1. Layfhak – inglizcha life hack – hayotni soddalashtirish degani. Turmushni yengillatish uchun oʻylab topilgan uddaburonliklar, ish-yumushlarni bajarishning oson usullari tushuniladi.
2. Insayder – inglizcha in – ichida, ichkari, side – tomon, qism degani. Tashkilotning omma uchun yopiq maʼlumotlariga ega shaxs, xodim tushuniladi.
3. Trend – inglizchada choʻqqi, yoʻnalish demakdir. Har qanday sohadagi omma eʼtiboriga tushgan voqea, narsa, mahsulot tushuniladi.
4. Bukbloger – inglizcha book – kitob, bloger – sahifa yurituvchi soʻzlarining birikishidan paydo boʻlgan. Oʻqigan kitobi borasidagi fikrlarini ijtimoiy tarmoqda bildirib boradigan kitobxon tushuniladi.
5. Slayd – inglizcha slide – siljitmoq feʼlidan yasalgan. Taqdimotdagi mavzuga doir, ketma-ket joylangan rasm, matn va boshqa grafik materiallar tushuniladi.
6. Stiker – ingliz tilidan olingan. Narsa bezashda ishlatiladigan, yopishtiriluvchi kichik ramz, yorliq.
7. Snapchat – inglizcha snap – qisqa, shoshilinch, chat – (onlayn) muloqot soʻzlarining birikishidan hosil boʻlgan. Internetdagi qisqa jonli muloqotni bildiradi.
8. Respekt – ingliz tilidan olingan. Biror shaxs yoki narsaga nisbatan yuqori baho, eʼtirof maʼnosida qoʻllanadi.
9. Storis – inglizcha voqea, hikoya demak. Ijtimoiy tarmoqlarda maʼlum vaqt koʻrinib, soʻng oʻchib ketadigan qisqa, kichik post. Asosan video, rasm koʻrinishida boʻladi.
10. Kreativ – inglizcha ijodiy degani. Biror ishga nisbatan oʻziga xos, noyob yondashuv maʼnosini anglatadi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, adabiyotshunos olim, yozuvchi Olim Toshboyev tavsiya qiladi:
1. Layfhak. Bu soʻz yana ikki-uch yildan soʻng “maslahat”, “tavsiya”ning taloq xatini bermasa goʻrga edi. Tamom, oliftagarchilikni yigʻishtirib, “maslahat”, “tavsiya” deb ishlataylik. Oʻzbek anoyi emas deya “yolgʻon”ni “fake”ka, “bozor-oʻchar”ni “shopping”ga, sartaroshxonani “barber shop”ga, “sayohat”ni “travel”ga aylantirganimiz yetadi...
2. Insayder. Baʼzi mahalliy va xorijiy OAVda “manba” ham deyishayapti. Bu unchalik toʻgʻri emas. Oʻrischa “источник”ning tarjimasi. Asrlar davomida yashab kelayotgan “xufiya”ni tirsaklash adolatdan boʻlmaydi.
3. Trend. Hozir birovga bu soʻz aslida “urf” boʻladi desangiz baloga qolishingiz hech gap emas. Negaki, “trend” deyaverib, “urf”ga poygakdan joy koʻrsatib qoʻydik... Urf!
4. Bukbloger. Menimcha, kitobxon, oʻqirman, kitobxon bloger deb ishlatgan tuzuk.
5. Slayd – taqdimot.
6. Stiker. Bu soʻz keyingi paytlarda asosan “yorliq” maʼnosida qoʻllanmoqda. “Oxford” izohli lugʻatida soʻzlashuvda “qaysar” maʼnosida ham ishlatilishi yozilgan. Bundan tashqari, “sticker”ning “ogohlantiruvchi belgi”, “qaydnoma”, “eslatma” maʼnolari ham bor. Demak, matn, jumla maʼnosidan kelib chiqib “yorliq”, “qaydnoma”, “eslatma” soʻzlaridan birini tanlash toʻgʻri boʻladi.
7. Snapchat. Atoqli ot boʻlgani uchun oʻz nomida qolgani maʼqul.
8. Respekt “ofarin”, “tasanno”ning oldida aylanib-oʻrgilib oʻtaversin! Shunday goʻzal, jarangdor soʻzlarimiz boʻlaturib tilimizni burab yursak uyat boʻlar-ov.
9. Storis. Bu soʻz oʻrniga “lavhalar” degan maʼqul.
10. Kreativ. “Ijodiy” soʻzi turganda inglizchaga ehtiyoj yoʻq.
Taniqli adib Alisher Ibodinov tavsiya qiladi:
1. Layfhak – “yoʻriq” yoki “korisodda”. Chunki “kor” tojikchadan olingan boʻlsa-da, oʻzbek tiliga singib, oʻzimizniki boʻlib ketgan. Masalan, mardikor, korxona...
2. Insayder. Oldin saroylarda ichki yumush bilan shugʻullanuvchi shaxslar boʻlgan. Ular “sirchalma” yoki “sirchi” deb ham atalgan. Bu “insayder”ga mos tushadi.
3. Trend – urf.
4. Bukbloger – kitobchi.
5. Slayd – suratlavha.
6. Stiker. Xalqimizda zardoʻzlik, kashtachilik, umuman hunarmandchilikda avval yasalib, soʻng buyumga qadaladigan bezaklar boʻlgan. Stiker ham shu vazifani bajargani uchun “bezak” degan maʼqul.
7. Srapchat – suratsuhbat, suratli suhbat.
8. Respekt. “Olqish” bu soʻzga juda ham mos tushadi-ku! Nega shunday atamasligimiz kerak?
9. Storis – lahzalik.
10. Kreativ – ijodkorona.
Bayram Ali tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2025-yil 1-son.
“Eshiklar ochiq, ammo...” maqolasi