Tasavvur qilib koʻrganmisiz, 20 yildan soʻng dunyo ekologik manzarasi qanday boʻladi? Insoniyatning hayot tarzi qay tarzda oʻzgarishi mumkinligi haqida-chi? Hozirgi anʼanalarimiz qay darajada oʻzgarishi mumkin deb hisoblaysiz? Shunisi aniqki, yer sayyorasining ekologik vaziyati oʻtgan asrga nisbatan misli koʻrilmagan darajada oʻzgarishga yuz burishi atrof-muhitning tanazzuliga sabab boʻluvchi muammolarni ham vujudga keltirdi.

Dunyo boʻyicha 184 davlatdan boʻlgan 15 mingdan ortiq olimlarning “Insoniyatga ikkinchi ogohlantirish”i “BioScience” jurnalida eʼlon qilindi. Ushbu maqolada taʼkidlanishicha, ozon tuynuklarining paydo boʻlishi, suv va havoning ifloslanishi, oʻrmonlarning kesilishi, tuproqning oriqlanishi hamda insoniyatning atrof-muhitga aralashuvi – yerda bioterrorizmning vujudga kelishiga sabab boʻlgan. Tadqiqotchilar fikricha, yerdagi ifloslanishda nobud boʻlayotganlar soni chekish sabab yuz beradigan oʻlim miqdoridan bir yarim baravar, OITS, sil va bezgakdan vafot etayotganlardan uch marta koʻp ekan.

Ushbu ekologik tanglikning kelib chiqish sabablarini avvalo, IT yutuqlarining shaxsiy, guruhiy manfaatlarga boʻysundirilishi oqibatida aql-idrok ikkilamchi mohiyatga aylanib qolganligi, qolaversa, inson-jamiyat tizimidagi oʻzaro maʼnaviy munosabatlarning tabiatga nisbatan qoʻllanilmagani bilan izohlash mumkin. “Hozir tabiatning oʻzi bizga ishorat bermoqda – oʻz haqimizda qaygʻurish uchun, avvalo, tabiatga gʻamxoʻrlik qilishimiz kerak” (Shavkat Mirziyoyev. Yangi Oʻzbekiston strategiyasi. Toʻldirilgan ikkinchi nashri. – Toshkent: “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2022. 313-bet).

Hozirgi vaziyat ekologik qadriyatlarning yangicha falsafiy asoslarini shakllantirishni muqarrar masala sifatida qoʻymoqda. Shu maʼnoda, V.I.Vernadskiy, K.E.Siolkovskiy kabi olimlarning nazariyalari inson-jamiyat-tabiat tizimidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga imkon beradi. Ular yerdagi hayotni kosmik nurlanish hosilasi sifatida eʼtirof etib, inson va tabiat mutanosibligiga erishish tabiiy taraqqiyotni barqaror saqlab qolish omili ekanligini taʼkidlashgan. V.I.Vernadskiyning noosfera konsepsiyasi mohiyati: “tabiatni inson manfaatlarini hisobga olgan holda oʻzgartirish, undagi muvozanat holati insoniyatning maqsadga yoʻnaltirilgan faoliyati orqali saqlanib turadi, bular – inson tomonidan ongli ravishda yaratiladigan tabiiy muhit holatidir” (Вернадский В.И. Биосфера и ноосфера / В.И. Вернадский. – М.: 2009. с. 400). Ushbu gʻoyalar moddiy kuchga aylanishi uchun tabiatni maqsadli va qadriyatli anglash yoʻlida umumplanetar ilmiy tafakkurni rivojlantirish zarur

Endilikda biosferaning taqdiri Noosfera – Aql sohasi qanday yoʻnalish olishiga bogʻliqdir. Noosfera davri insoniyatdan inson-jamiyat-tabiat tizimida yuzaga keladigan barcha narsa va hodisalar faoliyat yoʻnalishini faqat aql-idrokka tayanib belgilashni taqozo etadi. Bizningcha, noosfera nazariyasi ayni paytda ekologik qadriyatlarning yangi tizimini shakllantirishda nazariy-uslubiy asos boʻladi. Bugun tabiat bilan bogʻliq muammolarning ortib borayotgani, uning inson va jamiyat oldidagi qadrini yanada oshirmoqda. Tabiatni qadriyat sifatida anglash – inson va jamiyatni oʻz-oʻzini qadrlash bilan barobardir. Ushbu tendensiyani umumplanetar ongda qaror toptirish orqali inson maʼnaviy borligʻi bilan bogʻliq qadriyatlar tizimida tabiat “yashash vositasi” sifatida emas, balki umumbashariyat orzu-maqsadlariga eltuvchi “makon” koʻrinishida namoyon boʻladi.

Mamlakatimizda ekologik muammolarning oldini olishda “2019–2028-yillarda Oʻzbekistonda biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasi” ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Unga koʻra:

– biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanish;

– ekologik tizimlarni muhofaza qilish;

– ozik-ovqat xavfsizligini taʼminlash;

– aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

– mamlakat barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun 2030-yilgacha Milliy strategik maqsadlarni belgilash ustuvor vazifa sifatida qoʻyildi.

Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 31-dekabrda “Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik nazorat sohasidagi davlat organlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi ijtimoiy ongda ekologik qadriyatlarning shakllanishida muhim qadam boʻldi. Hujjatga muvofiq, Davlat ekologiya qoʻmitasiga 2022-yil 1-dekabrga qadar Ekologik kodeks loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Ushbu islohotlar xalqimiz tafakkurida yangicha ekologik madaniyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.  Ekologik madaniyat bir nechta omillar natijasi oʻlaroq shakllanadi yoxud yuzaga keladi: tabiatga muhabbat, tabiat haqidagi bilim va tasavvurlar, koʻnikmalar, ekologik tarbiya, qadriyat va anʼanalar ekologik madaniyat shakllanishiga sabab boʻladi. Ayniqsa, global ekologik muammolar insoniyatni boʻgʻma ilondek chirmab olgan bugungi kunda ekologik ong va ekologik madaniyatni shakllantirish va ularda atrof-muhitga nisbatan ratsional yondashuv koʻnikmasini hosil qilish masalasi ulkan ahamiyat kasb eta boshladi, deb hisoblash oʻrinlidir.

Hozirgi vaziyat voqelikdagi ekologik muhitni sogʻlomlashtirishga xizmat qiladigan yangicha ekologik qadriyatlar tizimining falsafiy asoslarini shakllantirishni muqarrar masala sifatida qoʻymoqda. Tabiatni muhofaza etishga yoʻnaltirilgan yangicha qadriyatlarning shaklanishida eng muhim omil ushbu sohada ajdodlarimiz asrlar davomida hurmat qilib, oʻz turmush-tarzining tarkibiy qismiga aylantirgan anʼana va urf-odatlar boʻlishi mumkin, ulardan bugungi kun amaliyotida oʻrinli foydalanish inson-jamiyat-tabiat tizimidagi qarama-qarshiliklarni bartarf etishga imkon beradi.

Oʻtgan asr insoniyatga juda koʻp imkoniyatlar berdi. Biz ushbu imkoniyatlarni subyektivlashtirib yadroviy qurollanish hamda atrof-muhitni ifloslantirishga almashtirdik. Endilikda esa “inson tabiat qonunlari ijodkori” degan tamoyil oʻz umrini yashab boʻlganini anglagan holda, insoniyat tabiat qonunlariga boʻysunib yashashi lozimligi dunyo jamoatchiligi tomonidan eʼtirof etilmoqda.

Elyorjon ORIPOV,

Qoʻqon DPI katta oʻqituvchisi