Markaziy Osiyoga islomning kirib kelishi musulmon madaniyatini va tub aholi oʻrtasida oʻziga xos sotsial qatlamlarni shakllantirdi. Oʻlkada islom mafkurasining keng tarqalishida faol ishtirok etgan shaxslar, muayyan sotsial guruhlarning aʼzolari islom mafkurachilari tomonidan ragʻbatlantirilib, ijtimoiy hayotda oʻzlari uchun zarur boʻlgan maqomni egallashga muyassar boʻlgandilar. Sababi – mavjud maqom unga jamiyatda oʻz mavqeyini mustahkamlash bilan birga koʻplab haq-huquqlarni berardi. Muhimi, chiqarilgan turli farmon va farmoyishlarda egallangan mavqening keyinchalik norasmiy maqom sifatida avloddan-avlodga oʻziga xos bir “tamgʻa” – etiket boʻlib oʻtishiga ishora ham edi.

Maʼlum vaqt oʻtgach, avlod tomonidan qabul qilib olingan maqomning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda keng foydalanish uchun asqotishi ayon boʻlib qoldi va u ijtimoiy guruhning bir koʻrinishi sifatida “tabaqa”ga aylandi. “Tabaqa” – bu ijtimoiy kelib chiqishning mushtarakligi, shugʻullanadigan mashgʻuloti (kasbiy faoliyat)ning umumiyligi va maʼlum bir qarindoshlik hamda nikoh meʼyorlari tizimiga amal qiluvchi, diniy mansublik asosida qator anʼana, udumlar orqali bir-biriga bogʻlangan qarindoshlik rishtasidir. Koʻp olimlar tabaqalanishni “oqsuyaklik”ka intilishning samarasi deb hisolaydilar.

Aslida, tabaqalanish yoki qaysidir jamoa aʼzosi boʻlish insonga faqat gʻurur tuygʻusini berib qolmasdan, unga bolalikdanoq oʻz mavqeyini himoya etishni ham yuklaydi. Bu masʼuliyat burch darajasigacha koʻtarilgan boʻlib, unga goʻdak dunyoga kelgan kundan boshlab amal qilinadi. Masalan, musulmonlarda bu – farzandga ism qoʻyish, kimlar bilan doʻst tutinish, qayerda oʻzini qanday tutish, kimga qanday munosabat va mulozamatda boʻlish, oʻz oʻrni va mavqeyini bilish, diniy va dunyoviy ilmlarni oʻrganish, islomni tanish kabilar bilan ifodalanadi.

Qaysi avlod asrlar davomida saqlanib kelayotgan anʼana va qadriyatlarning sofligini taʼminlay olsa, uning qalbidagi gʻurur tushunchasi ham shu qadar baland boʻladi. Shu bois avlodda yangi tugʻilgan goʻdakka oʻzini anglay boshlagan chogʻdanoq “avlodni tan olish”, “uning muqaddas anʼanalariga amal qilish”, “avlodga oʻzini baxshida etish” bilan bogʻliq udumlar singdirib boriladi. Chunki bu kishiga katta ruhiy va axloqiy masʼuliyat yuklaydi. Zero, shaxsning bajarayotgan har bir amali ortida muqaddas avlodning “oʻtib ketgan” (rixlat qilgan) vakillari or-nomusi yotadi. Avlodga mansub boʻlgan kishining “yaxshi” yoki “yomon” boʻlishi berilgan tarbiyaning mukammalligiga bogʻliq. Shu bois farzand dunyoga kelishi bilanoq, uning qanday oziqlanishi kerakligi, jismiga monand ism qoʻyilishi, tarbiyada qaysi jihatlarga koʻproq eʼtibor berishi muhimligi kabi axloqiy masalalar avlod aʼzolarining yigʻinlarida qayta-qayta taʼkidlanadi.

