Yangi falsafaning orzusi – fan yoki fannamo boʻlmoqdir. Bu soha ahli, qanday boʻlmasin, uni fanga aylantiray deb joni halak. Pozitivistlar va metafiziklar, materialistlar va krititsistlar shu masalada yakdil, hamfikr. Barcha – Kant va Hegel, Kont va Spenser, Kohen va Rikkert, Vundt va Avenarius falsafa fan yoki fannamo boʻlsa deydi. Falsafa azaldan fanga havas qiladi. Fanda – faylasuflarning azaliy orzulari mujassam. Faylasuflar hech ham oʻzligiga sodiq emas: olimlarga oʻxshashga urinadi, ularga taqlid qiladi. Faylasuflar falsafadan ham fanga koʻproq ishonadi. Oʻziga va oʻz ishining ahamiyatiga shubhalanib boqadi – yomoni, bu ishonchsizlik odatiy holga aylangan.

Faylasuflar bilishga faqat fan borligi uchun ishonadi – falsafiy bilimlarni fannamo boʻlsagina qabul qiladi. Nafaqat pozitivist va krititsistlar, balki yangi davr metafiziklarining aksari ham shu nuqtayi nazarni maʼqullaydi. Metafiziklar ham olimlarga taqlid qilishga urinsa-da, ammo buni qoyillata olmay dillari gʻash. Bugunning faylasuflari falsafani mustaqil sohaga aylantirish uchun uni tugal, maxsus fanga aylantirmoq zarur deb biladi. Zamonaviy inson ongi “ilmiy” falsafa gʻoyasiga mubtalo, u “ilmiy”lik gʻoyasiga bandi. Bunda aytarli yangilik yoʻq – eski sxolastika yana bir turlanyapti, xolos. Metafiziklar oʻzicha olimnamo boʻlishni istaydi. Olimnamolikda Dekart va Leybnis, Kohen va Husserldan qolishmaydi. Fannamolikni yoqlagan soddadil Hekkel ilmiy monizmni yaratish uchun oʻziga eski metafizik Spinozani namuna qilib oldi. Spinozaning geometrik metodi Kantning fannamolikka daʼvogar transsendental metodi kabidir. Oʻrta asrning sxolastik falsafasi vakillari nafaqat falsafa, hatto teologiyani ham fannamo qilishga urindi.

Oʻrta asrlar ilmiy tafakkuri hozirgidan xiyla farq qilgan. Antik davrning eng olimnamo faylasufi Aristotelning obroʻsi bejiz yuksak emas edi. Foma Akvinskiy ham Kohen kabi olimnamo faylasuf, ammo har qaysisi oʻz davri uchun va oʻz davriga monand olimnamodir. Kohenning ilmiy falsafasi sxolastik falsafaning izdoshi, merosxoʻridir. Neokantchilik esa bilish masalasini yanada chuqurlashtirgan yangi sxolastikadir. Foma Akvinskiy metafizikani mavjudlik va uning qoida-tartiblari haqidagi tugal fan deb bilgan. U sof ratsional fan edi, qatʼiy mantiqqa asoslanardi. Foma Akvinskiy yangi falsafaning jami tanqidiy shubhalaridan bexabar edi, uning taʼlimoti ham dogmatik edi. Foma Akvinskiyning “fan”i teologiya ustidan ham, hayot ustidan ham hokimlik qildi. Oʻsha kezlar falsafa teologiyaning xizmatkori edi. Buni falsafa teologiyani ilmiy, fannamo qildi, deb tushunish mumkin.

