Adabiyotshunos  olim  Rahmon QOʻCHQOR

bilan  suhbat

– Fozil jamiyatda davralarning toʻri boyonlarga emas, ziyolilarga beriladi. Ammo bugun zamon tarozisida maʼrifatdan koʻra manfaat ogʻirroq tosh bosayotir. Bozor talotumlari taʼsiridamikan, jamiyatimizda ziyoli ahli xiyla kampisand boʻlib qoldi. Yurt-u millat taqdiriga daxldor masalalarda soʻnggi soʻz aytmoq huquqi ham sarmoyadorlarga peshkash qilingandek. Ziyolilarning bu holga tushish sababi ne? Intellektual qatlam nega oʻz soʻzini ayta olmayapti? Yo, zamona yoʻrigʻi shu ekan deya, ahli tujjorning oshigʻi olchi boʻlganini tabiiy hol tarzida bilmoq kerakmi?

– Oʻzbek tilida ixlos degan soʻz bor. Biron bir jiddiy natija, muvaffaqiyatga uningsiz erishib boʻlmaydi. Qarangki, ixlos-la ish tutmoq quvvati ham kishining isteʼdodiga bogʻliq. Boshqacha aytganda, isteʼdodsiz odamlarda ixlos tuygʻusi oʻziga yarasha – haminqadar boʻladi.

Oʻtgan asrning 80-yillari miyonalaridan 90-yillar oʻrtalariga qadar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi yigʻinlariga respublika bosh rahbarlari, mafkura boʻyicha kotib-u kotibalarining “oʻz oyoqlari bilan” kelishi, ijodkorlarning dard-u hasratiga quloq tutishi odatga aylangan edi. Oʻsha yigʻinlarda nafaqat yozuvchi-shoir, balki mamlakatning koʻzga koʻringan fan dargʻalari – ekologlardan tortib kimyogarlargacha jon kuydirib nutq irod qilardi. Mashvaratlar millatning eng ogʻriqli dardlari xususida boʻlar, yozuvchi-shoirlar shaxsiy tashvishi – dalahovli ololmayotgani-yu avtomashinaga muhtojligi masalasini oʻrtaga tiqishtirishni xayoliga ham keltirmas, agar biron bir qalamkash qursoq masalasida ogʻiz juftlasa, oʻsha zahoti koʻpchilikning achinish va nafrat qorishiq nigohiga duch kelar, darhol uzr soʻray-soʻray “joyini topib” oʻtirar edi.

Nega?

Chunki u yigʻinlarda Said Ahmad, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Norboy Xudoyberganov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Shukur Xolmirzayev, Halima Xudoyberdiyeva, Ahmad Aʼzam, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf singari rahmatli ustozlarimiz, Umarali Normatov, Omon Matjon, Gulchehra Nurillayeva, Usmon Azim, Xurshid Doʻstmuhammad, Xurshid Davron, Mirzo Kenjabek kabi yoniq va yorqin isteʼdod sohiblari ota mamlakat, ona millat dardi atrofida ixlos-la jipslashar, rahbarlarni oʻz soʻzini eshitishga majbur qilardi...

Endi oʻsha nuqtadan turib, ayni koʻlamga solishtirib, bugungi intellektual qatlam holiga nazar tashlaylik. Kimlarni va nimalarni koʻramiz?

Afsuski, koʻrajak holimiz Abdulla Qahhor oʻz avlodi ustidan oʻqigan ushbu beayov hukmni yodga soladi: “Bularning bir qismi yozish-chizishga boʻlgan havasini talant deb oʻylagan, shuning uchun adabiyotga yanglish kirgan odamlar. Yana bir qismi adabiyot qalbning bir chekkasini emas, hammasini talab qilishini bilmagan kishilar. Uchinchi bir qismini gʻurur-manmanlik kemirib-yeb, safdan chiqarib tashladi. Bular besh-oʻnta oʻquvchi orttirar-orttirmas kekkayib, oʻqimay qoʻydi, oʻsishdan toʻxtadi. Toʻrtinchi bir qismini oʻz hayotini tartibga solmaslik, yashay bilmaslik xarob qildi”.

