Hozirgi yoshlar ichida sholroʻmolni bilmaydiganlar, menimcha, koʻpchilikni tashkil etadi. Sovet davrida esa sholroʻmol ham oʻzbek ayoli qiyofasini belgilaydigan ust-boshlardan biri edi. Bir paytlar bu roʻmol Parij asilzoda ayollari yelkalarini ham bezagan (Men fransuzcha gapiruvchilar oʻrtasida ham sholroʻmol (fransuzcha: châle) haqida kichik bir soʻrov oʻtkazib koʻrdim: yosh avlod uni deyarli bilmaydi, oʻrta yoshlilar: “ha, ilgari buvilarimiz oʻragan”, deb eslashdi).
Sholroʻmol deganda biz – tivit (ipakday mayin jun) yoki ipak, baʼzan paxtadan toʻqilgan va hoshiyalarida uzun sochiq-shokilalari osilib turadigan roʻmolni tushunamiz. Sovet davrida sholroʻmol kabi katta roʻmollarni oʻrash urf boʻlishi sabablaridan biri – paranji tashlash harakatidan keyin ular ayollar uchun qisman yopinchiq vazifasini ham oʻtagan.
Xoʻsh, sholroʻmol biz uchun milliy bir buyummi yoki tashqaridan kirib kelganmi? Sovet davrida oʻzbek ayollari oʻragan sholroʻmollarning aksariyati Rossiya hududida toʻqilgan edi. Ammo shunisi ham aniqki, “shol” soʻzi oʻzbek tiliga rus yoki boshqa Ovroʻpa tillaridan oʻzlashmagan.
“Shol” soʻzini biz Alisher Navoiy asarlarida ham uchratamiz. Jumladan, “Saddi Iskandariy” dostonidagi bir baytda shunday deyiladi:
“Baso kujpushtu parokanda hol,
Boʻyida chu boʻlgʻay ipi eski SHOL”, –
Maʼnosi: “Bas, yelkasi bukir, parokanda hol, ustida ipi eski SHOL, yaʼni jundan toʻqilgan eski kiyim boʻlsada...” (Qarang: Alisher Navoiy. Saddi Iskandariy. MAT. 11-jild. T.: Fan. 1993. 434-bet). Yaʼni, ushbu baytda “shol” soʻzi – “dagʻal jun matodan tikilgan kiyim” maʼnosida kelgan.
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham: “shol [f-t] – yungdan toʻqilgan qalin mato, yung gazlama”, deb izohlangan va misollarda: “shol bozori”, “shol salla”, “shol dasturxon” kabi iboralar keltiriladi, ammo aynan “sholroʻmol” lugʻatda mavjud emas (OʻTIL.II-t.M.:1981.424-bet).
Misollardan koʻrinadiki, ilgari mintaqamizda “shol” deganda jundan toʻqilgan har qanday mato yoki kiyim tushunilgan ekan, shunday buyumlar sotiladigan “shol bozorlari” ham boʻlgani – oʻtmishda bu soha ancha rivojlanganidan darak beradi.
Sholcha va cholvor
Tilimizda “shol” ishtirokida yasalgan boshqa soʻzlar ham bor: deylik, “shol” soʻziga “+cha” qoʻshimchasini qoʻshib yasalgan “sholcha” – “jundan toʻqilgan kichik gilamcha” maʼnosiga ega. Yoki “shalvar” (“cholvor”) – oʻtmishda erkaklar ham, ayollar ham kiygan keng ishton (forscha: “shol”+”bar”). Bunday ishton kiyish udumi turkiy xalqlar orqali rus kazaklariga ham oʻtgan va rus tiliga bu soʻz – “шаровары” shaklida oʻzlashgan.
“Jundan toʻqilgan mato” maʼnosidagi “shol” – asli forscha soʻz (“شال”), ammo etimologiyasi sanskritcha oʻzakka borib taqaladi, deyiladi. Mahmud Koshgʻariy ham “Devonu lugʻotit-turk”da “shol”ga oʻxshash – “shalashu” (“شَلاشُو”) soʻzini keltiradi va: “Chin toʻqimalaridan bir xili”, deb izohlaydi (DLT.It.T.:1960.417-bet). Koshgʻariy keltirgan “shalashu” ham “shol” bilan bir manbaga ega boʻlishi mumkin, ammo “Devon”da uning Chin, yaʼni Xitoyga oid toʻqima deyilishidan “shalashu”ning turkiy soʻz emasligi anglashiladi.
Sholcha yoki cholvordan farqli oʻlaroq sholroʻmolni, taʼbir joiz boʻlsa, oʻtgan asrlarda yaratilgan nafis sanʼat asari, deyish mumkin, shu bois u oʻz vaqtida yorqin ranglari, sifati, nafisligi bilan dunyoni zabt etdi.