Seneka Lutsiliyga salom yoʻllaydi!
Lutsiliy, men nafaqat oʻzgarayotganimni, balki butunlay boshqa odamga aylanayotganimni his qilmoqdaman. Endi menda biron bir oʻzgarishga hojat qolmadi demoqchi emasman, bunday boʻlishiga umid ham qilmayman. Axir qanday qilib, insonda tuzatish, biroz kamaytirish yoki yuksaltirish kerak boʻlgan narsalar topilmasa? Zero, qalb ilgari koʻrmagan nuqsonlarini koʻrayotgan boʻlsa, demak u yaxshilik tomon yuz burmoqda. Baʼzi bemorlarni, oʻz bemorligini his qilgani uchun ham qutlash joiz.
Mendagi tezlik bilan sodir boʻlayotgan ushbu oʻzgarish senga ham oʻtishini istayman: shunda bizning doʻstligimizni na umid, na qoʻrquv, na tama darz ketkiza oladi. Shundagina men oʻlim kelguncha saqlanadigan, hatto uning uchun oʻlimga ham borish mumkin boʻlgan haqiqiy doʻstlikka yanada mustahkamroq ishongan boʻlardim.
Men senga shunday insonlar haqida hikoya qilamanki, ular doʻstlardan emas, balki doʻstlikdan mahrum boʻlgan. Qalblarini iroda va halollikka tashnalik birlashtirgan kishilarda esa bunday holat yuzaga kelmaydi. Zotan ular hamma narsa, ayniqsa, mashaqqatlar umumiy ekanini bilishadi. Har bir kunim meni qanchalik oldinga ildamlatishini sezyapman, sen hatto buni tasavvur ham qilolmaysan.
«Agar biror narsa topib, tajribadan oʻtkazib keyin foydasini bilgan boʻlsang, men bilan baham koʻr«, deysan sen. Aslida men ham bilgan narsalarimning barchasini senga oʻtkazishni istayman, biror narsani oʻrgansam, uni boshqalarga oʻrgata olish imkoni meni quvontiradi. Hatto eng yuksak va barakali bilim ham, faqat oʻzim uchun boʻlsa huzur bagʻishlamaydi. Agar menga donishmandlik berilsa-yu, lekin uni oʻzimda saqlab, boshqalar bilan baham koʻrmaslik sharti qoʻyilsa, undan voz kechgan boʻlardim. Biror neʼmatga yolgʻiz egalik qilsak, u bizga quvonch keltirmaydi.
Men senga kitoblar yuboraman va ichidagi foydali narsalarni qidirib ovora boʻlmasliging uchun kerakli sahifalarga belgilar qoʻyib chiqaman. Shu belgilar orqali men maʼqullaydigan va meni hayratlantirgan narsalarni darhol topasan. Ammo soʻzlardan koʻra, donishmandlarning jonli ovozi va ular bilan yonma-yon yashash senga koʻproq naf beradi. Hamma narsani oʻz joyida koʻrib kelgan afzal, birinchidan, odamlar quloqlariga qaraganda koʻzlariga koʻproq ishonishadi, ikkinchidan, nasihatlarning yoʻli olis, oʻrnak yoʻli esa qisqa va ishonarliroqdir.
Kleanf oʻz ustozi Zenon soʻzlarini faqat tinglaganida, aynan u kabi boʻlib qolmasdi. Axir u Zenon bilan hayotini baham koʻrdi, yashirin narsalarga nazar soldi, Zenon oʻz qoidalariga muvofiq yashayaptimi yoki boshqachaligini kuzatdi. Platon ham, Aristotel ham, keyinchalik turli yoʻnalishlarga ketgan barcha donishmandlar ham Suqrotning soʻzlaridan koʻra uning xulq-atvoridan koʻproq ibrat olishdi. Germarx, Polnen va Metrodorni ham Epikurning saboqlari emas, balki birgalikda oʻtkazgan davri ularni buyuk insonlarga aylantirdi. Darvoqe, seni faqat olajak foydang uchungina emas, balki keltirmoqchi boʻlgan foydang uchun ham bunga undayapman; ikkalamiz bir-birimizga koʻproq naf keltiramiz.
