Har bir odamning hayotida maʼlum manzilga yetganda burilish nuqtasi boʻlishi muqarrar. Umr yoʻlidagi eng qiziq hodisa ham shu. Chunki shu nuqtada inson oʻzgaradi, hayot oʻzgaradi. Uning qanday sodir boʻlishi esa odamning niyati bilan bogʻliq. Insonning qalbi va tafakkurini oʻzgartirish oson emas. Burilish nuqtasi kimningdir hayotida olti yoshida, yana kimdadir oltmish yoshida sodir boʻlishi mumkin. Muhimi yoshda emas, muhimi insoniy islohotlarda. Xalq va millat hayotida tarixiy burilishlar boʻlgani kabi har bir inson hayotida ham bu kechmish kechadi. Bu shunchaki kechmish emas, balki katta saboqdir. Bu haqdagi hikoyalarni taniqli va mashhur kishilardan koʻp eshitamiz. Oʻylaymizki, oʻzbek ziyolilarining bu boradagi xotiralari ham jurnalxonlarimizga qiziq. Mazkur yangi ruknda taniqli yozuvchi Nazar Eshonqulning fikrlarini havola etamiz.

Tahririyat

“Inson – loyiha!”

Bolaligimning aksar qismi xotiramdan oʻchib ketgan. Lekin negadir birinchi marta kitob oʻqiganim esimdan chiqmaydi. Ehtimol, bu biz yashayotgan dunyoga nisbatan kitoblar koʻnglimizga mos tushgani sabablidir. Yoki kitob xotirani mustahkamlagani uchundir...

Opam mendan uch yosh katta edi. U ikkinchi sinfga borganda men ham opamga qoʻshilib oʻqishni oʻrganib olganman. Oʻsha davr “Oʻqish kitobi”dagi barcha ertak va hikoyalarni oʻqib chiqqandim. Menga ayniqsa ayiq kelib qolganda doʻstini tashlab qochgan odam haqidagi ertak yoqardi. Biz tog‘ qishlogʻida yashardik. Onda-sonda och ayiqlar qishloq oralab qolardi. Qishloqdagilar miltiq otib, shov-shuv koʻtarib ularni haydashardi. Men esa tomning ustida ularga achinib qarab oʻtirardim. Menga ular bu yerga xuddi oʻsha oʻqiganim ertakdagi kabi doʻst izlab kelganday tuyulardi.

Maktabga borganimda muallimlarimizdan biri “Oʻqish” kitobidagi barcha sheʼru hikoyalarni oʻqib chiqqanim uchun meni uchinchi sinfda oʻqiydigan bir qarindoshimizning oʻrniga oʻtqazib, “Bu endi uchinchida, sen esa birinchida oʻqiysan” deb izza qilgan. Shu izza evaziga oʻsha qarindoshimiz meni to esimizni taniguncha koʻz ochirgani qoʻymagan: koʻrgan yerida turtkilab, burnimni qonatib yurgan. Oʻshanda birinchi marta kitob oʻqiganim uchun jazoni ham his qilganman.

Kitob oʻqishga qiziqishimni bu jazolar baribir soʻndirolmagan. Ikkinchi sinfni bitirganimda otam Shahrisabzga – bozorga tushganda menga bitta ertak kitobini olib kelgan. Oʻsha kitob nomi hali ham esimda. “Ali bahodir” deb atalardi. Keyinchalik, universitetda oʻqib yurganimda bu kitob kurd ertaklari ekanini bildim. Ammo u paytlar bu ertaklar menga boshqa bir xalqniki boʻlib tuyulmagan: ularni oʻz ertaklarimizday qayta-qayta oʻqib chiqqanman. U yerda gʻaroyib ertaklar bor edi. Men oʻsha xayoliy qahramonlarga va voqealarga ishonganman, hayot menga bor boʻyi bilan ertaklardan iborat boʻlib tuyulgan.

Bu kitob menga xayol surishni va tasavvur qilishni oʻrgatgan. Keyin koʻplab ertak kitoblar oʻqidim. Hammasi ham esimda qolmagan. Faqat “Yoriltosh” ertagi esimda. Qishloq ayollari uyimizga yigʻilsa mendan oʻsha ertakni oʻqib berishimni soʻrashgani uchundir? Radio, televizor yoʻq edi. Mening oʻqib bergan ertaklarim bugungi seriallar vazifasini oʻtagan boʻlsa kerak deb oʻylayman. Shuning uchun ham oqibat va insoniylik kuchli boʻlgandir? Chunki ertaklar mehr-u shafqat, mardlik, halollik, ezgulik haqida boʻlardi va hammasida yovuzlik baribir yengilardi. Shu sababli ham bugungi kunimizdan farqli ravishda odamlar insoniylik baribir gʻalaba qilishiga ishonardi, ezgulik va yovuzlik, halol va harom, mardlik va qoʻrqoqlik, xoinlik va jasorat, shafqat va mehr oʻrtasida aniq chegara bor edi. Ertaklar bizni shunga ishontirardi.