Keyingi yillarda bu kabi voqeliklar soni ortsa ortdiki, aslo kamaygani yoʻq. Mansab-martaba, mukofot-unvon, yumshoq oʻrindiqli xizmat mashinalari hamda birdan dimogʻni shishirib yuboradigan salqin kabinetlar bir guruh isteʼdodlarni komiga tortdi. Bilimli insonlarning kattagina qismini esa bozor atalmish yuho, tirikchilik tashvishi oʻz changalida ezib-yanchib tashladi. Yarim litrlik shisha bankada ishxonaga koʻtarib kelinadigan – kechqurungi ovqatdan qolgan nasiba ziyolining tushlik rizqi boʻlib qoldi. Isteʼdodli, ammo “propiskasiz” yoshlarning qancha-qanchasi yillab vatani poytaxtida mirshab qoʻliga tushishdan qochib, ishlab topgan arzimas qalam haqini ham ijarador qoʻliga tutqazib kun oʻtkazdi. Ularda xotirni jamlab oʻqib-oʻrganishga, bafurja mushohada yuritishga, olam va odam xususida insoniyat kelayotgan xulosalar bilan tanishishga na-da vaqt, na-da tuzukroq imkon boʻldi. Bunday sharoitda kishi tiynatida oydin dardlar, yorug‘ mushohadalar, umidli intilishlar emas, balki alamzadalik, hafsalasizlik, dunyo ishlaridan bezishdek yemiruvchi kayfiyat hukmronlik qilib, uning ortidan zamona ziyolilari orasida bir-biriga gʻayirlik, oʻzaro yotlashuv muhiti yuzaga keladi.

Xoʻsh, shunday vaziyatda umumziyolilarning el-u yurt dard-tashvishi tegrasida birlashishi, ilmiy va estetik tafakkurning hali ishga solinmagan cheksiz imkoniyatlarini kashf etishi xususida oʻylab, orzu qilib boʻladimi?

Eslatganingiz – bozordagi tujjorlar muhitida esa buning butkul teskarisi. Birida yoʻq molning oʻsha zahoti ikkinchisidan topib berilishi, bir xaridorning koʻnglini bittasi olsa, boshqa xaridor istagini uning hamkori bajo keltirishi, biznes sheriklarning birgalikda va oilaviy dam olishi, sayohat-u safar uyushtirishi oʻzaro hamjihatlik koʻrinishlaridir.

Mana shu ahvolda jamiyat, omma koʻziga koʻproq kim tashlanadi? Ayniqsa, yoshlar kimga koʻproq ergashadi, kimni ideal deb biladi-yu kimga ixlos-la taassub qiladi?

Oʻz maqsad-muddaosi, moʻljal-manzillari sari intilishda intellektual qatlam vakillari tujjorlar soyasida qolayotgan boʻlsa, buning ildizlarini avvalo oʻzimizdan qidirmogʻimiz kerak. Chunki biz boya bir qismi sanab oʻtilgan qutqularga dosh berolmadik; birimiz unisining, boshqamiz bunisining domiga tushdik. Qolaversa, bu holga tek qarab turishdan boshqaga yaramayotgan jamiyatning umumiy madaniy-maʼrifiy saviyasi ham, tan olaylikki, oʻziga yarasha.

– Adabiyot ila davlat munosabati borasida ikki yondashuv keng tarqalgan. Bir toifa davlat qalam ahliga mudom gʻamxoʻrlik koʻrsatmogʻi lozim degan fikrda. Boshqasi esa, davlat adabiyotga homiylik qilmagani maʼqul, negaki, hatto isteʼdod egalari ham “yegan ogʻiz uyalar” tutumida qasidagoʻylikni kasbga aylantiradi deb hisoblaydi. Sizningcha, adabiyot va davlat robitasi qanday boʻlmogʻi lozim?

– Avvalo, davlatning davlatdan farqi bor. Dunyoning ilgʻor demokratik mamlakatlarida ijodkor zoti siyosat-u mafkura yoʻrigʻiga, hukumatning qosh-qovogʻiga qarab qolgan emas. Deylik, “Oskar” yoxud Kann festivali mukofoti kimga berilishiga AQSh yoki Fransiyaning rasmiy idoralari aralashmaydi. Ijodkorlarning turli uyushmalari erkin faoliyat yuritadi, qonunlar ularni nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda ham himoya qiladi. Ijod ahlining moddiy-maishiy ahvoli oʻz harakatiga, asarlarining eʼtirof etilish miqyosiga bogʻliq. Ular davlat beradigan yordam va mehribonchilikdan umid ham qilmaydi.

Bizga yoqadimi-yoʻqmi, Karl Marks xoʻb aqlli odam boʻlgan. Shoʻroviy rahbarlar esa uning yoʻl-yoʻriqlarini amaliyotga joriy etishda obdon hafsala koʻrsatgani maʼlum. Jumladan, “Shoirlar mehribonlikka muhtojdirlar” degan oʻgitga qatʼiy amal qilib, ayni shu yoʻl bilan ne-ne isteʼdodlar mafkuraga xizmat ettirildi. Bunday minnatli mehribonchilikni inkor etganlarning holi ne kechganini yaxshi bilamiz.