Aytgancha, menda har doimgiday kichik bir sovgʻa bor. Menga Gekatonning “Sen, nimaga erishding, deb soʻrayapsanmi? Oʻzimga oʻzim doʻst boʻldim!” – degan soʻzlari yoqib qoldi. U erishgan narsa kichik emas, zotan, u endi hech qachon yolgʻiz qolmaydi. Shuni bilib qoʻyki, bunday odam hammaga doʻst boʻladi.
Salomat boʻl.
SHARH
Seneka oltinchi maktubni shaxsning ichkaridan qayta shakllanishini ifodalovchi juda nozik farq bilan ochadi. U “oʻzgaryapman” deyish bilan cheklanmay, “butunlay boshqa odamga aylanyapman” deb taʼkidlaydi. Seneka insonning oʻz-oʻziga nisbatan nuqtayi nazarini oʻzgartirishi, yaʼni kim ekanini qanday anglayotgani haqida soʻz yuritadi. Stoik falsafada aynan shu oʻzgarish hal qiluvchi hisoblanadi: inson ichki mezonlarida boshqa odamga aylanadi.
Shu bilan birga, Seneka oʻzini kamolotga yetdim, deb eʼlon qilmaydi, hatto bunday umiddan ham ehtiyot boʻladi. Inson tabiati shundayki, unda doimo tuzatilishi, kamaytirilishi yoki yuksaltirilishi lozim boʻlgan jihatlar boʻladi. Agar inson oʻzini “kamolotga yetdim” deb hisoblasa, aynan shu daqiqada u fikriy oʻsishdan toʻxtaydi. Seneka uchun kamolot – harakatda boʻlish qobiliyatidir. Axloqiy oʻsish shundan boshlanadiki, inson oʻz atrofida shakllantirilgan saroblardan ayriladi. Qalbdagi kamchiliklarni koʻra boshlash esa bu ongning uygʻonishidir. Shu maʼnoda, ichki bezovtalik yoki oʻzidan qoniqmaslik toʻgʻri yoʻlga kirilganining belgisi boʻlishi mumkin.
Senekaning bemorni tabriklash mumkinligi haqidagi qiyosi ayniqsa, chuqur maʼno kasb etadi. Bu yerda “bemorlik” jismoniy holatdan koʻra ruhiy ahvolni anglatadi. Agar inson oʻzini sogʻlom deb oʻylab, aslida kasal boʻlsa, u hech qachon davo topmaydi. Lekin oʻz bemorligini his qilgan odam, allaqachon, shifo yoʻliga kirgan odamdir. Demak, ogʻriq yoki noqulaylik bu yerda falsafiy jihatdan ijobiy mujdaga aylanadi: u qalbning oʻzi haqida haqni ayta boshlaganidan dalolat beradi.