Bu, menimcha, kitob oʻqishning eng muhim fazilati boʻlsa kerak.

Ertaklar menga tog‘-u tosh, hayvonlar, oʻsimliklari, hatto hashoratlar ham akamiz yo ukamiz, jigarimiz, birodarimiz ekanini, koʻz oldimizdagi dunyo chegaralarini tasavvur bilan boʻlsa-da buzib oʻtishni oʻrgatgan.

Ertaklar biz bilgan dunyodan tashqari yonimizda, ichimizda koʻzimizga koʻrinmas, aslida haqiqiydir, olam borligiga ishora qilardi.

Mana shu his, shu ishonch paydo boʻlishining oʻzi gumanizmni, uning koʻlamini, masʼuliyatini anglashning boshlanishidir balki?

Kitoblar meni tasavvurda boʻlsa ham boshqa dunyoda yashashga oʻrgatdi.

Ertaklar, demak, kitoblar bizning moddiy ehtiyojlarimiz qoʻygan, bizni oʻrab turgan qoliplarni buzishga, ichki bir erkinlikka davʼat qilaveradi.

Oltinchi sinfda Termiz shahrida kasalxonaga tushib qoldim. Qancha yotganimni bilmayman. Lekin oʻshanda kasalxona kutubxonasidan “Ming bir kecha”ning uch tomini topib, oʻqib chiqqanman.

Bu kitob mening oʻy-xayollarimni butunlay oʻzgartirib yuborgan.

Ertaklar koʻz oldingizdagi dunyoning uqubati va adolatsizligidan ojizlanib qolganingizda shu dunyoga zid boʻlgan, oʻzingiz istagan narsalar, ezgulik hamisha gʻolib oʻz olamingizni yaratish imkonini beradi.

Ertaklar bilan qarshingizdagi shafqatsiz dunyoga qarshi oʻlaroq oʻzingizning peshma-pesh dunyongizni yarata olasiz. Shunda kitob siz uchun yolgʻonchi dunyoda oʻz rostingizni yarata oladigan, oʻz dunyongizni saqlab qoladigan yagona boshpana vazifasini oʻtaydi.

Kitoblar “Sen oʻzi kimsan? Nega kelding, maqsading nima, qayga yoʻl olasan?” degan loyihani qarshingizga koʻndalang qoʻyadi.

Kitob oʻqirkansiz, kitob himoyasiga, kitob tasarrufiga oʻtasiz. Chunki bu yerda hamisha mardlik va halollik, mehr va oqibat, insoniylik va vijdon gʻalaba qiladi. Umuman, bu fazilatlar oʻqishga arziydigan barcha kitoblarga taalluqli. Shu kitobdan soʻng men uchun xalq ogʻzaki ijodi hayotimnig ajralmas boʻlagiga aylandi.

Aynan hali bola boʻlib “Ming bir kecha”ni oʻqiganman deganim uchun adabiyotni konfet soʻrish deb biladigan yosh muallimimiz hammaning oldida izza qilgan. Menga “Poʻlat qanday toblandi?” degan romanni oʻqishni tavsiya etgan. Baribir Pavel Korchagin menga Ali bahodirchalik zavq bermagan.

Men haligacha u nima sababdan izza qilganini tushunmayman.

Toʻqqiz-oʻninchi sinflarda qirqqa yaqin dostonni oʻqib chiqdim. Rostini aytaman, men u paytlari dostonning syujeti izidan quvib yurardim. Ammo baribir ichimda Alpomish nega gʻayritabiiy kuchga ega, qanday qilib Goʻroʻgʻli goʻrda tugʻilishi mumkin, bu yerda oʻzi nima sir bor, bu yerdagi dunyo nega koʻz oldimizdagi dunyoga hech bir oʻxshamaydi degan savollar paydo boʻlardi.

Talabaligimizning birinchi yili bizga yunon mifologiyasi darsini oʻtishdi. Bu tizimga solingan kosmogonik mifologiya edi. Men bu mifologiyaga shunchalik oshno boʻlib qoldimki, olovbardor Prometey va shoʻrpeshona Medeya haqida sheʼrlar yozdim. Ular sheʼr emasdi, aslida ular hayrat va savolga toʻla javobsiz hissiyotlar edi.

Keyin oʻzimizning xalq ogʻzaki ijodi oʻtildi. Men bu darslarda 9-10-sinfda dostonlarni oʻqib olgan taassurotimdan boshqa hech narsa olganim yoʻq. Bu darslar mening oʻsmir yoshdagi savollarimga toʻliq javob berolgani yoʻq, shunchaki sanoqlar oʻzgardi, javobdagi mohiyat oʻzgarmadi.