Shaxsan men ijod ishi, ijodkor faoliyatiga davlatning aralashuvini, har qancha aqlli boʻlmasin, turli idoralarda oʻtirgan masʼul shaxslarning isteʼdodga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishini maʼqul, maqbul hol deb hisoblamayman. “Isteʼdod” deya urgʻulayotganim bejiz emas. Chunki bu ilohiy neʼmatdan bebahra kishilar nafaqat davlat, balki oddiy dastyorning ham himmatiga koʻz tikib yashashga mahkum; hozir gap ular xususida borayotgani yoʻq. Navoiy va Boyqaro, Nodira va Umarxon, Markes va Kastro munosabatlari noyob istisno ekanini, harqalay, hamma bilsa kerak.

Yegan ogʻizning uyalishi esa, ayniqsa, Sharqda va yana ayniqsa, bizda ayni haqiqat! Yeb uyalish bir uyatli holat boʻlsa, yeyishdan umidvor boʻlib uyalishga doimiy tayyorlar safining uzunligi yanada sharmandalidir. Shuning uchun, keling, muqaddasotni “vositai joh”ga aylantirganlarni nari qoʻyib, ijodni, xususan, shoir va yozuvchilikni bola boqish, tirikchilik oʻtkazish dastagi emas, balki qismat deb bilgan chin ijodkorlardan ibrat olaylik. Eslasak, oʻshalarni eslaylikki, koʻnglimiz ravshan, ruhimiz baland boʻlsin.

– Naql qiladilarki, xalifa Umari Odil ayollarga tortiq etiladigan mahr miqdori ortib ketayotgani uchun erkaklarga yengillik bermoqchi boʻlib, bir majlisda shuni cheklashdan gap ochibdi. Yigʻinda hozir boʻlgan ayollardan biri “Ey moʻminlar amiri! Olloh taolo oʻz Kalomida “Garchi ularga haddin ortiq mahr bergan boʻlsangiz ham” deb marhamat qilgan. Demak, mahrni cheklashga haqqingiz yoʻq!” deya eʼtiroz bildiribdi. Shunda xalifa “Ayol toʻgʻri aytdi, Umar xato qildi” deb yanglishganini mardona tan olibdi. Rubʼi maskunni idora etib turgan hukmdorning bir ojiza tanbehini soʻzsiz qabul qilishi bugun choʻpchak boʻlib tuyuladi. Negaki, asrlar mobaynida mezon-u nizomlar butkul oʻzgarib ketgan...

Toʻgʻri gap tuqqaningga yoqmaydi, deydi xalqimiz. Amal otiga mingan zamondoshlarimiz orasida ham haqiqatga tik boqib, rost soʻzni hazm qilabiladigan mardi mardon kam topiladi. Jamiyatimizda koʻp uchrayotgan hol: OAVda biron tanqidiy maqola chop etilsa, hokimliklar muammoni hal etish oʻrniga journalist-u blogerning shaxsi bilan “shugʻullanadi”, matbuot xizmati ham vaziyatni xaspoʻshlash uchun oʻtrik toʻqishga tushadi. Bir suhbatingizda “Amaldorlar xizmat mashinasining qoraytirilgan oynasidan hayotni teran koʻrolmaydi” degan edingiz. Xoʻsh, ishboshilarimizni haqiqat eʼtirofiga qay yoʻl bilan oʻrgatsa boʻladi?

– Chinakam xalq shoiri Omon Matjon 1978-yilda “Yurtimdagi vazmin odamlar” degan sheʼr yozgan edi. Unda shunday satrlar bor:

Sal tuprogʻi yengil jonlardan

El ozmuncha koʻrganmi gʻamlar?!.

Afsus... bu jarayon hali-hanuz davom etayotir. Davlat idoralarida tun-u kun tinim bilmay mehnat qilayotganlar nomiga dog‘ tushirib, zimmasiga yuklangan vazifani doʻndirib bajara olmasligining alamini boshqalar, aksar holda oddiy xalqdan olishga urinayotgan katta-kichik amaldorlar qilmishlaridan uyalamiz. Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi: ayrim mansabdorlarning fermerga, oʻqituvchiga, mahalla oqsoqoliga, onasi tengi ayolga, journalist-u blogerga... qilayotgan qoʻpoldan-qoʻpol muomala-munosabatini butun respublika, hatto xorijdagilar ham koʻrmoqda, eshitmoqda.