Yangi falsafaning barcha tanqidiy shubhalaridan soʻng Kohen bilish nazariyasini metafizikaning yangi turiga aylantirdi – u tushunchalar haqidagi fanga, ilgari Hegelda boʻlganidek, mohiyat va uning tartiboti haqidagi fanga aylandi. Ilmiy falsafa, sxolastik falsafa daʼvo qilganidek, hayot ustidan hukmronlikka intiladi. Axir, sxolastika ilmiylik, ratsionallikni falsafa va oʻsha davr madaniyati ustidan hukmron qilishni koʻzlagan emasmidi?! Fannamo ratsionallik mazmuni oʻzgardi, ammo mohiyat – oʻsha-oʻsha. Aristotel, Foma Akvinskiy, Dekart, Spinoza, Kant, Hegel, Spenser, Avenarius, Kohen, Husserllar falsafani fannamo sxolastikaga aylantirdilar. Falsafaning universal fan boʻlish istagi – sxolastik istakdir. Falsafiy tafakkur shu tariqa azaldan bulgʻangan, u fannamo boʻlish uchun gʻayrifalsafiy ideallar va meʼyorlarga tayanadi, qul xojaga xizmat qilganidek soxta, aldamchi gʻoyalarga xizmat qiladi.

Falsafa mutlaqo fan emas va mutlaqo fannamo boʻlishi ham kerak emas. Qiziq, nega falsafaning fan yoxud fannamo boʻlgisi kelib qoldi? Sanʼat, axloq, din – fan boʻlishi shart emas-u, nega falsafa fan boʻlishi lozim? Oʻz-oʻzidan maʼlumki, dunyoda fanning oʻzidan boshqa soha fan boʻlolmaydi. Ilmiylik faqat fanga xos va fan uchun meʼyordir. Demak, axloq – axloqiy, din – diniy, sanʼat – badiiy boʻlganidek, falsafa ham fan yoki fannamo emas, balki falsafiy boʻlmogʻi darkor. Falsafaning yoshi ulugʻroq, fandan qadimroq, u donishmandlikka hamnafas. Keyin u fanni oʻzidan ajratdi. Endi esa navbat fan oʻzini falsafadan butkul ajratishiga yetdi. Fan falsafadan butkul ajralib chiqsa, bu falsafa uchun ayni muddao, zero, bu bilan u oʻziga xosligini saqlab qoladi. Taassufki, bu ajralish falsafa oyogʻiga boshqa bir tushovni solayotir. Agar falsafani boshqa fanlar qatori bir fan deb eʼtirof etsak (masalan, mavjudlik yoki bilish tamoyillari haqidagi fan), uning maʼnaviy hayotga daxldor soha ekanini unutishga toʻgʻri keladi. U holda falsafani din, sanʼat, axloq qatorida sanash nooʻrin boʻlib qoladi. Falsafani riyoziyot, fizika, kimyo, fiziologiya kabi fanlar qatoriga qoʻshishga toʻgʻri keladi. Falsafa fanning emas, madaniyatning mustaqil sohasidir. Vaholanki, faylasuflarda falsafani fanga aylantirishga, uni ilmiy qilishga intilish kuchli.

* * *

Fanning ahamiyatini hech kim inkor qilmaydi. Fan inson uchun naqadar zarurligiga shubha yoʻq. Ammo fannamolik kerakmi – bu borada bahslashish mumkin. Fan va fannamolik ayni bir narsa emas. Fannamolik – fan mezonlarini fanga begona boshqa maʼnaviy sohalarga koʻchirishdir. Fannamolik fan – ruhiyat uchun oliy mezon, u oʻrnatgan tartibga barcha itoat etmogʻi shart, uning ijozati va taqiqi barcha joyda beistisnodir, degan ishonchga tayanadi. Ilmiylik yagona metodni talab etadi. Fanda ilmiy talablar boʻlishiga hech kim qarshi emas. Bu oʻrinda turli fanlar boʻlgani kabi turfa ilmiy metodlar ham borligini aytmoq zarur. Masalan, tabiiy fanlar metodini psixologiya yoki ijtimoiy fanlarga koʻchirish mumkin emas. Buni olmon gnoseologiya nazariyotchilari koʻp marta isbot qilgan. Biroq bu nazariyotchilar fannamolik idealini mustahkamlashga ham yordam berdilar. Olmon tanqidiy ongida fannamolikka joʻshqin intilish bor. U butun madaniyatni fanga yoʻnaltirishni istaydi. Olmon tanqidiy ongidagi ilmiy falsafa ideali fransuz va ingliz pozitivizmidagidek dagʻal emas, xiyla nazokatli va murakkab. Lekin olmon tanqidiy ongi nafaqat falsafaning ilmiyligini, shu bilan birga, fannamolik axloq, estetika, ijtimoiy sohalar ustidan hukm yuritishini ham tan oldi.