Bu maktubda Seneka falsafani insonni tasalli qilish vositasi sifatida emas, balki uni bezovta qiluvchi haqiqat bilan yuzlashtiruvchi kuch sifatida koʻrsatadi. Falsafa insonni “aniq koʻra bilishga”ga olib keladi. Aniq koʻrish esa avval ogʻriqli boʻladi, chunki u ilgari sezilmagan nuqsonlarni ochadi. Shuning uchun ham Seneka oʻzgarishni xursandchilik bilan emas, sergaklik bilan qabul qiladi: u yoʻlga chiqqanini his qiladi, lekin manzilga yetib kelganini daʼvo qilmaydi. Maktubning shu qismida falsafa – jarayon ekani, sogʻlomlik esa doimiy oʻz-oʻzini taftish qilib borish ekanini anglash mumkin. Seneka oʻzida sodir boʻlgan ijobiy oʻzgarishni ulashilishi lozim boʻlgan holat sifatida koʻradi. U oʻzida tezlik bilan kechayotgan botiniy siljishni Lutsiliyga “yuqishini” istashi: haqiqiy yaxshilik oʻz tabiatiga koʻra yolgʻiz qolmasligini, boshqalarni ham oʻz holatiga tortishini tushuntirish bilan bogʻliq. Bu yerda doʻstlik muayyan ruhiy holatning oqibati sifatida tushuntiriladi. Seneka aniq aytadi: agar insonlar umid, qoʻrquv va tamadan ozod boʻlmasa, doʻstlik mustahkam boʻla olmaydi. Chunki bu tuygʻularning har biri munosabatni kelajakka bogʻlab qoʻyadi: umid – foydaga, qoʻrquv – yoʻqotishga, tama – egalik qilish istagiga. Bu bogʻlanishlar mavjud joyda doʻstlik shartli boʻlib qoladi. Seneka tasvirlayotgan doʻstlik esa shartlardan holi, shu sababli u hatto oʻlim sinovidan ham oʻta oladi. “Oʻlim kelguncha saqlanadigan, hatto uning uchun oʻlimga ham borish mumkin boʻlgan doʻstlik” degan ibora stoikcha mezonni bildiradi. Agar inson doʻsti uchun oʻlimga borishga tayyor boʻlsa, demak, bu munosabat hayotni saqlab qolish instinktidan ham yuqori turadi. Bu esa doʻstlikning manbai nafs emas, fazilat ekanini koʻrsatadi. Shu nuqtada doʻstlik hayotdan qimmatroq, lekin hayotni inkor qilmaydigan qadriyatga aylanadi.
Seneka “doʻstlardan emas, doʻstlikdan mahrum boʻlgan koʻplab odamlar” haqida gapirarkan, jamiyatdagi keng tarqalgan sarobni ochib beradi. Inson atrofida koʻplab odamlar boʻlishi mumkin, ammo agar ularni birlashtiruvchi umumiy iroda va halollikka tashnalik boʻlmasa, bu munosabatlar tasodifiy va parchalanuvchidir. Agar insonlar faqat qulaylik paytida birga boʻlsa, bu ittifoq emas. Ammo mashaqqatlarni ham umumiy deb bilgan joyda, yaʼni ogʻirlikni taqsimlash emas, uni birgalikda qabul qilish mavjud boʻlganida, doʻstlik mustahkam boʻladi. Bu yerda mashaqqat birlashtiruvchi omilga aylanadi, chunki u umumiy maʼno doirasida qabul qilinadi.
Senekaning “har bir kunim meni oldinga siljityapti” degan hissi jismoniy yoki tashqi yutuqlarga ishora qilmaydi. Bu ichki vaqtning harakati, ruhiy oʻsish hissidir. U buni Lutsiliy hatto tasavvur ham qila olmasligini aytarkan, oʻzini ustun qoʻymaydi, balki oʻzgarishning soʻz bilan toʻliq ifoda qilib boʻlmaydigan xususiyatiga ishora qiladi. Rivojlanish bu – insonning oʻzi bilan munosabatining sekin, ammo qaytmas oʻzgarishidir. Doʻstlik, iroda va kamolot bir nuqtada tutashadi. Doʻstlik umumiy fazilatdan tugʻiladi va faqat shu fazilat saqlangandagina bardavom boʻladi. Seneka uchun eng katta yutuq