Kamina bu holni nihoyatda ogʻir, malollik bilan qabul qilaman. Nima boʻlyapti bizga? Shu ahvolimizda endi biz kimmiz? Kunimiz shularga qoldimi? Ishingni eplay olmayotgan ekansan, jirillamay, eplaydiganga topshirib ketmaysanmi?! Yopishib olgan kursichang tafti koʻngli muzlatilgan insonlar shaʼnidan azizroqmi? Koʻpchilik oldida oʻqituvchiga oʻshqirayotgan, fermerni haqorat qilayotgan, haq soʻzni aytayotgan jurnalistni jismonan mahv etish bilan tahdid oʻtkazayotgan “zoti oliylar” oʻzini kim deb fahmlaydi, tobora shishib borayotgan dimogʻini qaysi shamollar koʻtardi-yu kim ularga izn-ixtiyor berdi?!

Nomaqbul qilmishlaridan yozgʻirganimiz amaldordan izoh soʻrasangiz, aksari toʻtiqushdek bir gapni takrorlaydi: “Nima, men uyimdagi ish uchun kuyunyapmanmi? Shaxsiy vazifamni bajarsin deb soʻkibmanmi? Xalqning ishi deb urishdim-da! Mendayam asab bor, men ham odamman, axir!”

Darhaqiqat, shunday, siz ham odamsiz, birodar. Ammo oddiy emas, xalq ishonib, vazifa berib qoʻygan masʼul odamsiz! Modomiki, shu masʼuliyatni boʻyningizga olgan ekansiz, biz singari oddiy odamlardan farqli oʻlaroq, endi sizning yurish-turishingiz ham, gap-soʻzingiz-u muomala-munosabatingiz ham oʻn chandon, yuz chandon namunali boʻlmogʻi talab etiladi. Zero, siz toʻrt ulfati bilan choyxonada oʻtirib, dastyor bolaga “jizzani ber, choyni yangila” deydigan oshxoʻr emas, balki davlat idorasida, uning nomidan ish koʻradigan masʼul xodim, xalqning xizmatkorisiz! Choyxonadagi mijoz turfa istagi bajo etilishi uchun yonidan pul toʻlaydi. Siz esa byudjetdan, demakki, mehnatkash xalq toʻlaydigan soliqlar hisobidan maosh olasiz. Gapning xullasi shuki, choyxonadagi dastyorga ish buyuradigan xoʻranda siz emas, xalqdir! Afsuski, siz va sizga oʻxshagan ayrim oyogʻi yerdan uzilganlar xalqni hali-hamon choyxonadagi yugurdak bola xayol qilmoqda; unga ne buyursak, qachon va qanday buyursak – bajarishga majbur deb, nihoyatda xato oʻylayapti.

Agar biz ham demokratik davlatlar safiga kirib, shu yoʻlda sobit turmoqni astoydil istasak, dunyoqarashimizni, ishga, odamlarga boʻlgan munosabatimizni tubdan oʻzgartirmogʻimiz darkor. Bundan boshqa yoʻl yoʻq! Shu haqiqatni qancha tez anglasak, amalga aylantirsak – shuncha soz.

– Kuyunchak publitsist Karim Bahriyev korrupsiyaga qarshi kurashda aksar holda tadbirbozlik bilan cheklanayotganimiz, eng xatarlisi, sabab emas, oqibat bilan kurashayotganimiz haqida maqola eʼlon qildi. Ustoz Xurshid Doʻstmuhammad jurnalimizga bergan intervyusida qarindosh-urugʻchilik, tanish-bilishchilik qon-qonimizga singib ketgani azaliy va “ardoqli” mezon ekani, shu bois ham qonun ustuvorligiga erishish mushkul kechayotganini taʼkidladi.

Rahmon aka, bir necha yildan beri huquqshunoslik dorilfununida saboq berib kelasiz. Yurtimizda korrupsiya ildizini qirqishning eng maqbul yoʻli nimada deb bilasiz? Servantesning shamol tegirmoni bilan jang qilgan mashhur qahramoni holiga tushmaslik uchun bu borada qanday chora qoʻllagan maʼqul?

– Bundan ikki yil avval Adliya vazirligi eʼlon qilgan “Biz, yoshlar – korrupsiyaga qarshimiz” mavzusidagi insholar tanlovida hayʼat aʼzosi sifatida qatnashishga toʻgʻri keldi. Unda gʻoliblik namanganlik kollej oʻquvchisiga nasib etdi. Zukko qizimiz inshosiga nomi unchalik mashhur boʻlmagan ovrupolik bir ziyolining mana bu fikrini epigraf qilib tanlabdi: “Chivinlar oʻldirilmaydi, botqoq quritiladi!”

Dono gap, toʻgʻrimi?