Madaniyatni ilmiy-tanqidiy darajalash, ilmiy tartiblash zarur. Fannamolik meʼyori istasa, hammasini bandi qiladi, istasa ozod etadi. Aql-idrok doirasidagi din, ratsional protestantizm – fannamolikning diniy hayot ustidan hukmronligidir, bu esa uni qoralashga yoʻl qoʻymaydi. Biroq fannamolik fan emas, u fan talabi ham emas. Hech bir fan oʻziga begona sohaga fannamo boʻl, deb koʻrsatma bermaydi. Astronomiya, fizika, geologiya yoki fiziologiya falsafaning fannamo boʻlishidan, madaniyatning ilmiy tartiblanishidan manfaatdor emas. Fannamolik (fan emas) ruhning tubanlashuvi, ruhning qulligidir, u har yerda zaruriyat hokimligini, har narsa dunyo taʼsiridaligini urgʻulovchi qaysar ong demak. Fannamolik – erkini yoʻqotgan ijodkor ruh inʼikosi. Shu maʼnoda, fannamolik kasallik alomati kabidir. Olmon krititsizmi ruhni fannamolik bilan tartiblashni, uni boshboshdoqlikdan xalos etishni istaydi. Bu hamma narsa ilmiy yoʻl bilan anglanishi zarur, deguvchi “asl” olmon gʻoyasidir. Har sohada ildiz otgan fannamolik ruh qulligi va ruh parokandaligi belgisidir. Olmon faylasuflari hatto nikohni ham fannamo qilish va buni metodologik jihatdan asoslash tarafdori. Bunda tizginsiz german ratsionalizmi oʻzini namoyon etadi. Fan – dunyoga inson ruhining oʻziga xos munosabati. Uni insonning dunyoga boʻlgan boshqa munosabatlariga majburan qoʻllamoq ruh qulligidir.

Fan, aslida, insonga foniy dunyoning zulmat oʻrmonida oʻzini asramogʻi uchun bir chora-tadbirdir. Bu dunyoda yashash va rivojlanish uchun inson anglangan, maqsadli chora koʻrishi darkor edi. Oʻz-oʻzini himoyalash yoʻlida chora koʻrish uchun esa inson oʻzini dunyoviy mavjudlik, dunyoviy zaruriyatga moslashi talab etildi. Fan – dunyoviy mavjudlikka, zaruriyatga moslashuvning takomillashgan qurolidir. Fan – dunyoviy mavjudlikka moslashish orqali zaruriyatni anglashdir. Shuningdek, fan – dunyoviy zaruriyatga maqsadli chora-tadbir va oʻz-­oʻzini asramoq uchun berilgan muxtasar, tejamli nizomdir. Ilmiy tafakkur maqsad qurolidir, u mudom dunyoviy mavjudlikka moslashgan, muvofiqlashgan boʻladi. Mazkur moslashuv nafaqat ilmiy eksperimentda, balki fandagi diskursiv mulohazalarda ham koʻrinadi. Ilmiy mantiq zaruriyatga moslashuv quroli, demak, unda dunyoviy zaruriyatga itoat bor, unda shu zaruriyat va mavjudlikning mahdudligiga ishora bor. Formal mantiqning cheklovchi dilemmalari dunyoviy zaruriyatning cheklovchi dilemmalariga moslashuvdir aslida.