Bola ulgʻayib borgani sari unga jamiyatdagi mavjud milliy, umuminsoniy, davlat tomonidan eʼtirof etilgan qoida va meʼyorlarga qanday amal qilish lozimligi ham oʻrgatib boriladi. Sababi – avlodning aʼzosi boʻlish sabr-bardosh, bagʻrikenglik, iroda, xotirjamlik kabi psixologik tuygʻular bilan birga millat va jamiyat oldidagi majburiyatlarini ham mukammal oʻzlashtirishni talab etadi.

Mintaqadagi tuzumlarning tez-tez oʻzgarib turishi “kiborlar jamiyati” vakillariga juda qimmatga tushgan vaqtlar boʻlgan. Tarix xotiralarini “varaqlab” oʻrganadigan boʻlsak, yaqin oʻtmishdagi ruhiy va jismoniy tazyiqqa mahkum boʻlgan guruh yoki ijtimoiy jamoalar qatoriga hech ikkilanmay ijtimoiy-diniy qatlamga mansub avlodlarni kiritish mumkin. Shu bois, ushbu toifa kishilari har qanday jamiyatda, birinchi navbatda, qay holatda boʻlmasin, insoniy fazilatlar yetakchi boʻlganligi uchun turli mafkuralarga moslashib borganlar. Bu – omon qolish va avlodni saqlab qolish uchun muhim hisoblangan.

Vaqt oʻtib shaxs voyaga yetgach, u oʻz xatti-harakatlarini nazorat qilishga, yaʼni mehmonga borish, kattalar bilan suhbatlashish odobi, oʻz nutqi va ovozini tarbiyalash, notiqlik mahoratini oshirib borish, qanday kitoblarni koʻproq mutolaa qilish, qaysi sohada ilm olish va boshqalarni oʻrganadi. U oʻqib oʻrganishi shart. Chunki vaqti kelib u boshqalarni oʻqitadi, fikr-mulohaza almashadi. Aks holda, avlod faoliyatiga qaysidir maʼnoda putur yetadi. Avlod bilan birga uning aʼzosi xatti-harakatlarini, yaʼni uning qanday gunoh ish yoki xato qilganini atrofdagilar ham kuzatib boradi. Demak, avlodga mansublik ikki xil kechadi: oʻz-oʻzini nazorat qilish va jamoa tomonidan umumiy nazorat oʻrnatish orqali. Markaziy Osiyoda diniy-ijtimoiy mavqega ega kishilarning yuqori toifadagilari koʻpincha, oʻzlarini arablar, xususan, paygʻambar Muhammad s.a.v., uning xalifa va sahobalari avlodlari deb hisoblaydilar.

Taniqli sharqshunos olim Ashirbek Moʻminov oʻz tadqiqotlarida quyidagi fikrlarni bildiradi: “Maʼlumki, islomning ilk davrlarida “islomni qabul qilish” “arab boʻlganlik”ni bildirib, yangi holat, yaʼni mintaqadagi ayrim guruhlarni arab qabilalari tarkibiga jalb etgan edi. Shu sababli Markaziy Osiyo mintaqasida istiqomat qilgan mahalliy aholi tarkibidan birinchi boʻlib islomni qabul qilganlar ushbu hududga joylashtirilgan taniqli arablar yoki arab qabilalariga “mijoz” boʻlib qoldilar”. Islomga murojaat qilgan boshqa tub millat vakillari yangi vujudga kelgan musulmonlar toifasini tashkil etib, ularga mavala yoki mavlo (koʻplikda esa mavoli), deb murojaat qilingan. Islom futuhotlaridan soʻng tobe etilgan viloyatlarning arab boʻlmagan aholisi mavlo deb atala boshlandi, bu bilan aholi goʻyo arablar himoyasi ostiga olingan deb hisoblana boshladi. Eʼtirof etadigan tomoni shundaki, sayyid va xoʻja mavqesidagi avlodlarning bugungi kundagi vakillari ham hali-hamon oʻz kelib chiqishlarini arablar bilan bogʻlaydilar.