aynan shu: insonning oʻzgarishi boshqani ham oʻzgarishga chaqirishi va shu orqali shartsiz, umid va qoʻrquvdan holi doʻstlikka yoʻl ochilishi. Lutsiliyning “topganingni men bilan baham koʻr” degan iltimosiga javoban Seneka faqat baham koʻrishgina emas, balki oʻrgangan narsasini boshqalarga oʻrgata olishning oʻzi uning uchun quvonch manbai ekanini aytadi. Demak, bilim qiymati uning egaligida emas, uning aylanishida namoyon boʻladi. Bu yerda Seneka bilimni hashamatga oʻxshash xususiy boylik sifatidamas, balki jamoaviy neʼmat sifatida koʻradi. “Hatto eng yuksak va barakali bilim ham, agar faqat oʻzim uchun boʻlsa, huzur bermaydi” degan fikr stoik axloqning markaziy nuqtasiga ishora qiladi: yaxshilikning tabiatida ulashilish yotadi. Agar donishmandlik insonni boshqalardan ajratib qoʻysa, u fazilat emas, balki yangi shakldagi nafsga aylanadi. Shuning uchun ham Seneka shart qoʻyadi: agar donishmandlikni faqat oʻzida saqlash talab etilsa, u bunday neʼmatdan voz kechishga tayyor. Bu rad etish bilimga qarshi emas, balki uni yolgʻizlikka mahkum qiluvchi shartga qarshi qaratilgan. “Biror neʼmatga yolgʻiz egalik qilsak, u quvonch keltirmaydi” degan jumla falsafiy jihatdan juda keng maʼno kasb etadi. Bu har qanday yaxshilik, axloq, tinchlik, erkinlik, hatto baxt ham faqat ulashilgandagina toʻliq his qilinadi. Saqlab turilgan yaxshilik oʻz-oʻziga yopilib, mazmundan ayriladi. Shu maʼnoda, doʻstlik bu yerda fazilatning tabiiy muhiti sifatida namoyon boʻladi.
Kitoblar yuborish, sahifalarni belgilash haqidagi soʻzlar esa Senekaning pedagogik tajribasini koʻrsatadi. U bilish jarayonini yengillashtirishga harakat qiladi, ammo shu bilan cheklanib qolmaydi. Zero, u darhol yanada chuqurroq nuqtaga oʻtadi: soʻzlardan koʻra jonli ovoz, kitobdan koʻra shaxsiy huzur, nasihatdan koʻra namuna taʼsirliroq. Inson eshitgan nasihatni unutishi mumkin, ammo koʻrgan hayot tarzini eslab qoladi. Shuning uchun ham “nasihatlarning yoʻli olis, oʻrnakning yoʻli yaqin” deyiladi. Bu yerda “yaqinlik”, ishonch bilan oʻlchanadi: oʻrnak darhol ishonch uygʻotadi, chunki u nazariya emas, amal sifatida namoyon boʻladi.
Maktubning oxirida keltirilgan Gekaton soʻzi esa butun oltinchi maktubning ichki markazini ochib beradi: “Oʻzimga oʻzim doʻst boʻldim.” Bu yerda gap ichki boʻlinishning bartaraf etilishi haqida ketyapti. Inson oʻzi bilan murosada boʻlmasa, hech kim bilan haqiqiy doʻst boʻla olmaydi. Oʻziga doʻst boʻlgan inson ichki ziddiyatdan xalos boʻladi, shuning uchun u endi yolgʻiz emas. Uning ichida doimiy hamroh – barqaror iroda va halol ong turadi. Senekaning “bunday odam hammaga doʻst boʻladi” degan gapi gʻayrioddiy tuyulishi mumkin, ammo u chuqur stoik mantiqqa ega. Oʻz ichida muvozanat topgan inson boshqalardan foyda izlamaydi, shuning uchun u munosabatlarni buzmaydi. Umid, qoʻrquv yoki tama bilan emas, fazilat bilan bogʻlangan inson atrofdagilar uchun xavfsiz, ishonchli va ochiq boʻladi. Shu tariqa, ichki yakdillik ijtimoiy ochiqlikka olib keladi. Shu holatdagina inson nafaqat doʻstga, balki butun insoniyatga ochiq komil holatga yetadi.
Hamid SODIQ