Cheklangan mantiqda bu dunyoning cheklanganligiga uygʻun munosabat bor. Fikrlashdagi zaruriyat dunyo zaruriyatiga moslashishda oʻz-oʻzini asrash demak. Dunyoviy zaruriyat anglanishi uchun inson tafakkurida unga muvofiq keluvchi zaruriyat yaratilishi darkor. Pragmatizmning ayrim shakllariga tanqidiy yondashish mumkin, ammo fanning pragmatik tabiatini, uning gʻarazli-hayotiy, biologik xususiyatini inkor qilish qiyin. Bekon fanning gʻarazli-pragmatik tabiatini allaqachon ochib bergan. Maxning ilmiy bilish nazariyasida bartaraf etib boʻlmas, faktik haqiqat mavjud. Chinakam olimlar, ilm dargʻalari yaratgan fan Kohen va krititsistlarni emas, Max va pragmatistlarni oqlaydi. Universal fan haqida faqat faylasuflar orzu qilgan, olimlar bu borada doim kamtar boʻlgan. Olimlar dunyoviy mavjudlikni alohida sohalarga ajratgan, shu sohalarning muxtasar tavsifini bergan va bu tavsifni tabiat qonuni deb atagan. Tabiat qonunlarining qimmati, avvalo, tabiatdan amaliy chora topish va shu chora, yaʼni moslashuv orqali tabiatni boʻysundirishda namoyondir. Toʻgʻri, fanda mudom ikki ruh yashagan va oʻzaro kurashgan, ulardan biri dunyo sirlarini anglashga mushtoq edi. Bu ruh fanni yaratmagan, u falsafa, teosofiya va magiyaga yon bosgan. Keyin fanning magiya bilan aloqasi koʻzga tashlangan.

Ilmiy falsafa keraksiz ekani, bunday narsa aslida yoʻqligini asoslash uchun fan zaruriyatga mutelikdir, degan xulosani taʼkidlash joiz. Fan – ijod emas, boʻysunish, uning stixiyasi – erk emas, zaruriyat. Koʻrinib turibdiki, fan oʻz diniy mohiyatiga koʻra, Qadimgi ahd va ilk gunoh bilan bogʻlangan. Fan inson ruhining erkin ifodasi boʻlolmaydi. Chunki hammavaqt insonning zaruriyatga bandiligi ifodasi boʻlgan. Lekin u zaruriyat dunyosida moʻljal olmoq uchun kerak va odamning oʻz gunohi oqibatlarini ilohiyona anglashidir. Fan oʻz mohiyati va maqsadiga koʻra, dunyoni zaruriyat tarzida anglaydi, “zaruriyat” tushunchasi mavjudlikka qaratilgan ilmiy tafakkurning asosiy tushunchasidir. Fan dunyoda erkni koʻrmaydi. Fan soʻnggi sirlarni bilmaydi, chunki fan – bexavotir bilish. Shuning uchun fan Haqni bilmaydi, faqat haqiqatlarni biladi. Fan haqiqati borliqning juzʼiy holatini ifodalaydi va unda yoʻl topish – moʻljal olishda asqatadi. Fan oʻz voqeligini vujudga keltiradi. Falsafa va din esa butkul oʻzgacha voqeliklar yaratadi.

* * *

Modomiki, fan dunyoviy mavjudlikka moslashish va dunyoviy zaruriyatga itoat etish ekan, u holda nima uchun va qaysi maʼnoda falsafa fanga bogʻliq va fan boʻlishi zarur? Eng avvalo, falsafa  moʻljalni umumiy oladi, u borliqning xususiy holatidagi xususiy moʻljal olish emas. Falsafa Haqni izlaydi, haqiqatlarni emas. Falsafa – donishmandlikni sevishdir. Sofiya chinakam falsafani yaratadi. Falsafiy ong choʻqqisida Sofiya insonga koʻchadi. Fanning asoslari va qoida-tartiblari, negizi falsafaga bogʻliq, aksincha emas. Fan falsafasi boʻlishi mumkin, biroq falsafa fan boʻlmaydi. Oʻz mohiyati va vazifasiga koʻra, falsafa zaruriyatga moslashish boʻlmagan, chin faylasuflar dunyoviy mavjudlikka itoat etmagan, chunki ular bu dunyodan yuqori turuvchi haqiqatni qidirgan.