“Kishilik jamiyati paydo boʻlibdiki, oʻziga toʻq, badavlat shaxslar (hukmdorlar, oʻzini yuqori yoki oliy tabaqaga mansub deb hisoblaganlar) avlod-ajdodlari toʻgʻrisida maʼlumot qoldirish sulola tarixini yaratishga harakat qilganlar”. Tarixda nom qoldirgan kishilar sulola toʻgʻrisidagi hujjatning muhimligini juda yaxshi tushunishgan. Chunki taniqli kishilar, ayniqsa, oʻzlarini xarizmatik (ilohiy inʼom) sifatlarga ega deb biluvchi shaxslarga “ajdodlarning buyuk hayot faoliyati” toʻgʻrisidagi hujjatlarning yetishmasligi jamiyat hayotidagi ijtimoiy-boshqaruv munosabatlarida pand bergan. Oʻziga xos tarzda kechgan tabaqalanish natijasida Markaziy Osiyoda ham mahalliy xalq orasidan diniy-ijtimoiy jihatdan oqsuyaklikni daʼvo qiluvchi kishilar ajralib chiqqanlar. Ular sayyid, xoʻja (aslida xoja), “eshon”, “amir”, “toʻra”, “habib”, “maxdum”, “mirza” (amir-amirzodaning qisqartirilgan shakli koʻp hollarda mir Buxoro amirligida ishlatilgan.

Qoʻqon xonligi muzofotida mirza deb oddiy kishilardan chiqqan savodli, yuqori lavozimdagi kishilarni atashgan), muso, sho, shoh kabi ijtimoiy maqomni qoʻlga kiritgan kishilar va urugʻlardan tashkil topadi. Oddiy tabaqaga mansub boʻlgan aholi qatlami esa qoracha, fuqaro, xalqiya, avom, raʼiyat deb nomlangan. Davrlar oʻtishi bilan qoʻlga kiritilgan yoki ijtimoiy-biologik taʼsirlar natijasida shakllangan maqomlar avloddan-avlodga toʻgʻridan toʻgʻri oʻtadigan boʻldi va bu oila aʼzosining ijtimoiy holatiga nisbat berish chogʻida yoziladigan maqom darajasiga koʻtarildi. Masalan, u “xoʻja”ga mansub oilada tugʻildi. Avlodining millati oʻzbek boʻlsa, u oʻzbek xoʻjalaridan, xoʻjaning “boy toʻpi” urugʻidan boʻlsa, demak “boy toʻpi” xoʻjalaridan, agar bu urug‘ Paygʻambar s.a.v.ga borib taqalsa (haqiqatdan ham “shajara” mavjud boʻlib, u oʻz tasdigʻini topgan boʻlsa), Paygʻambar avlodi sanaladi, boʻlmasa, qaysidir tariqat (masalan, yassaviya) yoki hududga taqalsa, shunga mansub xoʻjalardan (Joʻybori xoʻjalari (Buxoro), Salavot xoʻjalari (Termiz), Xoʻjakent xoʻjalari (Toshkent viloyati), Turkiston xoʻjalari, Shohimardon xoʻjalari va boshqalar) hisoblanadi.

Biz mavqe, martaba, maqom, diniy unvon sifatida oʻrganishni taklif etayotgan darajalar mahalliy aholi oʻrtasida urug‘, qavm, ajdod, asl zot, nasl-nasabli, tagli-tugli kabi atamalarga urgʻu berish bilan alohida ahamiyat kasb etib kelgan. Masalan, “sen qaysi urugʻdansan”, “falonchi nasl-nasabi toza kishilardan sanaladi”, “asli zoti past avlod-da”, “bu qavmdan oʻtgan odamlar avliyo sifatlarga ega boʻlganlar”, “bizning ajdodlarimiz ulug‘ va buyuk kishilar oʻtgan”, “tagli-tugli insonlarning farzandlari...”. Yuqori tabaqaga mansub kishilar oʻzlarining darajalarini musulmon olamida shajara, nasabnoma, silsila, hatti irshod deb nomlangan hujjatlar bilan isbotlashga intilganlar.