Savol esa kattaraverdi. Nega bizning mifologiya yunonlarniki kabi bir tizimga solinmagan? Bizda mifologiya boʻlmaganmi? Biz oʻzi qaydan keldik, qayga ketamiz? Biz qaysi daraxtdan oʻsib chiqdik? Biz oʻsib chiqqan daraxtning ildizi qayerga tutashadi? Biz dunyo yaralganda borliqqa ism berishda ishtirok etgan millatlar qatoriga kiramizmi yo yoʻq? Yo biz taraqqiyotning keyingi qaysidir davrida tayyoriga ayyor boʻlib paydo boʻlgan bir toʻdamizmi?!

Masala shundaki, mifologik qarashlariga qarab xalqning azal va abaddagi oʻrni bilinadi. Kosmogonik qarashlar shu maʼnoda mezonga oʻxshaydi. Qani bizning bir tizimga solingan kosmogonik qarashlarimiz aks etgan asotirlar?

Bu nafsoniyat va shaʼn bilan bogʻliq savollar edi. Bu javobsizlik bizga qoloq millat sifatida qarayotganlarning oʻchogʻiga oʻt qalab berardi.

Javobni kitoblardan izladim.

Keyinchalik Yung, Fromm, Meletinskiy tadqiqotlarini, jahon adabiyotidagi asarlarni oʻqigach, oʻsha payti qoʻygan savollarim oʻzi javob boʻlganini angladim.

Mana, oʻsha mutolaa qilgan, oʻzim savol qoʻyib, kitob orqali javob topgan qaydlarim. Bularning koʻpi savol tariqasida edi. Ammo kitoblar menga izlagan javoblarni topib berdi.

Yunon kosmogoniyasiga koʻra olam avval xaosdan, gazdan iborat edi.

Zardoʻsht mifologiyasida olam avval xaosdan, boʻshliq va betartiblikdan iborat edi. Rabgʻuziyga koʻra olam avval gavhar edi, gavhar erib suyuqlik boʻldi, suyuqlik tutunga aylandi. Olam tutundan yaraldi (“Xabarda keltiribdilarki, Olloh subhonahu va taolo hamma narsadan ilgari bir gavharni yaratdi. Bu gavharga haybat nazari bilan qaragan edi, u erib ketdi. Erib suv boʻlgan gavhardan yerni yaratdi. Suv ustiga tushgach, u koʻpiklandi. U koʻpikdan tutun koʻtarildi, u tutundan koʻkni yaratdi”. “Qisasi Rabgʻuziy”).

Olamning avvali xaos miflar tiliga – badiiy mushohadaga, obrazlarga qanday koʻchadi, qanday tasvirlanadi?

“Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostoni mutolaasidan savollarga javob topishga urinib koʻrganman.

Odilshoh va Qovushtixon oʻrtasidagi ziddiyat va oʻzboʻlarmonlik, Shohdorxonning bostirib kelishi, oʻzboshimchalik, talash, boʻysunmaslik – bular hammasi tartib va qonun-qoidalar yoʻqligini, dunyoning, hayotning xaos ekanligini koʻrsatmayaptimi?

Odilshoh, Qovushtixon, Shohdorxonning oʻzaro kurashlari boshboshdoqlikka, mazmunsizlikka, betartiblikka, xaosga ishora qilmayaptimi?

Toʻliboy va Bibioyshadan Ravshan tugʻildi. Ravshan va Hiloldan Goʻroʻgʻli tugʻildi (baʼzi bir versiyalarda Hilol nurdan, yorugʻlikdan homilador boʻlgani keladi). Goʻroʻgʻli goʻrda tugʻildi. Keyin yer ustiga chiqdi.

Yetim toychoqqa qoʻy, echki, tuya, sher, yoʻlbars, olqor, quyon, kiyik, qulon, fil, karki, qunduz, baliq, qush, qoplon, tulki, tozi sutini ichirdi, qush-u baliqlarning jigarini yedirdi.

Burgut, tuygʻun, shunqor, lochin, dinor, quzgʻun va maymun jigarini yedirdi.

Keyin Afsar togʻiga ot izlab bordi.

Afsar togʻi – parilar, ilohlar yashaydigan tog‘. Arshi aʼloning dostondagi tasviri.

Goʻroʻgʻlining boʻlajak jufti pari Misqol ham shu yerda. Chunki u ham ilohlarga taalluqli – pari.

U Goʻroʻgʻliga “Choʻl oralab, koʻl oralab aziyat chekib kelibsiz” deydi. U choʻlga urgʻu beradi. Choʻl! Koʻl! Ular oʻzi nima? Nega barcha dostonda qahramon choʻl va koʻlga duch keladi?

Goʻroʻgʻli otiga ilohalar ichida yashayotgan Misqol pari ism beradi. Gʻirkoʻk, Gʻirot deb.