Sajdagoʻylik – falsafaga yot. Falsafaning azaliy maqsadi mudom erkni anglash va erkin anglash boʻlgan. Falsafaning stixiyasi – erk, zaruriyat emas. Falsafa inson ruhini zaruriyat tushovidan ozod etishga intilgan. Falsafa dunyoviy zaruriyatga muvofiqlashgan tafakkur mantigʻini tadqiq qilishi mumkin, ammo uning oʻzi ushbu mantiqqa qullarcha itoat etmaydi. Donolikni anglash – mantiqiy bilishdan aʼlo. Falsafa bilim orqali dunyoviy mavjudlikdan yuksalish, dunyoviy zaruriyatni yengib oʻtish, fahm etmoq demakdir. Falsafa dunyoga fandan koʻra oʻzgacha munosabatda boʻladi, oʻzgacha manbadan tugʻiladi, oʻzgacha yoʻnalishda kechadi. Falsafaning fanga boʻysunishi erkning zaruriyatga boʻysunishi demak. Ilmiy falsafa oʻz erkini zaruriyat hukmiga taslim qilgan falsafadir. Dunyoviy mavjudlikdagi erksizlik fan uchun majburiyat, falsafa uchun inqiroz va erkka tashna irodaga xiyonatdir. Dadil aytish joizki, dunyoviy mavjudlik sarhadlari va dunyoviy zaruriyat hukmlari falsafa uchun majburiy emas. Falsafa dunyo bizga hadya etgan nimarsalarga qarab qolmagan.

Chunki u dunyoning zohirini emas, botinini, haqiqatini izlaydi. Dunyo moddiylikdangina iborat boʻlsa, falsafa ham moddiyunchi boʻlishi shart emas. Falsafaning chin istagi, zaruriyat va borliq sharoitiga mardona qarshi turuvchi ijodkorlik kabi, mudom transsenzus – mavjudlik sarhadidan oʻtish boʻlgan. Takror boʻlsa-da aytish joiz, falsafa hech qachon fan boʻlmagan, boʻlolmaydi ham. Bilish erkak-ayol munosabatiga oʻxshaydi – unda fidoyi retseptivlik va yorug‘ faollik bor. Falsafa haqiqatni bilish yoʻlini obyektga yoʻnalgan quyosh nuri kabi yoritadi. Bilishda biluvchi – erkak, yaʼni logosdir. Falsafagina bilishning shu faol, erkakona tomonini ochib beradi. Falsafa – ijod demak, u moslashish ham, itoatgoʻylik ham emas. Falsafaga ijod sifatida erkinlik berish – uni fanga tobelikdan ozod qilish va fan bilan aloqadan xalos etish, yaʼni zaruriyat va mavjudlikka dadil qarshi turishini tan olishdir.

Falsafada insonning mavjudlikka va zaruriyatga moslashishi emas, mavjudlik va zaruriyatdan oʻzini xalos etishi roʻy beradi. Falsafa – fan emas, sanʼat demak. Falsafa adabiyot, musiqa yoki rangtasvirdan farq qiluvchi alohida sanʼat, bilish sanʼatidir. Falsafa – sanʼat, chunki u – ijod. Falsafa – sanʼat, chunki u – ilohiy neʼmat va qismat, chunki unda shoir va musavvirdan qolishmaydigan ijodkor shaxsi inkishof etiladi. Lekin falsafa borliq obrazlarini emas, unga daxldor gʻoyalarni yaratadi. Falsafa – dunyoviy mavjudlik va zaruriyatga qarshi, dunyo sarhadlarining nariyogʻidagi sirlarga yetishni koʻzlagan gʻoyalar vositasida erkin bilish sanʼatidir. Sanʼatni fanga, ijodni moslashuvga, erkni zaruriyatga bogʻlab qoʻyish toʻgʻri emas. Falsafa fan boʻlsa, oʻz qafasini buzib chiqish, zaruriyatdan erkni ajratishdek maqsadiga yetolmaydi.