Shajara – arabcha daraxt degan maʼnoni anglatib, kishilarning kelib chiqishi, ajdodlari va qon-qarindoshlik aloqalari majmuidir. Uni tarix ilmining bir tarmogʻi – genealogiya fani oʻrganadi. Podshohlar, hukmdorlar, afsonaviy qahramonlarning nasl-nasabiga qiziqish qadim zamonlardayoq boʻlgan, lekin oʻrta asrlarda shajara imtiyozli tabaqalarning paydo boʻlishi va ularning ajdod-avlodlarini rasmiylashtirish uchun xizmat qilgan, qiziqishning kuchayishi bilan alohida ahamiyat kasb etgan. Oliy unvon egalariga berilgan shajaralar bir necha holatlarda avloddan-avlodga yetkazib kelingan. Shajara bitiklari hayvonlar terisiga, qogʻozga tushirilgan. Baʼzan esa toshga, yogʻochga oʻyib yozilgan (Qashqadaryoning Kasbi tumanidagi Hazrat Sulton ziyoratgohida ismi zikr etilgan avliyoning toshga oʻyib yozilgan nasabnomasi uchraydi.

Tadqiqotchi Alisher Bek esa Qirgʻizistonning Bozorqoʻrgʻon tumanida Xonsoyibxon poshsha Sayyid Avliyoxon toʻra qizi qoʻlida yogʻochga bitilgan shajara mavjudligini aytgan edi. Bundan shunday xulosaga kelish mumkin, shajaralar nafaqat ajdodlar nomini avloddan-avlodga yetkazish yoki yuridik jihatdan rasmiylashtirish, balki uni yaratish xalq amaliy sanʼati darajasiga ham koʻtarilgan. Shajara yoki nasabnomalarning aksar qismi teri yoki qogʻozga bitilgan boʻlib, ularning uzunligi 0,5 metrdan 3-4 metrgacha, eniga esa 30–45 santimetrlar atrofidagi hajmni tashkil etardi. Avlodlar tarixidan guvohlik beruvchi bu hujjatlarning ayrimlari zarhal harflar bilan hoshiyalarga olib yozilgan, baʼzilari esa oddiy siyohda qogʻozga tushirilgan. Shajaralarning ishonchli ekanligi bir nechtagacha muhrlar bilan tasdiqlatib olingan. Shuningdek, shajara yoki nasabnomalarning barmoq bilan muhrlab tasdiqlanganlari ham uchraydi.

Oliymaqom kishilarning xususiyatlarini belgilab beruvchi maskan ham boʻlib, ular muqaddas joy va ziyoratgohlardir. Oʻzlarini Paygʻambar avlodi deb hisoblaydigan sayyidlar avlodlarining qabrlari (dahma, xilxona, mozor) shoʻrolar davridan ilgari va uning dastlabki yillarida boshqalardan alohida boʻlgan. Asosan, marhum (mayit) xonadon hovlisiga, koʻpincha, tashqi hovliga dafn etilgan. Ixlosmand kishilar, murid va ziyoratchilar bu joylarni kelib tavof qilib turganlar. Baʼzi hududlarda bu udum yana qaytadan tiklanayotganining shohidi boʻlish mumkin.