“Falon tuman hokimi oʻrinbosari, piston universitet prorektori... pora olayotganida qoʻlga tushirildi” degan hisobotlar “bir-ikki chivinning oʻldirilishi”dan boshqa narsa emas, nazarimda. Botqoq bor ekan, chivin yashayveradi. Tuzum va tizimda porasiz ish bitmas, aniqrogʻi, ish bitkazish uchun pora olish mumkin boʻlgan yoriqlar – “huquqiy boʻshliqlar” mavjud ekan, bir martalik choralar bilan jiddiy oʻzgarishga erishib boʻlmaydi. Bir chivin oʻrniga ikkinchisi... oʻninchisi kelib, gʻujgʻon oʻynayveradi. Zero, tabiatda ham bulbul yoki ohudan koʻra, botqoqnishinlarning xili-yu urugʻi koʻp.

Demak, botqoqni quritish lozim! Bu – iqtisodiyotda bozor tizimiga, davlat, jamiyat boshqaruvida demokratiya va kuchli fuqarolik institutlari tizimiga butkul oʻtmogʻimiz; eʼtiqod, ijod va fikr jabhasida toʻliq erkinlikka erishmogʻimiz darkor degani. Chala bozor va yarim markazlashgan maʼmuriy boshqaruv tizimi omuxtasi bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Bunday sharoitda rahbarlarning past-baland saviyasi, jiddiy sinovdan oʻtmagan bilim va tajribasi, har kun oʻzgarib turuvchi kayfiyatiga qarab ish koʻrishdan, muammolarni yechish emas, yechilgandek qilib koʻrsatishdan nariga oʻtolmaymiz.

Ham ishlab chiqarish hajmi va koʻlami, ham aholi talab-istaklarining rang-barangligi borasida bizdan ancha peshqadam Finlyandiya hukumatini qirqqa ham kirmagan ayol bemalol boshqara olayotgani sababi nimada? Biz sanagan omillar – iqtisodiyotda bozor tizimi, davlat va jamiyat boshqaruvida demokratiya va kuchli fuqarolik institutlari tizimiga oʻtilgani; eʼtiqod, ijod va fikr jabhasida toʻliq erkinlikka erishilganida! Bunday davlatlarda muammolar bir-ikki shaxsning ixtiyoriga koʻra emas, balki qonunga koʻra hal etiladi. Buni obrazli tarzda ifodalash mumkin: mirishkor dehqon paykalda shunday egat oladiki, oʻqariqdan oqayotgan suv yuzlab ariqchalar boʻylab bir tekis taqsimlanib, ekinni birdek yashnatadi. Biror joyda suv (moddiy boyliklar deb oʻqing) toʻplanib, botqoq hosil boʻlib chivin bosmaydi, boshqa bir joyga esa suv yetib bormay, ekin (mehnatkash xalq deb oʻqing) qurib-qaqshamaydi. Xoʻsh, bunday ochiq va tekis dalada – davlatda, jamiyatda kim, nima uchun pora berishi kerak deysiz!..

– Mamlakatimiz taʼlim tizimi islohga muhtoj ekani oliy minbarlarda ham bot-bot taʼkidlanmoqda. Bu jabhada mutaraqqiy dunyo tajribasiga tayanib katta oʻzgarishlar qilinayotgani quvonarli. Ammo sifat emas, son ortidan quvish, mohiyat qolib, shaklga yopishish illatidan hamon qutula olganimizcha yoʻq. Oliy oʻquv yurtlari talabalaridan boʻyinbog‘ talab qilish yoki maktab oʻquvchilarining sochini millimetrlab oʻlchash kabi “olamshumul” choralar oʻsha daqqi qarashlar asoratidir. Yurtimiz taʼlim tizimini tanazzul botqogʻidan xalos etish borasidagi takliflaringizni bilsak.

– Taʼlim tizimining hozirgi ahvoli bir-ikki sabab natijasi boʻlganida edi, oʻshalarni tezda bartaraf etish orqali soha oyoqqa turgʻazib yuborilardi. Afsuski, taʼlim-tarbiya sohasini abgor qilgan eski va yangi sabablar nihoyatda koʻp...

Oʻtgan asrning 80-yillari oxiri. Biz – yosh oʻqituvchi va ilmiy izlanuvchilar Talabalar shaharchasidagi oilaviy yotoqxonada istiqomat qilamiz. Qoʻshni xonada nomzodlik dissertatsiyasi boʻyicha ishlayotgan fizik va matematik ukalarimiz turadi. Oʻzbekning oddiy, lekin chinakam olim boʻlish siyoqi bor yigitlari! Kunlarning birida fizik ukamizdan ilmiy ishi haqida soʻradim. U mavzuning nomini aytdi-yu, lekin mazmun-mohiyati maxfiyroq sohalarga daxldor ekanini taʼkidladi. Ayni choqda, tadqiqotning “grajdanka”da ham qoʻllash mumkin boʻlgan foydali jihatlari bor ekan – oʻshalarni bir-bir sanab berdi.