Falsafaning gʻalabasi inson ruhining faol qarshiligi va ijodiy kurashidadir. Fanning gʻalabasi esa mavjudlikka moslashish va zaruriyat talablariga boʻysunishdadir. Fanda odamning olamga bandi ehtiyoji mujassam, falsafada ruhiy quvvat toshqini, ohanrabo bor. Falsafaning hayotiyligi fannikidan kam emas, ammo bu mavjudlikka moslashish orqali oʻzini asrab qolishga qaratilgan hayotiylik emas, mavjudlik doirasidan tashqari chiqish koʻzlangan ijodiy bilishning hayotiyligidir. Falsafa tabiatiga muxtasarlik, loʻndalik xos emas. Falsafa fandagi muxtasarlik, loʻndalikdan koʻra serxarjdir. Falsafada, xuddi utilitaristlar nazdidagi sanʼatda boʻlganidek, qandaydir bayramonalik bor. Dunyoda yashash uchun falsafa fandek zarur emas, u dunyo doirasidan chiqish uchun zarur. Fan insonni zaruriyatga, dunyo bemaʼniligiga duchor etadi, biroq oʻsha maʼnisiz dunyoda himoya quroli ham beradi.

Falsafa dunyo mohiyatini anglashga intiladi, zaruriyatning bemaʼniligiga qarshilik koʻrsatadi. Chin falsafaning asl niyati mohiyatning mavjudligini va shu mohiyat haqiqatini anglashdir, bemaʼnilik orqali mohiyatga yorib kirishdir. Buni Kant ham eʼtirof etgan, kantcha falsafada eski metafiziklardagiga oʻxshash sustlikni yoʻqotuvchi ijodiy shiddat borligini kim ham rad etardi! Bu ijodiy shiddat Fixteda yanada kuchli edi. Dunyoviy mavjudlikning bemaʼniligiga moslashish esa mohiyatni anglashga xalal beradi, xolos. Ilmiy falsafa tarafdorlari aynan shu moslashishni talab etadi, yaʼni falsafaning ijodiy tabiatini inkor qiladi. Toʻgʻri, ular fanning oʻzini yuqori pogʻonaga koʻtarishga tirishadi, uni ijodiy faoliyat deb eʼtirof etadi va fan qoʻllaydigan mantiqiy tushunchalarda logos, oliy mohiyatni koʻradi. Ammo fanni yuqori pogʻonaga koʻtarish va oliy maʼvolarga tatbiq etishga falsafani bilib-bilmay fanga olib kirish orqali erishiladi.

Fanda falsafa unsurlari borligini, ilmiy farazlarda falsafiy ilhom mavjudligini, gohida olim-faylasuflar ham uchrab turishini inkor qilib boʻlmaydi. Biz uchun bosh masala – nima fannikiyu nima falsafaniki ekani masalasidir. Fanda falsafiylik uchragani uchun falsafadan ilmiylik talab etish toʻgʻri emas. Ilmiy bilish asoslari sanalgan mantiqiy tushunchalarning nisbiy ahamiyatini rad qilish mumkin emas, lekin ularga oliy va mutlaq ontologik mohiyat berish – zaruriyat taʼsiridagi dunyoviy mavjudlik asir etgan soxta falsafaning oʻzidir.

Nikolay BERDYAYEV

Rus tilidan

Viktor ALIMASOV tarjimasi

“Tafakkur” jurnali 2018-yil,  3-son.

“Falsafa – erkin ijoddir” maqolasi