Oʻrta asrlarga kelib mintaqada yuqori tabaqalar oʻrtasida avlodni rasmiylashtirishga boʻlgan qiziqish ortib boradi. Bu oʻz navbatida XV asrdan boshlab shajara doirasidagi nikoh aloqalari haqida guvohlik beruvchilarning paydo boʻlishiga olib kelgan. Shu davrdan boshlab sulola yoki bir-biriga yaqin bir necha urugʻlarning nasl-nasab daftarlarini tuzish boshlanib ketadi. Ushbu nasabnomalar bilan qadim zamonlardayoq unutilishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qarindoshlik rishtalarini astoydil saqlashga va nasl “nomunosib” avlodlar bilan aralashib buzilmasligiga intilganlar. Shunday xatti-harakatlar evaziga “aslzoda” urugʻlar shakllangan. Oʻz ajdodlarining shonli kunlarini doim esda tutish maqsadida ajdodlar har bir qavmning ismi va unvonini oila solnomasiga yozib borganlar; ayniqsa oʻzini Paygʻambar avlodiga mansub deb hisoblaganlar bunga alohida eʼtibor qaratganlar. Hozirgi Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududidagi shajaralar shajarai sayyid, yaʼni Paygʻambar avlodlari sanalgan sayyidlar shajarasi, turkiy qavmlarning kelib chiqishi bilan bogʻliq urug‘ shajaralar va bugungi kunda oʻzining yetti avlodini bilib qoʻyish va tiklash maqsadida qilinayotgan oddiy shajaralarga boʻlinadi.

Avvalgi ikkita shajaralar turkumi imkon qadar har bir davrdagi boshqaruv institutlari (xonlik, qoziyat, ulamolar kengashi va urugʻlar ning yigʻilishida toʻplangan guvohlar ishtirokida) muhri bilan tasdiqlangan. Xonlik, amirlik tomonidan yozilgan koʻplab hujjatlarda: “Taniqli shariat pahlavonlarining orzusi bilan, ulamolarning sahih soʻzlari bilan fatvo berildiki, shajara oxirat ishlari uchun shariat hujjatidir. Chunonchi, sayyidlar shajarasi xoh eski, xoh yangi boʻlsin dunyo ishlari uchun sharʼiy vasiyqa kabi vasiyqadir, oxirat ishlarida ham hujjatdir”, degan fatvolarni koʻp uchratish mumkin. Ehtimol, shu bois bugun odamlar kimdadir shajara borligini eshitsa, uning ajdodlari katta mavqe egasi boʻlgan, degan xayolga boradilar. Avvalgi davrlarda kishilar oʻzlarining qaysi tabaqaga mansubligidan tashqari “yetti ota”sini bilishi farz deb hisoblangan. Shajaralarni baʼzan yetti pusht nomi bilan bogʻlab, bir tizimga solish asosida avlodlarga yetkazish hozirgi kunda meros sifatida keng tarqalmoqda. Buni ham oʻzlikni anglash jarayonidagi bir xususiyatning namunasi deb eʼtirof etsa boʻladi. Chunki xalq orasida keng tarqalgan iboralardan yana biri – bu yetti yot begona atamasidir. Mazkur masala yuzasidan oʻziga xos ishlar olib borayotgan surxondaryolik tadqiqotchi R.Mirzayev aholi orasida maʼlum boʻlgan yetti pusht koʻrinishini bir tartibga keltirib, shunday taqdim etadi:

1. Ota-ona           5. Evara

2. Farzand           6. Dubora

3. Nevara             7. Novora

4. Chevara             8. Begona

Agar qiyosiy nuqtayi nazardan sulola tarmoqlari tahlil qilinsa, nasroniylarda bu ancha oson kechganini kuzatish mumkin. Chunki ular nikoh marosimlarini rasmiy tartibda roʻyxatdan oʻtkazganligi bois bu masalaga koʻp ham jiddiy tus bermaydilar. Maʼlumki, nikoh tartibi xristian urf-odatiga koʻra, cherkovda maxsus kitobga qayd etib boriladi. Shuning uchun kishi istagan vaqtda oʻz ajdodlari toʻgʻrisida maʼlumotni olishi mumkin. Musulmon dunyosida esa nikoh munosabatlari guvohlar ishtirokida ogʻzaki ravishda bayon qilinib, rasmiylashtirilganligi sababli avlodlarni yodda xotirlashga katta eʼtibor berilgan boʻlsa, ajab emas. Bizningcha, bu – shajaraga ehtiyoj paydo qilgan omillardan biridir.

Komil KALONOV

“Jannatmakon” jurnali, 2007-yil, oktabr soni.

“Asling – nasling”, birinchi maqola