Oradan ikki yil oʻtdi. Bu orada men boshpanamni oʻzgartirdim. Qishning qorasovuq kunlari edi. Ertaga yangi yil degan kuni kechqurun Oloy bozoridan ul-bul xarid qilib yon darvozadan chiqib ketayotgan edim, katta temir stol qoʻyib olib mandarin sotayotgan odam koʻzimga issiq koʻrindi. Egnida eski paxtalik kalta toʻn, boshida kuya yegan telpak. Yaqinroq borib qarasam, oʻsha fizik ukamiz. Sovuqdan koʻkariblar ketibdi. Savdosiga xalal bermaslik uchun qisqagina hol-ahvol soʻradim. “Aka, ishim bitib boʻlgan, faqat VAKning (Oliy attestatsiya komissiyasi) ming bitta talabi orasida markazdagi jurnalda maqola chiqarish degan joyi ham bor ekan, dedi yigit. – U yoqlarga maqola olib borish uchun yoʻlkira, mehmonxona haqi, sovgʻa-salom degandek... Shunga bir savdogarga yollanganman. Pul topmasam boʻlmaydi...”

Yaqinda Milliy universitetga yoʻlim tushib, yana oʻsha yigitni koʻrdim. Endi bafurjaroq suhbatlashdim, doktorlikni yoqlagan-yoqlamaganini soʻradim. Bu safar uning javobi qisqa boʻldi: “Nomzodlikni yoqlaguncha koʻrganlarim yetarli! Koʻngil sovib ketdi, aka”.

Oliy oʻquv yurtlarida ilmiy ishni yozishdan koʻra uni yoqlash yoʻlidagi mantiqsiz talablardan bezgan, koʻngli sovigan qancha pedagoglarimiz dars beryapti ekan?..

Darvoqe, bugun boyagi talablar yanada zamonaviylashgan. Scopus va boshqa xalqaro roʻyxatlarga kirgan jurnallarda maqola chiqarmasangiz, sizning ilmiy ishingizni – oʻzingiz Iskandar, ustozingiz Arastu boʻlmaydimi! – birov sariq chaqaga olmaydi. Birgina yengilligi – oʻzingiz koʻrmagan va bilmagan boyagi majallalarni qidirib ovora boʻlmaysiz: taxminan besh million soʻm toʻlasangiz, Oʻzbekistondagi obroʻsi haminqadar jurnaldan qaytgan maqolangizni ham chop etib berishadi. Oʻz ilmiy jurnallarimizni oʻsha roʻyxatlarga kiritishga harakat qilishdan koʻra, yuzlab boʻlgʻusi olimlarning asabini qaqshatadigan shunday “oqilona” yoʻl maʼqul koʻrilgan...

Taʼlimning ahvoliga oʻta salbiy taʼsir etgan yana bir omil haqida ikki ogʻiz. Oʻtgan asrning 80–90-yillarida oliy taʼlimda sirtdan oʻqish keng tarqalgan, boʻlgʻusi pedagoglar yarim yilda bir marta, bir hafta-oʻn kun auditoriyada koʻrinish berar edi. Kunduzgida oʻqiydigan talaba kamida yarim yil oʻqiydigan fan asoslarini sirtqichilar ikki-uch kunda “oʻzlashtirar”, sanoqli kunlarda oʻnlab predmetdan baho olishga ham ulgurar edi. U yogʻi kelgusi yarim yilgacha fanga ham, kitob-u darslikka ham xayr-xoʻsh! Oʻtgan 25–30 yildan buyon maktablarimizda faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning salmoqli qismini, afsuski, shu taxlit taʼlim olganlar tashkil etdi. Natijani esa koʻrib turibmiz.

Bunday sabab-omillarni yana koʻp sanash mumkin. Nikolay Chernishevskiydan meros mashhur savol esa hamon javob talab qilayotir: nima qilmoq kerak? Mutlaq haqqoniyatga daʼvo qilmagan holda ayrim takliflarimni bayon etsam:

– maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilariga xorijiy til bilan birga oʻzbek tili ham malakali pedagoglar tomonidan, xorij tiliga ajratiladigan soatlardan kam boʻlmagan tarzda mukammal oʻrgatilishi kerak;

– umumtaʼlim maktablarining 5-sinfidan eʼtiboran sinflarni muayyan fanlarni chuqur oʻrgatishga ixtisoslashtirish, oʻquvchining qiziqish va qobiliyati, ota-onaning istagi asosida taqsimlab oʻqitish tizimini joriy etish maqsadga muvofiqdir;

