oʻtkazish uchun qancha maʼlumotni qayta ishlashimiz kerakligini shundan tasavvur qilib olsa boʻlaveradi. 

Ikkinchi yoʻnalishimiz – inson kasalliklari genetikasi. Odamlarning turli kasalliklarga moyilligini aniqlash orqali tibbiyotga yordam berish.

DNK zanjirida har bir genga qatʼiy belgilangan joy ajratiladi va u aniq vazifalarni bajaradi. Ammo baʼzida genom “buzilishi” mumkin (mutatsiya deyiladi), shunda odamda irsiy kasalliklar paydo boʻladi. Mutatsiyalar, shuningdek, genetik va xromosomalarga boʻlinadi. Agar Daun sindromi xromosoma kasalligi boʻlsa va ancha vaqt oldin tashxis qoʻyilgan boʻlsa, yanada nozik tahlil – individual genlardagi “buzilishlar” bilan ishlaymiz.

Bunday “buzilishlar” jiddiy tugʻma patologiyalarga, shuningdek, diabet, gipertenziya, yurak-qon tomiri kasalliklari va onkologiyaga olib kelishi mumkin. Saraton ham genetik kasallik. Hujayraning bir nuqtasida nosozlik paydo boʻladi va u nazoratdan chiqib, koʻpayishni boshlaydi. “Muvaffaqiyatsizliklar” asta-sekin toʻplanib, xavfli oʻsimta paydo boʻladi. Sabablari nimada? Bunda atrof-muhitning ifloslanishi, irsiyat ham rol oʻynaydi. Bola mutatsiyalangan hujayra bilan dunyoga kelishi mumkin. Agar ogʻir ekologik muhitda yashasa, saratonning rivojlanishi tezlashib ketadi. Shuning uchun irsiy genetik kasalliklar haqida bilish orqali yomon kasalliklar rivojlanishining oldini olish imkoni bor. Buning uchun xavfli mutatsiyalarni aniqlaydigan DNK testini oʻtkazish kerak.

Irsiy kasalliklar bilan bogʻliq boʻlgan yana bir muammo – Oʻzbekistonda qarindoshlar oʻrtasidagi nikohlarning koʻpligi. Bunday patologiyaga ega boʻlgan bolalarning deyarli yuz foizi ota-onasi qarindosh boʻlgan oilalarda tugʻiladi. Buni aniqlashga ham genetik test yordam beradi. Bunday test allaqachon koʻplab mamlakatlarda, masalan, Isroil, Irlandiyada amalga oshirilmoqda. Sinov irsiy patologiyalari boʻlgan bolalar tugʻilishi xavfini aniqlashga yordam beradi va agar xavf yuqori boʻlsa, nikohdan voz kechiladi. Afsuski, xalqimiz bu muammoni haligacha anglab yetgani yoʻq.

Fanda ham, siyosatda ham yoki boshqa sohalarda ham ayollar noyob oʻsimliklarga oʻxshaydi. Qancha balandda oʻssa, shuncha kam boʻladi. Mamlakatimizdagi fan doktorlarining beshdan bir qismi, yaʼni olti nafari ayol-akademik. Dunyo ilm-faniga qaraydigan boʻlsak, bu jabhada ham ulushning 30 foizga yaqini ayollarga toʻgʻri keladi. Biologiya sohasida ayollar soni doim koʻp boʻlgan. Aslida ilm olaman, karyera qilaman degan ayollarimiz azal-azaldan kam boʻlmagan. Masalan, katta buvim birinchi oʻzbek injener ayoli boʻlsa, kichik buvim ham injenerlikka oʻqigan. 

Ilmli odam hamma sohada – ishda ham, oilada ham, ilm-fanda ham gʻalaba qozonadi. Chunki u yerda ham, bu yerda ham bir xil fazilat va koʻnikmalar, ijtimoiy muloqot va boshqaruv, tashkilotchilik va masʼuliyat talab qilinadi. Oʻzimdan misol keltirsam,  doim ikki joyda ishlaganman. Amerikadan qaytgach genetika instituti va universitetda, keyin “Ilgʻor texnologiyalar” markazi va Innovatsiya vazirligida, mana hozir markazni boshqarish bilan birga akademiyada ishlayman. Har birida vazifamni masʼuliyat bilan ado etishga harakat qilaman.

Rahbar ayol  oʻzi boshqarayotgan tashkilotning onasi kabidir. Qoʻlidagi xodimlarni baqir-chaqir qilib emas, mehribonlik bilan, onadek, opadek, ularni eshitib, tushunib, yaxshi gapirib yoʻlga solishi kerak. Shunda unga quloq solishadi, hurmat qilishadi va boʻysunishadi. Chunki hammamiz farzandmiz va oʻz onamizning gapini ikki qilmaymiz.

Erishganlarim ortida meni qoʻllab-quvvatlab turgan oilam – ota-onam, qaynona-qaynotam turibdi. Doim ularga suyanaman. Ular har bir yutugʻimdan oʻzimdan koʻra koʻproq suyunadi, faxrlanadi.

Xulosa

Inson oʻz oldiga qatʼiy maqsad qoʻyib yashaydi. Xoh siyosatchi boʻlsin, xoh olim, xoh ijodkor – hammaning oʻz yoʻli, orzu-niyatlari boʻladi. Ayniqsa, ilm yoʻlini tanlagan odam muayyan bir yoʻlni, mashaqqatlarni bosib oʻtishi kerak. Endi ilmga kirib kelgan, yosh olim paytimda bergan intervyularimda “Oyga intil, yulduzlar orasida boʻlasan” degan tamoyilga amal qilib yashayman degan ekanman. Odam qancha yuqoriga intilsa, shuncha baland choʻqqilarni egallayveradi. Va albatta bu odamlarga foyda keltirishi kerak.

Fanlar akademiyasiga kelgan kunimdan boshlab strategiyani ishlab chiqaylik, aniq maqsadlar qoʻyaylik degan taklifni oʻrtaga tashladim. Chunki fanda kim nimani xohlasa, oʻsha bilan shugʻullanishi rivojlanishni toʻxtatib qoʻyadi. Shuning uchun faoliyatimizni ikki yoʻnalishga, yaʼni Oʻzbekiston uchun zarur boʻlgan tadqiqotlar va dunyo miqyosida Oʻzbekistonni tanitadigan tadqiqotlarga boʻldik. Eng dolzarb oʻn beshta yoʻnalishni tanlab oldik. Strategiya ishlab chiqdik. Chunki fan oʻta konservativ soha, tavakkal qilish yaramaydi.

Shahnoza ROFIYEVA yozib oldi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 3-son.

“Oyga intil, yulduzlar orasida boʻlasan” maqolasi.