Xizr – ilohiy bobo shu yerda otni meniki deydi, Goʻroʻgʻli meniki deydi.

Ularning bu munozarasi ilohiylikka daʼvogarlikni eslatadi.

Goʻroʻgʻli quvvat meniki deyapti. Xizr meniki deyapti.

Keyin Goʻroʻgʻli Xizrdan otni sotib oladi.

Sotib olish savdoni bildiradimi? Yo bu osmon bilan kelishuv, inson va ilohiy kuchlar oʻrtasidagi bitimmi? Mantiqqa suyanadigan boʻlsak, ilohiy Xizrga tanganing nima keragi bor? Demak, bu – bitim. Alp (yunon mifologiyasidagi yarim iloh, yarim odam qahramonlar) va ilohiyot oʻrtasidagi bitim.

“Bobo”lar majlisi Goʻroʻgʻlining taqdirini belgilaydi. Bobolar orasida Soqi bulbul ham bor. Soqi bulbul Goʻroʻgʻliga dalda berib turadi. “Kattaroq tilak tila” deydi. U gaplariga va Goʻroʻgʻliga xayrixohligiga koʻra yunon miflaridagi homiy maʼbudlarni eslatadi.

Shu majlisda Goʻroʻgʻlining taqdir chizigʻi chiziladi. Unga ot, yangi qurilajak dunyo – Chambilga shohlik, parilarga uylanish, qirq oʻzbek urugʻidan qirq yigitni tanlab atrofida olib yurishi, umuman qirq urugʻni birlashtirishi, oʻzi esa zuryodsiz oʻtishi taqdir qilib belgilanadi. Juma kuni yerni larzaga solib, Soqi bulbul borishi, Goʻroʻgʻlini taxtga oʻtirgʻizishi aytiladi. Rabgʻuziyga koʻra, juma kuni odam yaralgan.

Afsar togʻi Olimpni eslatmayaptimi? Umuman, bu yerda olamning yaralishi haqidagi mif ustida gap ketmayaptimi?

Bitta dostondan izlab topgan javoblarim shunday boʻlgan. Shu hissiyot meni “Alpomish”ni ham shu javoblarni izlab oʻqishga undadi. “Alpomish” ham har qanday savolga javob berishga qodir boʻlgan doston edi.

Kitoblar oʻzlari qoʻygan savollarga oʻzlari javob beradi. Bizning eng qadimgi miflarimiz ham tarix silsilasida yoʻqolib ketmagan, u kiyimini va qiyofasini oʻzgartirgan, u hamon botinimizda – faqat kitoblarda xotira, ichimizda begona boʻlib yashayapti.

Kitob insonni ildiziga, botiniga boqishga, vijdon va iymon bilan yuzma-yuz boʻlishga, ular bilan birga yashashga undaydi.

Kitob – insonning dunyoni mukammal koʻrish istagi va xohishi oʻlaroq dunyoga keladi va dunyoni mukammal koʻrishni istaganlarni oʻz bagʻriga oladi.

Har bir kitob shu orzuning bitta qadami, bitta pogʻonasi.

“Ijod – koʻz oldimizdagi dunyoga qarshi oʻz dunyosini yarata olish mahoratidir”, deydi Kamyu.

“Inson – loyiha!”, deydi Kerkegor. Ibtido va intihoni tutashtiruvchi loyiha.

Bolalikdan boshlangan loyihaning qanday loyiha ekaniga kitoblardan javob topasiz.

Bolalik shudgorga tashlangan urugʻga oʻxshaydi. Agar yaxshilab parvarish qilsangiz, albatta hosil olasiz. Agar muhit qurgʻoqchilikdan iborat boʻlsa yoki vaqtida oʻgʻitini olmasa, umuman, parvarish sust boʻlsa, hosil ham shunga yarasha, urugʻi puch, taʼmi taxir, tosh bosmaydigan, palagʻda boʻladi. Palagʻda isteʼdodlar palagʻda mahsulotlar yaratadi. Bugungi kunimizning eng katta fojealaridan biri – palagʻda isteʼdodlar koʻpayib ketganida.

Bugungi dunyo, shu paytgacha madaniy ongning mezoni boʻlgan yovvoyi yo madaniylarga emas, kitob oʻqigan va oʻqimaganlarga boʻlinayapti.

Oʻqimay qoʻysak fikrlashdan, oʻzimizdagi “loyiha”ni amalga oshirishdan toʻxtab qolamiz. Tafakkur turgʻunligi boshlanadi. Tafakkur turgʻunligi taraqqiyotning, harakatning, oʻsish va hayotning turgʻunligiga olib keladi.

Kitobsiz dunyo menga shunday tuyuladi.

Nazar ESHONQUL

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.

“Inson bu – loyiha” maqolasi