– akademik litsey, kasb-hunar kolleji va texnikumlardagi taʼlim-tarbiya tizimini isloh qilib, har yili oʻrtacha yarim million nafarga koʻpayayotgan yoshlarning bir guruhi chuqur bilimli, boshqa katta qismi esa zamonaviy bozor talabidagi hunar egasi boʻlib chiqishiga erishmoq zarur. Aks holda, oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari har qancha oshirilmasin, mamlakatdagi ishsizlar sonini kamaytirish, ayni yeyman-ichaman, oila qurib uyli-joyli boʻlaman deb turgan millionlab yoshlarimizning xorijga qora mehnatga chiqib ketishidek xavfli tendensiyaning oldini olib boʻlmaydi;

– Oliy attestatsiya komissiyasi degan, dunyodagi bir-ikki davlatdagina qolgan, ilm-u fan rivoji yoʻliga toʻgʻanoq boʻlayotgan byurokratik idora xizmatidan voz kechib, ilmiy faoliyatni boshqarish, ilmiy unvon va darajalar berish huquqini oliy taʼlim muassasalari ixtiyoriga toʻliq oʻtkazish kerak.

– Rahmon aka, suhbatimiz koronavirus atalmish ofat butun dunyoga moʻrmalaxdek yopirilib, insoniyatni tang ahvolda qoldirgan kunlarda kechmoqda. Yaqin va olis tarixda koʻplab mushkulotlardan omon chiqqan bashariyat Yaratganning madadi ila bu imtihondan ham oʻtgusi, inshoolloh! Ammo pandemiyadan keyin odamzodning hayoti, axloqi ham jiddiy oʻzgarishga uchrashi tayin, shunday emasmi?

– Abdulla Oripovning “Ona sayyora” sheʼridagi ilk satrlarni eslaylik:

Qarshimda Yer sharin suvrati turar,

Salmogʻi Quvaning anoricha bor...

Insoniyat oʻzining temir panjasi ila oʻsha “Quva anori”ni ezib-mijiqlab, tobora oʻtkirlashib borayotgan tishlari bilan uni teshib, sharbatini ochofatlarcha yutoqib ichayotir...

Boya eslaganimiz – “yegan ogʻiz uyalar” degan xalqning “yemoqning qusmogʻi bor” tarzidagi hikmati ham mavjud. Ilohim, bu jarayonning choʻzilib ketishidan, begunohlarning aziyat chekishidan Oʻzi asrasin!

Falokatning qachon tugashi, u ariganidan keyin hayot qanday tus olishini hech kim aniq aytib bera olmayotir. Odamzod yirik vulqonlar, ulkan suv toshqinlari, dovul-u boʻron, zilzilalarni ilm vositasi-la avvaldan bashorat qiladi, ulardan saqlanishning tezkor chorasini koʻradi. Hozirgi yov esa mutlaqo koʻrinmasligi, xiylagina vaqt sezilmasligi bilan ham gʻoyat xavfli, oʻta makkordir. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, butun odamzod hatto kulgili holga tushgan: uning shuncha kuch-qudrati, qurol-yarogʻi-yu boyliklari, ming xil ilmiy ishlanmalari, robotlari, son-sanoqsiz nou-xaulari jimitdekkina tanacha qarshisida ojiz-u lol qolgan!..

Dunyo mumtoz adabiyoti va sanʼatining jamiki qahramonlarini bepisand chetga surishda bir-biridan oʻtaman degan supermenlar ham, oʻrgimchak odam-u betmenlar ham jim-jim, sayyoralararo urushlar qilib yurgan qahramonlar esa toʻrt metrli hovlisiga ham oʻylab chiqadigan boʻlib qoldi. Xuddi real hayotda boʻlgani singari, adabiyot va sanʼatda ham kimning kim ekani, insoniyatga beradigan foyda-zarari nechogʻli ekani ancha ravshanlashib qoldi. Zero, ommaviy sanʼat qahramonlariga mahliyo boʻlgan bugungi kun isteʼmolchisi, masalan, Alber Kamyu ogoh etgan “Vabo”dagi doktor Rieni, Chingiz ogʻa dunyoga sogʻingan Edigeyni tanimay qolgan edi...

Bugun odamzodning jism-u joni karantin – uzlatga olingan. Biroq aql-u tafakkurni ihotalab boʻlarkanmi! Aksincha, maʼlum boʻlmoqdaki, ayni shu sharoitda insonning tafakkur qilishi, mushohadaga berilishi, oʻz-oʻzini taftish etish imkoniyati ham, majburiyati ham oshar ekan. Bugungi voqelik bizni, hayot tarzimizni, dunyoqarash va moʻljallarimizni hozirga qadar tutib turgan tushunchalar, qarashlar, mezonlarga qayta nazar solish, ularni maydakoʻz elakdan oʻtkazishga undamoqda.

Xohlaymizmi-yoʻqmi, dastlab Xitoyning olis bir shahrida yuz koʻrsatgan koronavirus infeksiyasining ikki-uch oy ichida butun dunyoga tarqalib ketishida kimdir alqab, kimdir qoralayotgan globallashuv muhim omil boʻldi. Afsuski, odamzod nima evaziga huzurbaxsh hayot kechirayotganini unutib qoʻygan edi.

Muttasil harakatlanayotgan yuz minglab havo va ummon laynerlarining ulkan motorlaridan, bir daqiqa toʻxtamay ishlashi lozim boʻlgan son-sanoqsiz issiqlik elektrstansiyalari moʻrilaridan zaharli gazlar chiqayotgani;

ulkan megapolislarda har kuni millionlab tonna axlatning okean, daryo va boshqa suv havzalariga oqizilishi;

“Tezroq, koʻproq, arzonroq” shiori ostida parranda-yu darranda, oʻsimliklar genida tajribalar oʻtkazilishi, ularning inson organizmida ne oʻzgarishlar yasashi mumkinligini oxirigacha oʻylamaslik;

chiroyli terisi qay bir multimillioner nikohsiz yetaklab yurgan oyimchaning yalangʻoch yelkasida selkillab turishi uchun Afrika dashtlaridagi kamyob qoplonning otib oʻldirilayotgani;

oʻz ismini toʻgʻri yozish tugul, qalamni eplab ushlolmaydigan korchalonning barmogʻini bezatish uchun mangu togʻlar bagʻri portlatilib, oʻyib-teshilib olmos-u javohirlar qidirilishi...

Bir soʻz bilan aytganda, insoniyat olamdagi BUYUK MUVOZANATga ortiq darajada daxl qilmoqdaki, oqibatda halokatlarning zanjirsimon reaksiyasi yuzaga kelishi hech gap emas.

Qarangki, odamzodning nihoyatda aqlli vakillari ilohiy nizom – muvozanatga qarshi borib, inson zotining jinsini oʻzgartirish, uni hayvon bilan chatishtirish, jonivorlar genini duragaylashtirish, oʻz hamjinsi bilan oila qurishga... oʻzini haqdor sanamoqda. Xudo koʻrsatmasin-u, bu singari kirdikorlar oqibati oʻlaroq yuzaga chiqajak ofatlar koʻlami, dahshati oldida koronavirus balosi ham hech gap boʻlmay qolishi mumkin!

Bugungi taraqqiyot uchun globallashuv shu qadar zarur ekan, butun insoniyat bir tan-u jon boʻlishi kerakmi, yoʻqmi? Hozirgi holida odamzodni shunday – bir-birovi bilan hamkor, hamnafas umrguzaronlik qilayotir deb boʻladimi? Afsuski, yoʻq!

Dunyoning bir burjidagi ishratparast boylar haddan ziyod toʻqlik sabab yana qanday shoʻxlik oʻylab topish haqida bosh qotirayotgan boʻlsa, boshqa burjida millionlab norasidalar och-nahor onasining sutsiz koʻkragini tishlagancha, oʻziga qaratilgan kamera ekraniga javdirab boqayotir.

Bir zamonlar ertaklarga aylangan (“Bagʻdodda hammayoq tinch, hammayoq tinch!..”), dunyo tamadduniga onabagʻirlik qilgan koʻhna shaharlarning bugun oʻliklarga toʻlib ketgan quchogʻidan qochib borarkan, nomard otgan oʻqdan yuztuban yiqilgan bolajon “Hammasini Yaratganga aytib beraman!..” deya jon taslim etayotir. Dunyoning boshqa bir chetidagi maʼmur shaharda esa puldor er-xotin biriga qimmatbaho frak va moʻjaz shlyapa, boshqasiga brilliant qadalgan qirmizi koʻylakcha kiydirilgan kuchuklarini yetaklagancha, navozish bilan restoranga oshiqmoqda...

Voqelik eski oʻzanga qaytgach, shoyad al-Miysoqni unutib, Yaratuvchisiga isyon qilgan odamzodning aql-u hushi, imon-u insofi, taqvo-yu sabri oʻziga qaytsa!.. Zero, bugungi sinov odamzodga berilgan soʻnggi imkoniyatlardan biri boʻlishi mumkin. Agar shundan keyin ham “Kerak boʻlsa, Yer yuzini falon marotaba yoʻq qilib tashlashga qodirmiz!” deb karillayotgan zotlar hushiga kelmasa... ochigʻi, u yogʻini tasavvur etmoqqa ham qoʻrqadi kishi! Yaratgan insoniyatni sogʻlom aql-u tafakkurdan judo etmasin deng.

Sobirjon YOQUBOV

suhbatlashdi.

“Tafakkur” jurnali, 2020-yil 2-son